[2] muxlisi boʻlmish navqiron oʻquvchi “Eski paypoq” asaridagi voqealarni mavjud voqelik deb qanday idrok etsa, xuddi shunday tushunadilar.
Bunday sodda kitobxon, mutolaaga munosabatiga koʻra, umuman, shaxs hisoblanmaydi, balki oʻzi bilan oʻzi andarmon oʻquvchi, xolos. U romandagi voqealarning keskinligiga, xavf-xatarga toʻla sarguzashtlariga, ishqiy lavhalarga boyligiga, tasvirning dabdabali yoki ojizligiga qarab baholaydi yoki buning oʻrniga, muallifning oʻzigagina baho berib qoʻyaqoladi, yaʼni uning muvaffaqiyatlarini shunday andaza bilan oʻlchaydiki, bu meʼyor oxir-oqibatda doimiy odatga aylanadi. Bunday oʻquvchi kitob, umuman, his qilib, tushunib oʻqish va mazmuni yoki shakliga munosib baho berish uchungina yaratilgan deb oʻylaydi, bunga shak-shubha qilmaydi. Yaʼni, kitob – non yoki koʻrpa-toʻshakka oʻxshagan narsa, deb hisoblaydi.
Biroq dunyodagi mavjud barcha narsalarga nisbatan boʻlganidek, kitobga ham oʻzgacha munosabat joiz. Inson tarbiyasiga emas, tabiatiga amal qildi deguncha, bolaga aylanadi va buyumlarni oʻynay boshlaydi. Shunda non yerosti yoʻli qazilgan toqqa, koʻrpa esa gʻorga yoki qor bosgan dalaga aylanadi. Shunday bolalarga xos soddalikdan va bu oʻyinchi dahodan ikkinchi turdagi kitobxonga nimadir yuqadi. Bu oʻquvchi asar mazmuni yoki shaklini qanchalik qadrlasa, uning haqiqiy, yanada muhimroq qadr-qimmatini ham shunchalik yuqori baholaydi. Bu kitobxon bolalarga oʻxshab, har bir narsaning ehtimol oʻn yoki yuz mazmun-mohiyati, ahamiyati va qadr-qimmati borligini yaxshi biladi. Mazkur oʻquvchi, masalan, yozuvchi yoki faylasufning voqea, hodisalar, narsalarga nisbatan oʻz bahosini oʻz-oʻziga yoxud kitobxonga majburan qabul qildirishga urinayotganini kuzata borib, jilmayib qoʻyishi hamda muallifning erkinligi va asossizligi boʻlib koʻrinayotgan narsa aslida sustkashlik va majburlashdan boshqa narsa emasligini payqab olishi mumkin. Bu kitobxon professor-adabiyotshunoslar va adabiyot munaqqidlariga koʻpincha butunlay nomaʼlumligicha qoladigan jihatni: mazmun va shaklning erkin tanlovi degan tuturiqsiz gapning mutlaqo mavjud emasligini ham yaxshi biladi. Yaʼni, adabiyot tarixchisi, Shiller falon yili falon syujetni tanlab olib, uni besh boʻgʻinli yamb (vazn) orqali ifodalashga ahd qilgan, deydi. Kitobxon esa na syujet, na yamb shoirning erkin tanloviga sabab emasligini, unga rohat bagʻishlagan yagona narsa – shoir syujetni nima qilishi emas, balki syujet shoir bilan nimalar qilganini koʻrish istagidir.
Shu xildagi fikrga kelganda, estetik deb ataladigan qadriyatlar deyarli butunlay oʻz qimmatini yoʻqotadi va aynan har qanday xato, kamchilik va nomukammalliklar ulkan jozibadorlik kasb etishi mumkin. Chunki bunday kitobxon yozuvchi ketidan izvoshchiga ergashgan otga oʻxshab emas, balki oʻljaning iziga tushgan ovchidek boradi va poetik erkinlik boʻlib koʻrinayotgan narsa tomon nogoh tashlangan nazar, shoirning sustligi va zoʻrakiligini payqagan nigoh, soz texnika hamda nafis soʻz sanʼatining barcha goʻzalliklaridan ham koʻra koʻproq zavq-shavq, shodlikka noil boʻlmogʻi mumkin.
Yana yoʻlimizda davom etamiz va uchinchi – oxirgi tipdagi kitobxonga duch kelamiz. Shu oʻrinda yana bir bor taʼkidlaymiz, hech kim, hech qaysi birimiz u yoki bu toifada muqim, abadiy qolib ketishga majbur emasmiz, zotan, har birimiz bugun ikkinchi, ertaga uchinchi, indin esa yana birinchi guruhga mansub boʻlmogʻimiz ham mumkin. Shunday qilib, endi nihoyat, uchinchi – soʻnggi bosqich haqida soʻz yuritamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |