Avestoning kashf qilinishi va o‘rganilishi
Qadimgi Eronda muqaddas kitob Avesto mavjudligi haqidagi ma’lumotlar qadimgi yunon suriya, armen, arab mualliflarining asarlarida qayd qilingan. Avesto haqida eroniyzabon xalqlarning og‘zaki ijodida va X-XI asrlarda ijod qilgan Firdousiyning «Shohnoma» asarida eslab o‘tilgan. Lekin, fanga Avestoning ayrim parchalarini aks ettirgan qo‘lyozmalar XVII-XVIII asrlarda ma’lum bo‘ldi. Notanish tilda yozilgan bu qo‘lyozmalarga XVIII asrgacha hech kimning tishi o‘tmagan. XVIII asrning ikkinchi yarmida yosh fransuz Anketil Dyuperron (1731-1805-y.) 1754-yilda Oksfordda saqlangan Avestoning bir necha varag‘i bilan tanishgach, Hindistonga borishga jazm qildi va u yerda 1755-1761-yillarda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirib, Avestoni o‘rganishga muvafaq bo‘ldi. U yerda Anketil Dyuperron qadimgi muqaddas matnlarni o‘qishga o‘rgandi va o‘zi bilan bir qancha qo‘lyozmalarni Parijga olib qaytdi. Olib kelingan qo‘lyozmalarni obdon o‘rganib, Avestoni tarjima qildi va uni fransuz tilida izohlar berib «Zend Avesto» nomi bilan nashr ettirdi.
Shunday qilib ikki asrdan ortiqroq davrda ilmiy davrgacha qadimgi eron qo‘lyozma boyligi kirib keldiki, u hammaning e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Er.avv. II minginchi yilgacha O‘rta Osiyo va unga qo‘shni hududlarda yashagan xalqlarning tarixiy va madaniy hayoti haqidagi ma’lumotlar shu qimmatli yodgorlik Avestoda o‘z aksini topgan. Lekin Anketil Dyunerron yetarli darajada filologik tajribaga ega bo‘lmagani uchun uning tarjimalarida bir qator noaniqliklar va xatolar ro‘y beradiki, ularni tuzatish uchun ko‘plab olimlar turli izohlar bera boshladilar. Xatto ba’zilar matnlarning haqiqiy ekanligiga shubha ham bildirdilar. Masalan, “Zand” so‘zining o‘zi «Bilim, ta’lim, qonun ma’nolarida o‘rta fors tilidagi Avestoning versiyalarini emas, balki asosiy Avesto matnlarini belgilash uchun ham ishlatilgan» (Bu haqda nemis olimi J.C.Tavadianing asarlariga murojat qiling).
Yana shuni unutmaslik kerakki, zand termini Avestoning o‘rta fors tiliga qilingan tarjima matni ma’nosida ham qo‘llanilgan. 1826-yilda daniyalik tilshunos Rasmus Kristian Rosk (1787-1832) qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning asoschilaridan biri Avesto tilini qadimiyligini asoslab, uning Hindistonning qadimiy tili sanskrit bilan qarindosh ekanligini asoslab berdi (Oranskiy EFK 70 bet).
XIX asrning I va II yarimlarida Avestoning ayrim parchalarini tarjima qilish va grammatik tizimlarini ayrim xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha bir qator ilmiy ishlar qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |