6-MAVZU. PUL TIZIMI: MAZMUNI, TURLARI VA ELEMENTLARI
REJA:
6.1. Pul tizimi va uning mazmuni.
6.2. Pul tizimining elementlari.
6.3. Pul tizimini tashkil qilish shart-sharoitlari. Pul tizimini tashkil qilish prinsiplari.
6.4. Pul tizimi shakllari va ularning evolyutsiyasi: bimetallizm; monometallizm; qog’oz va kredit pullari tizimi.
6.5. Xitoy pul tizimi.
6.6. Yevropa Valyuta Ittifoqi tashkil topishi, hamda yevroning muomalaga kiritilishi.
6.1. Pul tizimi va uning mazmuni.
Pul tizimi pul muomalasini tashkil etishning tarixiy jihatdan qaror topgan va qonun bilan mustahkamlab qo’yilgan shaklidir. Boshqacha aytganda, bu pul muomalasining aniq bir mamlakatda muayyan vaqt ichida qo’llaniladigan qoidalari va normalari majmuidir.
Milliy valyuta tizimi pul tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi. Pul mablag’lari iqtisodiyotda amal qiladigan shaklga qarab pul mablag’larining ikki turi: metall pullar muomalasi tizimi va pul belgilari muomalasi tizimi farqlanadi.
Metall pullar muomalasi tizimlari pullik tovar (oltin va kumush) bevosita muomalada bo’lgan sharoitda amal qilgan. Bunda mazkur metall pullarning barcha funksiyalarini bajargan, mavjud kredit pullar esa metallga erkin almashtirilgan.
Metall pul belgilarining muomalasi tizimida bimetallizm davri va monometallizm davri farqlanadi. Bunday holda bimetallizm iqtisodiy jarayonlarda ikkita asl metallarning bir vaqtda foydalanishi bilan tavsiflanadi, monometallizm esa umumiy ekvivalent sifatida bir metallga o’tishni anglatadi. Bunda bimetallizm holatida quyidagicha xillar ajratib ko’rsatiladi:
1) parallel valyuta tizimi – oltin bilan kumush o’rtasidagi o’zaro nisbat bozorda stixiyali ravishda belgilanadi;
2) qo’shaloq valyuta tizimi – ikki metall o’rtasidagi o’zaro nisbat davlat tomonidan ushbu metallarga bo’lgan talabga, shuningdek, ushbu davlatdagi iqtisodiy va siyosiy vaziyatga qarab belgilanadi;
3) nuqsonli valyuta tizimi – metallar iqtisodiy tizimda mavjud bo’ladiyu, lekin teng huquqlarga ega bo’lmaydi. Odatda, davlat kumush valyutaning zarb qilinishi va foydalanishiga cheklashlar kiritadi.
Faqat bir metallning amal qilishi tizimi sifatidagi monometallizmda ham ayrim o’zgarishlar yuz berdi:
1) oltin tangali standart – to’laqonli oltin valyutaning amal qilishi, unda tovarlarning qiymati ham ushbu valyuta bilan hisoblanadi;
2) oltin yombili standart – oltin muomalada bulmaydi, lekin unga katta miqdorlardagi (yombi miqdorida) almashinish amalga oshiriladi;
3) oltin valyutali (oltin devizli) standart – pullarning almashinishi faqat oltin yombili standartli mamlakatlarning valyutalariga amalga oshiriladi.
Valyuta tizimi - bu, mamlakatlar o’rtasida valyuta munosabatlarini tashkil etish shaklidir.
Valyuta tizimi - bu, xo’jalik aloqalarini baynalmilallashuvi asosida tarixan shakllangan, valyuta amali bilan bog’liq iqtisodiy munosabatlar yig’indisidir.
Valyuta tizimining mohiyati, tashkil etilish shakllari va roli jamiyatning iqtisodiy tizimi bilan belgilanadi.
Valyuta tizimi davlat, rezident va norezident shaxslarga tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun sharoit yaratib beradi. Sub’ektlarning ushbu faoliyati amalga oshishida valyuta qonunchiligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Maxsus adabiyotlarda valyuta tizimlarining 3 ko’rinishi farqlanadi, ya’ni milliy, jahon va hududiy valyuta tizimlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |