IV. “O‘zarxiv” agentligi faoliyatini tashkil etish 11. Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi.
Bosh direktorning belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bir nafar o‘rinbosari bo‘ladi.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalari boshliqlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishuv bo‘yicha “O‘zarxiv” agentligi Bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
13. “O‘zarxiv” agentligida bosh direktor (hay’at raisi), uning o‘rinbosari (lavozimiga ko‘ra), shuningdek “O‘zarxiv” agentligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy bo‘linmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi.
Hay’atning a’zolari soni va shaxsiy tarkibi bosh direktorning taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at quyidagilar bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi:
“O‘zarxiv” agentligi faoliyatining arxiv ishi va ish yuritishni yanada rivojlantirish, ilmiy-texnik yutuqlardan keng ko‘lamli foydalanish, idoralararo va davlatlararo aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
“O‘zarxiv” agentligi nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun “O‘zarxiv” agentligi rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hay’at “O‘zarxiv” agentligi vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqish huquqiga ega.
Hay’at majlisiga “O‘zarxiv” agentligi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hay’at uning majlisida tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hay’at qarorlari bosh direktorning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Bosh direktor va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan taqdirda bosh direktor paydo bo‘lgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hay’at a’zolari ham o‘z fikr-mulohazalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hay’at faoliyati tartibi uning hay’at tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
14. “O‘zarxiv” agentligi huzurida:
respublikada arxiv ishi va ish yuritishning ilmiy muammolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ilmiy kengash;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibini belgilash va hujjatlarning qimmatini ekspertizadan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish uchun markaziy ekspert-tekshirish komissiyasi faoliyat ko‘rsatadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan kengash va komissiya to‘g‘risidagi nizom hamda ularning shaxsiy tarkiblari “O‘zarxiv” agentligi Bosh direktori tomonidan tasdiqlanadi.
15. “O‘zarxiv” agentligi va uning hududiy boshqarmalari faoliyatini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, shuningdek amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
16. “O‘zarxiv” agentligi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda o‘z nomi yozilgan muhrga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
17. “O‘zarxiv” agentligini qayta tashkil etish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.