5.1. Psixologiya fanining predmeti. Har bir fan boshqa fanlardan o’z predmeti bilan farq
qiladi. Boshqa fanlardan farqli ravishda, psixologiya fanining predmeti, u bahs yurituvchi
hodisalarning o’ziga xos xususiyatlarini aniqlash va tushunish qiyinroq. Buning sababi psixik
hodisalarning o’zgaruvchanligi, odamni qurshab turgan tashqi olamdagi hodisalardan farq
qilishida. Psixologiyaning predmeti psixika deb atalmish turli hodisalar (idrok, xotira, tafakkur,
iroda va huquq) bo’lib, ular voqelikdagi haqiqiy hodisa va fanlarga qarama-qarshi qo’yib
kelingan. «Psixologiya» so’zi ikki (grekcha so’z «psyuxe» «jon, ruh», «logos» «ta’limot»)
birikmasidan iborat bo’lib, «ruh, jon» haqidagi ta’limot degan ma’noni anglatadi. Psixik
hodisalarning barchasi «psixika», «odam psixikasi», «kishining ichki dunyosi», «ruhiy hayoti»
kabi nomlar bilan ataladi.
Psixologiya rivojlanish tarixida psixologik bilimlarning to’planishi ikki yo’nalishda amalga
oshgan:
1. Hayotiy psixologiyaning rivojlanishi;
2. Ilmiy psixologiyaning rivojlanishi.
Psixik jarayonlar, psixik xususiyatlar, psixik holatlar haqidagi bilimlar hali yuzaga
kelmagan juda qadim zamonlardayoq hayotiy tajriba asosida yuzaga kelgan. Bu bilimlar turli
amaliy faoliyat, hamkorlik, o’zaro munosabatlar jarayonida shakllanib avloddan-avlodga o’tib,
tilda, xalq ijodiyotida, maqollarda, san‘at asarlarida o’z ifodasini topgan. Masalan, odam xotira
jarayonlari haqida ilmiy bilimga ega bo’lmasa ham biror matnni takror-takror o’qishi uni yaxshi
esga olib qolishga yordam berishini bilgan.
Ammo psixologiyadagi hayotiy bilimlarning hammasini ostida haqiqat, qonuniyat yotadi
deb bo’lmaydi. Ikkinchidan ko’pchilik hayotiy bilimlardan turli kasblarga doir amaliy faoliyatda
(pedagogika, tibbiyot, ishlab chiqarishda) foydalanib bo’lmaydi. Bu sohalarda ob‘ektiv va
ishonchli bilimlar talab qilinadi. Bunday bilimlar ilmiy bilimlardir.
Ilmiy psixologiya hayotdagi psixik faktlarni miqdor (reaktsiya tezligi, xotira hajmi,
diqqatning ko’lami va h.k.) va sifat jihatdan (idrokning konstantligi, tafakkurning mustaqilligi,
xotiraning anglanganligi va h.k.) o’rganadi. Ilmiy psixologiya psixik faktlarni o’rganish va ularni
tasvirlash bilan cheklanib qola olmaydi. Ilmiy bilish hodisalarni tasvirlashdan ularni tushuntirib
berishga o’tishni talab qiladi. Buning uchun o’rganilayotgan psixik hodisa qaysi qonuniyatga
bo’ysunishini aniqlash va o’rganish lozim. Chunki barcha psixik hodisalar doimo va bir xil
tarzda yuzaga chiqmaydi. Bu hodisalar yuzaga chiqishi ma’lum qonuniyatlarga bog’liq. Shu
sababli ba’zi hatti-harakat shakllari, odatlar kishining hayotga moslashishiga yordam bersa,
boshqalari sharoit o’zgarganda o’zining maqsadga muvofiqligini yo’qotadi va hatti-harakatning
yangidan shakllantirishni talab qiladi. Hatti-harakatni samarali ravishda qayta qurish uchun
uning mexanizmlarini bilish lozim.
Hodisalar o’rtasidagi qonuniy bog’liqlikni bilishning o’zi ana shu qonuniyatni keltirib
chiqaradigan mexanizmlarni ochib bera olmaydi. Psixik faoliyat u yoki bu psixik jarayonni
yuzaga keltiruvchi aniq anatomik hamda fiziologik apparatlarning ishi bilan bog’liq bo’lganligi
tufayli psixologiya bu mexanizmlarning tabiati va ta’sir masalalarini boshqa fanlar (fiziologiya,
biofizika, bioximiya, kibernetika va boshqalar) bilan birgalikda aniqlaydi.
Shunday qilib, hozirgi zamon psixologiya fani psixik hodisalarni, ularning mexanizmlarni,
ular ostida yotgan qonuniyatlarni o’rganuvchi fandir, ya’ni psixologiya inson ruhiy dunyosiga
aloqador barcha xilma-xil individual xususiyatlarni hamda ularga xos bo‘lgan umumiy psixik
sifat, jarayonlarni o‘rganadi.
Psixologiya fan sifatida kishining psixikasini o’rganish, psixik hodisalar asosida yotgan
yangi qonuniyatlar ochish, ruhiy hayotga ta’sir qiluvchi omillar tahlil qiluvchi omillar tahlil
qilish, turli psixik hodisalarning mexanizmlarini o’rganish bilan shug’ullanadi.
Psixologiya o’quv predmeti sifatida esa talabalarni, o’quvchilarni, turli soha mutaxassislarini
psixologiya fani tomonidan ochilgan yangiliklar, amaliy natijalar bilan tanishtiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |