4. Iqtisodiy yondashuvlar va iqtisodiy o’sish ko’rsatkichlari
Iqtisodiy o’sish
yalpi ichki mahsulot hajmining mutlaq va aholi jon boshiga hamda iqtisodiy resurs xarajatlari har bir birligi hisobiga o‘sishi, sifatining yaxshilanishi va tarkibining takomillashuvida ifodalanadi
Ijtimoiy mahsulotning o‘sish sur’ati bilan ishlab chiqarish omillari miqdorining o‘zgarishi o‘rtasidagi nisbat iqtisodiy o‘sishning ekstensiv yoki intensiv turlarini belgilab beradi.
Ekstensiv iqtisodiy o‘sish
ishlab chiqarishning avvalgi texnikaviy asosi saqlanib qolgan holda ishlab chiqarish omillari miqdorining ko‘payishi tufayli erishiladi
Intensiv iqtisodiy o‘sish
mahsulot chiqarish miqyoslarini kengaytirishga ishlab chiqarish omillarini sifat jihatidan takomillashtirish, yanada ilg‘or ishlab chiqarish vositalarini va yangi texnikani qo‘llash, ishchi kuchi malakasini oshirish, shuningdek mavjud ishlab chiqarish potensialidan yaxshiroq foydalanish yo‘li bilan erishiladi
Iqtisodiy o‘sishning alohida tomonlarini tavsiflovchi ko‘rsatkichlari ham mavjud bo‘lib, ulardan asosiylari ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojlanish darajasi, mehnat unumdorligining o‘sishi va ish vaqtini tejash, shaxsiy daromad va foyda massasi, milliy iqtisodiyotning tarmoq tuzilishi kabilar hisoblanadi.
Ishlab chiqaruvchi kuchlar darajasi quyidagi ko‘rsatkichlar bilan tavsiflanadi:
a) ishlab chiqarish vositalarining rivojlanganlik darajasi;
b) xodimning malakasi va tayyorgarlik darajasi;
v) ishlab chiqarishning moddiy va shaxsiy omili o‘rtasidagi nisbat;
g) mehnat taqsimoti, ishlab chiqarishning tashkil etilishi, ixtisoslashtirilishi va kooperatsiyasi.
Iqtisodiy o‘sishga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruh omillar taklif omillari deb ham atalib, iqtisodiyotning o‘sish layoqatini belgilab beradi:
1) tabiiy resurslarning miqdori va sifati;
2) ishchi kuchi resurslari miqdori va sifati;
3) asosiy kapital (asosiy fondlar) ning hajmi;
4) texnologiya va fan-texnika taraqqiyoti.
Ma’lumki, yalpi ichki mahsulot ishchi kuchi, kapital va tabiiy resurslar sarflarining funksiyasi hisoblanadi, ya’ni:
bu erda:
Y – yali ichki mahsulot;
L – ishchi kuchi sarflari;
K – kapital sarflari;
N – tabiiy resurslar sarflari.
Bu funksional bog‘lanishdan kelib chiqqan holda iqtisodiy o‘sishni belgilab beruvchi bir qator xususiy ko‘rsatkichlarni keltirib chiqarish mumkin:
mehnat unumdorligi (Y/L) – mahsulot ishlab chiqarish hajmining jonli mehnat sarflariga nisbati;
mehnat sig‘imi (L/Y) – jonli mehnat sarflarining mahsulot ishlab chiqarish hajmiga nisbati;
kapital samaradorligi (Y/K) – mahsulot ishlab chiqarish hajmining unga sarflangan kapital xarajatlariga nisbati;
kapital sig‘imi (K/Y) – kapital xarajatlarining mahsulot ishlab chiqarish hajmiga nisbati;
tabiiy resurslar samaradorligi (Y/N) – mahsulot ishlab chiqarish hajmining qo‘llanilgan tabiiy resurslar miqdoriga nisbati;
mahsulotning resurslar sig‘imi (N/Y) – tabiiy resurslar sarfining mahsulot ishlab chiqarish hajmiga nisbati;
ishchi kuchining kapital bilan qurollanganlik darajasi (K/L) – ishlab chiqarish jarayonida qo‘llanilayotgan kapital hajmining ishchi kuchi miqdoriga nisbati.