oshqa tilda oʻqish
kuzat
Tahrirlash
Pillachilik — ipak qurti boqish, pilla yetishtirish majmui; qishloq xoʻjaligining ipakchilik sanoati
uchun xom ashyo yetkazib beradigan asosiy tarmoqlaridan biri.
Pillachilik tarmoq sifatida Pillaning ozuqa manbai boʻlgan tutzorlar barpo qilish; tutning yangi
navlarini yaratish; ipak qurtining zotlari va durapillalarni yaratish; naslchilik ishlari, ipak qurti
boqib, uning tuxumini yetishtirish; ipakchilik sanoati uchun tirik pilla tayyorlash; pillani quritib,
quruq pilla standarti talablariga moye keltirib korxonalarga topshirish; pillani dastlabki qayta
ishlash va boshqalarni o'z ichiga qamrab oladi.
Oʻzbekistonda tut ipak qurti urugʻini tayyorlash, qurtini boqish, pillani dastlabki ishlash (dimlash
va quritish), yangi qurt zotlari va duragaylarini yaratishni va tutchilikni oʻz ichiga olgan
mukammal majmua yaratilgan. Tut ipak qurti respublikaning barcha viloyatlarida yetishtiriladi.
Respublika xududida tut ipak qurti juda qadimdan boqiladi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, ipak qurti
boqish milodiy 4-asrda Xitoydan Oʻrta Osiyoga tarqalgan. 1913-yilda Oʻzbekistonda 4 ming
tonnaga yaqin pilla yetishtirilgan boʻlsa, uning 90% Fargʻona vodiysiga toʻgʻri kelgan. 1922-yilda
Toshkentda "Turkipak" aksiyadorlik jamiyatining tashkil etilishi pillachilikni rivojlantirishda
muhim bosqich boʻldi. 1927-yil Toshkent ipakchilik styasi negizida Oʻrta Osiyo ipakchilik i.t.
instituti (1991 yildan Oʻzbekiston ipakchilik instituti) tashkil etildi. 1930-yillarda tut koʻchati
yetishtirishga aloxida eʼtibor berila boshlandi.
1940—90-yillarda Pillachilikda yuqori oʻsish surʼatlariga erishildi, pilla yetishtirish deyarli 3
baravarga koʻpaydi. 1991-yilda respublikada 33,8 ming tonna pilla tayyorlandi. 1993-yildan pilla
yetishtirish davlat buyurtmasidan chiqarilib, uni harid qilish erkin kelishilgan narxlar asosida olib
boriladi. Respublikada Pillachilik tarmogʻida 13 hududiy (viloyat) "Pilla" aksiyadorlik birlashmasi,
122 tuman "Pilla" aksiyadorlik jamiyatlari, tut urugʻi, niholi, koʻchatlari yetishtirishga
ixtisoslashgan 10 shirkat xoʻjaligi, 3 ta naslli urugʻchilik zavodi (Andijon, Samarqand, Fargʻona),
13 pillachilik - tuxumchilik zavodi (Andijon, Asaka, Buxoro, Shahrisabz, Navoiy, Namangan,
Samarqand, Toshkent, Kattaqoʻrgʻon, Fargʻona, Qoʻqon, Urganch, Xoʻjaobod), 8 pillakashlik
korxonalari (Toshkent "Tola", "Margʻilon ipagi", Fargʻona "Buyuk ipak yoʻli", Samarqand "Hujum",
"Buxoro ipagi", "Namangan ipagi", "Bulokboshi ipagi", "Xorazm ipagi") aksiyadorlik jamiyatlari
faoliyat koʻrsatadi. 2002-yilda Respublika Pillachilikda 21500 tonna tirik pilla, 8290,2 tonna quruq
pilla tayyorlandi, 1003,2 tonna xom ipak, 130 tonna yigirilgan ipak ipi ishlab chiqarildi, 415 ming
quti ipak qurti tuxumi tayyorlandi, 1,5 million dona tut koʻchati yetishtirildi. Tarmoqda 19 mingga
yaqin xodimlar band.
Tutchilik, zotli tuxumchilik muammolari va Pillachilik sohasi uchun kadrlar tayyorlash bilan
Toshkent agrar universiteti ipakchilik kafedrasi va Oʻzbekiston ipakchilik instituti shugʻullanadi.
Jahonda pilla yetishtirish va xom ipak ishlab chiqarish boʻyicha Oʻzbekiston Xitoy, Yaponiya va
Hindistondan keyin 4-oʻrinni egallaydi. Hozirgi kunda yetishtirilayotgan pilla respublikaning
hamma pillakashlik korxonalarini toʻliq taʼminlash bilan birga uni chet elga sotish imkonini ham
beradi.
Pillachilik Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Koreya, Braziliya, Tayvan, Pokiston, Suriya, Turkiya,
Ispaniya, Misr va boshqa mamlakatlarda rivojlangan. Tabiiy ipak jahonda ishlab chiqariladigan
toʻqimachilik tolalarining faqatgina 0,5% ni tashkil etadi, lekin ipak va ipak gazlamalarning
texnika va maishiy turmushda keng qoʻllanilishi tufayli jahon bozorida tabiiy ipakka boʻlgan talab
juda yuqori