QOIDALARI
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yuk ko‘targich (minora)larni o‘rnatish va ulardan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017-yil 20-iyundagi 55/yu-1-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2313-1, 14.07.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 28-son, 673-modda)
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar yuk ko‘targich (minora)larni o‘rnatuvchi va ulardan foydalanuvchi tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan, shu jumladan noqulay va alohida mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar berilishi yuzasidan davlat nazorati mehnatni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mehnatni muhofaza qilish holatini o‘rganish, ish beruvchilarning jamoa shartnomalari va kelishuvlarida nazarda tutilgan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha majburiyatlari bajarilishi ustidan nazorat kasaba uyushmalariga va xodimlarning boshqa vakillik organlari, shuningdek mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil etilgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017-yil 20-iyundagi 55/yu-1-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2313-1, 14.07.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 28-son, 673-modda)
II bob. Xavfsizlik bo‘yicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish bo‘yicha qoidalarni o‘z ichiga olgan jamoa shartnomasi;
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-son qarori bilan tasdiqlangan Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq yuritiladigan ish joyining mehnat sharoitlari xaritasi;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha nazorat yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017-yil 20-iyundagi 55/yu-1-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2313-1, 14.07.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 28-son, 673-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
7. “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasiga muvofiq ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lgan tashkilotda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam bo‘lgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017-yil 20-iyundagi 55/yu-1-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2313-1, 14.07.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 28-son, 673-modda)
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati o‘z maqomiga ko‘ra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga bo‘ysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlariga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining 2019-yil 30-sentabrdagi 20/YuB-41-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2313-2, 08.10.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.10.2019-y., 10/19/2313-2/3879-son)
2-§. Xodimlarni o‘qitish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish va ularga yo‘l-yo‘riq berishni tashkil etish
11. Tashkilot xodimlari o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishlari, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
13. Ishlarni texnologik reglament bo‘yicha xavfsiz yuritish yo‘riqnomalari Mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 bo‘yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
15. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnatning og‘ir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
16. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli omillar yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda xavfli va zararli omillar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
17. Tashkilot o‘ta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim. Ro‘yxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, elektr asbob-uskunalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlar va amaldagi tarmoq ro‘yxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
18. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishi va ishlarni bajarish usullarini o‘zlashtirib olishi shart.
19. O‘ta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Tashkilot rahbariyati o‘ta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga to‘la javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash
21. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanish orqali ta’minlanishi lozim.
22. Jamoaviy himoya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini me’yorlashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda asbob-uskunalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari bo‘lgan xonadagi barcha xodimlarga ta’sir qilganda qo‘llanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
24. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda yakka tartibdagi himoya vositalari qo‘llanilishi lozim. Bunday hollarda yakka tartibdagi himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
25. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qo‘llashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.
26. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
himoya vositalarini qo‘llash va to‘g‘ri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi;
yakka tartibdagi himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularning degazatsiya va dezinfeksiya qilinishi (bir marta qo‘llaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
27. Turli agressiv moddalar bilan ishlayotganda teri kasalliklarining oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish lozim.
6-§. Kasbiy tanlov
28. Tashkilotlarda tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
29. Xodimlar, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli ma’lumotga va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
30. O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari ro‘yxatiga (ro‘yxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 30-31-son, 355-modda) muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining 2019-yil 30-sentabrdagi 20/YuB-41-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 2313-2, 08.10.2019-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.10.2019-y., 10/19/2313-2/3879-son)
7-§. Xodimlarning sog‘lig‘ini nazorat qilish
Oldingi tahrirga qarang.
32. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017-yil 20-iyundagi 55/yu-1-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2313-1, 14.07.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 28-son, 673-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
33. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash muassasasi bilan birgalikda har yili davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi zarur.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017-yil 20-iyundagi 55/yu-1-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2313-1, 14.07.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 28-son, 673-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
34. Tibbiy ko‘riklar tashkilotga tibbiyot xizmati ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, agar ular bo‘lmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasi tomonidan o‘tkaziladi.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017-yil 20-iyundagi 55/yu-1-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2313-1, 14.07.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 28-son, 673-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
35. Tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan bo‘yin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qo‘ymaslikka haqlidir.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017-yil 20-iyundagi 55/yu-1-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2313-1, 14.07.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 28-son, 673-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
36. Tashkilot rahbariyati o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘ladi.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017-yil 20-iyundagi 55/yu-1-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2313-1, 14.07.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 28-son, 673-modda)
37. Xodimlarni sog‘lig‘i tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
8-§. Sanitariya va gigiyenaga qo‘yiladigan talablar
38. Tashkilot xonalari ish hududidagi harorat, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
39. Noqulay omillar ta’siriga qarshi himoya tadbirlarini tuzishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilatsiya va konditsiyalash” talabiga muvofiq tashkil qilish lozim.
40. Ishlab chiqarish binolarida mikroiqlim SanQvaM 0203-06 “Ishlab chiqarish binolari mikroiqlimi sanitariya me’yorlari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
9-§. Tashkilot maydonlariga bo‘lgan xavfsizlik talablari
41. Tashkilot maydonlari va binolarining joylashuvi QMQ II-89-80 “Sanoat tashkilotlarining bosh plani” talabiga mos bo‘lishi kerak.
42. Tashkilotda transport vositalarining va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
43. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish hamda ish uchastkalari va sexlarning ko‘rinarli joylariga osib qo‘yilishi kerak.
44. Tashkilot maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
45. Tashkilot maydonidagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
46. Yilning yoz vaqtida yo‘lkalar va o‘tish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan bo‘lishi lozim.
10-§. Bino va inshootlarga bo‘lgan xavfsizlik talablari
47. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari QMQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
48. Yordamchi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
49. Nam xonalarda hamda issiq o‘tkazuvchi pollarda (betonli, g‘ishtli, plitali va boshqalar) muntazam ishlashga mo‘ljallangan ish joylarida yog‘och to‘shamalar va panjaralar yotqizilgan bo‘lishi kerak.
50. Pol to‘shamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalanadigan bo‘lishi kerak.
51. Binoga transport vositalarining kirish joylari darvozalar va signal asbob-uskunalari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
52. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar mustahkam o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
53. Transport vositalari binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari eni miqdoridan oshiq bo‘lishi kerak.
54. Darvozalarning balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan oshiq bo‘lishi kerak.
55. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
56. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam bo‘lmagan holda tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik xulosalari, ularda topilgan nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar va muddati ko‘rsatilgan dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
57. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat turidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Xavfli hududlarda ishlab chiqarish jarayonlari halokat bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turilishi lozim, shuningdek xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
11-§. Shovqin va tebranishga qo‘yiladigan talablar
58. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yo‘l qo‘yilgan darajasining sanitariya me’yorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya me’yorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari” talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
59. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasini muntazam nazorat qilib turish kerak. Agarda u belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lgan hollarda uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qo‘llanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga o‘zgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni to‘suvchi qobiqlar o‘rnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush so‘ndirgichlar qo‘llash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) to‘silgan xonalarda yoki sexdan tashqarida joylashtirish;
tebranishni kamaytirish uchun, uning manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va shu kabilar) mustaqil poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolatsiyalangan poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga o‘rnatilishi kerak.
60. Ishlab chiqarish xonalarida shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etishning iloji bo‘lmasa, shaxsiy eshitish a’zolarini himoya qilish vositalari va shovqinga qarshi kaskalardan foydalanish kerak.
12-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan talablar
61. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
62. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
63. O‘tish joylarida joylashgan isitish jihozlari ruxsat etilgan o‘tish yo‘laklarining enini kamaytirmasligi kerak.
64. Ish joylarida havo harorati yengil jismoniy ishda 21°S, o‘rtacha og‘ir ishda 17°S va og‘ir ishda 16°S dan past bo‘lmasligi lozim.
65. Xodimlarning isinishi uchun xonalarda havo harorati 22°S dan kam bo‘lmasligi kerak.
66. Isinish xonalarigacha bo‘lgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan, bino tashqarisidagi ish joylaridan esa 150 m dan ko‘p bo‘lmasligi lozim.
13-§. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga qo‘yiladigan talablar
67. Suv bilan ta’minlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi kerak.
68. Ishlab chiqarish oqova suvlari, tashqi kanalizatsiyaga yetib kelguncha zararli moddalardan tozalanishi lozim.
69. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar bo‘lishi kerak. Suv quvurlari yo‘q bo‘lganda baklarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
70. Ichimlik suvining harorati 8°S dan 20°S gacha bo‘lishi kerak.
71. Ish joyidan suv ichish qurilmasigacha bo‘lgan masofa 75 m dan oshmasligi kerak.
72. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi yo‘q bo‘lganda davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmagan holda dushxonalardan va yuz-qo‘l yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat o‘ralarining mavjud bo‘lishiga ruxsat etiladi.
14-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar
73. Ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish” talablariga mos bo‘lishi lozim.
74. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
75. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi kerak. Yorug‘ tushuvchi oynalarni yilda kamida ikki marotaba tozalash lozim.
76. Yorug‘lik tushadigan deraza va eshiklarni turli predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) to‘sib qo‘yishiga ruxsat etilmaydi.
77. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan tizimda ishlatiladi (umumiy mahalliy bilan birgalikda). Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
78. Uchastka va xonalarda portlash bo‘yicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yig‘ilib qolish ehtimoli bo‘lsa, elektr yoritish tizimi portlashdan alohida bajarilishi kerak.
79. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlar (bunkyerlar, silososlar, quduqlar, bug‘lantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ning ichki sirtini yoritish uchun ko‘chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
15-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga bo‘lgan talablar
80. Tashkilotlarda atrof muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishi xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
81. Tashkilotlarda ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda atrof muhitning chiqindilar (oqova suvlar, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqalar) bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
82. Tashkilotlarda chiqindilarni yig‘ish uchun atrofi o‘ralgan maxsus joy ajratilishi va konteynyerlar bilan ta’minlanishi, konteynyerlar chiqindilardan bo‘shatilganidan so‘ng xlorli ohak eritmasi bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi kerak.
16-§. Mehnat va dam olishga qo‘yiladigan talablar
83. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
III bob. Yuk ko‘targich (minora)lar tuzilishiga va materiallarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Kajavaga (maydonchalarga) qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
84. Yerdan yoki chiqish maydonchasidan kajavaga va yuk ko‘targich (minora)ning aylanma platformasigacha bo‘lgan masofa 40 sm dan ortiq bo‘lmasligi hamda kajavaning poli va zinalari sirpanchiq bo‘lmasligi lozim.
Yuk ko‘targich (minora)larning kajavalari (maydonchalari) balandligi kamida 1 m bo‘lgan panjara bilan o‘ralgan bo‘lishi lozim.
85. Yuk ko‘targich (minora)larning kajavasi kajava xodimlari xavfsizlik kamarining va asboblarni mahkamlash uchun qoziqlar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Kajava panjarasi qismlari va kamar mahkamlanuvchi qoziqlar kamida 1300 nyuton bo‘lgan turli tomonga yo‘nalgan og‘irlikni ko‘tarishi lozim.
2-§. Troslarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
86. Yuk ko‘targich (minora)larda qo‘llaniladigan troslar GOST 3062-80 talablariga mos bo‘lishi lozim.
87. Yuk ko‘targich (minora)larga troslarning mahkamlanishi va joylashuvi uning blok va boshqa mexanizmlardan tushib ketishini, shuningdek bir-biri bilan ishqalanishi yuzaga kelishining oldini olishi lozim. Trosning blokdan tushib ketishining oldini oluvchi moslama bilan tros oralig‘i uning diametrining 20 foizidan oshmasligi lozim.
88. Trosning uchi GOST 2224-93 ga muvofiq, koushga trosning uchini kiritib o‘rab qo‘yish, qisqich o‘rnatish yoki boshqa usulda bajarilishi kerak. Qisqichlar soni kamida uchta bo‘lishi lozim.
Yuk ko‘targich (minora)lardagi trosning uchi po‘lat, bolg‘alab ishlangan, tamg‘alangan yoki quyilgan vtulkaga pona bilan mahkamlanishi mumkin. Payvandlangan vtulkani ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Vtulkaning qobig‘i va ponaning o‘tkir cheti bo‘lmasligi lozim.
3-§. Zanjirlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
89. Yuk ko‘targich (minora)larda qo‘llaniladigan plastinkali, g‘ildirakli zanjirlar GOST 21834-87 va GOST 23540-79 talablariga mos kelishi lozim.
90. Tizzani ko‘tarish mexanizmlarida, teleskopik bo‘linmalarda va kajavaning yo‘nalishini kuzatish tizimida qo‘llanadigan po‘lat arqonlar va zanjirlarni loyihalash jarayonidagi hisob-kitoblar O’zDSt 8.012 da belgilangan o‘lchov birliklari bilan tekshirilishi lozim.
4-§. Tormozlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
91. Yuk ko‘targich (minora)larning ko‘tarish mexanizmlari normal yopiq tusdagi, yoqilganda avtomat ravishda ochiladigan tormozli yoki kajavaning o‘z-o‘zidan tushib ketishini (harakatlanishini) oldini oladigan boshqa moslama bilan jihozlanishi lozim.
Tasmali tormozlarni faqatgina platformali burilish mexanizmlarida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan. Tormozlar yog‘ va suv tushishidan himoyalangan bo‘lishi lozim.
Yuk ko‘targich (minora)larning tayanch-burilish moslamasining uzatgichi o‘z-o‘zidan tormozlanadigan yoki tormoz bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
Trosli yuk ko‘targich (minora)ning ko‘tarish mexanizmida kajavaning o‘z-o‘zidan tushib ketishini oldini oluvchi moslama bo‘lishi lozim.
92. Tirkamali, harakatlanuvchi yuk ko‘targich (minora)lar va maxsus shassili yuk ko‘targich (minora)larda to‘xtash tormozli bo‘lishi lozim.
5-§. Xavfsizlik asbob-uskunalari va moslamalariga bo‘lgan talablar
93. Yuk ko‘targich (minora)lar xavfsiz ish olib borishi uchun quyidagi moslamalar bilan jihozlanishi lozim:
a) og‘irlik me’yorini belgilovchi asbob-uskuna;
b) anemometrlar bilan (22 m dan baland bo‘lgan yuk ko‘targich (minora)lar uchun);
v) xizmat ko‘rsatish maydonida kajava polining gorizontal holatini saqlash moslamasi, bunda kajava polining og‘ish burchagi 5 gradusdan oshmasligi lozim;
g) xizmat ko‘rsatish maydonini cheklash moslamasi;
d) qo‘lda o‘rnatiladigan vintli tayanchlardan tashqari, yuk ko‘targich (minora) tayanchga qo‘yilmagan hollarda tizzalarini ko‘tarilishi va burilishini bloklovchi hamda yuk ko‘targich (minora) o‘qining ish holatida tayanch ko‘targich (minora)ni bloklash moslamasi;
e) gidrotizim, elektr uzatgich yoki gidroso‘rg‘ich ishlamay qolganda yukni avariyasiz tushirish moslamasi;
yo) yuk ko‘targich (minora)lar harakatlanayotgan vaqtda chiqarish tayanchlarining yo‘nalishni o‘zgartirib ketishining oldini oluvchi moslama;
j) yuk ko‘targich (minora)lar og‘ish burchagini ko‘rsatuvchi moslama;
94. Yuklar yuk ko‘targich (minora)larning yuk ko‘tarish darajasidan 10 foiz ortiq bo‘lganida yuk ko‘tarish darajasini belgilash moslamasi ovozli signal berishi va ko‘tarish mexanizmlarini o‘chirishi lozim.
Yuk ko‘tarish darajasini belgilovchi moslama harakatga kelgan zahoti yuk ko‘targich (minora)ning barcha harakati to‘xtatilishi va kajavadan ortiqcha yuk tushirib olinishi lozim.
Yuk ko‘tarish darajasini belgilovchi moslamaning himoya taxtasi yoki releli (elektron) bloki tamg‘alangan bo‘lishi lozim.
6-§. Boshqarish tizimiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
95. Yuk ko‘targich (minora)lar ikkita boshqarish pultiga ega bo‘lishi, ulardan biri kajavada ikkinchisi esa pastda, qulay holda masofadan boshqariladigan bo‘lishi lozim.
96. Ikkita boshqaruv tizimli yuk ko‘targich (minora)larda ularni bir vaqtda ikki tomonlama boshqarishni to‘xtatib qoluvchi blokirovkasi bo‘lishi lozim.
97. Yuk ko‘targich (minora)larni boshqarish pulti dvigatelni avariya vaqtida o‘chirishi va ovozli signal berish qurilmasi bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
98. 1000 V gacha kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatuvchi yuk ko‘targich (minora)dagi boshqarish pulti tuzilishi va o‘rnatilishi, shuningdek kabellar yuk ko‘targich (minora) metall tuzilmalari va pult orasida kamida 0,5 m galvanik yechimni ta’minlovchi izolatsiya bo‘lishi lozim.
7-§. Himoyalash sirtlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
99. Yuk ko‘targich (minora)larni, yig‘ma birliklarini va qismlarini kimyoviy emirilishidan saqlash uchun ularning yuzasi bo‘yoq yoki metall va nometall (noorganik) qoplamalar bilan qoplanadi.
100. Bo‘yoq qoplamalar GOST 9.401-91 talablariga mos bo‘lishi lozim.
101. Yuk ko‘targich (minora)larning barcha ishlov berilgan, bo‘yalishi shart bo‘lmagan yuzasi moy bilan yoki himoya vositasi bilan qoplangan bo‘lishi lozim.
102. Mashinalar, mexanizmlar, yig‘ma birikmalar va qismlarning ichki va tashqi yuzasini qoplash ishlari qoplash chizmasiga asosan bajarilishi va qoplama qalinligi 4—8 mm bo‘lishi lozim.
103. Moylash nuqtasi, quyish va oqizish qopqoqlari boshqa detallar rangidan farqli yorqin ranglarda bo‘lishi lozim.
8-§. Gidrotizim va gidravlik jihozlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
104. Gidrotizim va uning gidravlik jihozlarini tashkil etuvchi qismlari (gidro bo‘luvchilari, gidroklapanlari, gidroakkumulyatorlari, gidrotsilindrlari, gidrodvigatellari va nasoslari), shuningdek ish suyuqligi, quvurlar va tarmoqlari sifat darajasini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi lozim.
