142
"Hozirgi o‘zbek tili" fanidan kurs ishini yozishda masalaga aloqador nashr etilganiga kamida
besh-o‘n yil bo‘lgan so‘nggi ilmiy-nazariy, o‘quv-uslubiy adabiyotlar: darsliklar, uslubiy
qo‘llanmalar, monografiyalar, ilmiy maqola va tezislardan, shu bilan birga, elektron darsliklardan
foydalanish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, respublikamizda nashr etib kelinayotgan tilshunoslik masalalarini yorituvchi
"О‘zbek tili va adabiyoti", "Til va adabiyot ta'limi", "Filologiya masalalari", "Ilm
sarchashmalari"
va boshqa jurnallarda o‘zbek tilshunosligining ham dolzarb muamolari haqida
bahs yuritiladi. Shu sababli talaba kurs ishini yozishda ushbu jurnal materiallaridan keng
foydalansa bo‘ladi.
Kurs ishi mavzusiga oid ilmiy adabiyotlarning yetarli bo‘lishi, ularda mavzuning chuqur
tahlil etilishi talabaga kurs ishi rejasini hamda yoritiladigan asosiy masalalarni to‘g‘ri belgilab
olishga imkon yaratadi. Mavjud adabiyotlarni sinchiklab o‘rganish orqali talaba mavzuni atroflicha
yoritishi, ilmiy manbalardagi nazariy xulosalarga tanqidiy munosabat bildirishi joizdir.
Mavzuga oid mavjud adabiyotlarni o‘rganish orqali talaba kurs ishining maqsad va
vazifalarini belgilab oladi, ishda nimaga e'tibor qaratishi lozimligini fahmlaydi, asosiy va
ikkilamchi masalalarni ajratadi. Ilmiy manbalarni o‘rganish asosida talaba mavzuning
o‘rganilganlik darajasini belgilaydi, mavzuning qaysi jihatlari hali o‘rganilmaganligini anglab
yetadi.
Ilmiy adabiyotlarning rahbar tavsiyasi asosida belgilanishi maqsadga muvofiq. Negaki
hozirgi davrda ko‘plab kitoblar nashr etilayotgani quvonarli bo‘lsa-da, ularda ayrim bir-biriga zid
nazariy qarashlarning aks etishi talabani chalg‘itishga, xato xulosa chiqarishiga sabab bo‘lishi
mumkin. Shu sababli mavzuga oid foydalanish uchun tavsiya etiladigan adabiyotlarni tilshunos
olimlar tomonidan ma'qullangan eng so‘nggi nazariy xulosalar asosida yozilganligiga e'tibor
qaratish muhim ahamiyatga ega.
Shuni alohida qayd etish joizki, kurs ishi mavzusiga oid ilmiy manbalarni o‘rganishni darslik
va o‘quv qo‘llanmalaridan boshlash lozim. Darslik va o‘quv qo‘llanmalarida mavzuga oid eng
muhim masalalar yoritilgan bo‘ladi. Ularni tahlil qilish asosida mavzu bo’yicha umumiy
tasavvurga ega bo‘lish mumkin.
Talaba mavzuga aloqador qancha ko‘p ilmiy manbani o‘qib o‘rgansa, ularni birma-bir tahlil
qilsa, mavzu yuzasidan shunchalik ko‘p ma'lumotga ega bo‘ladi. Mavjud ilmiy manbalarni
sinchiklab o‘rganish orqali talaba mavzuning o‘rganilgan va o‘rganilmagan jihatlarini aniqlaydi,
mavzu bo‘yicha umumlashma xulosalar chiqaradi.
Darslik va o‘quv qo‘llanmalaridan so‘ng mavzuga oid qo‘shimcha adabiyotlardan
foydalanish maqsadga muvofiq. Kurs ishini yozish jarayonida adabiyotlardan muhim nazariy
qarashlarni sitata qilib keltirish mumkin. Buning uchun sitatani ilmiy manbadan hech
o‘zgartirishsiz aynan ko‘chirib yozish lozim. Ilmiy manbadan keltirilgan bunday sitatalar
talabaning nazariy xulosasini asoslashga yordam beradi. Adabiyotlardan sitata sifatida olingan
nazariy qarashlarga sahifa so’nggida yoki qavs ichida manbaning adabiyotlar ro’yxatidagi
raqamini ko’rsatgan holda havola berish lozim bo’ladi. Havolada asar muallifi, nomi, nashriyoti,
nashr yili va sahifasi aniq ko‘rsatilishi zarur.
Talaba mavzuga oid asosiy ilmiy manbalarni sinchiklab o‘rgangach, kurs ishining xomaki
rejasini tuzadi. Rejada ko‘rsatilgan asosiy masalalar kurs ishining qanday bo‘limlardan tarkib
topishini belgilab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: