Shuningdek, polimer nanotolalar olishning yana bir kimyoviy texnologiyasi koreyaning Hyosung kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan. Bu antibakterial ip deb yuritiladigan nanotolalar bo‘lib, tarkibida kumush bo‘lgan poliamid asosida olinadi va Mipan Nano-Magic Silver nomi bilan ishlab chiqariladi.
Bu kabi murakkab tarkibli antibakterial nanotolalar polimer-polimer aralashmalari asosida ishlab chiqarilayapti. Masalan, xitozanni turli tabiiy va sintetik tolalar aralashmalari asosida Crabyon rusumli nanotolalarni Pozzi Electa kompaniyasi va Maytech Chitosante rusumli nanotolalarni BeBe Cotton Knitting Co Ltd kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Xitozan biopolimeri hozirda ko‘p qatlamli uglerodli nanonaychalar ishlab chiqarishda ham keng qo‘llanilayapti. Bu usul xitoyning Hong Kong Polytechnic University va Shanghai Institute of Materia Medica ilmiy markazlari olimlari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uglerodli nanonaychalar sirtiga xitozanni nokovalent tarzda modifikatsiyalashga asoslangandir (10.2.2, a, b- rasm).
10.2.2, a-rasm. Ko‘p qatlamli nanonaychani xitozan bilan qoplash chizmasi: 1 bosqich;
2- bosqich; 3-bosqich
a b
10.2.2, b-rasm. Nanonaychalar (a) va xitozan bilan qoplangan nanonaychalarning (b) elektron mikroskopik tasvirlari
Buni amalga oshirish uchun dastlab birinchi bosqichda nanonaycha sirtiga xitozan sirka kislotasidagi eritmasi bilan dispergirlanadi. Natijada xitozan molekulalari nanonaycha sirtida adsorbsiyalanadi va polimer kation sirt-faol modda vujudga keladi. So‘ng, ya’ni ikkinchi bosqichda suyultirilgan ammiak eritmasi bilan xitozan ionsizlashtiriladi va suvli muhitda erimaydigan shaklga o‘tadi. Keyingi uchinchi bosqichda namuna 60 oC gacha qizdiriladi va glutaraldegid ta’sirida xitozanda ko‘ndalang bog‘lar hosil qilingan holda tikiladi hamda nanonaycha sirti polimer bilan qoplanadi.
Nanotolalar olishning fizik usullari – kuchli elektr maydonida polimer eritma yoki suyultmani bo’ylama oqimini keskin tortish natijasida makromolekulalarning orientatsiyon kristallanishini amalga oshirishga asoslangan. Bunday yo‘llar bilan Arkanzas universiteti (AQSh) olimlari polimer nanotolalar va ulardan qog‘oz olish usullarni ishlab chiqdilar. Ushbu nanotolali materiallar noyob fizik xossalarga ega bo‘lib, ularni buklash, kesish, undan turli xil jihozlar yasash mumkinligi aniqlangan.
Yana bir fizik usul gidrotermal qizdirishga asoslangan bo‘lib, prof. Rayana Tyanya rahbarligida dioksid titan asosida polimerli nanotola olingan va undan yassi membrana, tarelka, probirka kabi jihozlar yasashgan. Yuqori antibakterial xossaga ega bo‘lgan, tarkibidagi kumush hisobiga teri infeksiyalari va zamburug‘ kasalliklarini 99,9 % samarada davolay oladigan hamda ion aylanishi va metabolizmni yaxshilaydigan tola sintetik polimerpoliamid va kumush ionlari asosida ishlab chiqarilgan. Bu ip-tolaning muhim fizik xossasi infraqizil nurlanish chiqarishidir. Shuningdek, kumush poliamidda mustahkam o‘rnashgan holda bo‘lib, u ip-tola materialni yuvganda chiqib ketmaydi. Shu tufayli ushbu ip-tolani ichki kiyimlar, paypoq va trikotaj materiallari tayyorlashda qo‘llanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
10.3. Polimer nanotolalar shakllantirishning elektrospinning usuli
Nanotolalar shakllantirishda eng zamonaviy usullardan biri elektrospining bo‘lib, bu usulning prinsipial asosi aslida 1934 yilda tavsiya etilgan. Unda eritma oqimi bo’ylab doimiy elektr maydoni ta’sir ettirilganda, erituvchini bo’g’lanishi hamda polimer molekulalalari bir biriga orientatsiyon birikib 10 – 30 sm masofada mikrotolalar shakllantirishi kuzatilgan. Ammo shakllangan tolalar bir-biriga chigallashib ketgan va nobarqaror tuzilishga ega bo‘lgan. Bu kamchiliklarni bartarof etish, barqaror nanoo‘lchamli tolalar shakllantirish 1990 yillarga kelib Berklilik AQSh olimlari tomonidan amalga oshirishgan. Buning uchun yaqin maydonli elektrospining (near-field electrospinning process) qo‘llanilgan va uning samaradorligi hozirda jadal rivojlanayotgan polimer nanotolalar olishning yangi davri boshlab bergan.
Elektrospinning jarayoni ichgichka (0,1 ÷ 2,0 mm) kapillyardan (anoddan) chiqayotgan polimer eritma oqimini havoda yuqori kuchlanish (0,5 ÷50 kV) ta’siri ostida ekranga yoki barabanga (katodga) elektrostatik tortish va oqimdan erituvchini jadal bo’g’lantirib chiqarib yuborish hamda polimer molekulalarini orientatsion holatga o’tkazib bir biriga o’ralgan (eshilgan) tarzda nanoo’lchamli tola ko’rinishida shakllantirishga asoslangandir. Odatda anod va katod o’rtasidagi masofaning har bir sm ga bir kV dan doimiy kuchlanish mo’ljallab beriladi. Elektrospinning jarayonining prinsipial chizmasi 10.3.1-rasmda keltirilgan.