105. Gidravlik tizimining tuzilishi, uning gidravlik jihozlarining zararlanishini hamda quvur o‘tkazgichlar, tarmoqlar va uning birikmalari metall qurilma bilan tutashishi natijasida zararlanishining oldini olishi lozim.
106. Quvur o‘tkazgichlar, shuningdek tarmoqlarning birikish joyi, mexanizm va asbob-uskunalarning tutashish joylari zichlangan bo‘lishi lozim.
107. Gidrotizim ta’mirlanganda va ifloslanganda ishchi suyuqligidan batamom tozalangan bo‘lishi lozim.
108. Har bir nasosning bosim yo‘lini saqlash klapani o‘rnatilgan bo‘lishi va undagi suyuqlik gidrobakka oqizilishi lozim.
109. Gidrotizimni ish suyuqligi bilan xavfsiz yerga to‘kmasdan to‘ldirish, oqizish va gidrotizimdan havoni chiqarib yuborishga mo‘ljallangan bo‘lishi lozim.
110. Ish suyuqligi himoya klapani ishlab ketish jarayonidan tashqari hollarda to‘xtovsiz harakatlanib turishi lozim.
Ish suyuqligining harakatlanish darajasi gidrojihozni texnik hujjatlarida belgilangan talablar bilan aniqlanadi.
111. Har bir gidravlik tasvirni o‘z vaqtida ish bosimi oshib ketishidan saqlash uchun kerakli bosim ostidagi himoya klapani bilan himoyalash zarur. Sozlangan himoya klapanlari yuk ko‘targich (minora)dan xavfsiz foydalanishga javobgar xodim tomonidan tamg‘alanishi lozim.
112. Gidrojihoz gidroko‘targichning asos qismiga og‘irlik tushib ketishining oldini olishi lozim.
113. Gidrotizimda biriktirish qismlari mavjud bo‘lib, ularning bosimini nazorat qilish uchun maxsus moslamalar bo‘lishi lozim.
114. Gidroidishda ish suyuqligining sathini ko‘rsatkichi va xavfsiz nazorat qilish imkoni bo‘lishi lozim. Ish suyuqligi sathini moy o‘lchagich oynasi yordamida nazorat qilish lozim.
115. Gidroko‘targichda bir necha xil suyuqlik idishlari ishlatilsa ular turli xil belgili bo‘lishi lozim.
116. Gidroko‘targich mashinistining ish joyi yaqinidagi qayishqoq tarmoqlari himoyalovchi sirt yoki ekran bilan himoyalangan bo‘lishi lozim.
117. Gidrotizimning quvur o‘tkazgichlari xavfli tebranishlarning oldini olishi, shuningdek birikish qismlari zichligi buzilib ketmasligi uchun yaxshilab mahkamlanishi lozim.
118. Bosim ostidagi quvur o‘tkazgichlarni payvandlab uzaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
119. Gidrouzatma ishlamay qolgan hollarda kajavaning avtomatik blakirovka qilish moslamasining ishlashi ta’minlanishi (bunda tushirish tezligi 0,2 m/s dan oshmasligi lozim), shuningdek o‘q tirsagini boshqarish oxirgi sharoitgacha amalga oshirilishi va yuk ko‘targich (minora)ning xavfsiz holatda bo‘lishini ta’minlashi lozim.
120. Yuk ko‘targich (minora)larning kuchlanishi doimiy 220 V tok bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
121. Yuk ko‘targich (minora)larda egiluvchan va mis simli elektr o‘tkazgichlar qo‘llanilishi lozim.
122. Elektr o‘tkazgich simlari va zanjirining kesimi yuzasi 1,5 m2 dan kam bo‘lmasligi lozim.
100 V kuchlanishli zanjirlar uchun simlar qalaylab ulangan va mexanik og‘irlikni ko‘tarmaydigan bo‘lsa, kesim yuzasi 0,5 mm2 dan kam bo‘lmagan ko‘p tarmoqli mis sim va kabel ishlatilishi lozim.
Mazkur talablar xavfsizlik asbob-uskunalarining sim va kabellariga nisbatan joriy etilmaydi.
123. Moy ta’siri ostida bo‘ladigan joylardagi simlar va kabellarning zirhi va qobiqlari moy ta’siriga chidamli bo‘lishi lozim.
Moy ta’siriga chidamli bo‘lmagan sim va kabellarning ishlatilishiga quvurchalar orqali jihozlarga zich o‘rnatilgandagina yo‘l qo‘yiladi.
124. Elektr o‘tkazgichlar mexanik zararlanish ehtimoli bo‘lgan joylarda ularni himoyalash ko‘zda tutilishi lozim.
125. Yuk ko‘targich (minora)larning boshqarish tizimi kuchlanishi 42 V dan oshmasligi lozim.
126. Transport vositasi negizidagi yuk ko‘targich (minora)larning ish va ta’mirlash jarayonlaridagi elektr energiya kuchlanishi 24 V dan oshmasligi lozim.
127. Boshqa yuk ko‘targich (minora)larning ta’mirlash jarayonidagi elektr energiya kuchlanishi 42 V dan oshmasligi lozim.
128. Tashqi boshqaruv pultining qutisi (yuk ko‘targich (minora)ni yerdan boshqarganda) zirhli materialdan ishlangan yoki kamida ikkita sim orqali yerga ulangan bo‘lishi lozim.
129. Elektr qabul qilgichlar yuk ko‘targich (minora)ning metall tuzilmasi bilan yaxshilab ulangan bo‘lishi lozim.
IV bob. Yuk ko‘targich (minora)larni texnik tekshiruvdan o‘tkazish va ulardan foydalanishda xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar.
Oldingi tahrirga qarang.
130. Yuk ko‘targich (minora)lar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida ro‘yxatga olinishi lozim.
(130-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining 2019-yil 30-sentabrdagi 20/YuB-41-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2313-2, 08.10.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.10.2019-y., 10/19/2313-2/3879-son)
Ro‘yxatga olish yuk ko‘targich (minora)larning texnik pasporti asosida amalga oshirilishi lozim.
2-§. Yuk ko‘targich (minora)larni texnik tekshiruvdan o‘tkazishga qo‘yiladigan talablar
131. Yuk ko‘targich (minora)larni texnik tekshiruvdan o‘tkazish ularni mazkur Qoida talablariga va texnik hujjatlarga mosligini, xavfsiz ishlashining ta’minlanganligini, xavfsizlik asbob-uskunalari va qurilmalarining sozligini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi.
132. Yuk ko‘targich (minora)lar texnik tekshiruvdan o‘tkazilganda uning barcha mexanizmlari, gidrojihozlari, xavfsizlik asbob-uskunalari va qurilmalari, tormozi, boshqarish apparatlari, yoritqichlari, signalizatsiyasi tekshirilishi va ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak.
133. Yuk ko‘targich (minora)lar quyidagi muddatlarda texnik tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim:
a) qisman — 12 oyda bir marta;
b) to‘liq — 3 yilda bir marta.
134. Yuk ko‘targich (minora)larni statik sinovdan o‘tkazishda uning foydalanish qo‘llanmasida bayon etilgan uslubda ko‘tarish quvvatidan 50 foiz ortiq yuk bilan yuk ko‘targich (minora) hamda uning alohida qismlari mustahkamligi va chidamliligi tekshirilishi lozim.
135. Yuk ko‘targich (minora)ni dinamik sinovdan o‘tkazish ishlari kajavaga nominal yuk ko‘tarish darajasidan 10 foiz ortiq yuk ortilib uning mexanizmlari harakatini va tormozini sinash uchun olib borilishi lozim.
Dinamik sinov vaqtida kajavaning barcha harakatlari kamida uch bosqichda amalga oshirilishi lozim.
Bunda bir tomondagi tayanchning yerdan uzilishi chidamlilik darajasi yo‘qolishi hisoblanmasligi lozim.
136. Yuk ko‘targich (minora)larni yuk darajasini cheklovchi moslamani sinash 6 oyda kamida bir marta olib borilishi lozim. Sinov ishlarini yuk ko‘targich (minora)larni soz holda tutishga javobgar shaxs ishtirokida olib borish lozim.
Yuk darajasini cheklovchi moslamaning ishlab ketish holatini nominal yukdan 10 foizdan ortiq yuk bilan tekshirish va sinov natijalari mashinistning navbatchilik jurnaliga xamda yuk ko‘targichning texnik pasportiga yozib qo‘yilishi lozim.
3-§. Yuk ko‘targich (minora)lardan xavfsiz foydalanishga qo‘yiladigan talablar
137. Yuk ko‘targich (minora)lar ko‘tarayotgan yukning og‘irligi va uning ko‘tarish quvvatidan ortiq bo‘lmasa hamda uning tayanchlari (agar ular qo‘llanilsa) o‘rnatilgan bo‘lsagina ishga tushirilishi mumkin.
138. Foydalanilayotgan yuk ko‘targich (minora)lar, ularning qayd etilish raqami, ko‘tarish quvvati, qisman va to‘liq texnik tekshiruvdan o‘tish sanasi ko‘rsatilgan taxtacha bilan ta’minlanishi lozim.
139. Yuk ko‘targich (minora)lardan foydalanganda ularni shamol ta’sirida yoki yerning og‘ish joylarida ag‘anashi va o‘z-o‘zidan surilishining oldini olish choralari qo‘llanilishi lozim.
140. Yuk ko‘targich (minora)lardan foydalanishda quyidagilar ta’minlanishi lozim:
yuk ko‘targich (minora)lardan foydalanish loyihalarining texnologik chizmalarni ishlab chiqarish jarayoni olib boriladigan joylariga yuborilishi;
yuk ko‘targich (minora)larda xavfsiz ish olib borishga javobgar xodimlar, mashinistlar, kajava xodimlari zarur hollarda arqonchilarni ish olib borish loyihasi bilan tanishtirilishi;
zarur hollarda arqonchilarning ko‘chirilayotgan yuk tavsifiga va og‘irligiga mos tamg‘ali yukni ushlash moslamalari hamda idishlar bilan ta’minlanishi;
yuk ko‘targich (minora)lardan foydalanish qo‘llanmasi yoki asbob-uskunaning pasportida ko‘rsatib o‘tilgan muddatlarda nazorat yuki bilan ortiqcha yukni cheklagichni sinovdan o‘tkazishi;
yuk ko‘targich (minora)larni belgilangan shakldagi talabnomalarga ko‘ra obyektlarga bo‘lish va jo‘natish tartibi aniqlanishi va unga rioya qilinishi ta’minlanishi lozim.
141. Kuchlanishi 42 V dan yuqori bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari yoki elektr tarmog‘ining havodagi belgilangan chetidan kamida 30 m oraliqda yuk ko‘targich (minora)ni o‘rnatish va xavfsiz ish olib borish sharoitini yaratilganligi ta’minlangan ishga kirishish ruxsatnomasi bo‘lishi lozim.
142. Yuk ko‘targich (minora)larda xavfsiz ish bajarilishi uchun quyidagi talablar bajarilishi lozim:
yuk ko‘targich (minora) bilan ish olib borilayotgan joyda begona shaxslar bo‘lmasligi;
mexanizmlarni, elektr jihozlarni, yuk ko‘targich (minora) metall tuzilmalarni ko‘rikdan o‘tkazish, ta’mirlash va sozlashda harakatlantirgich yoki ishga tushirish qurilmasi (bor bo‘lsa) o‘chirilishi;
qurilish-montaj ishlari yuk ko‘targich (minora)larda ish bajarish loyihalariga asosan yuk ko‘tarish sharoitiga, ko‘tarish balandligiga ko‘ra o‘rnatilganligi va yuk ko‘targich (minora)larning mosligi;
tarmoq va havo elektr uzatish chiziqlari, shahar transport vositalari va piyodalarning harakatlanish joyi, shuningdek qurilish materiallari va qismlari joylashtirilgan joylarga yuk ko‘targich (minora)larning yaqinlashish orasida xavfsiz masofaning ta’minlanishi;
yuk ko‘targich (minora)larni kotlavan yoki chuqurliklar yonbag‘rida xavfsiz o‘rnatish va ishlatish sharoiti yaratilishi;
bir nechta yuk ko‘targich (minora)larning xavfsiz ishlash sharoiti yaratilishi;
ilgak bilan jihozlangan yuk ko‘targich (minora)larda arqonlashni grafik chizmasi va ishlatiladigan yukni ushlash moslamalari ro‘yxati tuzilishi;
yuk ko‘targich (minora)lar o‘rnatilgan joyning aniq sharoitlarini hisobga olgan holda xavfsiz ish olib borish chora-tadbirlari (qurilish maydoni, montaj joyi yoki ish joyining o‘ralishi, kunning qorong‘i vaqtida yoritish darajasi 20 V dan kam bo‘lmasligi va boshqalar).
143. Yuk ko‘targich (minora)lar kajavalari harakatlanganda quyidagi tartib saqlanishi lozim:
a) kajavaga kirish va undan chiqish o‘tkazish maydonchasi orqali amalga oshirilishi, kajava ko‘tarilganda yoki tushirilganda kirish yo‘li yopqich bilan berkitilishi;
b) kajavada ishlovchi xodimlar kaskada va kajava tuzilmasi qismiga yoki skobaga xavfsizlik kamari bilan bog‘langan bo‘lishi;
v) yuk ko‘targich (minora)larga xizmat ko‘rsatish doirasidagi mashinist ham kaskada bo‘lishi lozim;
g) kajavada ishlovchi xodimlar panjaraga o‘tirishi va turishi, kajava poliga narsalar qo‘yishi hamda panjaradan tashqariga osilishi taqiqlanadi.
144. Kajavaga gorizontal og‘irlik tushishiga olib keluvchi ishlarning bajarilishi taqiqlanadi (tros yoki simlarni tortishda, uzatuvchi (sindiruvchi) bolg‘alar bilan ishlaganda va boshqalar).
145. Yuk ko‘targich (minora)lardan 10 m balandlikda foydalanish shamolning tezligi 10 m/s bo‘lganda, momaqaldiroqda, kuchli yomg‘ir yog‘ganda, tumanda va qor yog‘ganda, shuningdek atrof-muhitning harorati yuk ko‘targich (minora)ning texnik pasportida ko‘rsatilganidan past bo‘lganida to‘xtatilishi lozim.
146. Yuk ko‘targich (minora)lar ishlayotgan vaqtda mashinist va kajavada ishlovchi xodimlar orasida muntazam aloqa bo‘lishi lozim. Bunda kajava 10 m gacha balandlikka ko‘tarilganda — ovozli, 10 m dan balandda — belgili signal (2-ilova berilgan) va 22 m dan balandda — radiotelefon aloqasidan foydalaniladi.
147. Yuk ko‘targich (minora)larni bir joydan boshqa joyga kajavada xodimlar yoki yuk bo‘lganda ko‘chirish taqiqlanadi.
148. Yuk ko‘targich (minora)larda ish bajarish maydoni quyidagi talablarga mos bo‘lishi lozim:
a) kirish yo‘lining bo‘lishi;
b) qiyalik darajasi yuk ko‘targich (minora)ning texnik pasportda ko‘rsatilgan burchakdan oshmasligi;
v) yangi sochilgan va bostirilmagan tuproqni presslanganligi;
g) maydonchaning hajmi yuk ko‘targich (minora)ning barcha tayanchlarini o‘rnatish imkonini berishi hamda bo‘sh tuproqli yerda – o‘rnatilgan tayanchlari ostiga mustahkam negiz, sirpanchiq tuproqli yerda – tirnoqli negiz joylashtirilishi.
4-§. Yuk ko‘targich (minora)larni ta’mirlash va payvandlashga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
149. Yuk ko‘targich (minora)larning metall konstruksiyalari, qismlari va mexanizmlarini tiklash hamda ta’mirlash ishlari uchun GOST 380-2005 talablariga mos materiallar ishlatilishi lozim.
150. Metall tuzilmalarning ulanish qismlarini payvandlashda GOST 2246-70 talablariga mos elektrod yoki payvand simlaridan foydalanilishi lozim.
151. Payvandlash ishlariga belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tgan payvandchilar qo‘yiladi.
152. Metall tuzilmalar qismlari va birikmalarining payvand choklariga termik ishlov berishda yuk ko‘targich (minora)larni ishlab chiqaruvchi tashkilotning ishlab chiqarish va ta’mirlashdagi texnologik jarayonini ko‘zda tutishi lozim.
Termik ishlov turi va tartibi payvandlash texnologiyasi bilan belgilanadi.
153. Yuk ko‘targich (minora)larning metall qurilmalarini payvandlash ishlari payvandlash birikmalari sifatiga salbiy ta’sir o‘tkazmaydigan xonalarda bajarilishi lozim.
Ochiq havoda payvandlash ishlariga maxsus texnologiyalar asosida yog‘inlar (yomg‘ir, qor) va shamoldan himoyalash moslamalari bo‘lgandagina ruxsat etiladi.
154. Texnik nazorat bo‘limi (TNB) tomonidan ko‘targich (minora)larni qayta tiklash va ta’mirlashda olib boriladigan nazorat ishlari GOST 3242-79 da ko‘zda tutilgan kimyoviy emirmaydigan nazorat usullari va mexanik sinovlar yordamida amalga oshirilishi lozim.
155. Yuk ko‘targich (minora)larning texnik qismlarini yaroqsiz deb hisoblash mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
V bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
156. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
157. Mansabdor shaxslar va xodimlar xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
VI bob. Yakuniy qoida
158. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat-aksionerlik temir yo‘l kompaniyasi va Toshkent shahar hududiy kommunal foydalanish birlashmasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. XODJAYEV
2011-yil 2-noyabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2011-yil 2-noyabr
Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2011-yil 2-noyabr
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
2011-yil 10-noyabr
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NORBOYEVA
2011-yil 10-noyabr,
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
2011-yil 10-noyabr
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2011-yil 24-noyabr
“O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat-aksionerlik temir yo‘l kompaniyasi boshqaruvi raisi A. RAMATOV
2011-yil 24-noyabr
Toshkent shahar hududiy kommunal foydalanish birlashmasi bosh direktori I. XOLMATOV
2011-yil 24-noyabr
Yuk ko‘targich (minora)larni o‘rnatish va ulardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga
1-ILOVA
Yuk ko‘targich (minora)lar texnik qismlarini yaroqsiz deb hisoblash
Do'stlaringiz bilan baham: |