(Yunoniston va Rim) Qadimgi dunyo tarixini o’rganishda Qadimgi Yunoniston va Qadimgi Rim alohida o’rin tutadi. Qadimgi O’rta Yer dengizi quldorlik jamiyati mamlakatlaridan Yunoniston qullar mehnatini eng sof, antik ko’rinishdagi kishi mehnatidan foydalanish tufayli birinchi bo’lib, ayniqsa, katta taraqqiyotga erishdi. Buning natijasida uning iqtisodi er. avv. VI asrdan boshlab taraqqiyoti tezlashib ketadi.
Quldorlik iqtisodining rivojlanishi natijasida Yunoniston ilg’or tumanlarida qadimgi dunyoda eng rivojlangan davlat tashkiloti formasi – quldorlik demokratiyasi paydo bo’ldi va riojlandi. Iqtisodning nisbatan yuksakroq darajada taraqqiy qilganligi va u bilan bog’liq bo’lgan ijtimoiy ongning siyosiy tashkilot tufayli rivojlanganligi yunonlarga ancha kuchli va lekin ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jihatdan nisbatan qoloq Eron istibdodi bosqinidan o’z mustaqilligini himoya qilib qolishga imkon berdi.
Yunon-Eron urushlarida Yunonistonning g’alaba qozonishi o’z navbatida Yunonistonda asirlarni qul qilish va Eron davlatining sohil bo’yidagi tumanlarini talash natijasida quldorlikning va quldorlik iqtisodining yanada ko’proq o’sishiga olib keldi. Shu asosda eramizdan avvalgi V asrda klassik qadimgi yunon madaniyati qisqa vaqt ichida ajoyib ravnaq topdi. Uning ravnaqi Qadimgi Yunon quldorlik jamiyati ichida keskinlashib ketgan ziddiyatlar bilan tezda murakkablashib qoldi, chunki mazkur quldorlik jamiyatining ayrim hududlari notekis rivojlanmoqda edi.
Quldorlik iqtisodining rivojlanishi siyosiy jihatdan cheklangan polis formasi bilan zid bo’lib qoldi. Lekin rivojlanayotgan iqtisod asosida ittifoqlar shaklida keng siyosiy birlashmalar tashkil etishga intilishning umri qisqa bo’lib chiqdi, chunki polislar o’rtasida azaldan mavjud bo’lib kelgan ziddiyatlar batamom bartaraf qilinmagan edi. Inqirozdan vaqtincha qutilish Yunoniston-Makedoniyaning Eron istibdodi tarkibidan chiqqan Qadimgi Sharq mamlakatlarini istilo qilishida va so’ngra mahalliy hukmron sinf bilan birlikda ularni ekspluatasiya qilishida ifodalandi.
Ellin davri Qadimgi Sharq mamlakatlarini ham, Yunonistonni ham iqtisodiy, siyosiy va madaniy o’zlashtirmalar bilan boyitgan bo’lsa-da, lekin ellin davrida to’la sintez yuzaga kelmadi. Ijtimoiy munosabatlar keskinlashdi, ichki sinfiy kurash va ellin davlatlari o’rtasidagi o’zaro urushlar hamma vaqt kuchaygan. Ana shularning hammasi ellin dunyosini zaiflashtirdi, er. avv. II-I asrlarda uning g’arbiy qismini asta-sekin Rim zabt etib bordi, sharqiy qismini esa mahalliy aholining yunon-makedon istilochilariga qarshi ozodlik kurashi jarayonida Parfiya podsholigi zabt etdi. Bu podsholik Eron istibdodining xarobalari ustida paydo bo’lgan va uning ijtimoiy taraqqiyoti feodal tuzumga qarab bormoqda edi.
Ellin dunyosining g’arbiy qismi Rim hukmronligi ostida yana bir necha yuz yil davomida quldorlik jamiyati sharoitida rivojlanishni davom ettirdi, bu quldorlik jamiyati er. avv. I asrda istilolar jarayonida paydo bo’lgan Rim quldorlik imperiyasi doirasidayoq o’z imkoniyatlarini tamomladi.
Qadimgi dunyo miqyosida Qadimgi Yunoniston madaniyati, ayniqsa, yuksak darajaga yetgan. Unda aniq, tabiiy va gumanitar fanlar ravnaq topdi. Qadimgi Yunonistonda falsafaning asosiy yo’nalishlari paydo bo’ldi va rivojlandi, tasviriy san’atlar, adabiyot va madaniyatning boshqa sohalari porloq muvaffaqiyatlarga erishdi. Yunon tili hozirga qadar ilmiy atamashunoslikda keng qo’llanilmoqda. Ko’pgina maqol va matallar, ertaklarning syujetlari Qadimgi Yunonistonga borib taqaladi. Qadimgi Yunon tragediyalari va komediyalari hozirga qadar ham jahon teatr sahnasidan tushmasdan o’ynalib kelinishi ham, ushbu sivilizasiyaning madaniy merosi g’oyatda buyukligidan dalolat beradi.
O’rta Yer dengizing havzasidagi eng qadimgi va Ovropa qit’asining ilk sivilizasiyalaridan biri – bu Qadimgi Rim hisoblanadi. Italiya – Rim hududida tashkil topgan dastlabki davlat birlashmasi etrusklar jamiyati hisoblanadi. Etrusklar jamiyati va madaniyatining vujudga kelishi olimlar o’rtasida hanuzgacha munozaraga sabab bo’lmoqda. Ular yaratgan yozuv ham sirligicha qolmoqda. Shunday bo’lsa-da, etrusklar madaniyati Qadimgi Rim madaniyati vujudga kelishi uchun asos bo’lib xizmat qilgan. Bu madaniyatning vujudga kelishida yunonlarning ta’siri asosiy o’rinlardan birini egallaydi.
Qadimgi Italiya – Rimda tashkil topgan ilk sinfiy jamiyatlarda urug’chilik tuzumi belgilari yaqqol ko’zga tashlanib turgan. Urug’chilik tuzumi yemirilishi natijasida vujudga kelgan aholi tabaqalarining jamiyat hayotida alohida o’rni mavjud.