Assotsiativ tajriba – K.G. YUng, M. Vertgeymer va D. Klyayn tomonidan bir vaqtda taklif etilgan va shaxs motivatsiyasini tadqiq etishga mo‘ljallangan loyihalash metodi. Bu metodda sinaluvchiga rag‘bat so‘zlar to‘plamiga javoban miyaga kelgan so‘zlarni iloji boricha tez aytish taklif etiladi. Bunda yuzaga kelgan tasavvurlar rag‘bat-so‘z va sinaluvchining javobi o‘rtasidagi bir xil tasavvurlarning turi, qaytarilishi, vaqtiga ko‘ra qayd etiladi.2[3]
S.L. Rubinshteyn tajribaning to‘rt xil o‘ziga xos xususiyatiga ta’rif bergan edi. Birinchidan, tajribada kuzatuvchi vaziyatga faol aralasha olmaydigan kuzatishdan farqli ravishda tadqiqotchining o‘zi o‘rganayotgan hodisani yuzaga keltiradi. Ikkinchidan, tadqiqotchi o‘rganilayotgan jarayonning kechishi va ifodalanishi sharoitlarini o‘zgartirishi mumkin. Uchinchidan, tajribada o‘rganilayotgan jarayonni aniqlash uchun qonuniyatli aloqalarni o‘rnatish maqsadida, alohida sharoitlarni o‘zgarishli tarzda istisno qilish imkoni mavjud. Va, nihoyat, to‘rtinchidan, tadqiqotchi olingan ma’lumotlarning matematik qayta ishlanishini qo‘llagan holda sharoitlarning miqdoriy nisbatlarini ham o‘zgartirishi mumkin.
Tajriba metodining muhim afzalligi shundan iboratki, bunda tadqiqotchi sustkashlikka yo‘l qo‘ymay, uni qiziqtiruvchi psixik hodisaning yuzaga kelishini kutib o‘tirmasligi lozim. Tajribada tadqiqotchi sharoitlarni o‘zi yaratganligi uchun bu sharoitlarni, hamda, ularning sinaluvchiga ko‘rsatadigan ta’sirini ham to‘laligicha hisobga olish imkoniyati tug‘iladi. SHaroitlarning tadqiqotchi tomonidan yaratilishi ularni bir necha marta takrorlash imkonini beradi. Bunday takrorlash, bir tomondan, olingan natijalarning ob’ektiv tasdiqlanishi bo‘lib xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, ma’lumotlar to‘planishi va ularni miqdoriy baholash imkoniyatlarini ochib beradi.
SHu bilan birga, tajriba metodining salbiy tomoni uni qo‘llashdagi maxsus yaratilgan sharoitlar o‘rganilayotgan psixik holatning tabiiy kechishini izdan chiqarishi mumkinligidan iborat (tajriba sharoitlari hayajon, qo‘rquv, o‘zining ijobiy tomonlarini ko‘rsatishga intilishni keltirib chiqarishi mumkin), bu esa o‘z navbatida olingan ma’lumotlarning buzib ko‘rsatilishiga olib keladi.
Keyingi yillarda psixologik tashhislash metodlari, test sinovlari keng ko‘lamda olib borilmoqda.[2]
Psixologiyaning ob’ektiv metodlariga, shuningdek, psixologik tashhislash, aniq shaxs, odamlar guruhi, u yoki bu psixik vazifaning holatlari, xususiyatlarini baholash yoki aniqlash maqsadida qo‘llaniladigan test sinovlari ham kiradi.
Test deb, bir xil shaklda tuzilgan, qisqa, vaqt bo‘yicha chegaralangan, miqdoriy kattalik bilan ifodalangan individual tafovutlarni o‘rnatish uchun mo‘ljallangan psixologik tashhislash sinoviga aytiladi. Testlar yordamida odamlarni o‘zaro bir-biri bilan solishtirgan holda o‘rganish, ular psixologiyasi va hulq-atvoriga baho berish mumkin. Test sinaluvchining o‘zini tutishini belgilovchi qat’iy qoida bo‘yicha sinaluvchilar bajarishi zarur bo‘lgan vazifalar to‘rlamidan iborat. Testlarning bajarilishi javoblarning to‘g‘riligi mezoni bo‘yicha baholanadi. To‘g‘ri bajarilgan vazifalar uchun ballar belgilab qo‘yilgan. Testning rag‘bat materiali barcha sinaluvchilar tomonidan bir xilda qabul qilinishi kerak.
Testlarga berilgan javoblarni ishlab chiqishning ma’nosi shundan iboratki, olingan ma’lumotlar kalit yordamida baholashning ma’lum ko‘rsatkichlari, masalan, shaxsning xususiyatlari bilan solishtiriladi. Aniqlashning so‘nggi natijalari test ko‘rsatkichlarida o‘z ifodasini topadi. Ularning tashhislashdagi ahamiyati, odatda, ko‘p sonli sinaluvchilarda statistik hisoblash yo‘li bilan olingan ko‘rsatkichlar bilan qiyoslash orqali aniqlanadi.
Testlar bir necha mezonlarga ko‘ra tasniflanadi. Maqsadga ko‘ra, tanlash, ajratish, tasniflash teslariga bo‘linadi. Mazmuniga ko‘ra,: a) umumiy qobiliyatlar uchun (intellektual va kreativ); b) maxsus qobiliyatlar: shaxs testlari, yutuqlarga erishish testlari, mezonli-yo‘naltirilgan testlarga ajratiladi. SHakliga ko‘ra testlar individual va guruhli bo‘lib, quyidagi turlarga bo‘linadi:
- verbal va noverbal (taqdim etilgan vazifalarning shakliga ko‘ra);
- blankli testlar («qalam va qog‘ozli») – sinaluvchiga taqdim etilish shakliga ko‘ra;
- asbobli testlar (maxsus asboblar yordamida);
- kompyuter testlari.
Texnika usullari nuqtai nazaridan testlar to‘rt turga bo‘linadi: 1) ob’ektiv, ko‘pchilik hollarda asbobli, psixofiziologik sinovlar, masalan, emotsional holatni belgilab beruvchi teri-galvanik refleksini o‘lchash; 2) so‘rov metodikalari yoki sub’ektiv testlar, masalan, G. Ayzenk va R. Kettelning umumshaxsiy testlari; 3) «qalam va qog‘ozli» testlar, masalan, diqqatni tashhislash uchun – matndagi ma’lum harflarni o‘chirish yoki labirintdan eng yaqin chiqish yo‘lini chizish va boshqalar; 4) sinaluvchilar hulq-atvori ifodalanishini baholashga asoslangan testlar, masalan, shaxsning guruh tomonidan baholanishi metodikasi (SHGB).
Psixologiyada testlar bilish jarayonlari, hissiy-irodaviy soha, shaxsning psixologik xossalari, shaxslararo munosabatlarni tadqiq etish uchun qo‘llaniladi. Masalan, Ayzenkning verbal matni aqliy qobiliyatlarni baholashga, Teylor testi esa xavotirlanish darajasini aniqlashga mo‘ljallangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |