12-modda. Davlat arxiv muassasalarini moliyalash Davlat arxiv muassasalarini moliyalash tegishli budjetlar mablag‘lari hisobiga, shuningdek budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
Pulli xizmatlar ko‘rsatishdan hamda moliyalashning boshqa qo‘shimcha manbalaridan olinadigan mablag‘lar arxiv muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga hamda ularning xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
13-modda. Arxiv muassasalarining xizmatlari Davlat arxiv fondi muassasalari va idoraviy arxivlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda xizmatlar ko‘rsatadi.
Fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini ijtimoiy himoya qilish uchun zarur bo‘lgan arxiv ma’lumotnomalarini, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga arxiv ma’lumotnomalarini va hujjatlarning nusxalarini berish bepul amalga oshiriladi.
14-modda. Arxivlarni butlash Davlat arxivlari davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining faoliyati jarayonida vujudga kelgan hujjatlardan, shuningdek ular tomonidan qo‘lga kiritilgan yoki ularga boshqa yuridik va jismoniy shaxslar topshirgan hujjatlardan butlanadi.
Davlat arxivlari fuqarolarning shaxsiy arxiv hujjatlarini shartnoma asosida mulk qilib olishlari mumkin. Fuqarolarning arxiv hujjatlari sotilayotganda davlat arxivi ularni mulk egasi e’lon qilgan narxida sotib olishda ustuvor huquqqa ega.
Nodavlat yuridik shaxslarning arxivlari va fuqarolarning shaxsiy arxivlari davlat arxiv fondi hujjatlaridan butlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondiga butlash maqsadida topshirilishi lozim bo‘lgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
15-modda. Hujjatlar saqlanishini ta’minlash yuzasidan hujjatlar mulkdorlarining majburiyati O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondiga kiritilishi lozim bo‘lgan hujjatlarning mulkdorlari ularning saqlanishini ta’minlashlari va ko‘payib borishiga ko‘maklashishlari shart.
Alohida qimmatli va noyob arxiv hujjatlarining sug‘urta nusxalari tayyorlab qo‘yiladi.
Arxiv hujjatlarini alohida qimmatli va noyob hujjatlar jumlasiga kiritish, shuningdek ularning sug‘urta nusxalarini tayyorlash va saqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
Qimmatli, noyob arxiv hujjatlarining lozim darajada asralishini ta’minlamayotgan nodavlat yuridik shaxslar sud qarori bilan hujjatlarga bo‘lgan mulk huquqidan mahrum etilishlari mumkin, shundan so‘ng bu hujjatlar saqlash uchun tegishli davlat arxiviga topshiriladi.