“Qaro ko’zum” g’azali
Qaro ko‘zum,/ kel-u, mardum/liq emdi fan qilg‘il,
V — — — V — — — V — — —
Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.
Yuzung guliga ko‘ngul ravzasin yasa gulshan,
Qading niholig‘a jon gulshanin chaman qilg‘il.
Takovaringg‘a bag‘ir qonidin hino bog‘la,
Itingg‘a g‘amzada jon rishtasin rasan qilg‘il.
Firoq tog‘ida topilsa, tufroqim, ey charx,
Xamir etib yana ul tog‘da ko‘hkan qilg‘il.
Yuzung visolig‘a yetsun desang ko‘ngullarni,
Sochingni boshtin-ayoq chin ila shikan qilg‘il.
Xazon sipohig‘a, ey bog‘bon, emas mone’,
Bu bog‘ tomida gar ignadin tikan qilg‘il.
Yuzida terni ko‘rub, o‘lsam, ey rafiq, meni
Gulob ila yuv-u, gul bargidin kafan qilg‘il.
Navoiy, anjumane shavqi jon aro tuzsang,
Aning boshoqliq o‘qin sham’i anjuman qilg‘il.
Sakkiz baytli bu g‘azal asrlar osha el orasida mashhur bo‘lib kelyapti. G‘azalning boshidan oxirigacha har baytda kutilmagan timsol, ifoda va tasvir ishlatiladi. Baytdan baytga o‘tgani sari lirik qahramonning oshiqlik o‘ti balandlab borganini ko‘ramiz. Oxirgi ikki baytda oshiq yor ishqida jondan kechishga tayyor turganini bildiradi. Bu ham ishqning kamolga yetganini ifodalashning bir yo‘lidir. “Qaro koʻzum…” Alisher Navoiyning olimlar, shoirlar tomonidan eng koʻp va xoʻb oʻrganilgan gʻazallaridan biridir. Ushbu gʻazal tahliliga oid Erkin Vohidov, Matyoqub Qoʻshjonov, Alibek Rustamov, Ismatulla Abdullayev, Najmiddin Komilov, Abdulla Aʼzamov, Boyboʻta Doʻstqorayev, Ismoil Bekjonov va kaminaning maqolalari eʼlon qilingan. Gʻazalning oʻquv adabiyotlaridagi tahlillari ham mavjud boʻlib, unda asarning toʻliq matni qamrab olingan. Gʻazalning ayrim baytlari yoki baʼzi xususiyatlarini tahlilga tortgan maqolalar ham bor. Masalan, Ibrohim Haqqulovning “Qaro koʻzum, kelu…” (Bir bayt tahlili) maqolasi shular jumlasidandir.
Gʻazal haqidagi fikrlar rang-barang boʻlib, keyingi davrlardagi tahlillar tasavvufiy talqinlar bilan bogʻliq ravishda bahs-munozara tarzida yuzaga chiqqan. Bu bir gʻazalning mavzusi, mazmuni, obrazlari, lirik qahramoni, muallif dunyoqarashiga oʻnlab olimlarning turlicha nuqtai nazardan yondashuvlari, baʼzan obʼyektiv, baʼzan esa subʼyektiv baho berishlari mahsulidir. Bugun ana shu tahlillarni qiyosiy analiz qilish, umumlashtirish, sintezini yaratish mavridi keldi. Ammo, bu gʻazal tahlili shu bilan yakunlanadi, oxirgi va qatʼiy hukm chiqariladi, degan gap emas. Tahlil natijalarini umumlashtirish fikrlarni oydinlashtiradi, yangicha qarashlarga yoʻl ochadi va tadqiqot keyingi bosqichda davom etaveradi, degan umiddamiz.
Umuman, gʻazal tahlillari asarning mazmun-mundarijasi, badiiy obrazlar tizimi, shoirning sanʼatkorlik mahorati haqida yaxlit, qamrovli tasavvur hosil qiladi. “Qaro koʻzum…” gʻazali toʻgʻrisidagi barcha tahlillarni umumlashtirganimizda, 150-bet atrofidagi bir manba vujudga keldi. Biz mazkur gʻazal tahlillarini uzoq yillardan beri oʻrganib kelarkanmiz, bir gʻazal haqida tadqiqot kitobi yaratish mumkinligi haqida oʻyladik. “Qaro koʻzum…” gʻazali tahlillari tadqiqi timsolida mana shu loyihaning birinchi namunasi amalga oshdi. Ushbu tajriba shuni koʻrsatadiki, Alisher Navoiy va boshqa shoirlarning koʻp tahlil va tadqiq etilgan gʻazallari toʻgʻrisida ham ana shunday tadqiqot yaratish mumkin va zarur. Chunki bu sohalarda hali yechimi topilmagan muammolar koʻp va tadqiqotlar, albatta, davomiy boʻlishi lozim.
G’azal
Do'stlaringiz bilan baham: |