3-rasm. Abu Zayd Balxiy tuzgan dunyo xaritasi
Aytish lozimki, bu uch olimdan Istaxriyning kitobi boshqalarinikiga nisbatan
ancha tarqalgan. Uning forscha tarjimalari ham bir qancha bo‘lgan. Bu kitobdan
XV asrda Abdurazzoq Samarqandiy, Hofizi Abru, Mirhond va Xondamir kabilar
ham foydalanganlar. Asarda Yerning ma’lum qismi, uning o‘lchamlari va
dengizlar haqidagi umumiy ma’lumotlardan so‘ng birin – ketin Arabiston, Fors
dengizi (Hind okeani bilan), Mag‘rib (Andalusiya va Sitsiliya bilan) Misr, Suriya,
Rum dengizi, al – Jazira, Iroq, Janubiy Eron, Hindiston, Markaziy va Shimoliy
Eron (Armaniston, Ozarbayjan va Xazar dengizi bilan), Movarounnaxr va Xuroson
viloyatlari, ularning chegaralari, shaharlari, ular orasidagi masofalari, yo‘nalishlari
haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan. Joylarda yetishtiriladigan, mahsulotlar,
savdo – sotiq, hunardmandchilik mollari, xalqlari haqida ham to‘xtab o‘tilgan.
Abu Zayd Balxiyning kitobida ham bu kabi ma’lumotlar bo‘lgan. Shunday
ma’lumotlardan ikkitasini H.H.Hasanov namuna sifatida Yoqut Hamaviyning
geografik lug‘atidan misol keltiradi. Unda Balxiy Toshkent haqida: “Shosh yoz
faslida bamisoli jannat. Kishini issiq ta’siridan qalqondek saqlaydi. Ammo men
Shosh qishining sovug‘iga chidayolmay jinni bo‘lib qolaman”. Yoki Buxoro
haqida: “Qo‘rg‘ondan tashqarisi sermanzaralikda Buxorodan chiroyliroq shaharni
ko‘rmadim. Chunki qo‘rg‘ondan tashqari chiqishing bilan ko‘zing zangori
osmonga tutashib ketgan ko‘klamzorga tushadi. Osmon gumbazi bilan
ko‘klamzorlar oralig‘ida ko‘ringan qasrlar osmondagi yulduzlarga o‘xshaydi;
ekinzorlar sathi tep – tekis. Buxoroliklarning ekinzorlari bepoyon va unga teng
keladigan joy Xurosonda ham, Movarounnahrda ham topilmaydi” (1981, 298 b.).
Balxiy maktabi geograflarining so‘nggi yirik vakili al-Muqaddasiy
hisoblanadi. Uning 946 – yilda Quddus shahrida tug‘ilganligi ma’lum. Bu shahar
arab adabiyotida “Bayt al - Muqaddas” deb, ba’zida esa “Bayt al – Maqdis” deb
atalgan. Olimning nisbasi shundan. Uning geografiyaga oid asari “Ahsan at –
taqosim fi ma’rifat al – aqolim” (“Iqlimlarni bilishning eng yaxshi taqsimoti”) deb
nomlanib, asosan muqaddima va ikki qismdan iborat bo‘lgan.
Muqaddima tarkibidagi boblarda kitobning qay tarzda yozilganligi, avvalgi
shu kabi kitoblardan farqi va o‘ziga xos tomonlari batafsil bayon etilgan. Dengizlar
va daryolar, joy nomlari, iqlimlarning xususiyatlari bilan bir qatorda o‘zining
sayohatlarida boshdan kechirgan voqea va hodisalarni ham aks ettirgan.
Umuman olganda IX asr va ayniqsa, X-XI asrlarda tasviriy geografiyaga oid
“Kitob al – masolik va al – mamolik” nomi bilan asar yozish anchagina taraqqiy
etgan bo‘lib, bu jarayon xalifalikning g‘arbiy chekkalari Andalus va Misrgacha
yetib borgandi. Masalan, Misrda Hasan ibn Ahmad al – Muhallibiy (X asr),
Andalusiyada Muhammad ibn Yusuf al – Varroq (X asr), Ahmad ibn Umar al –
Uzriy (XI asr) va uning shogirdlari Ibn Xazm (XI asr) va al – Bakriy kabilarning
har biri shu nomda asar yozganliklari ma’lum. Bunday nom bilan asar yozish
keyinchalik ham, hatto XIV asrda ham (ibn Fazlulloh al – Umariy, Abul Fido)
davom etgandi. Bularning hammasi o‘rta asrlarda jamiyatning tasviriy
geografiyaga bo‘lgan talabi sezilarli bo‘lganligidan dalolat beradi.
Tasviriy geografiyaga oid asarlardan yana ikkitasi haqida
X asr Sharq madaniyati, fani va xususan geografiyasi haqida so‘z borganda
fan tarixi bilan shug‘ullangan tadqiqotchilar yana ikki asarni ko‘p bor tilga
oladilar. Bu asarlarning nomlanishi biroz boshqacharoq bo‘lsada, tuzilishi va
mazmuniga ko‘ra tasviriy geografiyaning yorqin namunasi hisoblanadi. Bu
asarlardan biri arab adibi, tarixchi, geograf olim va sayyoh al – Ma’sudiyning
“Muruj uz – zahab va ma’odin al – javohir” (“Zar o‘tloqlar va javohir ma’danlari”)
nomli asaridir. Muallifning to‘liq ismi – sharifi Abul Hasan Ali ibn al – Husayn
ibn Ali al – Ma’sudiy bo‘lib, X asr boshlarida Bag‘dodda tug‘ilgan, shu yerda
o‘sib, ma’lumotli bo‘lgan va zamonasining adabiy an’analarini yaxshi o‘zlashtirib
olgan. Uning geografik tafakkuri ko‘p kitob o‘qish, turli tabaqadagi kishilar bilan
muloqotda bo‘lish va ayniqsa, sayohatlari vaqtida to‘plagan ma’lumotlari asosida
shakllangan. Uning Hindistondan Atlantika okeani bo‘ylarigacha, Kaspiy dengizi
sohillaridan Qizil dengizgacha bo‘lgan mamlakatlarni kezib chiqqanligi ma’lum.
Xitoy va Malay arxipelagida ham bo‘lgan degan taxminlar bor.
Ma’sudiy ko‘p asar yozgan, ammo ularning aksariyati nomlaridangina
ma’lum. Ularning ko‘pchiligi tarixga oid bo‘lgan.
Ma’sudiy asaridagi tasviriy geografiyada Muhammad Xorazmiy asos solgan
yetti iqlim qoidasi bo‘yicha har bir iqlim batafsil ta’riflangan. Unda hozirgi Iroq
hududini o‘z ichiga olgan to‘rtinchi iqlim nisbatan kengroq yoritilgan. Ma’sudiy
asarining yana bir xususiyati unda tarixiy va geografik hodisalarning o‘zaro
bog‘liq holda berilganligidir.
Ikkinchi asar fors – tojik tilida yozilgan “Kitob hudud al – olam minal
mashriq ilal mag‘rib” (“Olamning mashriqdan mag‘ribgacha bo‘lgan chegaralari
haqida kitob”) deb nomlangan.
Ushbu asar 983 – yilda, asli xurosonlik, ammo ismi – sharifi xanuzgacha
noma’lum bo‘lgan muallif tomonidan yozilganligi, uning 1258 – yilda qayta
ko‘chirilgan yagona nusxasi ekanligi bilan tavsiflidir. Asarda keltirilgan geografik
va tarixiy ma’lumotlar ko‘p sharqshunos tarixchi olimlarni qiziqtirgan. Jumladan,
A.G.Tumanskiy, V.R.Rozen, V.A.Jukovskiy, V.F.Minorskiy, V.V.Bartold va
boshqalar asarni o‘rganganlar, uning inglizcha, ruscha tarjimalarini tayyorlab chop
ettirganlar. 2008 yilda tarixchi geograf olim Omonulla Bo‘riyev ham asarning
Movarounnaxr ta’rifiga oid qismini o‘zbekcha tarjimasini so‘zboshi, izohlar va joy
nomlari ko‘rsatkichi bilan nashr ettirgan.
Mazkur asarda yer yuzining shakli, quruqlik chegaralari, obodonlik va
vayronalik darajasi bayon etilgan; yer yuzidagi viloyatlar va podshohliklar, shu
viloyatlardagi ma’lum bo‘lgan qavmlar, podshohlarning urf – odatlari, rasm –
rusumlari, mazkur viloyatlardan chetga chiqariladigan narsalar,
jahondagi
shaharlar, ulardagi ahvol, ularning katta – kichikligi, noz – ne’matlari, odamlari,
obodonligi va vayronaligi, har bir shaharning tog‘, daryo, dengiz yoki cho‘lga
yaqin – uzoqligi, jahondagi dengizlarning o‘rni, joylanishi, qo‘ltiqlari, murdob
(yopiq qo‘ltiq) lari ta’riflangan; shu bilan birga, jahondagi orollar, ularning
obodonligi va vayronaligi, ularda yashaydigan odamlar, ularning ahvoli, ishlab
chiqariladigan narsalari, jahondagi tog‘lar, ulardagi ma’dan konlari, tog‘larda
yashaydigan jonivorlar, jahondagi yirik daryolar, ularning qayerdan boshlanib,
qayerga qo‘yilishi, suvining yerlarni sug‘orishga sarflanishi, kemachilikka
yaraydigan daryolar tasvirlangan, shuningdek, ma’lum cho‘llar va qumliklar bayon
etilgan.
Asar muallifining tog‘larni umumiy qiyofasi, dengizlar, daryolar haqida
aytgan fikrlari, turli termin va tushunchalarga bergan izohlari, shuningdek,
Movarounnahr va undagi shaharlarni birma – bir ta’riflaganlari o‘ziga xosdir.
Asarning o‘ziga xos jihatlarini sinchiklab o‘rgangan H.H.Hasanov: “Hudud” ning
muallifi Osiyo tog‘larining joylanishini asosan to‘g‘ri va juda mukammal tasavvur
qilgan. Axir, hozirgi relyef xaritasiga qarasangiz ham deyarli shunday manzarani
ko‘rasiz. Holbuki, Osiyo tog‘larining umumiy qiyofasi to XIX asr oxirlariga qadar
yetarlicha aniq bo‘lmagan, hatto “Hudud” muallifining tasviricha ham ma’lum
emas edi.
