Qadimgi Rimdagi iqtisodiy qarashlar.
Rimning yirik siyosiy arbobi va yozuvchisi Mark Katon (m.o. 234-149y.) o‘zining «Dehqonchilik to‘g‘risida» asarida qishloq xo‘jaligini xalq xo‘jaligidagi asosiy tarmoq deb hisoblaydi. Katon dehqonchilikni tashkil etishning eng qulay usulini qo‘llashga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishni tashkil etishga katta e’tibor berdi. Katonning qishloq xo‘jaligi sohasida bo‘lgan asosiy e’tibori shundan kelib chiqadiki, agar Gresiyada qullar ko‘proq hunarmandchilik va savdoda ezilgan bo‘lsa, Rimda ular ko‘proq asosan qishloq xo‘jaligida ekspluatatsiya qilingan.
Katon tovar qiymatidan ortiqchasini foyda deb bilgan. Tovar qiymatini unga sarflangan harajatlar deb tushungan. U savdogarlar va sudxurlarga salbiy munosabatda bo‘lgan. Bu davrda Rimda natural xo‘jalik Bilan birga bozor munosabatlari ham rivojlanayotgan edi. Bozorni qo‘llagan Katon shu Bilan birga yollanma mehnatga dushman bo‘lgan. U qul mehnatini to‘g‘ri tashkil etishga alohida ahamiyat beradi. Bayram kunlari ish hayvonlariga dam berilgan holda qullar ishlashga majbur etilgan. Kasallangan ho‘kiz davolangan, qulni esa «eski arava» sifatida sotib yuborish tavsiya etilgan. Katon savdogarlar va sudxo‘rlar faoliyatiga salbiy munosabatda bo‘lgan.
Miloddan avvalgi 2 asrda Rimda dehqonlar qo‘lidagi yerlar tortib olinib, yirik latifundiyalar vujudga kela boshladi, Erkin Rim aholisi, dehqonlar va armiya soldatlari yersizlandi. Bu holat yirik yer egalari – patritsiylar va dehqon – plebeylar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni kuchaytirdi, ohir-oqibatda aka-uka Tiberiy (m.o. 163-132y.) va Gay (m.o. 153-121y.) Grakxlarning agrar islohotiga sabab bo‘ldi. Ular yersiz yoki kam yerli dehqonlarning yirik yer egalariga qarshi kurashini himoya qildilar.
Agrar masalalarini yechish maqsadida Tiberiy Grakx (m.o. 133y.) qonun qabul qilishni taklif qilib chiqdi. Bu qonunga muvofiq italiyalik fuqarolarga davlatning haydaladigan yeridan 500 yuger (125 gektar)gacha ijaraga olish ruxsat etilgan. Bundan tashqari, 1 oila 1000 yugerdan oshiq yerga egalik qilishi man etilgan.
Tiberiy Grakxning agrar loyihasi qisman amalga oshirildi va natijada o‘n minglab dehqonlar yer olishga muvaffaq bo‘ldilar. Qonun qabul qilingandan so‘ng unga yirik yer egalari va senat qarshilik ko‘rsatib, Tiberiy Grakxni ataylab o‘ldiriladi. Shundan keyin uning ishini ukasi Gay Grakx davom ettiradi va bir qancha demokratik o‘zgarishlarni amalga oshiradi. Dehqonlarga yer berish qaytadan boshlanadi hamda shaharlik kambag‘allarga davlat xazinasidan past bahoda don sotish to‘g‘risida qonun qabul qilinadi. Shunday qilib, Grakxlarning islohoti mayda dehqon yer egaligi mavqeini kuchaytirish va aholi kambag‘allashuvining oldini olishga qaratilgan edi.
Bir davrning o‘zida Rimda bir qancha taniqli olimlar va yozuvchilar o‘z faoliyatlarini namoyon qilingan bo‘lib, ular qatorida atoqli Rim adibi va olim Mark Varron (m.o. 116-27y.) va Rim yozuvchisi Yuniy Kolumella (m. 1asr) xalq xo‘jaligida dehqonchilik va chorvachilikni asosiy tarmoq hisobladilar. Mark Varron «Qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida» degan asarida o‘zining iqtisodiy qarashlarini bayon etdiUchorvachilikni bozor sharoitida eng foydali tarmoq deb hisoblagan. Bunga sabab o‘sha davrda Italiyada don ancha arzon bo‘lib, chorvachilik ancha daromadli soha hisoblangan. U qishloq xo‘jaligining itqtisodiyotdagi o‘rnini yaxshi tushunmagan.
Jumladan, Yuniy Kolumella «Qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida» degan asarida qullar yerni yaxshi ishlatmaganligi sababli, yerdan yuqori hosil olish qiyinlashmoqda degan fikrga keladi. Shuning uchun u qullar mehnatidan ko‘ra erkin mayda ishlab chiqaruvchilar mehnatining afzalligini isbotlab beradi. Hosildorligi past bo‘lgan yerlarni u erkin kolonlarga bo‘lib berishni, mayda tovar ishlab chiqarishga o‘tish zarurligini tavsiya etadi.
Mark Sitseron (m.o. 106-43y.) taniqli davlat arbobi va mashhur notiq. U yuqorida aytilgan olimlardan farqli ravishda yirik savdoni qo‘llab-quvvatlaydi, mayda savdoni esa mensimadi. Sitseronning sudxo‘rlikka bo‘lgan munosabati ziddiyatli bo‘lgan. Bir asarida sudxo‘rlikni ma’qullasa, ikkinchi bir asarida uni qoralaydi. Shu Bilan birga u xususiy mulkchilikni, ekspluatatsiyani kuchaytirishni tarafdori bo‘lgan. U bozorni tovar bilan ta’minlashda dehqonchilikning ahamiyati katta deb tushungan. Shunday qilib, Rim (hozirgi Italiya)da quldorlik munosabatlari yuksaldi, lekin tanazzulga ham uchray boshladi.Osiyoda feodalizm munosabat o‘zgardi. Erkin sohibkorlik ustunligi oydin bo‘lib qoldi, dehqonchilik bilan chorvachilik, yirik savdo sudxo‘rlik jamiyati qo‘llangan (sitseron). Mayda ishlab chiqarishga o‘tish jarayoni, islohotlar (Grakxlar) yo‘li boshlandi.
Katon tomonidan foyda tushunchasi kiritilgan, ammo uni xato ravishda qiymatdan ortiq mahsulot deb bilgan. Undan tashqari Rimning iqtisodiy g‘oyalari Varron, Kolummela, Sitseron va boshqalarning asarida ham ko‘rsatilgan.
Adabiyotlar:
Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo`q. T., Sharq, 1998.
Razzoqov A. va boshq. Iqtisodiy ta‘limotlar tarixi. Darslik. T., Moliya, 2002. 101-121b.
Islomov A. va boshq. Iqtisodiy ta‘limotlar tarixi. O`quv qo`llanma. T., O`zbekiston, 2003. 40-47b.
Amaliy iqtisodiyot: / O`quv qo`llanma/ Tarjimonlar I. Fozilov va boshqalar. «Sharq» 1996 14b.
R.Qarshiyev., A.To`xtamishev. Iqtisodiy ta‘limotlar tarixi. Ma‘ruzalar matni. SamKXI, 2000y.
Do'stlaringiz bilan baham: |