1.5. Fan sohasidagi ilmiy maktablar, ularning namoyandalari va ularning ilmiy qarashlari
Pensiya ta’minoti tizimi so’nggi yillarda eng ko’p o’rganilayotgan va tadqiq qilinayotgan sohalardan hisoblanadi, biz bu sohaning tadqiq etilishi va o’rganilishiga zarurat keltirib chiqaruvchi obyektiv sabab va omillarni bayon qildik. Jahon mamlakatlarida pensiya sohasida ilmiy maktablar o’tgan asrning 50-60 yillarida keng taraqqiy eta boshlagan. Bu ilmiy maktablar pensiya tizimini tashkil etishning ikki modeli (taqsimlanuvchi va jamg’arib boriladigan)dan jamiyatga eng mos keluvchisini tanlash yoki ularni gibrid holda optimal tashkil etish mezonlarini o’rganishga qaratilgan.
Pensiya sohasidagi ilmiy maktablarning deyarli barchasi Otto fon Bismark tomonidan asos solingan “Avlodlar birdamligi” yoki “Lord Vilyam Beveridjning byudjet metodi” doirasida amalga oshirilgan.
Jahon mamlakatlari pensiya sohasi ilmiy maktablari namoyondalari quyidagi uch inson bilan bog’lanadi:
Otto fon Bismark maktabi;
Lord Vilyam Beveridj maktabi;
Augusto Pinochet maktabi.
Yuqori boblardan ma’lumki, hozirgi kundagi zamonaviy pensiya ta’minotiga XIX asr oxirlarida Prussiya imperiyasi kansleri Bismark tomonidan asos solingan. Bismark tomonidan asos solingan “ijtimoiy sug’urta”ga asoslanuvchi pensiya tizimi hozirgi kunda dunyoning aksariyat mamlakatlarida ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Lord Vilyam Beveridj angliyalik ko’zga ko’ringan iqtisodchi olim va davlat arbobi hisoblanadi. XX jahon urushidan keyin aholini ijtimoiy ta’minoti tizimida alohida qarashlari bilan jahonga mashhur bo’lgan. Uning asosiy g’oyasi aholining barcha qatlamalariga qariligida byudjet mablag’lari hisobidan kafolatlangan minimal pensiya to’lashni tashkil qilishga qaratilgan edi. Hozirda dunyoning aksariyat rivojlangan mamlakatlarida barcha qariyalarga minimal kafolatlangan pensiya to’lovlari beriladi.
Avgusto Pinochet (chililik avtoritar hukumat boshlig’i) Chili hukumati raisi bo’lgan paytda pensiya to’lovlari uchun davlat xarajatlarini qisqartirish maqsadida pensiya ta’minotini xususiy pensiya fondlari orqali tashkil etishga qaratilgan siyosat olib borgan. Uning davrida 1980-1981 yillarda Chilida davlat tomonidan nazorat qilinuvchi 9 ta xususiy pensiya fondlari tashkil etilgan va fuqarolarning pensiya ta’minoti xususiy sektor subyektlari orqali tashkil etilishi belgilangan va xususiy pensiya ta’minoti jamg’arib boriluvchi tamoyilga ko’ra tashkil etildi.
Jahonda pensiya tizimini tadqiq qilgan olimlar faoliyatini o’rganib shunday xulosaga kelish mumkinki, mazkur sohada alohida bir tamoyilga asoslangan pensiya ta’minoti ilgari surilmaydi. Barcha tadqiqotlar pensiya ta’minoti tizimini optimal tashkil etishga qaratiuladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, hozirda milliy pensiya tizimlari real voqelikda aksariyat holatlarda aralash holda faoliyat ko‘rsatmoqda. Buni pensiyalarning universalligi deb yuritiladi. Pensiyalarning universalligi tamoyiliga asoslangan mamlakatlarda (jumladan, Shvesiyada) avvalgi daromadlar bilan xarakterlanadigan pensiya sug‘urtasi tizimini yaratish to‘g‘risida qonunning qabul qilinganligi yoki qo‘shimcha pensiya ta’minoti tizimiga majburiylik xarakterining berilganligi (jumladan, Buyuk Britaniyada) orqali namoyon bo‘lmoqda. Pensiya ta’minotining universal tizimi Buyuk Britaniya, Daniya, Irlandiya, Shvesiya kabi mamlakatlar uchun xos hisoblanadi. Ushbu mamlakatlarda pensiya tizimini tashkil qilishning umumiy prinsipial qoidalari mavjud bo‘lishiga qaramasdan, ushbu tizimga oid prinsiplarning birortasi ham sof holda amalga oshirilmagan. Ushbu mamlakatlarda aksariyat pensiya tizimlari birinchi va ikkinchi modellar tamoyillari asosida aralash tarzda faoliyat ko‘rsatmoqda. Pensiya ta’minoti universal tizimining kamchiligi shuki, u pensiya to‘lovlari darajasining pastligi bilan tavsiflanadi.
Jahon pensiya tizimi rivojlanishining nazariy asoslari, amal qilish modellari va isloh etishning ustuvor yo‘nalishlariga qaratilgan tadqiqotlar uzoq xorijlik iqtisodchi olimlar – N.Barr, R.Xolsman, D.Estel, D.Lindeman, M.Rutkovskiy, Dj.Stiglis, D.D.Xemptonlarning ilmiy maktablarida talqin etilgan.
Yaqin xorijiy iqtisodchi olimlardan V.V.Antropov, A.M.Babich, V.N.Baskakov, A.N.Bolniskaya, K.G.Vobliy, Ye.V.Galkina, Ye.V.Yegorov, Ye.N.Jilsov, A.N.Ivanov, S.V.Kadomseva, Ye.A.Karelov, F.M.Kurshaeva, P.K.Lavrenteva, V.I.Levashov, Ye.N.Lisenko, Ye.Ye.Machulskaya, V.D.Roik, A.S.Sokolov, A.B.Sokolova, A.A.Stepanova, L.I.Yakobsonlar tomonidan birdamlik pensiya tizimidan aralash pensiya tizimiga o‘tishning nazariy va amaliy jihatlari tahlil qilingan.
O‘zbekistonda pensiya tizimining huquqiy-institutsional asoslari, holati, tarkibi, rivojlanish tendensiyalari, muammolari isloh etishni ustuvor yo‘nalishlari va moliyalashtirishni ayrim nazariy amaliy jihatlari A.V.Vaxabov, R.T.Dalimov, N.M.Majidov, B.X.Umurzoqov, G.K.Saidova,
M.A.Hakimova, B.Sh.Xusanov va boshqalar tomonidan tadqiq etilgan.
Yuqorida amalga oshirilgan tadqiqot ishlarining barchasi pensiya tizimining amal qilishi va isloh etishni konseptual nazariy jihatlarini tahlil etishga bag‘ishlangan bo‘lib, ularda Pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalalari mustaqil, maxsus tadqiqot ob’ekti sifatida ko‘rib chiqilmagan.
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida mamlakatda pensiya tizimini institutsional-huquqiy asoslarini takomillashtirish, pensiya jamg‘armasi daromadlari manbalarini barqarorlashtirish, pensiya imtiyozlarini qisqartirish, jamg‘ariladigan pensiya tizimiga o‘tishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida aholi turmush darajasini izchillik bilan oshirish va turmush sifatini yaxshilash pensiya tizimini moliyalashtirish amaliyotini baholash, takomillashtirish va pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni kompleks tizimli tahlil qilishni taqozo etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |