ABDUQODIR SHAKURIY
SHakuriy eski usuldagi maktabni tamomlaganidan keyin Samarqand shahridagi madrasaga o’qishga kirdi. SHakuriy o’zbek va tojik tillarida yozgan tarjimai hollarida rus gimnaziyasiga borib, uning ichki tartib qoidalari va o’qitish usullari bilan tanishligini qayd qiladi. SHundan keyin yosh muallimda o’z xalqining bolalari uchun ham shu tartibdagi yangi maktab tashkil qilish orzusi paydo bo’ladi.
SHakuriy do’stlari yordamida Qo’qon shahriga boradi va u yerda o’n kun davomida yangi maktabdagi o’qish-o’qitish usullari bilan tanishadi. Samarqandga qaytib kelgach, bu yangi usullarni o’zi ochgan maktabda qo’llay boshlaydi.
SHakuriy dastlab maktabda o’quv jihozlarini o’zgartiradi. U ustalarga parta va doskalar buyuradi. SHu asosda birinchi marta o’z qishlog’i Rajabaminda 1901 yilning kuzida yangi usuldagi maktab tashkil qiladi. U davrlarda darslik va qo’llanmalar bo’lmaganligi sababli SHakuriy harflarni doskaga yozib qo’yar, o’quvchilar esa shuni o’z daftarlariga ko’chirib yozar edilar. SHuningdek, u qisman tatar tilida yozilgan kitoblardan ham foydalanar edi.
SHakuriy o’z xotiralarida tatar pedagogi Abdulxodiy Maqsudiyning «Muallimi avval», «Muallimi soniy» kabi darsliklaridan o’z vaqtida foydalanganligini ko’p martaba eslaydi.
CHor hukumatining mahalliy amaldorlari bu maktabning ochilishiga rasman qarshi bo’lib, uning o’quv dasturini qattiq nazorat qilardilar. Ular maktabda o’tiladigan diniy darsliklarga hech qanday to’sqinlik qilmas, ammo dunyoviy fanning o’qitilishidan tashvishlanar edilar.
SHogirdlarining aytishicha, SHakuriy qiyinchiliklar bilan qo’lga kiritgan yagona globusni faqat maxsus vaqtda sinfga olib kirar, boshqa vaqtda esa yashirib qo’yar ekan.
SHakuriy maktabida tojik va o’zbek bolalari birga o’qitilar edi. Bu yerda tojik tili asosiy til hisoblanar, bolaning savodi chiqqach, o’zbek va tojik tillarida yozilgan kitoblar o’qitilar edi. SHu bilan bir qatorda, o’quvchilarni ozarbayjon va tatar adabiyoti namunalari bilan tanishtirish maqsadida shu tillarda yozilgan ayrim parchalar ham o’qitilar edi. SHakuriyning tarjimai holida aytilishicha, bu maktabning to’liq dasturi bo’lgan.
U vaqtlarda maktablarda Qur’oni Karim o’qitilar va yodlatilar edi. SHuning uchun yangi usul maktablarida ham diniy kitoblar o’qitilar edi, chunki hech bir ota-ona Qur’on yoki biror diniy kitob o’qitilmagan maktabga bolalarini bermas edi. SHuning uchun maktablarda «Haftiyak» ham asosiy o’qish kitoblaridan biri hisoblanar edi.
Tatar pedagogi Maqsudiy o’z maktabi uchun darsliklar tuzganda, arab tili qoidalari va alfavitini o’qitishga alohida e’tibor bergan. SHakuriy ham o’z maktabida bunga rioya qilgandi. O’qitishdagi bu usul eski maktablardagi o’qitish usullariga qaraganda savod chiqarishni ancha yengillashtirar edi.
SHakuriy o’z o’quvchilar uchun bir yilda bir marta imtihon uyushtirar edi. Imtihonda u ota-onalar oldida o’quvchilar bilimining natijalarini namoyish qildirar edi, ota-onalar esa o’z bolalarining qisqa muddat ichida xat-savodli, hisob, geografiya va tibbiyotdan ma’lumotga ega bo’lganini ko’rib hayratlanardilar.
SHakuriy maktabining shuhrati keng tarqala boshladi, O’rta Osiyodagi boshqa ma’rifatparvar kishilarning diqqatini jalb etdi.
Jumladan, o’zbek adabiyotining asoschisi, buyuk shoir, dramaturg va pedagog Hamza Hakimzoda Niyoziy SHakuriy ochgan maktab bilan juda qiziqqan. U 1909 yilda SHakuriy ochgan maktabini ko’rish, uning imtihonlarida qatnashish uchun Samarqandga keladi. Bu maktabdagi o’qish-o’qitish tartibi va imtihon natijalari Hamzada yaxshi taassurot qoldiradi. Hamza va SHakuriy bir-birlari bilan do’stlashib, ko’p yillar davomida xat yozishib turadilar.
SHuni qayd qilish kerakki, SHakuriy faqat o’qituvchilik qilish bilangina cheklanib qolmagan, u o’z maktabi uchun darsliklar yozib, ularni o’z mablag’lari hisobiga nashr qildirgan. CHunki, tojik va o’zbek bolalarini tatar tilida yozilgan darsliklar bilan o’qitish katta qiyinchiliklar tug’dirar, bu darsliklar bolalar uchun uncha tushunarli emas edi. SHuning uchun, u o’quvchilarga ularning ona tilida darsliklar yaratish zarur, deb hisoblardi.
SHunday bir sharoitda SHakuriy bolalarning o’z ona tilida o’qish kitoblari, darsliklar yaratish zaruriyatini yaxshi tushunadi. U bolaning yosh xususiyatiga muvofiq tarzda axloq, odob va turmush qoidalaridan dastlabki ma’lumot berishni ko’zda tutib, ana shunday darsliklar tuzishga kirishadi. Birinchi navbatda, alifbeni SHakuriyning o’zi tuzdi. «Rahnamoi savod» («Savod chiqarish rahbariyati»), deb atalgan bu kitob yaxshi qog’ozda nasta’liq xati bilan yozilgan edi. SHakuriyning shogirdi, yozuvchi Rahim Hoshimning aytishiga qaraganda, bu kitobda so’zlar bo’g’inlarga ajratib ko’rsatilgan, kitob oxirida o’qish uchun kichik-kichik material berilgan ekan. SHakuriy ko’p yillik pedagog faoliyati natijasida bolalarni o’qitishda «tovush-harf» metodi (har bir tovushni alohida harf bilan yozish)ning qulay va oson ekanligini aniqladi va 1913 yilda uning rahbarligida o’z shogirdlaridan va Samarqandning mashhur pedagoglaridan biri Ismatulla Rahmatullaev tovush-harf usuli asosida yangi alifbe tuzdi. Bu kitob Toshkent shahrida nashr qilindi. Bu kitob arab harfida tojik tilida yozilgan bo’lib, u ko’p yillar davomida savod chiqarishda eng yaxshi o’quv qo’llanmasi sifatida qo’llanib kelindi. Kitobning kirish qismida tez va osonlik bilan savodli bo’lish masalasiga oid metodik maslahatlar beriladi.
«Alifbe ta’limi» Ismatulla Rahmatullaevning 10—12 yillik ijodiy ishlari va uning ustozi Abduqodir SHakuriyning ko’p yillik amaliy faoliyatining natijasida yaratildi. Ular ko’p yillar davomida boshlang’ich ta’limning turlicha metodlarini qo’llash, o’z tajribalari, shuningdek yangi usuldagi o’qish-o’qitish usullari va ko’pdan-ko’p alifbe kitoblarini o’rganish, umumlashtirish asosida bu kitobni tuzdilar. Alifbe 46 betdan iborat bo’lib, taxminan 90 ta dars uchun mo’ljallangan.
SHakuriy tomonidan 1907 yilda yozilgan ikkinchi kitob «Jome’ ul hikoyat» («Hikoyalar to’plami»)dir. U qayta tuzatilib, to’ldirilib, 1911 yilda ikkinchi marta nashr qilingan. Kitob boshlang’ich maktabning ikkinchi sinfi uchun xrestomatiyadir.
Yetmish ikki betli bu kitobning matni nafis qog’ozda aniq, chiroyli xat bilan yozilgan. Birinchi qismiga tarbiyaviy ahamiyatga molik 48 ta kichik-kichik hikoyalar kiritilgan. Ikkinchi qismida mumtoz yozuvchilarning asarlari va tarjimalaridan olingan 15 ta she’riy parcha berilgan.
Kitobning ta’lim-tarbiyaviy ahamiyati shundan ibortaki, undagi o’quv materiallarining hammasi bolalarda axloqiy sifatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
SHakuriy tomonidan tuzilgan va nashr qilingan yana bir kitob «Zubdat ul ash’or» to’plami bo’lib, unda ko’p shoirlarning she’rlari berilgan.
Kitobdagi yangi usul maktabiga atab yozilgan tojik tilidagi she’rda shunday deyiladi:
— Ey muallim, maktabing taraqqiyot topib, sernur bo’lsin, yaxshi noming to abad dunyoda mashhur bo’lsin. G’ayrat qil, toki biz olimu dono bo’laylik, - axir, bir savtiya usulining sevguchilarimiz, tarbiyat qil, har kishining xotirini shod qil. Har fandan bizga o’rgat, biz bahramand bo’lib nodonlikni nari quvaylik. Garchi nodon kishilar senga ta’na-haqorat etsalar ham g’am yema. Albatta, dushmanlar sharmsor bo’lurlar!
O’sha davrdagi qiyinchilik va to’sqinliklarga qaramay, xalqning bu sodiq do’sti, ma’rifatparvar pedagog SHakuriy butun kuch-quvvatini yangi usuldagi maktab tashkil qilishga sarf qildi, katta g’ayrat, zo’r havas bilan yangi usul asosida o’qish-o’rgatish tartiblarini o’rgandi, savodga o’rgatishning eng qulay va oson usullarini tanlab oldi, yangi usul maktablari uchun darslik va qo’llanmalar tuzib nashr qildirdi.
SHakuriy dastlab qizlar uchun ham yangi usuldagi maktab tashkil qilib, unda o’z rahbarligida xotini muallimalik qilar edi. Keyinchalik o’g’il va qiz bolalar guruhini birlashtirib o’qita boshlaydi.
Demak, u Samarqandda yangi usuldagi maktabning targ’ibotchi va tashkilotchilaridan biri edi. Bu ishda u hech qanday moddiy manfaatni ko’zda tutmas va ayni choqda hech kim unga moddiy yordam bermas edi.
Abduqodir SHakuriy 1917 yil to’ntarishiga qadar o’qituvchilik faoliyati bilan shug’ullandi. 1917 yilda Samarqand shahrining bir guruh ilg’or kishilari A.SHakuriyning pedagogik faoliyatining 15 yilligini nishonladilar.
1921 yilda Samarqand shahridagi 13-maktabga mudir qilib tayinlandi. U bolalarni tarbiyalash, o’qitishga katta g’ayrat bilan kirishdi, ko’p yillar davomida shu maktabning mudiri hamda ona tili va adabiyot o’qituvchisi vazifalarida ishladi.
Samarqand maktablariga SHakuriy birinchi bo’lib mehnat va musiqa darslarini kiritdi. U bolalarni qishloq xo’jalik va bog’dorchilik ishlari bilan tanishtirishdan tashqari, ularga muqovasozlik, duradgorlik va boshqa hunarlarni ham o’rgatar edi, bu mashg’ulotlar uchun alohida soatlar ajratgan edi.
1923 yilning boshlarida «Pravda» gazetasi mamlakatimiz bo’yicha eng namunali ilg’or maktab hamda mohir va tajribali o’qituvchilar uchun tanlov e’lon qildi. 1923 yilning 8 iyulida gazetada shu tanlov natijalari e’lon qilinadi. Ana shu o’qituvchilar tarkibida respublikadagi maktab o’qituvchilaridan A.SHakuriy bor edi. Boshqa ilg’or o’qituvchilar qatorida uning nomi ham «Pravda» gazetasining qizil doskasiga kiritiladi hamda pul mukofoti topshiriladi va SHakuriy haqida bir yaxshi maqola e’lon qilinadi.
Bundan ko’rinadiki, ma’rifatparvar pedagog SHakuriy yangi usuldagi maktablar tashkil qilishda, o’qish-o’qitishning yangi tartiblarini joriy etish va o’qituvchilarning katta guruhini tarbiyalab yetishtirishda xizmatlari juda katta bo’lgan va gazeta redaktsiyasi tomonidan yuqori baholangan.
1925 yilda A.SHakuriyning tashabbusi bilan qishloq aholisi o’z mablag’lari hisobiga to’rt sinfli yangi maktab qurib ishga tushiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |