www.ziyouz.com
kutubxonasi
91
ko‘zlarini kostyumi etaklari bilan artib-artib yig‘ladi.
— Ey xudo, men bir notavon bandangman! — dedi. —
Meniyam... yig‘ishtirib ol! Men g‘arib bandangniyam yig‘ishtirib ol-da qo‘y!
Botir firqa kostyumi yoqalariga yuz-ko‘zlarini artdi. Hiq-hiq eta-eta, peshonasini
bilaklariga ko‘ydi. O’pkasini bosolmay — hiq-hiq etdi. Yelkalari silkinib-silkinib — hiq-hiq
etdi. Ko‘zlarini yumib... og‘ir tin oldi.
Shunda, chala qolmish oyatni esladi. Tag‘in boshini ko‘tardi. Daftariga qaradi. Kaftlarini
duo uchun ochdi. Oyatni davomini o‘qidi.
Oyatlar... sukunatga singib-singib bordi:
— Nas’alulloha lana va lakamul ofiyata. Ollohum mag‘fir lahum, Ollohu marham
hum...
Shu vaqt turli-tuman ovozlar eshitildi. Ovozlar tobora yaqin keldi.
U yelkasi osha qaradi. Kaftlari muallaq ko‘yi qaradi. Ko‘zlarini pirpiratib qaradi.
Orqa tarafda bir-ikkita qora ko‘rindi. Qoralar yaqin-yaqin keldi. Birovini boshida... harbiy
kaska bo‘ldi. Birovini boshida... qizil askar telpagi bo‘ldi. Ikkovini-da qo‘lida... miltiq
bo‘ldi! Ular... miltiq peshlab-miltiq peshlab keldi!
Botir firqa yuzlarini o‘nglab oldi. Muallaq kaftlariga tikilib qoldi.
«KGB-KGB! — deya o‘yladi. — Bular KGB! Ko‘za kunda sinmaydi, kunida sinadi,
deganlari ana shu bo‘ladi. Men o‘rtoq Yagoda qilichlarini aylanib o‘tdim. Men o‘rtoq Yejov
o‘qlariga chap berdim. Men Lavrentiy Beriya qamoqlaridan eson-omon o‘tdim. Ana, ana
endi qo‘lga tushdim! Nihoyat qo‘llik bo‘ldim».
— Tur joyingdan, tur!
Botir firqa oldin bir tizza bo‘ldi. Keyin, ikki tizza bo‘ldi. Kaftlarini yerga tiradi. Ohista
qo‘zg‘oldi. Yelkalarini qisib, turdi. G’aribona turdi.
— Qo‘lingni ko‘tar!
Botir firqa qo‘llarini ohista ko‘tardi. Yelkalari osha qo‘tardi. Boshp uzra ko‘tardi.
— Qimirlama, otib tashlayman!
Botir firqa qotib qoldi. Raykom To‘raqulovni siymosiga qarab qotdi. Ikki ko‘zi
To‘raqulovni siymosida bo‘ldi, bor es-hushi orqa tarafda bo‘ldi.
«Men bu yerda oyat o‘qiyotganimni KGB qaerdan bildi ekan? — dedi. — Aytmoqchi, tosh
bitikchi! Padarla’nat tosh bitikchi! Demak, tosh bitikchi KGBni agenti ekan! Tosh
bitikchini ejakilab-ejakilab gap kovlashidan bilib edim. Bir gapi bor, deb o‘ylab edim.
Aniq, tosh bitikchi KGBni agenti, aniq! Endi nima bo‘ladi?»
— Pix-pix-pix!
— Paq-paq-paq!
Botir firqani yonidan birovi chopib o‘tdi. Izidan ikkinchisi quvib o‘tdi.
Birovini boshida harbiy kaska-tovoq bo‘ldi. Birovini boshida harbiy telpak —
choynakxalta bo‘ldi. Qo‘llarida miltiq — shoxcho‘p bo‘ldi.
Bolalar... urush-urush o‘ynadi!
Botir firqa... hammomdan chiqmishday yengil bo‘ldi. Botir firqa... yelkasidan bir qop
unni tashlamishday yengil bo‘ldi.
Qo‘llarini ohista-ohista tushirdi. Bolalarni ketidan qarab-qarab qoldi.
«Turq-tarovatidan... qayta quruvchi demokratlarni bolasi! — o‘yladi Botir firqa. —
Shunday, tana buzoqni turqi tuqqanidan tamg‘a!»
— T-fu! Itdan bo‘lgan qurbonlikka yaramaslar! — dedi.
Do'stlaringiz bilan baham: |