Pul muomalasi. Pul o`z xususiyatiga ko`ra, avvalo muomala vositasidir, ya`ni tovarlarni bir-biriga almashtirish pul vositasida amalga oshadi. Chunki, tovar egasi bo`lgan sotuvchi xaridorga tovarni sotib, tovarning qiymatini pul sifatida oladi. Shuning uchun talab bilan taklifni bir-biriga pul ulaydi va ularning uzilishiga barham beruvchi bo`lib hisoblanadi.
Tovarlarning siljishi, harakat tezligi, bir-biriga yaqinlashuvi pul vositasida amalga oshadi, deyish mumkin. Ayirboshlashning eng yuqori pog`onasi bo`lgan muomala mazmunan pul tufayli yuzaga keladi. Tovar-pul mu-omalasi esa bozor sharoitining asosidir. Demak, bundan pul va pul muomalasining bozor iqtisodiyoti rivojidagi o`rnini baholash qiyin emas.
Mamlakat iqtisodiyotining muvozanati, uning muomalasini ta`minlash uchun ma`lum miqdorda pul talab qilinadi. Buni aniqlashda bir necha tomonlarga e`tibor berish zarur. To`lovlar naqd yoki naqd pulsiz bo`lishi mumkin. Agarda tovarning xaqi bevosita pul to`lovi orqali amalga oshsa, buni naqd pul asosidagi oldi-sotdi deyiladi. Basharti bevosita pul to`lovisiz oldi-sotdi yuz bersa, bunday oldi-sotdi pulsiz to`lov deyiladi. Asosan banklar orqali pul o`tkazuv shu usulga kiradi. Shuning uchun ham zaruriy pul miqdorini belgilashda bunday voqelik e`tiborga olinadi. Chunki, u bevosita pul zaruriyati darajasiga ta`sir etadi.
Bundan tashqari zarur pul miqdorini aniqlashda pul harakati tezligi ahamiyatlidir. Bu pul birligining yil ichida necha marta qo`ldan-qo`lga o`tib, tovar egalarining o`zgarishidagi ishtiroki darajasiga bog`liqdir, ya`ni pul qancha ko`p "ishlasa" — tovarlar, xizmatlarning oldi-sotdisida ko`p qatnashsa, shuncha tez harakat qilganligi aniqlanadi. Masalan, bir yilda shartli ravishda 100 mln so`m tovar, xizmatlar sotilishi 10 mln so`m pul tufayli amalga oshgan bo`lsa, har bir so`m yiliga o`rtacha 10 marta aylanib, o`z harakat tezligi darajasini belgilaydi (V).
Shunga asoslangan holda normal muomala uchun zarur pul miqdorini belgilash mumkin bo`ladiki, bu ayirboshlashni tenglashtirishga yordam beradi.
Mamlakat muomalasi uchun zarur pul miqdorini — M, sotiladigan tovar, xizmatlar bahosining o`rtacha darajasini — R, yil ichida sotiladigan tovar, xizmatlar umumiy hajmini Q, pul harakati tezligini — V bilan belgilasak, unda quyidagi tenglikka ega bo`lamiz: Pul miqdori
M = RQV
Demak, mamlakatda qancha pul ko`p bo`lsa mamlakat shuncha boy va yaxshi holatda bo`ladi deyish, noto`g`ridir. Chunki, pul ortiqchaligi ham, etishmovchiligi ham yaxshi emas, ya`ni pul hajmi ixtiyoriy bo`lmaydi. Aytaylik, ishlab chiqarish o`zgarmay, narxlar ko`tarilsa, albatta qo`shimcha pul miqdori talab etiladi yoki pul harakati tezlashib, ishlab chiqarish hajmi va baholar o`zgarmagan holda pul kam miqdorda talab etiladi. Aytish mumkinki, gap pulning umuman, ko`p-ozligida emas, balki u ifoda etadigan boyliklar hajmidadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |