Statistik hisob miqdor ko‘rsatkichlarida ifodalanadigan ijtimoiy-ommaviy hodisalarni sifat jihatdan tavsiflab, kuzatish va aks ettirish hamda jamiyat taraqqiyoti qonuniyatlarini o‘rganish tizimidir.
Statistik hisob ishlab chiqaruvchi kuchlar, ishlab chiqarish munosabatlari va ijtimoiy turmushdagi siyosiy va madaniy jarayonlar rivojlanishining asosiy qonuniyatlarini ochib beradi. Iqtisodiyotni boshqarish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ish, statistik tahlil qilish va axborotdan foydalanuvchilarga o‘z vaqtida taqdim etish statistik hisobning asosiy vazifasidir. Bu maqsadda statistik hisob buxgalteriya va operativ hisob ma’lumotlaridan foydalanib, shu bilan birga ularning tuzulishiga ham ta’sir etadi.
O‘rganilayotgan hodisalarning xususiyatiga ko‘ra statistik hisobda natura, mehnat va pul o‘lchovlaridan foydalaniladi. Statistik hisob ma’lumotlarni to‘plash va ishlov berishning muayyan metodik usullaridan, masalan, yalpi va tanlab kuzatish, statistik to‘plash, statistik guruhlash, o‘rtacha miqdorlarni hisoblash, indekslar va boshqalardan foydalanib, xo‘jalik faoliyatining asosiy qonuniyatlarini ochib beradi.
Davlat boshqaruv organlari tomonidan statistik ma’lumotlar asosida prognozlar ishlab chiqiladi, iqtisodiy siyosat sohasidagi qarorlar qabul qilinadi. Mamlakat iqtisodiyotini tezkor boshqarish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanadi.
Buxgalteriya hisobi xo‘jalik yurituvchi subektning mablag‘lari va ular manbalarining harakatini aks ettirib, xo‘jalik jarayonida sodir bo‘ladigan muomalalarni yoppasiga va uzluksiz kuzatib borish, kuzatish natijalarini o‘lchash va hujjatlarda rasmiylashtirish, ularni yagona bir o‘lchovda, ya’ni pul ifodasida umumlashtirish hamda boshqaruv qarorlarini asoslash va qabul qilish uchun zarur ko‘rsatkichlarni hisoblash va baholash, ularni tegishli axborotdan foydalanuvchilarga taqdim etish maqsadida moliya-xo‘jalik faoliyatini nazorat qilish tizimidir.
2. Buxgalteriya hisobining maqsadi va vazifalari, uni yuritishga qo‘yiladigan asosiy talablar
Buxgalteriya hisobining maqsadi foydalanuvchilarni o‘z vaqtida to‘liq hamda aniq moliyaviy va boshqa buxgalteriya axboroti bilan ta’minlashdir. Shuningdek, ushbu maqsadga yerishish uchun buxgalteriya hisobi oldiga quyidagi vazifalar quyilgan:
- buxgalteriya hisobi schyotlarida aktivlarning holati va harakati, mulkiy huquqlar va majburiyatlarning xolati to‘g‘risida to‘liq hamda aniq ma’lumotlarni shakllantirish;
samarali boshqaruv maqsadida buxgalteriya hisobi ma’lumotlarini umumlashtirish;
moliyaviy, soliqqa doir va boshqa hisobotlarni aniq tuzish.
Shuningdek, buxgalteriya hisobi korxona xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga rioya qilishi ustidan nazorat o‘rnatish, xo‘jalik faoliyatida salbiy holatlarning oldini olish va uning moliyaviy barqarorligini ta’minlaydigan ichki xo‘jalik imkoniyatlarini topishni ta’minlashi zarur.
Buxgalteriya hisobining birinchi vazifasi korxona rahbarlari, ta’sischilari, ishtirokchilari va mulkdorlari, investorlar, kreditorlar, xaridorlar va boshqa axborotdan foydalanuvchilar manfaatlaridan kelib chiqadi. Buxgalteriya axborotlari to‘liq va ishonchli bo‘lishi, ya’ni foydalanuvchilarga xo‘jalik yurituvchi subekt to‘g‘risida, uning mulklari, majburiyatlari, faoliyat natijalari to‘g‘risida barcha zarur axborotlarni taqdim qilishi, demak, korxona ma’muriyati va boshqa axborotdan foydalanuvchilar uchun foydali bo‘lishi lozim.
Ikkinchi vazifaning mazmuni shundan iboratki, buxgalteriya hisobi tizimida korxona moliya-xo‘jalik faoliyati faktlarining O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga mosligi ustidan nazorat o‘rnatish uchun ma’lumotlarni shakllantirish zarur. Bunday axborotlar xo‘jalik muomalalarining maqsadga muvofiqligini, moddiy, mehnat va moliyaviy resurslardan oqilona foydalanishni tasdiqlashi lozim.
Uchinchi vazifa korxona xo‘jalik faoliyatini boshqarishning samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, shartnomalarning bajarilishini, tejamkorlikka rioya qilishni va mulkning saqlanishini ta’minlashni nazorat qilish ham hisobning vazifasiga kiradi.
Shartnoma majburiyatlarining bajarilishini nazorat qilish buxgalteriya hisobi tomonidan ikkita vazifani bajarishda ifodalanadi. Birinchisi, buxgalteriya hisobi tadbirkorlikni rivojlantirishning joriy va istiqbolli rejalarini tuzish uchun zarur dastlabki ma’lumotlar beradi.
Chunki mavjud bozor konyunkturasini, moddiy, mehnat va moliyaviy resurslarni hisobga olmay turib, haqqoniy biznes-reja topshiriqlarini tuzish mumkin emas. Ikkinchidan, shartnoma majburiyatlarini bajarish uchun bir vaqtning o‘zida ularning bajarilishini nazorat qilishni tashkil etish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |