Qadring baland bo’lsin Ona tilim!
Mening fikrimcha, inson tiliga huddi ota va onasiga nisbatan bo’lgan
farzandlik burchidek cheksiz xurmat va ehtirom bilan yondashishi kerak. Ona tili
Alloh tomonidan avlod - ajdodlarimizga, siz-u bizga in’om etilgan bebaho xazina.
U vujudimiz tilmochi, yaratgan egamning tengsiz mo’jizasidir. Chunki inson bolasi
tili chiqqan kundan boshlab to umrining oxirgi daqiqalarigacha ham ona tilidan
bahramand bo’ladi. To’g’rirog’i, hayotning har bir lahzasida u bilan nafas oladi.
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo’lgan o’zbek tili xalqimiz uchun,
milliy o’zligimiz uchun bebaxo ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Ajdodlarimiz,
ota - bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o’z so’zini aytib kelgan. Shu tilda
ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar. Bundan besh asr muqaddam
xazrat Alisher Navoiy:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakkalam.
deb yozgan edi. Ya’ni ul zot ona tili bayrog’ini baland ko’tarib, butun el - ulusni,
yurtlarni shu bayroq ostida birlashtirdim deb iftixor qilgan. Xazrat Navoiy o’z ona
- tili, o’zbek tilida beqiyos asarlar yaratgan bo’lishiga qaramay, umri oxirida
“Muxokamat - ul lug’atayn” kitobini yozib, o’zbek tili boyligini, jozibasini asrash
tashvishida avlodlarga meros qoldirgan. Tilimiz haqida gapirar ekanmiz, avvalo bu
tilda buyuk bobokolonlarimiz “Alpomish” dek dostonlarini yarata olganligini,
Maxmud Qoshg’ariydek daholar o’z devonlarini tuzganini ta’kidlab o’tmasdan
bo’lmaydi. Bu tilning mo’tabarligi shuki, Ona tilimiz bizga ulug’ Alisher Navoiy,
Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Cho’lponlardan meros.
O’zbekistonda sho’rolar hukmronligi paytida o’zbek tilining ijtimoiy
hayotda qo’llanilishi cheklanib qolgan edi. 1989- yil 21- oktyabrda o’zbek tiliga
davlat tili maqomi berilganligi, “Davlat tili haqida” gi qonunning 1 - moddasida
“O’zbekiston Respublikasining davlat tili o’zbek tilidir” deb alohida belgilab
qo’yilganligi mamlakatimiz, xususan, xalqimiz hayotidagi unutilmas voqeaga
aylandi. Mazkur qonun qoidalari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida
mustahkamlab qo’yildi. Konstitutsiyaning 4 - moddasiga binoan O’zbekistonda
Davlat tili o’zbek tilidir. E’tirof etish kerakki, dunyodagi 200 ga yaqin til bugungi
kunda davlat tiliga erishgan bo’lib, shular orasida o’zbek tili ham bor.
“Davlat tili haqida” gi Qonunning qabul qilinishi tilimizning mavqeini
yanada oshirishga, uning yanada boyishi va takomillashuviga xizmat qilmoqda.
Shu qonun tufayli mustaqillik yillarida o’zbek tili mamlakat miqyosidagi yirik
tadbirlar, rasmiy - siyosiy anjumanlar, tantanalar tiliga aylandi. Davlat miqyosida
barcha ish yuritish hujjatlari o’zbek tiliga ko’chirildi.
Muayyan millatning ona tili uning milliy g’oya va ma’naviyati rivojiga,
yoshlar g’oyaviy tarbiyasiga bevosita ta’sir ko’rsatuvchi omildir. Milliy
madaniyatimizning sofligi, qadriyatlar, an’analar, urf - odatlarimizning
davomiyligi, umrboqiyligini ta’minlash, yoshlarni ona tiliga bo’lgan sadoqat,
xurmat ruhida tarbiyalash vazifasi bilan chambarchas bog’liq. Buning uchun eng
avvalo, yoshlarimizda til ma’naviyatini shakllantirish lozim.
Joriy yilning sentabr oyida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75 -
sessiyasida ishtirok etdi. Muhtaram Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasi
tarixida ilk marotaba o’zbek tilida nutq so’zladi. Yurtboshimizning bu chiqishlari
mamlakatimizda o’zbek tiliga bo’lgan xurmat va e’tibordan darak beradi.
Men oliy ta’lim olish maqsadida Rossiya Federatsiyasining poytaxti Moskva
shahrida besh yil o’qidim. Talabalik yillari tadbirlar, ko’rik tanlovlar juda ko’p
tashkillashtirilar edi. Rus shoiri A.S.Pushkinning tavallud kuniga bagishlab
o’tkazilgan kechada hamyurtimiz Ismoil sahnaga chiqdi. “Men Pushkin she’rlarini
sevib yod olganman, lekin sizlarga buyuk bobokalonimiz Navoiy g’azallaridan
o’qib beraman” dedi. O’shanda oddiy, balki kulgiliroq tuyilgandi bu holat menga.
Xozir maqolam orqali aytib o’tmoqchiman: “Ismoil sen qahramonsan! Chunki
musofir yurtda, katta tadbirda, ko’p millatli talabalar o’rtasida sahnaga chiqib,
Menga Pushkin bir jahon-u,
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor!
deya g’azal boshlash har kimning ham qo’lidan kelmaydi”.
Ziyolilarimiz hamma o’qishi kerak bo’lgan yuzta kitob ro’yxatini tuzishdi.
Internet tarmoqlarida chop etilgan ushbu ro’yhatdagi avar yozuvchisi Rasul
Hamzatovning “Mening Dog’istonim” asarini o’qib chiqdim. Asarda purma’no
hikmatli hikoyalar juda ko’p berilgan. Hikoyalardan birida shunday voqea
tasvirlanadi: Avarlar qishlog’idan bir yigit Fransiyaga o’qishga ketib, o’sha yerda
qolib ketadi. Boshqa bir hamqishlog’i Fransiyaga boib kelgach, yigitning onasi
mexmonga kelib, o’g’li haqida so’ray boshlaydi.
-
O’g’lim bilan ko’rishdingizmi?
-
Ha, ko’rishdim.
-
O’g’lim siz bilan qaysi tilda gaplashadi, avarr tilidami yoki fransuz tilda?
-
Fransuz tilida.
-
Unda u mening o’g’lim emas!!!
Nazarimda, men umrim davomida uncha - muncha narsani ko’rdim. Ammo
shu onda iftixor tuyg’ularidan to’lib toshayotirman. Chunki biz musofir yurtidagi
o’zbek talabalari o’zaro faqat o’zbek tilida gaplashdik. Rus tilini bilmaganimizdan
emas, tilimizga bo’lgan xurmat va sadoqat tufayli deb o’ylayman. Men o’zbek
ekanligimdan, onamning farzandi ekanligimdan faxrlanaman! Men o’z tilim bilan
g’ururlanaman!
Do'stlaringiz bilan baham: |