2. “Kasbparast shaxs". Mazkur toifa xodimlari odatda shaxsiy faoliyatdagi muvaffaqiyatlariga ko’proq ahamiyat qaratadilar. “Kasbparast shaxs”larda ehtiyojlar, xabardorlik, onglilik darajasi ancha yuqori. U o’zida butun hayoti davomida bilim olish qobiliyatini rivojlantiradi, muttasil ravishda o’z bilimlari darajasini oshirishga, ijodiy jihatdan o’sishga intiladi.
„Kasbparast shaxs” korxona faoliyatiga dahldorlikka ehtiyoj sezadi, qaror qabul qilinayotganda uning fikri hisobga olinishini xohlaydi, uning uchun qiziqarli ish, yutuqlarining e’tirof etilishi juda muhimdir.
Bunday toifadagi xodimlarga boshqaruvning demokratik usullari ma’qul. Chunki u belgilab qo’yilgan tartib-qoidalarga qaraganda ijodiy g’oyalarga rioya etishni afzal ko’radi. Shu jihatdan u ishga o’ta sidqidillik bilan munosabatda bo’ladigan, o’ziga va o’zgalarga g’oyat talabchan xodimlar toifasiga kiradi. Ana shu xususiyatlari sababli “Kasbparast shaxs” yuqori lavozimni egallasa, bundan o’zi ham, atrofdagilar ham qoniqish hosil qilmaydi. Chunki u rahbarlikni samarali amalga oshirishga qodir emas. Uning ijodiy faoliyat bilan shug’ullanishi uchun esa egallagan lavozimi imkoniyat bermaydi.
Xodimlar o’zlarining shaxsiy sifatlari kuchli va zaif tomonlarini kar’eralarining boshlang’ich bosqichida to’g’ri aniqlay olsalar, bu ularning kasblarida va lavozimlarida o’sishlari uchun eng maqbul yo’lni tanlay olish imkonini beradi.
Kar’erani boshqa xususiyatlar bo’yicha ham tasniflash mumkin (11.3- rasm).
Real kar’era — lavozimda amalga oshirilgan, erishilgan o’sishdir. Bunda xodimning muayyan davr ichida faoliyatning tegishli turida aniq bir korxona yoki tashkilotdagi lavozimda o’sishi tushuniladi.
Salohiyatli kar’era — lavozimda rejalashtirilgan, yoki ehtimol tutilgan o’sishdir. Xodim mehnat faoliyati va hayotiy yo’li davomida o’z rejalari, ehtiyojlari, qobiliyatlari, maqsadlarini ko’zlab lavozimda o’sishni orzu qilishi, xohlashi salohiyatli kar’era hisoblanadi. Ana shunday istak xodim faoliyatini tashkil etishiga sezilarli darajada ta’sir ko’rsatadi. Bu umidlar to’la yoki qisman ro’yobga chiqishi, umuman amalga oshmay qolishi mumkin.
Desant kar’era deyilganda rahbarlik lavozimini kutilmagan holda egallash tushuniladi. Ushbu lavozimni egallash zarurati va bu kar’eraning davomiyligi turli sabablarga: korxona rahbariyatini mustahkamlash, rahbariyatga amaliy yordam ko’rsatish zaruriyati va hokazolarga bog’liqdir.
Ushbu vazifani bajarishga layoqatli xodimlar taklif etilgan har qanday lavozimni egallagan holda barcha ko’rsatmalarni ado etishga tayyordirlar. Mazkur kar’era ishtiyoqmandlari uchun biror rahbarlikni amalga oshirish jarayoni emas (chunki ularning ko’pchiligi umuman biror samarali faoliyat ko’rsatish layoqatiga ega bo’lmaydilar), balki lavozim kursisini egallash muhimdir.
Jadal kar’era. Tashkiliy tizim pillapoyalari bo’yicha o’ta tezkor, ayni vaqtda izchil ko’tarilish lavozimda o’sishning ushbu turiga mansubdir. Bu odatda iqtidorli, iste’dodli, yuksak salohiyatlarga ega xodimlarga xos. Ular qoidaga ko’ra bir lavozimda uzog’i bilan 1—3 yil davomida bo’ladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |