69- savol. Tafakkurda assotsiatsiyalar
Tafakkur inson aqliy faoliyatining yuksak shaklidir. Tafakkur orqali biz sezgi aʼzolarimiz bilan bevosita aks ettirib boʻlmaydigan narsa va hodisalarni ongimizda aks ettiramiz. Umuman olganda tashqi muhitdagi narsa va hodisalar oʻrtasida koʻz bilan koʻrib, quloq bilan eshitib boʻlmaydigan ichki munosabatlar hamda qonuniyatlar mavjud. Ana shu ichki bogʻlanish hamda qonuniyatlarni biz tafakkur orqali bilib olamiz. Demak, tafakkur deb narsa va hodisalar oʻrtasidagi eng muhim bogʻlanishlar va munosabatlarning ongimizda aks ettirilishiga aytiladi.
Aynan tafakur orqali biz moddiy olamdagi narsa va hodisalarning mohiyatini bilish imkoniga ega boʻlamiz. Shu bois dunyoni bilishda bevosita sezish, idrok, tasavvur va bavosita tafakkur muhim rol oʻynaydi.
Tafakkur turlariMuayyan ijtimoiy muhitda turmush kechirayotgan odamlarning ehtiyojlari xatti-harakat motivlari narsalarga qiziqishlar, intilishlar, mayllar, aqliy qobiliyatlari, hatto faoliyatlari ham turli tumandir. Xuddi ana shu boisdan ularning tafakkuri ham har xil holatlarda vaziyatlarda turlicha tarzda vujudga keladi, namoyon boʻladi.
Psixologiya fanida tafakkur turlari topshiriq xususiyatiga, fikr yoyiqligiga, fikrning originallik darajasiga qarab, quyidagicha shartli klassifikatsiya qilinadi.
Koʻrgazmali-harakat tafakkur turi. Tarixiy taraqqiyot davomida odamlar oʻz oldilarida turgan maqsadlarni dastlab amaliy faoliyat nuqtai nazaridan yechganlar, keyinchlik unda nazariy faoliyat ajralib chiqqan. amaliy va nazariy faoliyat chambarchas bir-biri bogʻlangandir. Koʻrgazmali-harakat tafakkur turiga psixologik adabiyotlarda quyidagicha taʼriflar uchraydi. Jumladan, V.Karimova tomonidan koʻrgazmali-harakat tafakkuri odamning real predmetlar bilan ish qilayotgan paytda fikrlash jarayonini nazarda tutadi. “Psixologik lugʻatda” koʻrgazmali harakatli tafakkur amaliy tafakkurning bevosita idrok qilayotgan narsa va hodisalar haqida harakatlar yordami bilan amalga oshiriladigan fikrlash turi, deb tavsiflanadi. Koʻrgazmali-obrazli tafakkur turi ham psixologik adabiyotlarda turlicha talqin qilinadi. “Psixologik lugʻat”da taʼriflanishicha u konkret tafakkurning bevosita idrok qilinayotgan narsa va hodisalar haqida fikrlashdan iborat boʻlgan turi. Professor E.Gʻoziyev fikricha, bevosita idrok qilinayotgan predmetlar emas, balki faqat tasavvur qilinayotgan narsa va hodisalar haqida fikrlashdan iborat tafakkur turi koʻrgazmali-obrazli tafakkur deb ataladi. V.Karimova tomonidan koʻrgazmali-obrazli tafakkur esa koʻrgan kechirgan narsalar va hodisalarning aniq obrazlari koʻz oldimizda gavdalangan chogʻda ularning mohiyatini umumlashtirilib bilvosita aks ettirishimizdir, deb talqin qilinadi. Tafakkurning mazkur koʻrinishi 4-7 yoshgacha boʻlgan bolalarda namoyon boʻladi. Bogʻcha yoshidagi bolalarda koʻrgazmali-obrazli tafakkur bosqichiga oʻtgandan soʻng ham saqlanib qoladi, lekin u oʻzining yetakchi rolini yoʻqota boshlaydi. Koʻrgazmali-obrazli tafakkur sodda shaklda koʻpincha bogʻcha yoshidagi bolalarda, yaʼni 4-7 yoshgacha boʻlgan bolalarda paydo boʻladi. Bu yoshdagi bolalarda tafakkurning amaliy harakatlar bilan aloqasi avvalgidek toʻgʻri va bevosita boʻlmaydi. Bogʻcha yoshidagi bolalar faqat koʻrgazmali obrazlar bilan fikr yuritadilar va uncha tushunchaga ega boʻlmaydilar. Bogʻcha yoshidagi bolalarda tushunchalarning yoʻqligi shveysariyalik psixolog J.Piajening quyidagi tajribasida juda yaqqol namoyon boʻladi. 7 yoshga yaqin bolalarga xamirdan qilingan mutlaqo bir xil, hajmi jihatidan teng 2 ta soqqa koʻrsatiladi. Bolalar uni teng deb hisoblaydi. Bolalarning koʻz oldida bitta soqqa ezib non shakliga keltiriladi. Endi bolalar non shaklidagi soqqada xamir koʻp deb hisoblaydilar. Bolalarning koʻrgazmali-obrazli tafakkurlari hali ularning idroklariga bevosita toʻla boʻysunadigan boʻladi. Ularning koʻrgazmali-obrazli shaklda oʻtadigan tafakkurlari bolalarni soqqaga qaraganda non shaklidagi xamir koʻproq degan xulosaga olib keladi. Fikr yuritilishi lozim boʻlgan narsa-hodisalarni idrok yoki tasavvur qilish mumkin boʻlsa, bunday tafakkur konkret tafakkur deb ataladi. U oʻz navbatida yaqqol-predmetli va yaqqol-obrazli tafakkur turlariga ajratiladi. Agar fikr yuritish obyekti bevosita idrok qilinsa, bunday tafakkur yaqqol-predmetli tafakkur deyiladi. Fikr yuritilayotgan narsa va hodisalar faqat tasavvur qilinsa, bunday tafakkur yaqqol-obrazli tafakkur deb ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |