3. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida soliqlarning o‘rnini belgilovchi asosiy omillardan yana biri - hozirgi kunda ko‘payib borayotgan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy va huquqiy shaxslarning daromadlarini jalb qiluvchi mukammal soliq to‘lovini yuzaga keltirish.Bozor munosabatlarining rivojlanib borishi xususiy tadbirkorlik faoliyatini keng quloch yoyishi va xususiylashtirish jarayonlarining chuqurlashuvi, tadbirkorlar daromadini hisobga olishni qiyinlashtiradi. Xususiylashtirilgan bitta korxona o‘rnida o‘nlab kichik, xususiy va jamoa mulkiga asoslangan korxonalar paydo bo‘ladi. Mukammal soliq mexanizmi yaratilmaganligi uchun daromadlar summasini aniqlashda jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 1998 yil 15 apreldagi 159-sonli qaroriga muvofiq kichik korxonalar uchun umumiy belgilangan tartibdagi soliqlar o‘rniga byudjetga ixchamlashtirilgan soliq to‘lash imkoniyati vujudga keldi.O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishda ixchamlashtirilgan soliq tizimining joriy qilinishi bu tadbirkorlar uchun davlat tomonidan ko‘rsatilgan katta yordam bo‘ldi.Yuqorida tilga olingan omillar soliqlarning respublika iqtisodiyotida o‘ziga xos o‘rni borligidan dalolat beradi.
Soliqlar iqtisodiyotning tarixiy rivojlanishi bosqichlarida ushbu rivojlanish jarayonlarini ta’minlash maqsadiga bo‘ysinuvchi vazifalarni bajaradi. Soliqlarning funktsiyalari esa ana shu vazifalarni bajarishga xizmat qiladi. Soliqlar bajaradigan vazifalar ko‘pchilik mamlakatlarning soliq qonunchiligida umumiy o‘xshashliklarga ega. Ana shunday an’anaviy soliq vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
- Umumdavlat vazifalarini hal qilish uchun davlatga zaruriy moliyaviy resurslar ta’minlab berish. Soliqlarning fiskallik funktsiyasi ushbu vazifani hal qilish maqsadlariga xizmat qiladi. Bu vazifani hal qilish davlatning iqtisodiyotga qay darajada aralashuviga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu ko‘rsatkich qanchalik yuqori bo‘lsa, soliqlarning fiskallik funktsiyasi shunchalik faol buladi. Ammo soliqlarning ushbu vazifasi faqat iqtisodiy jarayonlarni qamrab olmaydi, balki davlatning noishlab chiqarish xarajatlarining ko‘payishi ham davlatning ortiqcha moliyaviy resurslarga muhtojligini keltirib chiqaradi.
- Mamlakat iqtisodiyotida qulay investitsiya muhitini yaratishga ko‘maklashish. O‘zbekiston Respublikasida soliqlarning ushbu vazifasini bajarishi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, hozirgi kunda sarmoyalarning asosiy qismi savdo va xizmatlar sohasiga yo‘naltirilayotganligi tashvishli holdir. Buning asosiy sababi foyda normasining bu sohalarda kattaligidir. Soliqlar sarmoyalarni bevosita mahsulot ishlab chiqarish sohasiga yo‘naltirishning qudratli vositasi bo‘lishi kerak.
- Aholining mehnat faolligini rag‘batlantirish. Soliqlar deyarli barcha mamlakatlarda ushbu vazifani bajaradi. Chunki, ular aholi daromadlarini tartibga solishning muhim vositasi hisoblanadi. Daromadlardan olinadigan soliq stavkalarining eng yuqori chegarasini sezilarli darajada pasaytirish ishchi kuchining taklifi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olishi mumkin. 70-80 yillarda Shvetsiyada soliq stavkalarining aholi daromadlariga progressiv ravishda qo‘llash malakali ishchilarning boshqa mamlakatlar tomon migratsiyasiga olib kelgan.
- Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida daromadlarni taqsimlashning samaradorlik va adolat printsiplari o‘rtasidagi muvofiqlikka erishish. Amaldagi soliqlarga barqarorlik va moslanuvchan soliq stavkalarining xosligi soliqlarning uzoq muddatli vazifalarini amalga oshirishga zamin yaratadi. Milliy va xorijiy investorlar kapital qo‘yilmalarini amalga oshirar ekan, ular o‘zlarining soliq majburiyatlarini aniq bilishi kerak. Soliq turlari va stavkalari barqaror va tez-tez o‘zgarmaydigan bo‘lishi kerak. Soliq tizimiga mustahkam ishonch bo‘lmagan taqdirda uzoq muddatli investitsiyalarning xarakati susayadi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, soliqlarning byudjetga ijobiy ta’siridan tashqari, muhim iqtisodiy islohatlarni amalga oshirish sohasida ham ulardan faol foydalanish mumkin. Narx-navoning isloh qilinishi, tashqi savdoning erkinlashtirilishi, mehnat bozorining isloh qilinishi va hokazolar yangi paydo bo‘lgan tijorat strukturalarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash zaruriyatini yuzaga keltiradi. Bu vazifani soliq stavkalarining tabaqalashtirish yo‘li orqali hal etish mumkin.
Shunday qilib, soliqlarning vazifalari ularni amalga oshirish muddatiga qarab, qisqa muddatli, o‘rta va uzoq muddatli vazifalarga bo‘linadi. Bu vazifalar mazmuniga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Soliqlar nafaqat davlat byudjetining tushumlariga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishga, balki davlat daromadlarini byudjetning o‘rta muddatli rejada hayotiyligini yaxshilash maqsadida moslashuvchanligini amalga oshirishga ham xizmat qilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |