Oilaning regulativ funksiyasi – oila-a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni boshqarish tizimini, shuningdek, birlamchi ijtimoiy nazoratni, oilada ustunlik va obro‘ni amalga oshirishni ifodalaydi. Bunda kattalar tomonidan yosh avlodni nazorat qilish va ularni moddiy hamda ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlash nazarda tutiladi.
Oilaning relaksatsiya funksiyasi – uning eng asosiy funksiyalaridan biridir. Bu degani oila a’zolarining jinsiy, emotsional faoliyatini, ruhiy-jismoniy quvvatini, mehnat qobiliyatini yana qayta tiklash demakdir.
Oila funksiyalarining muvaffaqiyatli bajarilishi har qanday oila baxtini ta’minlovchi mezon hisoblanadi. Shuning uchun oilaning o‘z funksiyalarini muvaffaqiyatli bajarilishi nafaqat uning ichki holatiga, shu bilan birga jamiyatning ijtimoiy sog‘lomligiga ham ta’sir etadi.
2012-yil O‘zbekiston Respublikasida “Mustahkam oila yili”, 2013- yil “Obod turmush yili”17 va 2014-yil “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinishi18 munosabati bilan jamiyatimizning asosi bo‘lmish oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, oilalarni, ayniqsa, yosh oilalarning huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish borasida olib borilayotgan barcha ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish lozimligi ta’kidlab o‘tilgan. Obod turmushimiz da jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning rolini oshirish, mustahkam oilada sog‘lom bolani shakllantirishga doir aniq maqsadga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli chora tadbirlar kompleksini amalga oshirish ko‘zda tutildi, amalga oshirilmoqda.19
XX asrning 90-yillaridan boshlab yuz bergan ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy xarakterdagi salbiy jarayonlar oqibatida oilada bola tarbiyasi instituti sifatida chuqur tanazulga yuz tutdi. Bolaning o‘z oilasidan siqib chiqirilishi bilan bog‘liq ayanchli an’analar paydo bo‘ldi.
Zamonaviy o‘zbek oilasi ichidagi ziddiyatlar va inqirozlar nuqtai nazaridan oila institutiga nazar solinsa, yuqoridagi holatlar o‘zini ochiq namoyon etayotgan holatlar hisoblanadi. Shu bilan birga, o‘zini pinhona namoyon qilayotgan holatlar, oila ichida kechib, tashqariga ko‘p ham chiqmayotgan, ammo ko‘payib borayotgan salbiy vaziyatlar ham mavjud (12-rasm).
Xalqimizda shunday gap bor: kelishmovchilik, ziddiyat, janjal bo‘lgan uyda rohat, baraka bo‘lmaydi, - deb hisoblashadi. Oilada uning a’zolarini xo‘rlamaslik, g‘iybat qilmaslik, qilgan ishlaridan ayb topmaslik, yemoq-ichmoqqa qizg‘anmaslik kabilar har doim targ‘ib qilingan. Oila-a’zolari muomalasida salbiy his-tuyg‘ularni jilovlay bilish, bir-birini tushunib yetish, ziyrak bo‘lish, rashk, gina-kudratning oldini olish yo‘llariga yoshlarni o‘rgatish darkor.
Do'stlaringiz bilan baham: |