Yevropalik geograf va geologlar ko‘p joylarni kezib va tekshirib xaritaga
chizib, oxiri ... Osiyo o‘rtasidan, ya’ni Hindistondan O‘rta dengizgacha cho‘zilgan
tog‘ kamarini aniqladilar. “Hudud” muallifi esa bu narsani ming yil muqaddam
ochiq – oydin aytib o‘tgan...
“Hudud” da bayon etilgan olti dengiz (Sharqiy okean, G‘arbiy okean, Hind
okeani, O‘rta dengiz, Kaspiy dengizi, Qora dengiz – “Daryoyi Gurziyon”, ya’ni
“Gruzinlar dengizi”) haqidagi tushunchalar faqat shu kitobda uchraydi.
Muallifning obod dunyoning qit’alarga va ayrim viloyatlarga bo‘linishi
to‘g‘risidagi ma’lumotlari ham e’tiborni o‘ziga jalb etadi” – deb yozgandi.
Shuningdek, asardagi daryolar ta’rifi ham bir qator ilmiy izohlarga ega. Undagi
geografik rayonlashtirish ham ma’lum qoidaga asoslangan. Asarda yerning obod
qismi 51 viloyatga bo‘lingan va uning 45 tasi ekvatordan shimolda, bittasi ekvator
ustida, 5 tasi ekvatordan janubda ajratilgan. Bu viloyatlar, muallifning aytishiga
ko‘ra, bir – biridan iqlimi, suvi, tuprog‘i jihatdan farq qilar ekan, bu viloyatlarni,
ya’ni geografik rayonlarni bir – biridan tog‘lar, daryolar va cho‘llar ajratib turar
ekan; har bir viloyat, o‘z navbatida, amallar (viloyatchalar) ga, bular ham, o‘z
ichida shaharlarga bo‘linar ekan.
“Hudud al - olam” asarini o‘rgangan tadqiqotchilar uning muallifi o‘z asarini
yozishda Jayhoniy, Abu Zayd Balxiy, Ibn Xurdodbeh, Istaxriy, Aristotel, Ptolemey
kabilarning asarlaridan foydalanganini qayd etganlar.
H.H.Hasanov “Hudud al – olam” asarining tuzilishi, umumiy mazmuni
hamda undagi termin va tushunchalarning izohlariga asoslanib, bu asar o‘z
zamonasida geografiyadan kichik bir qo‘llanma, ehtimol, bolalar uchun dasrlik
sifatida foydalanilgan bo‘lishi ham mumkin, degan taxmin bildirgandi. XII asr
o‘rtalarida grenadalik Abu Hamid Garnatiy (1080 - 1170) tomonidan yozilgan
“Tuhfat al – albob va nuhbat al - ajab” (“Donolar uchun tuhfa va ajoyibotlar
tanlamasi”) nomli asar mazmun va mohiyatiga ko‘ra tasviriy geografiyaga oid
asarlar sirasiga kiradi. Ammo, muallif o‘quvchini qiziqtirish ilinjida ajoyibotu –
g‘aroyibotlar haqidagi uydirmalarni ko‘p qo‘shib yuborgan.
Asar muallifining Sardiniya va Sitsiliya orqali Misrga borganligi, Kohira va
Iskandariya shaharlarida, Eronda bo‘lganligi, Volga bulg‘orlari yurtida biroz
muddat yashaganligi, u yerdan bir necha marta Xorazmga borib kelganligi,
keyinchalik Bag‘dod, Mosul va Damashq shaharlarida ham bo‘lganligi ma’lum.
1110 yil atroflarida yozilgan “Forsnoma” nomli kitob ham shu turkum
asarlardan hisoblanadi. Bu tarixiy – geografik asarda Fors ko‘rfazi atroflaridagi
viloyatlar ta’riflangan. Yozilish uslubiga ko‘ra ibn Havqal asaridagi shu viloyatlar
ta’rifiga o‘xshab ketadi. “Forsnoma” kitobida ham viloyatlarning geografik ta’rifi,
qabilalar, yo‘llar, aholidan olinadigan soliqlar haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Ushbu asarning muallifi Ibn al – Balxiy to‘g‘risida ma’lumotlar uchramaydi,
ammo keyinchalik bu asardan Hamdulloh Kazviniy va Hofizi Abrular
foydalanganliklari ma’lum.
Avval eslatib o‘tganimizdek, o‘rta asrlar mualliflarining ko‘pchiligi o‘z
zamonasi fanining bir necha sohalarini puxta egallagan keng qamrovli ilm egalari
bo‘lganlar. Ularning ayrimlari tarix ilmi bilimdoni sifatida tanilgan bo‘lsalar-da,
geografiyaga oid alohida asarlar ham yozganlar. Masalan, arab tarixchilari Xishom
ibn al-Qalbiyning (vaf. 820 y) “Kitob al-aqolim” va “Kitob al-buldon” asarlari
yoki al-Yakubiyning (vaf. 897 y) ikki jildlik “Tarix” asaridan tashqari “Kitob al-
buldon” nomli geografiyaga oid asari ham bo‘lgan.
Boshqa bir guruh mualliflar esa o‘zlarining tarixga oid asarlarida tasviriy
geografiyaga keng o‘rin berib, bu yo‘nalishda ham yuqori saviyaga ega
ekanliklarini namoyish qila olganlar. Shunday asarlar sirasiga Rashididdin
Fazlullohning “Jomye at-tavorix” (yana bir nomi ”Majma’ ut-tavorax”), Faxriddin
Banokatiyning “Ravzat ulil al-bob fi tavorix al-akobir va ansob”, Hofizi Abruning
“Zubdat at-tavorix”, Abdurazzoq Samarqandiyning ”Matla’ as-sa’dayn va majma
al-bahrayn”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Muhammad
Haydar Mirzoning ”Tarixi Rashidiy” kabi asarlarini kiritish mumkin. XIV-XVI
asrlarda yaratilgan tarix-geografiya mazmunli ushbu asarlar tarixchilar uchun ham,
geografiya tarixi bilan qiziquvchilar uchun ham birdek qimmatli manbalardan
hisoblanadi. Jumladan, 1302-1311 yillarda yozilgan “Jome’ ut-tavorix” nomli asar
yirik tarixchi olim Rashididdin Fazlulloh ibn Imomuddavla Abulxayr (vaf.1318 y.)
qalamiga mansub bo‘lib, o‘rta asrlardayoq obro‘li va ishonchli manba sifatida
olimlar tomonidan o‘rganilgan, tahrirlar qilingan, sharhlar va qo‘shimchalar
yozilgan. Ushbu asarning uchinchi qismi to‘laligicha geografik mazmunda
bo‘lgan, ammo bu qism bizgacha yetib kelmagan. Avvalgi ikki qismi esa XIV
asrning birinchi o‘n yilligigacha bo‘lgan zamonlarda turk mo‘g‘ul xalqlarining
Chingizxongacha bo‘lgan tarixi, Chingizxon davridagi unga qaram mamlakatlar
tarixiga bag‘ishlangan.
Faxriddin Banokatiy tomonidan 1317 yilda Rashididdin hayotlik paytidayoq
yozilgan “Ravzat ulul al-bob fi tavorix al-akobir va ansob” (“Ulug‘ kishilarning
tarixi va nasabi bobida donishmandlar bog‘i”) nomli asar o‘sha “Jome’ ut-
tavorix”ning qisqartirilgan varianti ekan. Ushbu kitob “Tarixi Banokatiy” nomi
bilan ham tanilgan bo‘lib, uning ayrim qo‘lyozma nusxalarini o‘rgangan
H.H.Hasanovning (1981) yozishiga ko‘ra, asarning yettinchi bobida Hindiston,
Armaniston, Eron, Rum, Xitoy, Mo‘g‘ul, Arab va yahudiy yerlari ta’riflangan.
Muallif asarda Abu Rayhon Beruniy ismini ko‘p bor tilga olgan, uning asarlaridan
foydalangan.
“Banokatiy tarixi”ning muhim xususiyatlaridan biri unda dunyo (iqlimlar)
chizmasini ilova qilinganligidir. Bu kitob chamasi ko‘p yillar davomida
o‘quvchilar e’tiborida bo‘lib kelgan, madrasalar talabalari foydalanib yurganlar.
Chunonchi, 1556-1629 yillarda yashab o‘tgan adib Mutribiy Samarqandiy o‘zining
“Tazkirat ush-shuaro”(1605) nomli asarida Banokatiy kitobidagi dunyo xaritasi va
Ulug‘bek madrasasi devoridagi iqlimlar xaritasini chizib havola etganligi ma’lum
(I.Bekchanov, 2009). Mutribiy asaridagi ushbu ma’lumotlar haqida H.H.Hasanov:
”Mutribiy asaridagi iqlimlar doirasi ilgari tasvirlangan Banokatiyning iqlimlar
doirasiga aynan o‘xshaydi, lekin ancha soddalashtirilgan. Dunyo xaritasi esa rangli
qilib ishlangan – dengizlar sariq, orollar qora doira ichida berilgan, iqlimlarning
raqamlari ham qo‘yilgan. Xaritaning taxminiy ekanligi va XVII asr boshiga
mansub emasligi shakldan ko‘rinib turibdi. Aftidan, Mutribiy geografiyani va
xaritagrafiyani yaxshi bilmagan” deya baholagandi (1981, 220 b.).
Quyida mavzuimizga oid yana bir – ikki asar haqida aytib o‘tmoqchimiz.
“Zubdat at-tavorixi Boysunquriy” asari qisqacha “Zubdat at-tavorix
(“Tarixlar qaymog‘i”) nomi bilan mashhur. Asar muallifining ism-sharifi
Shahobiddin Abdulloh ibn Lutfilloh al-Havofiy bo‘lsada, tarixda Hofizi Abru
(1362-1431) nomi bilan tanilgan. Ko‘p yillar mobaynida temuriylarning saroy
tarixchisi vazifasida bo‘lgan. Shohrux Mirzoning hukmronlik zamonida Hirotda
o‘zining ushbu tarixiy geografik asarini yozgan. Ushbu asar bir vaqtlar arab tilida
yozilgan “Kitob al-masolik va-l mamolik” nomli asarni fors tiliga tarjima qilish
jarayonida yaratilgandi.
Hofizi Abruni kitobdagi ma’lumotlar qoniqtirmagan chamasi, unga o‘z
sayohatlarida to‘plagan, turli kitoblardan o‘qigan ma’lumotlarni qo‘shib, yangi bir
asar yaratgan. Ma’lumki, Hofizi Abru ko‘p sayohat qilgan, ko‘p o‘lka va
mamlakatlarda bo‘lgan. Bu haqda uning o‘zi: “Yiroq safarlar asnosida shimoli-
g‘arbiy tomondan Movarounnahr, Turkiston, Dashti Qipchoq, Xuroson, (Arab va
Ajam) Iroqlar, Fors, Ozarbayjon, Eron, Mug‘on, Gurjiston, Katta va Kichik
Armaniston diyorlari, Rus va Shom yerlarining barchasini, Frot daryosi sohillarini
... Xazar sohillarini ... sharqiy tomondan esa Zobul va Kobullarni .. Mo‘lton, O‘ch
va Hindistonnning eng yirik shahri Dehlini (ko‘rdim), Gang daryosi
qirg‘oqlarigacha bir necha bor bordim” deb yozgan (H.H.Hasanov, 1981, 152 bet).
“Zubdat at-tavorix” asari o‘z davrida ham undan keyin ham tarixiy-
geografik manba sifatida keng foydalanilgan. Dastlab, Abdurazzoq Samarqandiy
va uning asari orqali Mirxond va Xondamir foydalanganlar. Bu asar fan
tarixchilaridan
rus
olimlari
V.V.Bartold,
I.Y.Krachkovskiy,
Y.YE.Borshchevskiylarni
ham
qiziqtirgan.
Ular
asarni
o‘rganib,
o‘z
mulohazalarini bildirganlar.
O‘zbek olimlaridan A.O‘rinboyev, H.H.Hasanov,
O.Bo‘riyev asar qo‘lyozmalari bilan yaqindan tanishganlar. Jumladan,
H.H.Hasanov asarning Toshkentdagi, Sankt-Peterburgdagi va Oksfordda
saqlanayotgan nusxalarini qiyosiy o‘rgangan holda, undagi geografiyaga oid
ma’lumotlarni ikki soha (matn va xarita) bo‘yicha batafsil ta’riflab bergan.
Uningcha asar matnining mundarijasida dastlab olamning umumiy bayoni berilgan,
yetti iqlim qismlari ta’riflangan. Uning ketidan okeanlar, dengizlar, ko‘llar va
tog‘lar, so‘ngra ayrim viloyatlar (Arab diyori, Mag‘rib, Rum, Arman, Iroq,
Xuziston, Xuroson va boshqalar) ning “masofalari”, ya’ni yer maydoni va tabiiy
sharoitlari bayon etilgan. Eng oxirida yirik shaharlar (Hirot, Balx, Marv, Mashhad
va boshqalar) ta’riflangan.
Asardagi viloyatlar ta’rifida ularning geografik o‘rni (qaysi iqlimda
joylashganligi), geografik koordinatalari ham ko‘rsatilgan. Viloyatlarning katta-
kichikligi bo‘yicha, eniga shuncha farsang yoki bir oylik, ikki oylik yo‘l deb
ko‘rsatilgan.
Shaharlar tavsifi esa ancha batafsil, ayniqsa, Xuroson va Movarounnahr
shaharlari. Masalan, asarning Movarounnahr qismidagi shaharlar tavsifida
Samarqand, Buxoro, Kesh, Naxshab, Termiz kabi shaharlar, ularning yon-atrofi,
qal’alari, masjidlari, bog‘lari, ariqlari, aholisiga oid ma’lumotlar keng berilgan.
Jumladan, Buxoro shahri va uning atroflari haqida shunday tasvirlar bor: “Buxoro
mevasi hamma mevalardan yaxshi va shirindir, xususan Buxoro olxo‘risi butun yer
yuziga chiqariladi. Buxoroda qaynatilgan qiyomni asaldan farq qilib bo‘lmaydi.
Tamomi dashtda mol bisyor. Buxoroda o‘tinni aksar bog‘lardan yig‘ishadi.
Tashqaridan ham keltirishadi. Buxoro yaqinida bir tog‘ borki, u Samarqand bilan
Kesh orasidagi tog‘ga tutashdir va Usrushna nohiyatiga qadar cho‘zilgan, to
Farg‘ona chegarasigacha va uning atrofiga payvanddir. Va yana Buxoroning
xosiyatlaridan deydilarki, odamlaridek g‘aribdo‘st kishilar hech mavzeda yo‘qdir
... Dabusiya – kichik shahar. Buxoro bilan Samarqand orasida, hozir Samarqandga
tegishli, qal’asi bor, aytadilarki, uni sulton Jaloliddin qurgandir. Dabusiyadan
Kushongacha besh farsang.” Asarda Amudaryo, Sirdaryo, Murg‘ob, Zarafshon
kabi ko‘p daryolar jonli tasvirlangan. Ushbu tasvirlarda tarixiy geografiyaga oid
ma’lumotlar talaygina. Masalan, Amudaryo haqida Hofizi Abru shunday
ma’lumotlarni bayon qilgan.
“Balx daryosiki, uni Jayxun deydilar va Xurosonda Obi Omuyya deydilar
(chunki Omuyya qishlog‘ida bu daryo orqali Xurosondan Buxoroga o‘tiladigan
kechik bor). Bu suvning manbai Badaxshon tomonda, uzunligi 95 daraja va
kengligi 37 daraja bo‘lgan mavzedadir. Xutlon va Vaxsh chegarasida beshta katta
daryo qo‘shiladiki, shu mavzeni Panjob deb aytadilar. So‘ngra bu daryo g‘arb
tomonga oqib , Balx chegarasidagi uzunligi 91 daraja va kengligi 36 daraja-yu 40
minutdagi joyga yetadi, undan keyin Termizga boradi va u yerdan janubi-g‘arbga
tomon oqib, uzunligi 89 daraja va kengligi 34 darajali joyga boradi, u yerdan
shimoli-g‘arb tomonga yo‘l olib, to Omuyyaga – uzunligi 84,5 daraja va kengligi
36 darajadadir – bu yerdan ham shimoli-g‘arbga yurib, uzunligi 84 daraja-yu 45
minut va kengligi 40 darajali joydan o‘tadi ... Qadimiy to‘plam kitoblarda
yozilganki, bu daryo shu yerdan, ya’ni Xorazmdan Xorazm ko‘liga oqadi. Ammo u
ko‘l hozir yo‘q bo‘lib qolgan. Suv Xazar dengiziga qarab yo‘l solgan va Gurladi
deyilgan joyda uni Aricha (O‘g‘urcha) ham deyiladi, Xazar dengiziga quyiladi.
Xorazmdan to Xazar dengiziga quyilganga qadar aksari cho‘l ustidan oqadi.”
Bu kabi tavsiflar boshqa daryolarga ham xos. Ularga ham boshlanish,
quyilish joylarining geografik koordinatalari ko‘rsatilgan holda ta’rif berilgan.
Hofizi Abru asarining ahamiyatli tomonlaridan biri undagi har bir viloyat
yoki o‘lkaning ta’rifi xarita bilan boyitilganligidir. Asarda dunyo xaritasidan
bo‘lak bahri Rum (O‘rta dengiz), Jazira, Mag‘rib, Iroq, Xuziston, Fors, Misr,
Shom, Xuroson kabi viloyatlarning xaritalari berilgan. H.H.Hasanovning
tadqiqotlariga qaraganda, asar nusxalaridagi xaritalar sonida ham, tuzilishi va
mazmunida ham farqlar mavjud.
Asarda berilgan dunyo xaritasi ham o‘zining (o‘lchamlari 34-45 sm)
kattaligi, gradus to‘rining mavjudligi, iqlimlar chegaralarining aks ettirilganligi
bilan o‘ziga xosdir.
Hofizi Abru asarida dunyoning xaritasi va viloyatlarning xaritalarini
berilishi jihatidan asarni Balxiy – Istaxriy – Havqal asarlariga o‘xshatish mumkin.
Balki Hofizi Abru tarjima qilishga olgan kitob shu olimlardan birining asari
bo‘lishi ham mumkin. Asardagi dunyoning doiraviy xaritasiga alohida e’tibor
bergan H.H.Hasanov u haqda bir qator muhim xulosalarga kelgan. Masalan: 1)
Asarning Toshkentda saqlanayotgan nusxasidagi xarita har jihatdan mukammal,
kitob matniga mos, iqlimlarning chegaralari o‘rta asr fani talablariga ancha to‘g‘ri
keladi. bu nusxa haqiqatdan ham yagona va afzal, ehtimol, xaritaning asl
nusxasidir; 2) Hofizi Abru xaritasi dengizlar va quruqlikning shakli hamda boshqa
jihatlardan Beruniy chizgan xaritaga o‘xshaydi. Demak, Beruniy asaridan
foydalangan. Najib Bakronning xaritasiga ham ancha yaqin. YA’ni, Beruniy –
Najib Bakron – Hofizi Abru o‘rtasida chinakam ilmiy aloqa bo‘lgan; 3) Dunyo
xaritasini Hofizi Abruning shoh asari deb dadil aytish mumkin. Bu xarita bilan
Sharq xaritagrafiyasi faxrlansa arziydi.
Boburnoma. Bu asar ko‘pchilikka ma’lum va mashhur. Uni o‘zbek klassik
adabiyotining XV asr oxiri XVI asr boshlarida yashab ijod etgan yirik
namoyondasi, g‘azalxon shoir, atoqli siyosiy va madaniy arbob, podshoh
Zahiriddin Muhammad Bobur yozgan. O‘sha zamonlar o‘zbek adabiy tilida
yozilgan bu asarni muallifning o‘zi “Boburiya” deb nomlagan, forsiy tarjimalarda
esa ”Voqeoti Boburiy”, “Tuzuki Boburiy” nomlari bilan ham tanilgan. XX asr
boshlarida Boburning ushbu asarini inglizchaga tarjima qilish va uning ilmiy
tanqidiy tahlili bilan jiddiy shug‘ullangan olima Annet Beverij: “Boburnoma butun
tarixda yaratilgan yozma yodgorliklarning eng bebahosidir ” deb yozgandi.
Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevralda Farg‘ona viloyatining
poytaxti Andijonda temuriyzoda Umarshayx Mirzo va Mo‘g‘iliston xonlaridan
Yunusxonning ikkinchi qizi Qutlug‘ Nigorxonim oilasida tavallud topgan.
Boburning yozishicha, otasi Umarshayx Mirzo Abucaid Mirzoning to‘rtinchi o‘g‘li
bo‘lgan. Sulton Abucaid Mirzo esa Sulton Muhammad Mirzoning o‘g‘li bo‘lgan.
Sulton Muhammad Mirzo esa Amir Temurning uchinchi o‘g‘li Mironshoh
Mirzoning o‘g‘li bo‘lgan. 1494 yil ramazon oyining to‘rtinchi kuni dushanbada
Umarshayx Mirzo 39 yoshida jar yoqasidagi baland Aksi qo‘rg‘onidan kabutar va
kabutarxona bilan jarga qulab vafot etadi. Shu kundan boshlab, 12 yashar
Zahiriddin ota meros Farg‘ona viloyati taxtiga o‘tiradi va qisqa umrining oxiriga
qadar, ya’ni 1530 yilga qadar uning hayoti sarguzashtlar, jangu-jadal, taxt
talashish, yurt olish mojarolari bilan tavsiflanadi. Ba’zan g‘olib bo‘lgan, ba’zida
yengilib qochishga to‘g‘ri kelgan. Oxir oqibat vatanini tashlab ketishga va o‘zga
yurtlarda vatanini sog‘inib yashashga to‘g‘ri keladi. Hayotida ko‘p sarson-
sargardonliklarni boshdan kechirgan. Bunday og‘ir sarsonliklardan birini uning
qizi Gulbadan o‘zining “Xumoyunnoma” kitobida Zahiriddin Muhammad
Boburning o‘z odamlari bilan “250 ga yaqin kishi piyoda, yelkalarida chopon,
oyoqlarida choriq, qo‘llarida tayoq bo‘lgan holda, beyaroq, xudoga tavakkal qilib,
Badaxshon va Kobulga qarab yo‘l oldilar” - deb yozgandi. Bunda “podshohning
onasi ham hamroh edi. Podshoh mulozimlarining ko‘pchiligi ahli ayollari bilan
ko‘chmoqda edi… Makkor falakning zulumkorligiga ko‘ra har bir aziz va gavhar
kabi pok kishilar uchun tayyorlangan jafokorligi va dushmanligi, xorlikka
solishlari qancha bo‘lsa, ularning hammasi ana shu safarda Bobur podshohning va
uning safdoshlari boshlariga yog‘ildi” (Tarixi Rashidiy, 2010. 250 b.).
Boburning insoniy xislatlari va ayrim asarlari haqida “Boburnoma”ni oqqa
ko‘chirgan kotiblardan biri yozib qoldirgan quyidagi muxtasar satrlar ham
e’tiborlidir. ”Va maholdirkim, ul podshohi qobil (ya’ni, Bobur)ning
yaxshilig‘larini aytgan bilan va bitigan bilan tugangay. Lekin mujmal bukim,
sekkiz sifati aning zotig‘a muttasil erdi: birisi bu kim, najxati baland erdi;
ikkimchisi, himmati arjumand erdi; uchumchisi, viloyat olmog‘; to‘rtumchisi,
viloyat saxlamog‘; beshimchisi, ma’murlug‘; oltimchisi, rafohiyat niyati tengri
taolo bandalariga; yettimchisi, cherikni ko‘ngli(ni) qo‘lga olmoq; sekkizimchisi,
adolat qilmoq. Va fazilat bobida kamlig‘i yo‘q erdikim nazm va nasr va turkiy va
forsiyni bebadal aytur erdi. Alal-xusus turkiy devoni bordurkim, oti
“Mubayyin”dur. Til bilur dono xalq orasida aningdek latoif yo‘qtur. Va Xoja
Ahror aytgan risolakim, aning oti “Volidiya”dur o‘shal podshoh nazm qilibtur.
Ushbu kitobkim, “Boburiya”dur. Bayramxonni o‘g‘li Mirzoxonga buyurdilarkim,
turkiydan forsiyga kelturgilkim, turkiy bilmog‘on xoloyiqqa oson bo‘lg‘ay. Ul
podshoh musiqiy ilmidan ham xabari bor erdi… Va ul podshoh aruz va qofiyaga
ham risolalari bor va ul jumladan, “Mufassal” degankim, ushbu fan sharhi
bo‘lg‘ay, ko‘pdan-ko‘p yaxshi tasnif qilibturlar…”
Boburnomaning 1989 yil nashrining 356-357 betlarida ilova qilingan bu
satrlarni geograf olim H.H.Hasanovning aytgan quyidagi jumlalari yanada
to‘ldiradi: “Bobur ko‘pgina asarlar yozgan. Uning asarlari shu qadar qiziqarli,
sermazmun, tili va uslubi yoqimliki, o‘qib, hech zerikmaysiz, har o‘qiganingizda
yangilik topaverasiz. Bobur asarlari bamisoli tagi yo‘q xazina. Uning asarlarini
ko‘zdan kechirsangiz ularni geografiya va tabiiyotga doir ma’lumotlarga juda boy
ekanligini ko‘rasiz, muallifning ajoyib o‘lkashunos, tabiatshunos olim, jasur
sayyoh bo‘lganligini payqab olasiz” (1981, 183 b.).
“Boburnoma” Zahiriddin Muhammad Boburning eng yirik, shoh asaridir. Bu
-
Boburning Farg‘onadagi yoshlik kunlaridan to Hindistonda podshoh
bo‘lganigacha yuz bergan jami voqealarning mufassal tavsifidir. “Boburnoma”da
Boburning o‘zi ham, qavm-qarindoshlari, tanish-bilishlari, janglari, ko‘rgan va
yurgan yerlari, joylarning tabiati, boyligi, odamlari, urf-odatlari, hayvonoti va
ekinlari, xullas, Farg‘onadan to Hindistongacha bo‘lgan keng territoriya boshdan-
oyoq birma-bir tavsiflangan” (1983, 11 b).
Boburnoma
tarix
va
etnografiyadan
tashqari
geografiyaga
oid
ma’lumotlarga shunchalik boyki, hatto uning ayrim parchalarini sharqshunos
Vitsen 1705 yilda golland tiliga tarjima qilib, unga “Tatarlar mamlakatining
sharqiy ham shimoliy qismining jug‘rofiy ta’rifi” deb nom bergandi. Boburning
geografik tavsif berish mahoratiga asarning boshlanishidayoq duch kelamiz. Bu
Farg‘ona viloyati va u yerdagi shahar va ayrim qishloqlarning geografik tavsifidir.
“Farg‘ona viloyati beshinchi iqlimdindur. Ma’muraning kanorasida voqe
bo‘libdur. Sharqi Koshg‘ar, g‘arbi Samarqand, janubi Badaxshonning sarhadi
tog‘lar, shimolida agarchi burun shahrlar bor ekandur, misli: Olmaliq va Olmotu va
Yangi kim, kutublarda Taroskent bitirlar, mug‘ul va o‘zbek jihatdin bu tarixda
buzulubtur, aslo ma’mura qolmabdur. Muxtasar viloyattur, oshliq va mevasi
farovon. Girdogirdi tog‘ voqe bo‘lubtur. g‘arbiy tarafidakim, Samarqand va
Xo‘jand bo‘lg‘ay, tog‘ yo‘qtur. Ushbu jonibtin o‘zga hech jonibtin qish yog‘i
kelaolmas. Sayhun daryosikim, Xo‘jand so‘yig‘a mashhurdur, sharq va shimoliy
tarafidin kelib, bu viloyatning ichi birla o‘tub g‘arb sari oqar, Xo‘jandning
shimoliy Fanokatning janubiy tarafidinkim, holo Shoxruxiyaga mashhurdur, o‘tub
yana shimolg‘a mayl qilib, Turkiston sari borur. Turkistondin xeyli quyiroq bu
daryo tamom qumga singar, hech daryog‘a qotilmas. Yetti pora kasabasi bor; beshi
Sayxun suyining janub tarafida, ikki shimoli jonibida. Janubiy tarafidagi kasabalar
bir Andijondurkim, vasatta voqe bo‘libtur, Farg‘ona viloyatining poytaxtidur.
Oshlig‘i vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi bo‘lur. Qovun mahalida
poliz boshida qovun sotmoq rasm emas. Andijonning noshpottisidan yaxshiroq
noshpotti bo‘lmas. Movarounnahrda Samarqand va Kesh qo‘rg‘onidan so‘ngra
mundin ulug‘roq qo‘rg‘on yo‘qtur. Uch darvozasi bor. Arki janub tarafida voqe
bo‘libtur. To‘qqiz tarnov suv kirar. Bu ajabturkim, bir yerdin ham chiqmas.
Qal’aning girdo-girdi xandakning tosh yoni sangrezaliq shohroh tushubtur.
Qal’aning girdo-girdi tamom mahollottur. Bu mahalla birla qal’aga fosila ushbu
xandaqtur va yoqasi dog‘i shohruxtur. Ovi qushi dog‘i ko‘p bo‘lur, qirg‘ovuli
behad semiz bo‘lur. Andoq rivoyat qildilarkim, bir qirg‘ovulni uskunasini to‘rt
kishi yeb tugataolmaydur. Eli turktur. Shahr va bozorisida turki bilmas kishi
yo‘qtur. Elining lafzi qalam birla rosttur... Elining orasida husn xiyli bordur. Yusuf
Xojakim musiqada mashhurdir, Andijoniydir. Havosining ufunati bor. Kuzlar el-
bezgak ko‘p bo‘lur”.
Ushbu satrlardan so‘ng O‘sh, Marg‘ilon, Isfara, Xo‘jand shaharlari,
Kandibodom, Axsi, Koson kabi kichik shaharchalar birin-ketin mohirona
ta’riflangan. Bularni o‘qigan kishi Farg‘ona vodiysining orografiyasi (yer
yuzasining tuzilishi), geografik o‘rni, chegaralari, suvlari, iqlimi, shaharlari,
odamlari haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘ladi. Shaharlar ta’rifi ham tabiiy va
iqtisodiy geografik jihatdan ravon va qiziqarli bayon qilingan. Bunda o‘xshatishlar
va qiyosiy ta’riflar ham bor.
Bobur o‘z asarida o‘rni kelganda boshqa shahar va joylarni ham ta’riflab
o‘tgan. Masalan, 1497-1498 yillar voqealari bayonida Samarqand haqida shunday
yozadi: “Rub’i maskunda Samarqandcha latif shahr kamroqdur. Beshinchi
iqlimdindur. Tuli 99 ramzi nujumiy 56 daraja va daqiqadur, arzi 40 daraja va 40
daqiqadur. Shahri Samarqanddur, viloyatini Movarounnahr derlar. Hech yog‘iy
qahr va g‘alaba bilan munga dast topmag‘on uchun baldai mahfuza derlar.
Samarqand hazrati amirulmo‘minin Usmon zamonida musulmon bo‘lg‘ondur.
Sahobadin Qusam ibn Abbos anda borg‘ondur. Qabri Ohanin darvozasining
toshidadur. Holo mazori Shohg‘a mashhurdur. Samarqandni Iskandar bino
qilg‘ondur. Mo‘g‘ul va turk ulusi Semirkand derlar. Temurbek poytaxt qilib edi.
Temurbekdin burun Temurbekdek ulug‘ podshoh Samarqandni poytaxt qilg‘on
emastur. Qo‘rg‘onini fasilning ustidan buyurdumkim, qadam urdilar. O‘n ming
oltiyuz qadam chiqti… Ma’muraning kanorasida voqe bo‘lubtur. Sharqi Farg‘ona
va Qoshg‘ar, g‘arbi Buxoro va Xorazm, shimoli Toshkand va Shoxruxiyakim
Shosh va Banokat bitirlar, janubi Balx va Tirmiz, Ko‘hak so‘yi shimolidin oqar,
Samarqanddin ikki kuruh bo‘lg‘ay. Bu suv bila Samarqand orasida bir pushta
tushubdur, Ko‘hak derlar. Bu rud muning tubidan oqar uchun Ko‘hak suyi derlar.
Bu suvdin bir ulug‘ rud ayiribturlar, balki daryochadur, Darg‘am suyi derlar.
Samarqandning
janubidan
oqar.
Samarqanddin
bir
shar’iy
bo‘lg‘oy.
Samarqandning bag‘ot va mahalloti va yana necha tumonoti bu suv bilan
ma’murdur. Buxoro va Qora ko‘lgachakim, o‘ttuz-qirq yig‘och yo‘lga
yovuqlashur. Ko‘hak suyi bilan ma’mur va mazru’dir. Mundoq ulug‘ daryo aslo
ziroattin va imorattin ortmas, balki yozlar uch-to‘rt oy Buxoroga suv yetmas.
Uzumi va qovuni va olmasi va anori, balki jami’ mevasi xo‘p bo‘lur. Vale ikki
meva Samarqanddin mashhurdur: sebi Samarqand va sohibiyi Samarqand. Qishi
mahkam sovuqtur, qori agarchi Kobul qoricha tushmas. Yozlar yaxshi havosi bor,
agarchi Kobulcha yo‘qtur.” Boburning ushbu geografik tavsiflar davomida
Samarqandning Amir Temur va temuriylar bunyod etgan binolar, madrasayu-
masjidlar, hammomlar, bozorlar, Samarqand atrofidagi o‘langlar va kuruhlar,
viloyatlar: Buxoro, Kesh, Qarshi, G‘uzor, Karmina, Qorako‘l va Shovdor tumani
qisqa-qisqa ta’riflab o‘tilgan.
Bobur Samarqandda Mirzo Ulug‘bek 1427-1429 yillarda qurdirgan
rasadxona haqida ham shu sahifalarda tarix uchun muhim ma’lumotlar keltirgan,
ya’ni: “Yana bir oliy imorati pushtayi ko‘hak domanasida rasaddurkim, zij
bitimakning olatidur. Uch oshyonliqtur. Ulug‘bek mirzo bu rasad bila Ziji
Kuragoniyni bitibturkim, olamda holo bu zij musta’maldur. O‘zga zij bila kam
amal qilurlar. Mundan burun Ziji Elxoniy musta’mal edikim, Xo‘ja Nasr Tusiy
Halokuxon zamonida Marog‘ada rasad bog‘latibtur. Halokuxondurkim, Elxon
ham derlar. G‘olibo olamda yetti-sekkiz rasad besh bog‘lamayturlar. Ul jumladin
bir, Ma’mun xalifa rasad bog‘labturkim, Ziji Ma’muniyni andin bitibturlar. Bir
Batlimus ham rasad bog‘labtur. Yana bir Hindistonda roja Bikramojid hindu
zamonida O‘jin va Dahordakim, Molva mulkidur, holo Mandug‘a mashhurdur.
Yana bir rasad qilibturlar, holo hindularning musta’mal Hindistonda ul zijdur. Bu
rasadni bog‘log‘oni ming besh yuz sekson to‘rt yildur. Bu ul zijlarga boqa
noqisrohdur.”
Aytish lozimki, Bobur hayotlik yillarida Ulug‘bek rasadxonasi hali mavjud
edi. Uning keyinchalik qachon buzilgani haqida isbot talab turli fikrlar bildirib
kelinardi. Yaqinda sharqshunos-tarixchi olim Ismoil Bekchanov o‘zining
“Mutribiy tazkiralari muhim adabiy manba” nomli ilmiy monografiyasida ushbu
masalaga oydinlik kiritib, 1586-1598 yillarda Samarqand hokimi bo‘lib turgan
Hojibiy Do‘rmon ”Ul o‘xshashi yo‘q latif imoratni buzib tashlab, g‘isht va boshqa
qurilish anjomlarini Shodmulk Oqo (Sohibqiron Amir Temur kelini, Sulton
Xalilning xotini) Ko‘hak daryosi ustiga qurdirgan ko‘prik ta’mirlashiga
ishlattirgan”ligini va bu voqea 1594 yilda ro‘y berganligini aniqlab berdi (2009,
139-140 b.).
Bobur viloyatlar va shaharlarga geografik ta’rif berar ekan ma’lum bir
tartibga amal qilganligini ko‘ramiz. Bu tartib hozirgi zamon geografiyasida ham
saqlangan, biroz mukammallashgan, xolos. Ushbu tartib Farg‘ona viloyati va
shaharlari, Samarqand hamda Kobul viloyati va shaharlari tavsifida yaqqol
seziladi. Bu tartib ta’riflanayotgan joyning geografik o‘rni va chegaradosh
hududlarning nomini aytish bilan boshlanadi. Keyin viloyatning katta yoki
muxtasarligi, yer yuzasining tuzilishi, ob-havosi, ya’ni iqlimi, suvlari (bunda ko‘l,
daryolari, chashmalari ta’riflanadi), o‘simliklari (daraxtlari, o‘tlari, butalari,
mevalari, hatto o‘tinlari ham), hayvonoti (ularni boshqa viloyatlarda uchrashi yoki
uchramasligi), ov hayvonlari va qushlari, so‘ngra aholisi va uning o‘ziga xos
xususiyatlari, yetishtiradigan va ishlab chiqaradigan mollari, chetga chiqariladigan
yoki chetdan keltiriladiganlari haqida qiziqarli bayon qilinganligini ko‘ramiz. Yo‘l-
yo‘lakay ariq va kanallar, hovuzlar, daryolarda qurilgan band (to‘g‘on)lar haqida
ma’lumotlarni uchratamiz. Boburnomada joylarning havosi, yog‘in-sochin,
o‘simlik va hayvonotining ta’riflarida qiyosiy usul mohirona qo‘llanilganligini
ko‘ramiz. Tog‘larning ta’riflarida esa yonbag‘irlarning dunyo tomonlariga nisbatan
qanday joylashganligi va buning natijasida tabiatidagi farqlarga alohida e’tibor
berilganligini sezamiz.
Asarda toponimikaga doir jumlalar ham anchagina. Joy nomlari, o‘simlik
yoki ba’zi hayvonlar qayerda qanday atalishi sabablari ham tushuntirib o‘tilgan.
Jumladan, mana bu satrlar e’tiborga loyiq: “Andarob va Xost va Badaxshonot
tog‘lari tamom archaliq, qalin chashmaliq, yumshoq pushtaliq tog‘lardur. O‘ti
tog‘ining va pushtasining va julg‘asining birdek bo‘lur va xo‘p bo‘lur, aksar butaka
o‘ti bo‘lur, otg‘a bisyor sozvor o‘ttur. Andijon viloyatida bu o‘tni butaka o‘ti
derlar, vajhi tasmiyasi ma’lum emas erdi. Bu viloyatlarda ma’lum bo‘ldi. Bu o‘t
buta-buta chiqar uchun butaka derlar emish”. Darvoqe, chorva uchun nihoyatda
to‘yimli bo‘lgan bu o‘tni geobotanik mutaxassislar lotincha Festuca sulcata deb
nomlaganlar, rus adabiyotida esa tipchak nomini olgan. Chotqol, Qurama
yaylovlarida cho‘ponlar uni hozirgi kunda ham betaga deb, bu o‘t keng tarqalgan
joylarni esa Betagalik deb ataydilar.
Bobur o‘zi yurgan, borgan va ko‘rgan joylari haqida yozar ekan, duch
kelgan tabiat hodisalari haqida ham ma’lumotlar berib o‘tadi. Asarda havoning
issiq - sovuqligi, qor va yomg‘irlar, zilzilalar va hokazolar ancha jonli bayon qilib
o‘tilgan. Masalan, 1505-1506 yil voqealari bayonida Kobulning shimolida ro‘y
bergan zilzilaning shohidi bo‘lgan Bobur hodisani shunday ta’riflagan: “Bu asnoda
andoq zilzila bo‘ldikim, qo‘rg‘onning fasllari va bog‘larning tomlari aksar yiqilib,
shaharda va kentlarda ko‘p uylar hamvor bo‘lub, uy va tom ostida qolib, o‘lgan
bisyor bo‘ldi. Pamg‘on kentining uylari tamom yiqildi, yetmish-sekson ubdon
kadxudolar tom ostida qolib o‘ldilar. Pamg‘on bila Bektut orasida bir parcha
yerkim arzi birgina tosh otimi bo‘lg‘ay, uchub, bir o‘q otumi quyi bordi. Uchqan
yerning o‘rnidin chashmalar paydo bo‘ldi. Istarg‘ichtin maydong‘acha taxminan
olti yetti yig‘och yo‘l bo‘lg‘ay, yer andoq yorilib edikim ba’zi tarafi belcha baland
bo‘lur edi, ba’zi tarafi belcha past, yorilgan yerga ba’zi yerda kishi sig‘ar edi.
Zilzila bo‘lg‘on zamon jami’ tog‘larning boshidan gardlar qo‘pti. Nurullo
tamburchi qoshimda soz chaladur edi, yana bir soz ham bor edi, o‘shal zamon har
ikki sozni iligiga oldi, andoq beixtiyor bo‘ldikim, sozlar bir biriga urundilar…
O‘shal kun o‘ttiz uch qatla yer tebrandi. Bir oygacha har kecha-kunduzda ikki va
uch qatla yer tebranur edi”.
Ma’lumki, Bobur 1504-yilda Kobul viloyatini egallagach yirik Kobul
davlatini barpo etadi. Badaxshon, Qunduz va Qandaxor viloyatlari ham uning
tasarrufida edi.
Boburnomaning 909 yil (1503-1504) voqealari bayonida Kobul viloyati
geografiyasi batafsil yoritib berilgan. Jumladan, uning geografik o‘rni,
chegaradosh viloyatlar, tog‘lari, chashmalari, yo‘llari, savdolari, iqlimi, mevalari,
yon-atrofdagi yalangliklar, tog‘lardagi dovonlar, daryolari va ularda suvning oz-
ko‘pligi lo‘nda-lo‘nda ta’riflangan. Viloyat xalqi, ularning tili haqida ham aytib
o‘tilgan. Jumladan, “ Kobul viloyatida o‘n bir-o‘n ikki lafz bilan talaffuz qilurlar:
arabiy, forsiy, turkiy, mo‘g‘uliy, hindiy, afg‘oniy, pashoyi, barakiy, gabriy,
lamg‘oniy. Muncha muxtalif aqvom va mug‘oyir alfoz ma’lum emaskim, hech
viloyatta bo‘lg‘ay” deb yozgandi Bobur. Shuningdek, viloyatlarning ma’muriy
bo‘linishini bayon qilar ekan, Kobul viloyati o‘n to‘rt tumandan iboratligini,
viloyatlarning qismlarini bu yerda tuman deb, Andijon va Qoshg‘arda o‘rchin,
Hindistonda pargana deb nomlanishini ham eslatib o‘tadi.
Kobulning sharqidagi Lamg‘onot viloyatini besh tuman ikki bo‘lukdan
iboratligi aytilib, har biriga qisqa-qisqa ta’rif berilgan. Shaharlari va ulargacha
bo‘lgan masofalari haqida ham ma’lumotlar berilgan.
So‘ng G‘azni viloyati va boshqa tumanlar ham shu taqlid ta’riflab berilgan.
Ushbu viloyatlarda kiyik ovlash, qush va baliq ovlash usullari batafsil yoritilgan.
Bobur Kobul viloyatiga geografik tavsif berar ekan, viloyatning o‘ziga xos
xususiyatlarini, boshqa viloyatdan farqlarini ko‘rsatishga alohida urg‘u bergan.
Uning Kobul viloyatiga oid ta’riflaridan bir-ikki jumla misol keltirish o‘rinlidir.
- Kobul viloyati to‘rtunchi iqlimdindur. Ma’muraning o‘rtasida tushubdur.
Sharqi Lamg‘onot va Purshovar va Hashang‘ar va ba’zi Hind viloyatidur. G‘arbi
ko‘histonlardurkim, Karnud va G‘o‘r ul ko‘histondadur. Shimoli Qunduz va
Andarob viloyatidur. Hindiqush tog‘i vositadur. Janubi Farmul va Nag‘ar va
Bannu va Afg‘onistondur. Muxtasar viloyatdur. Tuloniy voqe bo‘lubtur. Tuli
mashriqdin mag‘ribqa boqadur. Atrof va javonibi tamom tog‘dur. Qal’asi tog‘qa
payvastdur.
- Bisyor latif havosi bor. Kobul havosidek havoliq yer olamda ma’lum
emaskim, bo‘lg‘ay. Yozlarda kechalari po‘stinsiz yotib bo‘lmas. Qishlar agarchi
qori aksar ulug‘ tushar, vale mufrid sovug‘i yo‘qtur. Samarqand va Tabriz ham
xushhavoliqqa mashhurdir, vale mufrid sovuqlari bordur.
- Kobul viloyati berk viloyattur; yot yog‘i bu viloyatqa kirmagi mushkuldur.
Balx va Qunduz va Badaxshon bila Kobul orasida Hindikush tog‘i tushubtur.
- Garmser va sardseri yovuqdir. Kobuldan bir kunda andoq yerga borsa
bo‘lurkim, hargiz qor yog‘mas. Ikki soati nujumiyda andoq yerga borsa bo‘lurkim
hargiz qori o‘ksumas, magar ahyonan andoq yoz kelgaykim, qor qolmag‘ay.
- Garmser bila sardser orasida fosila Bodom Chashma ko‘talidur. Bu
ko‘talning Kobul tarafida qor yog‘ar. Qo‘ruq soy va Lamg‘onot tarafida qor
yog‘mas. Bu ko‘taldan ingach, kishi o‘zga olame mulohaza qilur: yig‘ochlar
o‘zgacha, o‘tlar o‘zgacha, jonivorlar o‘zgacha, elining rohu rasmi o‘zgacha.
- Ko‘hi Safid Ningnahorning (Lamg‘on viloyatidagi tuman) janubida voqe
bo‘lubtur. Bangash bilan Ningnahorga vosita ushbu tog‘dur. Otliqqa yo‘l yo‘qtur.
To‘qqiz rud ushbu tog‘din chiqar. Bu tog‘dan qor hargiz o‘ksumas. Bu jihatdin
g‘olibo Ko‘h Safid derlar.
- Bu viloyatlarda G‘azni va Xorazm sovuqlik bila mashhurdir, nechukkim,
Iroqayn va Ozarbayjonda Sultoniya bila Tabrez sovuqluq bila shuhrati bor.
Kobul viloyatining ta’rifiga oid sahifalarda bu kabi ma’lumotlar anchagina.
Ularda Bobur har bir yurgan yo‘li, oshib o‘tgan dovonlari, kechgan daryolari,
tizmalarning yonbag‘ri va suvayirg‘ichlari, tangalari haqida ma’lumotlar berib
o‘tadi. Ushbu sahifalarni o‘qigan kishi Kobul viloyati haqida, uning tabiati, xalqi,
shaharlari, karvon yo‘llari, savdo munosabatlari, inshootlari va umuman tarixiy
geografiyaga oid ko‘pdan-ko‘p aniq ma’lumotlarni topa oladi.
Ma’lumki, Kobul Zahiriddin Muhammad Boburning ikkinchi vatanidek
bo‘lib qolgan edi. Uning oilasi va yaqinlari Kobulning Bolohisor arkida
yashaganlar. Boburning onasi Qutlug‘ Nigor xonim shu manzilda vafot etgan, shu
yerda - Bog‘i Navro‘ziyda dafn etilgan. O‘g‘illari Xumoyun va Komron, Askariy
Mirzo, qizi Gulbadan shu shaharda tug‘ilganlar. Shunday bo‘lsada, Bobur o‘z
mavqeini yanada mustahkamlash maqsadida Hindistonni ham fath etishga qaror
qilgandi. Boburning o‘zi “Ul tarixdin bu tarixqacha (ya’ni, 1504 yildan 1526
yilgacha) hamisha Hindiston havasi qilinur erdi” deb yozgandi. 1519 yildan 1526
yilgacha Hindistonga besh marta yurish qiladi va nihoyat, beshinchi navbat
yurishda Dehlining shimolidagi Panipat yonida Ibrohim Lo‘diy lashkarini uzil-
kesil yengadi. Natijada shimoliy Hindiston fatx etiladi. Oradan bir yilcha o‘tgach,
ya’ni 1527 yilning mart oyida Chandiriy qo‘rg‘onida Chetur, Mandov (Molva ham
deyiladi) viloyatlari hukmdori Rono Sangoni ham yenggach, Hindistonda yirik
boburiylar davlati tuziladi. Bu yerda Bobur avlodlari, ya’ni “Boburiylar sulolasi”
uch yuz yildan ortiq hukmronlik qilganlar. Ammo Boburning o‘zi bu yurtda ko‘p
yashamadi. 1530 yil kuzida qattiq xastalangan Zahiriddin Muhammad Bobur taxtni
o‘g‘li Xumoyunga topshiradi va 26 dekabrda poytaxt Agrada vafot etadi. Uni
dastlab o‘zi barpo etgan Bog‘ioromda dafn etganlar. Keyinroq farzandlari Bobur
vasiyatini bajo keltirib, uning xokini Kobuldagi Bog‘i Boburga ko‘chirganlar.
Boburnomada Hindistonning tabiiy sharoiti, siyosiy-iqtisodiy ahvoli, xalqi
va urf-odatlari, shahar va binolari ta’rifi yigirma sahifani egallagan. Asarning
ushbu qismini bemalol “Hindiston geografiyasi” deb nomlash mumkin. Unda
bayon qilingan geografik tavsiflar o‘zining aniq va qiziqarliligi bilan e’tiborga
loyiq. Ushbu ta’rif va tavsiflardan ayrimlarini keltiramiz.
- Hinduston mamoliki vase va purmardun va purhosil viloyat voqe bo‘libtur.
Sharqi va janubi, balki g‘arbi ham Muhit daryosiga muntahi bo‘lur. Shimoli bir
tog‘durkim Hindukush va Kofiriston va Kashmir tog‘lari bila payvasttur. G‘arbi
shimoli Kobul va G‘azni va Qandahor voqe bo‘libtur. Jami’ Hinduston
viloyatining poytaxti Dehli ermish.
- Hinduston avvalgi iqlimdin va ikkinchi iqlimdin va uchinchi iqlimdindur.
To‘rtinchi iqlimdin Hindistonda yo‘qtur. g‘arib mamlakate voqe bo‘lubtur.
Bizning viloyatlarga boqa o‘zga olamedur. Tog‘ va daryosi va jangal va sahrosi,
mavozi’ va viloyoti va hayvonot va nabototi, eli va tili va yomg‘uri va yeli borcha
o‘zgacha voqe bo‘lubtur.
- Hindustonda uch fasl bo‘lur, to‘rt oyi yozdur, to‘rt oyi pashkol (ya’ni
yomg‘irli), to‘rt oyi qish. Oylarning ibtidosi hiloli oylarning istiqbolidindur. Har
uch yilda bir oyni pashkol oylariga ziyoda qilurlar. Yana uch yilda qish oylariga
ziyoda qilurlar. Yana uch yilda yoz oylariga.
- …pashkol havolari bisyor xo‘p bo‘ladur. Goh kuni bo‘ladurkim, 10-15-20
qatla yog‘adur. Yog‘inlarida bir zamonda sellar keladur, hech suv yo‘q yerlarda
daryolar oqadur. Yog‘ar mahalida va yog‘ibturg‘on mahallarida g‘arib yaxshi
havolar bo‘ladur… Aybi bu durkim, havo ko‘p purnam bo‘ladur.
“Boburnoma”da Hindistonga doir bunday geografik tavsiflar anchagina.
Ularning barchasi birma-bir keltirilsa mo‘jazgina qiziqarli bir kitob hosil bo‘ladi.
Ayniqsa, tog‘lar, daryolar, iqlim, hayvonot, qushlar, suv hayvonlari, baliqlar
haqida ma’lumotlar nihoyatda qiziqarli bayon qilinganki, o‘qib zerikmaydi kishi.
Hindiston o‘simliklari, ekinlari, mevali daraxtlari, gullariga doir ma’lumotlar ham
shunday. Asarda hind elining vaqt o‘lchovlari, kecha-kunduzning bo‘linishi, hafta
kunlari, og‘irlik va masofa o‘lchov birliklari ham qisqa va lo‘nda bayon qilingan.
Umuman olganda, “Boburnoma”dagi geografiyaga doir ma’lumotlar boshqa
tarix asarlaridagi ma’lumotlardan o‘zining aniqligi, mukammal yoritilganligi bilan
ajralib turadi. Chunonchi, geograf olim H.H.Hasanov: “Bobur Farg‘ona va
Samarqand, Afg‘oniston va Hindiston geografiyasini o‘zbek tilida birinchi bo‘lib
tasvirlagan olim desak xato bo‘lmas” - deb yozgandi (1981, 206 b).
“Tarixi Rashidiy”. Bu XIV asr o‘rtalaridan XV asr o‘rtalarigacha
hukmronlik qilgan mo‘g‘ul xonlarining tarixi bayon qilingan yirik asardir. Uning
muallifi Zahiriddin Muhammad Boburning kichik zamondoshi va qarindoshi
Mirzo Muhammad Haydardir. Asar muqaddimasida muallif o‘zini “Muhammad
Haydar ibn Muhamad Husayn Ko‘ragon, do‘stlari orasida Mirzo Haydar nomi
bilan tanilgan kimsa” deb tanishtiradi. Tarixga oid adabiyotda ham shu nom bilan
mashhur.
“Tarixi Rashidiy” asarida Mo‘g‘uliston, Koshg‘ar, Tibet va Kashmir
o‘lkalari tasvirida berilgan geografiyaga oid ma’lumotlarga qaraganda uning
muallifi Mirzo Haydar geografik tavsifda yuqori saviyaga erishganligini ko‘ramiz.
Asarda keltirilgan ma’lumotlar aniqliligi, ishonchliligi, qiziqarliligi va turli-
tumanligi bilan kishi e’tiborini tortadi. Bunda muallif o‘z zamonasidagi ayrim
geografik tushunchalarni ham izohlab o‘tadi. O‘zi borgan va ko‘rgan viloyatlari
haqida, ularning chegaralari, geografik o‘rni, yer yuzasi, maydoni, iqlimi, suvlari,
o‘simlik va hayvonoti, xalqi va ularning urf-odatlari, savdo-sotig‘i, yetishtiradigan
mollari haqida ko‘p qiziqarli ta’riflar keltiradiki, ularning ayrimlari hozirgi kunda
ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Jumladan, Issiqko‘l va Balxash ko‘li (muallifda
Ko‘kcha dengiz)ning kattaligi, oqmas ko‘l ekanligi, suvining sho‘r yoki
chuchukligi, qishda muzlash yoki muzlamasligi kabi xususiyatlarini jonli ifodalab
bergan.
Tibet o‘lkasining hududi, ob-havosi, xalqining rasm-rusumlarini bayon qilar
ekan, buning asosiy sababini shunday izohlaydi: “Tibat shunday yerda
joylashganki, u yerga juda kam odamlarning qadami yetgan. Tibat yo‘llarining
behad noqulayligidan tog‘lari, xavf-xatarlarga to‘la dovonlari tufayli, shuningdek,
suv, yem-xashak, o‘ti kamligi, bosqinchilikni odatiy ish deb biladigan qaroqchilari
tufayli u yoqlarga birorta sayohatchi bormagan va u yerlardagi ahvolni ham hech
kim bilmaydi. Shu sababdan tarixiy kitoblarda o‘zga yurtlar singari Tibat keng
tasvir etilmagan, ularning mualliflari Tibatni bir viloyat sifatida sanab o‘tishgan,
xolos.
Shuning uchun biz Tibatni o‘zimiz bilgancha sharh va bayon qilishga jur’at
etamiz”. Shundan so‘ng Mirzo Haydar asarda alohida fasl (bob) larda Tibetning
tog‘, dara, sahrolari, tibetliklarning aqida va mazhablari haqida, Tibetdagi g‘aroyib
joylarning tasviri, Tibet xalqining diniy qarashlarini mufassal bayon qilib bergan.
Jumladan, Tibetning tog‘, dara va sahrolari haqidagi faslda shunday satrlarni
o‘qiymiz: “Tibat juda balandda joylashgan bo‘lib, barcha tomonlarga oqadigan
daryolar uning suvlaridan hosil bo‘ladi. Tibatga qaysi tarafdan borilmasin baland
dovonlarga ko‘tarilishga to‘g‘ri keladi, u dovonlardan tushish yo‘li yo‘q.
Dovonning tepasiga chiqilsa, uning tepasi tep-tekis, ayrim dovonlarninggina
uncha-muncha yonbag‘irlari bor. Yuqorida joylashgani uchun Tibatning havosi
sovuq. Ko‘p joylarida arpa va sholg‘omdan bo‘lak ekin ekishmaydi. Arpasi ham
ko‘pincha qirq kun ichida pishadi, agar shu muddatda pishmasa, sovuq urib, doni
puch bo‘lib qoladi. Tibatning ko‘p yerlarida o‘tlar ikki oygina yashil bo‘ladi,
shunday joylar borki, yoz bor yo‘g‘i qirq kun davom etadi. Shuning uchun ham
ba’zan kechaning ikkinchi yarmida ariqlardagi suv muzlaydi. Tibatda havoning
haddan tashqari sovuqligidan daraxtlar ham, hatto o‘t-o‘lanlar ham baland bo‘lib
o‘smaydi. Tibatliklar sigir va qo‘toslar go‘ngini tappi-tezak, ya’ni o‘tin qilishadi.
Tibatdagi ko‘chmanchi xalqning yashash tarzi, odatlari g‘alati, boshqa biror
xalqnikiga o‘xshamaydi. Birinchisi: go‘shtni va har qanday boshqa ovqatlarni xom
holida yeydi, pishirmaydi. Ikkinchisi: otlarga don o‘rniga go‘sht berishadi.
Uchinchisi: og‘ir yuklarni qo‘ylarga yuklashadi, har bir qo‘y 12 man (10 kg) yukni
ko‘taradi. Ular xurjun tikishib, qo‘ylarga ayil, quyushqon bog‘lashadida, xurjunni
ustiga ortib qo‘yishadi, kerak bo‘lsagina olishadi, bo‘lmasa yozin-qishin ular
qo‘yning ustida turaveradi. “Jampa”, ya’ni sahro xalqi qishda tog‘ning Hindiston
joylashgan g‘arbiy va sharqiy tarafiga tushib, u yerlarga xitoyi mollarni, Tibat tuzi,
charm, darmana tomiri, qog‘oz, tilla va shoh ro‘mollarni olib borib, Hindistonning
tog‘li o‘lkalaridagi hindilarga sotishadi va Hindistondan qo‘ylarga ortib, kiyim-
kechak, shirinliklar, guruch, bug‘doy kabi narsalarni bahorda Tibatga olib
kelishadi. Shoshilmay, yo‘llarda qo‘ylarni o‘tlatib, qishlarga yaqin Xitoyga yetib
kelishadi. Hind va Tibat mollarini Xitoyda almashishadi. Bahorda Xitoy mollarini
qo‘ylarga yuklab Tibatga kelishadi, kelgusi qishda Hindistonga kelishadi. Xitoyda
qo‘ylarga ortilgan yukni Hindistonda tushirishadi, Hindistonda ortilgan yukni
Xitoyda tushirishadi. Shu taqlid ular bir qish Hindistonda bo‘lishsa, ikkinchi qish
Xitoyda bo‘lishadi. Barcha jampalarning hayoti shu taqlid kechadi. Shunday
paytlar bo‘ladiki, jampa ikki mingtagacha qo‘ylarga narsa yuklashadi. Har bir qo‘y
ustida o‘n ikki mangacha yuk bo‘ladi, mana, qanchalik ko‘p molni olib yurishadi!
O‘sha mollarni bir yil Hindistonda, ikkinchi yil Xitoyda yuklashadi. Qayerga
borishmasin, shuncha yuk bilan mehnat-mashaqqatsiz ketaverishadi. Bunaqa odat
boshqa birorta xalqda uchramaydi, hatto ko‘plar bu gapga ishonmaydi”.
Bunday tadbir savdogarlar uchun juda qulay bo‘lib, savdo-sotiq bilan
shug‘ullanuvchi tabaqa o‘z mollari (tovar)ni bir mamlakatdan ikkinchisiga olib
borishda transport-ulov tashvishidan xoli bo‘lishgan. Ikkinchidan, qo‘y-echkilar
ustidagi yuklarni tashish bilan birga yemishni ham o‘zi topib, tog‘-daralarda
o‘tlab ketaveradi. Tog‘ning cho‘qqisiga ko‘tarilgan sayin havo bosimi pasayib,
o‘t oldirish, nafas olish qiyinlashib borgan. Bunday paytlarda savdogarlar va ularni
kuzatuvchilarga qo‘y-echkilar go‘shti ovqat vazifasini o‘tagan. Ayrim sharqshunos
olimalar (Baykova) ning yozishicha, qo‘y-echkilar ustida yuk uzoq vaqt kecha-
kunduz davomida tushirilmaganligi tufayli, belgilangan joyga yetib borilganda
qo‘y va echkilar qornining ikki tomonidagi junlar to‘kilib, shilinib, qizil tusdagi
po‘stak bo‘lib qolgan. Tibet, Himolay, Hindikush tog‘laridan o‘z mollari bilan
sog‘-omon oshib o‘tgan savdogarlar o‘z yo‘lida davom etar, cho‘pon-cho‘liqlar
esa qo‘y-echkilarini boqib orqaga qaytishar ekan.
Mirzo Haydar Tibetdagi ajoyib joylarni tasvirlar ekan, “ko‘zim bilan ko‘rgan
yoki eshitgan ayrim g‘aroyib narsalarni g‘ayritabiiyligi tufayli tasvir etaman.
Ulardan biri oltin konlaridir. Jampa yashaydigan ko‘p joylarda oltin konlari
mavjud, ular orasida ikkitasi g‘aroyibdir: birini mo‘g‘o‘llar “Oltinchi Tibat”
(“Oltin yetkazuvchi Tibat”) deb atashadi, bu yerda aytib o‘tilgan dulpa qavmining
bir qismi yashaydi. U yerlarning ob-havosi behad sovuqligidan bir yilda qirq
kundan ortiq ishlab bo‘lmaydi, tekis yerlarda chuqur zovlar qilingan, ular shunday
qilinganki, u yerlarda odam yura oladi. Bunday zovlar ko‘p, biri ikkinchisiga
ulanib ketgan. Aytishlaricha uch yuzta oila ana shunday zovlarda jon saqlashar
ekan… O‘sha zovlarning ichida qunduz moyi aralashtirilmagan sof qo‘y moyidan
boshqa moy yonmaydi. Aytishadiki, o‘sha konning bir g‘alvir tuprog‘idan o‘n
misqololtin chiqarmish. Bitta odam yakka o‘zi yer kovlaydi, tashqariga olib
chiqadi, uni yuvadi, bir kunda 20 g‘alvir tuproqni yuvadi. Garchi bunga ishonish
qiyin bo‘lsada, bu gapni men ko‘plab tibatliklardan eshitdimki, hammalari bir
ovozdan buni ma’qullab gapirishdi, shuning uchun yozdim” - deydi.
“Tarixi Rashidiy”ning shu sahifatlarida baland tog‘larga xos kislorod
yetishmasligi oqibatida ro‘y beradigan kasallik tafsilotlarini quyidagicha bayon
qilgan. “Tibatning g‘aroyib hodisalaridan yana biri nafas qisish kasalligidir,
mo‘g‘ullar buni “is” deyishadi. Tibatning barcha viloyatlarida bu hodisa ko‘zga
tashlanadi, lekin qal’a va qishloqlar bo‘lgan joylarda bu kamroq uchraydi. Nafas
qisish holati har qanday odam uchun ham yoqimsiz. Odamning nafasi shu qadar
qisadiki, beli shu qadar achishadiki, go‘yo u og‘ir yuk bilan baland toqqa uzoq
muddat yugurib chiqqandek tuyuladi. Belining achishishida odam uxlayolmaydi,
mabodo uyqu eltib qolsa, ko‘zi uyquga ketgan zahoti nafas qisishi, beli va
ko‘kragidagi qattiq achishishdan birdaniga uyg‘onib ketadi. Bunday holat hamisha
hamma odamlarda bo‘ladi. Agar kasallik zo‘rayib ketsa, bemor hushidan ketadi,
alaxsiraydi, gohida biror og‘iz so‘z aytishga majoli yetmaydi, yuzi, qo‘l-oyoqlari
shishib ketadi. Shunday holatlar yuz berganda, bemor tong bilan choshgoh
oralig‘ida o‘ladi. Ba’zan esa bunday holat bir necha kunga cho‘zilsa va shu muddat
ichida o‘lib qolmasa, bir amallab qal’a yoki qishloqqa yetib olsa, ehtimol, yashab
qolishi mumkin, aks holda albatta o‘ladi. Bu kasallikdan Tibet aholisi qiynalmaydi,
Tibet aholisi bu kasallik haqida bilishmaydi ham, ularning tabiblari ham nega bu
kasallik tibatlik bo‘lmagan odamlarda uchrashini bilmaydi. Havo sovugan sari bu
kasallik ko‘proq xuruj qiladi. Bu kasallikni qanday davolashni ham hech kim
bilmaydi. Bu kasallik faqat odamlardagina emas, har qanday tirik jonivorda,
shuningdek, otlarda ham uchraydi… Zarurat yuzasidan bosqin uyushtirib, bir kuni
otlarni choptirib yurdik. Ertalab qarasak, qarorgohda otlar kamgina qolgan. Bir
kechaning o‘zida ikki mingta ot o‘libdi. Otxonamda yigirma to‘rtta sara ot bor edi,
ulardan yigirma bittasi o‘lgan. Nafas qisish kasalligi ko‘proq otlarda uchraydi. Bu
kasallik haqida Tibatdan boshqa biror joyda eshitmadim”.
Ma’lumki, Mirzo Haydar umrining oxirgi o‘n yildan ortiq qismini
Kashmirda o‘tkazgan. Shu yerda hukmronlik qilgan. Kitobida ham Kashmir
tafsifiga kengroq o‘rin berilgan. Bu haqda muallifning o‘zi “…bu go‘zal
mamlakatning egasi sifatida uni har tomonlama mukammal o‘rgandim, bu yerda
faqat ko‘zim bilan ko‘rib, o‘zim guvoh bo‘lgan voqea-hodisalarni bayon qilaman”
deb yozgandi.
Kashmirning umumiy tasviri (97-fasl) bobida Kashmir vodiysining tekislik
qismini ta’riflar ekan “Uzunligi 100 kuruh (1 kuruh taxminan 2 km atrofida),
kengligi ba’zi joylarda 20 kuruh, kamdan-kam yerlarda 10 kuruhga to‘g‘ri keladi.
Bu yurtlardagi yerlar to‘rt turga bo‘linadi: 1-sug‘oriladigan; 2-lalmikor; 3-
bog‘lar; 4-ko‘l va daryo sohillaridagi tekis maydonlar, bu yerlarda binafsha va
boshqa rango-rang gullar aralash beda o‘sib yotadi. Bu yerda namlik kuchli
bo‘lganidan ekin-tekin yaxshi bo‘lmaydi. Shuning uchun bu maydonlarga ishlov
berilmaydi, bo‘sh yotadi. Ammo bunday joylar Kashmirga ko‘rk beradi. Yozda
Kashmirning havosi behad yoqimli bo‘lganidan yelpig‘ichga hech qanday ehtiyoj
bo‘lmaydi. Mudom yengil shabada esib, uning yoqimli nasimi dilga rohat
bag‘ishlaydi… Kashmirda havoning qishki harorati nihoyatda mo‘tadil, qor ko‘p
yog‘ishiga qaramasdan po‘stinga ehtiyoj bo‘lmaydi chunki bu yerdagi sovuq uning
tabiiy iliqligini yanada his ettiradi, xolos…
Shaharda va tevarak atrofida qarag‘ay va sarv daraxti yog‘ochidan ishlangan
go‘zal imoratlar ko‘p, aksariyati eng kami besh qavatlik. Ularning har biri
dabdabali saroy, turar joy xonalari, ayvon, ravoqlar, g‘aroyib tarzda ishlangan
kirish yo‘laklariga egaki, bularni ta’riflashga qancha tirishmayin, qancha
urinmayin qo‘limdan kelmadi…
Bozor rastalari orasidagi yo‘llar va shahar ko‘chalariga silliqlangan toshlar
qoplangan. Kashmirning bozorlari boshqa shaharlardagiga o‘xshamaydi – bozor
rastalarida gazlama va mayda mollar do‘konlaridan bo‘lak do‘konlar yo‘q, har bir
hunarmand yoki kosib mollarni o‘z uyida tayyorlaydi. Odatda, bozorlarning ko‘rki
non, pardoz-andoz buyumlari, ichimliklar va turli oziq-ovqat mahsulotlari bilan
savdo qiluvchi do‘konlar bu yerda yo‘q. Kashmir shahrining aholisi soniga ko‘ra
katta shaharlarning aholisi bilan tenglashadi. Meva-chevalardan nok, shotut, gilos,
qarolidan boshqa hamma mevalar bor, ayniqsa, olmalari. Mevalar u yerda
istagancha topiladi.
Ajoyibotdan biri shuki, Kashmirda bargi uchun tut daraxti ko‘p o‘stiriladi,
bargi bilan pilla qurti boqib ipak yetishtiriladi. Lekin tut mevasini yeyishmaydi,
uni yeyish uyat sanaladi. Yana biri shuki, meva-cheva pishgan paytda uni
sotishmaydi va sotib ham olishmaydi, bog‘ning egasi ham, o‘zida shunday meva
yo‘q odam ham mevalardan birdek foydalanaveradi. Bog‘larga to‘siq
o‘rnatilmagan, meva uzishni hech kim man qilmaydi ” - deb yozadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |