Axborotni hujjatlashtirish axborotni davlat axborot resurslariga kiritishning majburiy sharti hisoblanadi.
Davlat axborot resurslarida hujjatlashtirilgan axborot tizimlashtiriladi, tasniflanadi va tegishli rekvizitlar bilan ta’minlanadi.
Quyidagilar hujjatlashtirilgan axborotning asosiy rekvizit-lari hisoblanadi:
hujjatning nomi;
axborotning nomi yoki egasi;
axborot manbai;
paydo bo’lishi va hujjatlashtirish sanasi va vaqti;
foydalanish tartibi;
tizimlashtirish va tasniflash uchun zarur bo’lgan boshqa rekvizitlar.
Davlat axborot resurslaridagi axborot matnli, grafikli, ovozli, video va mul’timediya (matnli, grafikli, ovozli va video formatlar kombinatsiyasi) shakllarida bo’ladi.
Davlat axborot resurslari foydalanishiga qarab:
bazaviy axborot resurslariga;
maxsus axborot resurslariga bo’linadi.
Barcha davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ularga berilgan vakolatlar doirasida umumiy foydalanish uchun mo’ljallangan axborot resurslari bazaviy davlat axborot resurslari hisoblanadi.
Bazaviy davlat axborot resurslari tarkibiga O’zbekiston Respublikasi davlat axborot resurslari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari bo’yicha, O’zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari bo’yicha, O’zbekistonning tabiiy resurslari bo’yicha, davlat organlarining veb-saytlari bo’yicha, umumiy foydalanadigan boshqa axborot resurslari bo’yicha ma’lumotlar bazasi kiradi.
Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslarning tor kasbiy, o’ziga xos vazifalarini hal etishga mo’ljallangan, foydalanilishi cheklab qo’yilgan axborot resurslari maxsus davlat axborot resurslari hisoblanadi.
Maxsus davlat axborot resurslari tarkibiga:
idoralar, hududiy boshqaruv va hokimiyat organlarining;
davlat byudjet mablag’lari hisobiga tashkil etilgan yuridik va jismoniy shaxslarning;
yuridik va jismoniy shaxslarning davlat sirlari va maxfiy axborotga ega bo’lgan ixtisoslashtirilgan axborot resurslari kiradi.
Davlat axborot resurslarini shakllantirishda:
taqdim etiladigan axborotning ishonchliligi vato’liqligi;
jismoniy va yuridik shaxslarning axborotdan foydalanish erkinligiga bo’lgan huquqlarini amalga oshirish;
axborot xavfsizligi;
axborotning davlat organlari tomonidan foydalanish uchun shart:sharoitlari;
davlat axborot resurslarining axborot-texnologik mosligi;
davlat axborot resurslarini arxivlashtirish tizimi ta’minlanadi.
Personalni boshqarishni axborotlashtirishga tizimli yondashuv talab etiladi. Bunday yondashuv quyidagi bosqichlardan iboratdir:
personalni boshqarish jarayonlarini axborotlashtirishni loyihalashdan avval tadqiq etish;
personalni boshqarishni avtomatlashtirish va komp’yuterlash tizimini loyihalash;
tizimni yaratishni tegishli texnik vositalari bilan ta’minlash;
tizimni sinab ko’rish, tegishli o’zgartirishlar kiritish, personalni boshqarishni ta’minlash, avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish;
—personalni boshqarish xizmati xodimlarini avtomatlashtirilgan tizimda ishlashga o’rgatish, ularni tegishli yo’riqnomalar va uslubiy materiallar bilan ta’minlash.
Ana shu bosqichlarning dastlabkisi — loyihalashdan avval tadqiqotlar o’tkazishda quyidagi masalalarni chuqur tahlil etib chiqish talab etiladi:
personalni boshqarish xizmati funktsiyali tarkibi va uning axborot faoliyati;
mavjud axborot resurslari ;
axborot ehtiyojiga ega axborot oqimlari;
axborot oqimlarini avtomatlashtirish imkoniyatlari va buning maqsadga muvofiqligi.
Personalni boshqarishni avtomatlashtirish vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan kompleks avtomatlashtirish va komp’yuterlash tizimi quyidagicha (13.1- rasm) bo’lishi mumkin. Mazkur tizimga ko’ra avtomatlashtirilgan ish joylari shaxsiy komp’yuterlardan foydalanilgan holda tashkil etiladi.
Server esa quvvati ancha kuchliroqbo’lgan komp’yuterga ega bo’ladi. Avtomatlashtirilgan ish joylari bilan server o’rtasida axborot oqimlari muttasil almashib turiladi: komp’yuterlarga axborotlar kiritiladi, ko’zda tutilgan tartib va shakllarda axborot olinadi, ular bilan ish olib boriladi, so’rov yoki mavjud axborotni ishlash orqali hujjatlar chiqariladi va hokazolar.
Bugungi kun amaliyotida personalni boshqarishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimi odatda 3 ta: “Shtatlar jadvali”, “Xodimlarni hisobga olish”, “Ish haqini hisoblab chiqish” modullaridan iboratdir. So’nggi vaqtda esa ular nomzodlarni tanlash va xodimlarni attestatsiya qilish, kadrlar bo’yicha qarorlar qabul qilish, personalni boshqarishni axborot-taxliliy qo’llab-quvvatlash tizimlari bilan to’ldirmoqda1.
Mazkur tizimlardan foydalanilgan holda quyidagi natijalarga erishish mumkin;
buyruklar hamda personalga oid hujjatlar aylanmasini qo’llab-quvvatlash asosida oqilona kadrlar siyosatini o’tkazish;
har qanday korxona va tashkilot tarkibini modellashtirish, shu jumladan balans birliklarini ajratib hisoblash;
xodimlarni tezkor hisobga olish, barcha funkdiyalari ijrosini ta’minlash;
kadrlar resurslarini rejalashtirish va belgilangan rejalarni (kadrlar zaxirasi bilan ishlashdan tortib, personal malakasini oshirishgacha) izchil amalga oshirish;
ish haqini hisoblab chiqish bo’yicha barcha operatsiyalarni bajarish;
barcha standart hisobot formalarini to’ldirish hamda har qanday boshqa hisobotlarni tayyorlash;
korxona va tashkilotdagi boshqa dasturiy tizimlar bilan integratsiyalash imkoniyati;
yuqori tashkilotlar davlat organlari uchun hisobotlarni shakllantirish.
Mazkur tizimning funktsional chizmasi quyidagicha ko’rinishda (13.2- rasm) bo’lishi mumkin.
“Shtatlar jadvali” moduli korxona yoki tashkilot tarkibini aks etgirish va ularning shtatlar jadvalini yuritishni ta’minlaydi. Korxona (tashkilot) tarkibi hamda uning shtatlar jadvalidagi o’zgarishlarni aks ettiruvchi hujjatlar (buyruqlar, farmoyishlar, qarorlar)ni tayyorlash va hisobga olish shtatlar jadvalini yuritishning muhim va zarur elementi hisoblanadi. Ma’lumki, korxona (tashkilot) bo’lim xizmatlaridan tarkib topadi. Shuninguchun har bir bo’lim va xizmat shtat birliklari, ularning tasnifi modullashtiriladi. Bu shtatlar jadvali va birliklarini hisobga olib borish, mazkur masala yuzasidan hisobotlar tayyorlash imkonini yaratadi.
Modulning ba’zi funktsional imkoniyatlari quyidagilardan iboratdir:
har qanday murakkablikka ega korxona (tashkilot) korporativ tarkibini ishlab chiqish va takomillashtirib borish;
korxona (tashkilot) bo’limlari bo’ysunishi ko’rinishlarini shakllantirish. Tayyorlangan hujjatlar (buyruqlar, farmoyishlar, qarorlar) asosida bo’linmalar bo’ysunishlari shakllarini o’zgartirish, ya’ni bo’ysunish shakllarini ishlab chiqish, ularni takomillashtirib borish;
korxona (tashkilot) tarkibiy bo’limlari shtatlar jadvalini shakllantirish. Amaldagi va rejalashtirilayotgan shtatlar jadvalini yuritish;
tayyorlangan buyruqlar asosida shtat birliklarini, ish haqi miqdorlarini qayta guruhlashtirish, o’zgartirish, takomillashtirish;
ham tarkibiy bo’linmalar va xizmatlar, ham umuman korxona (tashkilot) bo’yicha shtatlar jadvali, personalni amalda joy-joyiga qo’yilishi bo’yicha asosiy hisobot shakllarini tayyorlash;
ish haqi, ustamalar, qo’shimcha to’lovlar, mehnatga ishbay va vaqtbay haqto’lash, tarif setkalari, razryadlari, koeffitsientlari bo’yicha tegishli hisob-kitob ishlarini amalga oshirish;
mehnatga haq to’lashga doir buyruqlarni tayyorlash.
“Kadrlarni hisobga olish” moduli rahbarlar va personal bo’yicha mutaxassislar uchun mo’ljallangan. Uning vositasida xodimlarni ishga qabul qilish, xizmat lavozimlarida siljitish, ishdan bo’shatish bo’yicha barcha asosiy operatsiyalarni amalga oshirish mumkin. Buning uchun xodimlarning hamda muayyan lavozimga nomzodlarning shaxsiy varaqlaridan foydalaniladi. Korxona va tashkilotda xodimlar faoliyat boshlashi bilan ularga oid hujjatlar (buyruqlar, farmonlar, qarorlar)ni tezlik bilan tayyorlash va hisobga olish choralari ko’riladi. Modulning baza-funktsiyali imkoniyatlari quyidagilardan iboratdir:
1. Me’yoriy ma’lumot axborotlarini shakllantirish va olib borish.
2. Personal to’g’risida to’la-to’kis axborotni olib borish.
Shu jumladan:
xodimlarni ishga qabul qilish va ishdan bo’shatish;
xizmat lavozimida siljitishlar, xizmat vazifasini bajarish, o’rindoshlik;
shaxsiy kartochkalar, mehnat kartochkalari;
mehnat staji (umumiy, uzluksiz, mazkur korxonada va hokazolar);
ta’tillarni rasmiylashtirish;
vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik bo’yicha hujjatlarni rasmiylashtirish;
xizmat safarlari hujjatlarini rasmiylashtirish;
rag’batlantirish, jazolash, imtiyozlar, sug’urta xizmatlarini hisobga olish;
harbiy xizmatga majburlar bo’yicha ma’lumotlar.
3. Korxona (tashkilot)dagi kadrlar zaxirasi bilan ishlash.
Personal attestatsiyasini rejalashtirish va o’tkazish, attestatsiya natijalari bo’yicha hisobotlar tayyorlash.
Ishga qabul qilishda lavozimga nomzodlar bilan ish olib borish.
Arxiv bilan ish olib borish.
Xodimlarni ishga olish, xizmat vazifasida siljitish, ishdan bo’shatishga oid buyruqlar tayyorlash.
Turli ma’lumotlar va hujjatlarni shakllantirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |