3. ONANING QIZI TOMONIDAN BAHOLANISHI
Pozitiv e’tibor shkalasi
O`smir-qizlar tomonidan pozitiv munosabat bolaga ona tomonidan doimo e’tibor, g`amho`rlik, yordamga muxtoj bo`lgan, bir o`zi hech narsa qila olmaydigan yosh bolaga qaraganday munosabat ko`rinishida qabul qilinadi.
Bunday onalar qizlarining biror og`ir yoki janjalli holatda yordam so`rab qilgan murojaatlarini bir tomondan ko`pincha ma’qullashadi, ikkinchi tomondan esa qizlarining erkinliklarini cheklab qo`yishadi. Shu bilan birga qizlar onalardagi «bolasiga ma’qulini qilishga intilish», hattoki «yugurdaklik» hamda nima qilib bo`lsa ham qizining har qanday xohishini ado etishga harakat qilish kabi xislatlarni ham qayd qilishadi.
Direktivlik shkalasi
Onalarning direktivligini ifoda etishda qizlar qattiq nazorat, muayyan da’vogarlik va talablarga asoslangan holda sal–pal o`z kuchi va mavqeini ishlatishni va bunda qizining o`z fikrini bildirishini ma’qullamaslikni qayd etishadi. Bunday onalar ko`proq jazoning qattiqroq bo`lishiga suyanishadi, qaysarlik bilan o`zlarini doimo haq deb hisoblashadi, qizlarini esa vaziyat va muammolar haqida mulohaza qilishga juda yoshlik qiladi, aqli yetmaydi, deb hisoblashadi.
G`arazlilik shkalasi
Onalarning o`smir qizlarga bo`lgan g`arazli–dushmanlarcha munosabati onaning oilaviy muhitga ishonchsizlik bilan munosabati va uning a’zolariga nisbatan, jumladan boshqa bolalarga nisbatan uzoqlashishi (alohidalik, begonalik) ko`rinishida tasvirlanadi. Shubhali xatti-harakat va ijtimoiy me’yorlarni inkor qilish bunday onalarni odatda oilaning boshqa a’zolaridan ajralganlikka va o`zini boshqalardan yuqori qo`yishiga olib keladi. Bu holat o`smir–qiz tomonidan nodo`stona munosabat kabi qabul qilinadi.
Avtonomlik shkalasi
Onalarning avtonomligi ularning bolaga, uning holati va talablariga biror ko`rinishdagi bog`langanligini inkor (rad) etadi. Shuningdek, o`smir–qizga nisbatan homiylik, g`amho`rlik ham bo`lmaydi. Bunday onalar qizlari tomonidan talabchan bo`lmagan, bo`shang, kechirimli sifatida baholanadi. Ular amalda bolalarini rag`batlantirishmaydi, maqtashmaydi, xotirjam ohangda, beparvolik, erinchoqlik bilan tanbeh–dashnom berishadi, qizlarning tarbiyasiga e’tibor berishmaydi, jumladan turli pand–nasihatlarni, «aqlli gaplar»ni qilishmaydi.
Izchillikning yo`qligi
Onalaridagi bunday holatni qizlar tarbiya metodlari, shakllari, ko`rinishlarini keskin o`zgarishi va almashinishi (juda qattig`idan juda yumshog`iga va aksincha) hamda ruhan hamohanglikdan hissiy ko`ra olmaslikkacha (yoqtirmaslik) holatlari orqali ko`rinishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |