Zahro Hasanova (1962)
14.08.2018
0
3200
marta koʻrilgan.
Facebook da yoyish
Twitter da tvitlash
Kirilda | Lotinda
1962 yili Toshkent shahrining Labzak dahasida tugʻilganman. 1966 yil katta zilziladan soʻng “Suzuk ota” mahallasiga – buvimlarnikiga koʻchib oʻtganmiz. 1969 yili 1-sinfga oʻqishga bordim. Oilada besh qiz, bir oʻgʻil katta boʻlganmiz. Maktabda faqat yaxshi baholarga oʻqiganimizni eslayman. “Oʻqish kitobi”dagi oʻzimga yoqqan sheʼrlarni birpasda yodlab olardim. Bundan tashqari musiqa darsida qoʻshiq aytishni juda yaxshi koʻrardim. Bayramlarda eng faol oʻquvchi edim. Qoʻshiq kuylashni, sheʼr aytishni yaxshi koʻrardim. Baʼzan opa-singillarimni bezor qilib yuborardim, chunki ularning dars tayyorlashlariga xalal berardim-da. Shunday paytlarda onam bizni murosaga keltirib qoʻyar edilar.
Bolaligimda rasm chizishni bilmasdim. Ikki yosh katta Fotima opamga uyga vazifa uchun topshirilgan olmaning rasmini chizib berishini soʻrab, yalinib-yolborib oʻtirardim. Opam “oʻzing chiz” deb unamasdi. Sinfimizda yaxshi rasm chizadigan ikki-uchta bola bor edi, ularga havasim kelardi. “Nega men chizolmayman” deb xafa boʻlardim. Koʻp urinib, mashq qilib koʻrganman, biroq qoʻlimdan kelmagan.
Onam – Karomat Azizova 14-maktabda ona tili va adabiyoti fanidan dars berar edilar. Adabiyotga – sheʼriyatga oshno ayol edilar. Shuning uchun uyimizda badiiy kitoblar koʻp edi. Boshlangʻich sinflarda oʻqiyotganimda “Oʻzbek xalq ertaklari”, “Jahon xalqlari ertaklari”ni opa-singillarim bilan galma-gal oʻqir edik. Ayniqsa, “Boʻri bilan tulki” nomli muqovasi sariq, kichik ertaklardan iborat kitobni qayta-qayta oʻqishni yaxshi koʻrardim. Ota-onam oʻndan ortiq gazeta va jurnallarga, biz esa maktab orqali bir nechta bolalar nashrlariga obuna boʻlgan edik. Bu gazeta va jurnallar oʻz vaqtida uyimizga kelar edi va biz ularni qiziqib mutolaa qilardik. Eng qiziqarli mavzuda yozilgan maqola yoki adabiy asarlarni kechki ovqatdan keyin, hammamiz stol atrofiga jam boʻlganimizda oʻzaro muhokama qilardik. Onam shoir H. Olimjonning “Oygul bilan Bahtiyor” sheʼriy ertagini yoddan aytib bersalar, jon qulogʻim bilan tinglardim. Chunki onam sheʼrlarni juda chiroyli, ohang bilan oʻqir edilar. Bu misralar hali ham yodimda.
5-6-sinflarda oʻqiyotganimda esa H. Olimjonning “Oʻzbekiston”, Gʻ. Gʻulomning “Sen yetim emassan” singari katta sheʼrlarini hech tutilmay yod aytib beradigan boʻldim. Oilamizdagi kitobga boʻlgan mehr-muhabbat meni adabiyotning sehrli olamiga yetakladi. Yodlagan sheʼr va qoʻshiqlarim soʻz boyligimni oshirdi. Men ham sheʼrlar yoza boshladim. “Onamga” deb atalgan birinchi sheʼriy mashqimni 5-sinfda oʻqiyotganimda yozdim.
Ilk mashqlarimni onam koʻrib berganlar. Lekin to katta boʻlmagunimcha gazeta va jurnallarda chop etilmagan.
1979 yili maktabni tamomlab Toshkent Davlat universitetining filologiya fakulteti kechki boʻlimiga oʻqishga qabul qilindim. Bir vaqtning oʻzida “Gulxan” jurnaliga matn teruvchi vazifasiga ishga kirdim. 1980 yillar… “Sharq” nashriyotining jurnal tahririyatlari joylashgan binoda oʻzbek adabiyotining katta dargʻalari ishlashardi. Har kuni bino yoʻlaklarida ularni koʻrish, ularga salom berib oʻtish men uchun ulkan baxt edi. Ish va oʻqishdan keyin kechqurun uyga qaytgach, bular haqida ota-onam va opa-singillarimga maqtanib aytib berardim. “Bugun ishxonada shoira Zulfiya opani koʻrdim, ular ishtirok etgan majlisda qatnashdim. Yozuvchi Asqad Muxtor juda jiddiy odam ekan. Yozuvchi X. Toʻxtaboyevning “Qasoskorning oltin boshi” asari hozir jurnalda chop etishga tayyorlanyapti “singari gaplar bilan oila davrasida, talaba dugonalarimga maqtanardim. Shunda oila aʼzolarimiz hamda kursdoshlarim menga faxrlanib qarab qoʻyishardi.
Kunduzi ishlab, kechqurun oʻqiy boshladim. Oʻqishni tamomlaganimdan soʻng bir yil oʻtgach “Yosh kuch” jurnali tashkil etildi va men ham shu jurnalga ishga oʻtdim. 1988–1997 yillar davomida farzandlarim – ikki qiz, bir oʻgʻlim dunyoga kelishdi. Ularning begʻubor olami meni yana yangi-yangi sheʼr va hikoyalar yozishga undadi. Kichik qizim bogʻchaga qatnay boshlagach, men yana tahririyatga – ishimga qaytdim. Boʻlim muharriri sifatida jurnalga kelgan xatlar izidan yurib koʻplab dolzarb mavzudagi maqolalar yozdim. Onam, opa-singillarim xalq taʼlimi tizimida faoliyat yuritganlari sabab, maktab hayoti va undagi muammolarni yaxshi bilardim. Shuni hisobga olib meni “Yangi asr avlodi”nashriyoti muassisligida tashkil etilgan “Sinfdosh” jurnaliga ishga taklif etishdi. Besh yil davomida shu jurnalda ishladim. 2006 yili 6-7 yoshli bolalar uchun “Bekinmachoq” jurnali tashkil etildi va meni shu nashrga bosh muharrir etib tayinlashdi. Ikki yil jurnalni rangli bezakli, qiziqarli qilib chop etilishiga oʻz hissamni qoʻshdim. 2008 yili esa respublika bolalarining adabiy-badiiy jurnali “Gʻuncha”ga ishga taklif etishdi. Men bu taklifni bajonidil qabul qildim. Chunki bolalar uchun yozish, ularning davrasida boʻlish, ana shu begʻubor olamda yurish menga hamisha cheksiz zavq, ilhom va kayfiyat bagʻishlagan. Shuning uchun ham respublikaning qaysi viloyatiga xizmat safariga yuborishsa, hech ikkilanmay oʻsha yerga ketdim. Bolalar davrasida sheʼrlar oʻqidim, topishmoq va tez aytishlar aytdim. Ularning orasidan yilt etgan isteʼdodni koʻrsam, uning ijodini olib kelib jurnal sahifalarida yoritib bordim.
2014 yil yanvar oyida esa meni ilk bor ish boshlagan sevimli jurnalim “Gulxan”ga bosh muharrir vazifasiga tayinlashdi. Mana besh yildan beri shu jurnalning chiroyli, mazmunli, badiiy jihatdan mukammal chiqishi uchun tahririyat jamoasi bilan birgalikda harakat qilyapmiz.
Oʻtgan yillar mobaynida bolalar uchun yozgan ijod namunalarim – “Zukko Alifbo”, “Kutilmagan sovgʻa”, “Topishmoq va tez aytishlar”, “Salom, maktab”, “Koʻzmunchogʻim” nomi bilan kitob holida turli nashriyotlarda chop etildi. Ularning bir qanchasi maktabgacha taʼlim dasturlariga, boshlangʻich sinf darsliklariga kiritildi. “Oromgoh marshi” qoʻshigʻim esa yozgi taʼtil kunlari bolalar oromgohlarida kuylanmoqda. Qoʻlimda yana toʻrtta kitobga jamlasa boʻladigan yangi ijod namunalarim bor. Nasib qilsa, ularni ham nashriyotlarga berib kitob shakliga keltiraman va yurtimizning kitobsevar bolalariga taqdim etaman.
Latif Mahmudov (1933)
17.10.2017
0
1468
marta koʻrilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |