O‘z-O‘zini nazorat qilish savollari
1. Oliy malakali sportchilarga qanday shaxsiy fazilatlar xos?
2. Yuqori malakali sportchilarga qanday xarakterologik xususiyatlar xos?
3. Asab tizimining xususiyatlarini sanab bering?
4. Aksariyat oliy malakali sportchilar qanday asab tizimiga ega bo‘lishadi?
5. Siz sport faoliyatidagi individual uslub deganda nimani tushunasiz? Misollar
keltiring.
6. Oliymaqom chempionlar qanday fazilatlarga ega bo‘lishadi? (R.M. Zagaynov
ta’limotiga ko‘ra)
34.MAVZU.Sport trenerning boshqaruv uslubi va uning psixologik
tayyorgarlikdagi ahamiyati.
Reja:
1. Trener faoliyatining uslubi.
2. Jamoani boshqarish uslubi. Jamoani boshqarish avtoritar (markazdan boshqarish), demokratik
(kengash) va liberal uslublarining xususiyatlari.
3. Jamoani boshqarishda individual uslub xaqida tushuncha.
4. Boshqarish uslubi va jamoani sport faoliyatidagi muvaffaqiyati.
Har bir trenerning uzoq yillik ish faoliyati jarayonida sportchilar guruhini yoki
alohida sportchilarni boshqarish borasida faqat uning o‘zigagina xos bo‘lgan
individual boshqaruv uslubi shakllanadi. Boshqaruv uslubi deganda nimani
tushunmoq kerak? Boshqaruv uslubi deganda rahbarning jamoaga ta’sir qilishdagi,
sportchi yoki jamoani boshqarish maqsadida amalga oshiradigan usullari tizimi,
uslublari, yo‘llarining nisbatan qat’iy va barqaror mushtarakligini anglamoq kerak.
Psixologiyaga oid adabiyotlarda boshqaruvning bir-biridan keskin farq qiluvchi 3 ta
uslubini alohida ajratib ko‘rsatadilar va ular quyidagilardan iborat: avtokratik
(avtoritar, direktiv), demokratik (kollegial), liberal (o‘ta keng fe’llik, mehribonlik va
erkinlik asosidagi) boshqaruv usullari.
Avtokratik boshqaruv ish uslubi trenerning yolg‘iz o‘zi tomonidan
boshqarilishini anglatadi, ya’ni barcha qarorlarni qabul qilish faqat trener
zimmasida bo‘ladi. Avtokratik boshqaruv uslubida rahbarlik qiluvchi barcha
trenerlarning ta’siri asosan buyruqlar, ultimatum shaklidagi talablar, farmoyishlar
tarzida bo‘ladi.
O‘z qo‘l ostida shug‘ullanayotganlarga nisbatan ularning munosabatlari
mashg‘ulot ishtirokchilarining mustaqilligi, tashabbuskorligini bosib turish asosida
quriladi. Bunday trener temir intizomni hamda o‘z qo‘l ostidagilarining so‘zsiz
itoat qilishlarini xohlaydi. Berilgan vazifa va topshiriqlarni muhokama etilishiga
yo‘l qo‘ymaydi. Guruhning fikr-mulohazalari va takliflarini deyarli eshitmaydi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, bunday trenerlarning faoliyatida ham ayrim ijobiy
jihatlar mavjud bo‘lib, ayniqsa ularning sport mashg‘ulotlari asoslarini yaxshi
bilishida hamda ularning tashkilotchilik qobiliyatlarida namoyon bo‘ladi. Ular butun
guruhni muntazam ravishda nazorat ostida tutib turadilar. Barcha xatolarni va
kamchiliklarni, muvaffaqiyatli va muvaffaqiyatsiz xatti-harakatlarni birdek ko‘rib-
bilib turadilar. Shu sababli ham ular jamoada shaxs sifatida emas, balki asosan
ishbilarmonlik obro‘siga ega bo‘ladilar. Bunday trenerlar qo‘l ostidagi
sportchilarning o‘zaro ish yuzasidan munosabatlarini risoladagidek tashkil etgan
holda ularning shaxsiy munosabatlariga yetarli e’tibor qaratmaydilar. O‘z qo‘l
ostidagilari bilan munosabatda asosan savol berish va ular fikriga e’tiroz bildirish
bilan cheklanadilar. Ba’zan ularning murojaatlari, tanbeh va dashnomlarining
mavjud vaziyatlarda mutlaqo o‘rinsizligi ham kuzatiladi. Direktiv boshqaruv
uslubida ish yurituvchi trenerlar odatda o‘zining har qanday taklifiga rozi
bo‘laveradigan sportchilarga alohida hurmat va xayrixohlik bilan qaraydi. Shu
sababli ular boshqaradigan jamoalarda odatda o‘ziga xos “erkatoylar” mavjud
bo‘ladi va ular odatda o‘z o‘rtoqlari orasida har doim hurmat e’tiborga sazovor bo‘la
olmaydilar. Boshqa o‘quvchilari bilan avtokrat trenerlar muomalada muayyan
masofani saqlaydilar, o‘z o‘quvchilari bilan munosabatda ular samarali va bir
maromdagi ohangni topa bilmaydilar. O’quvchilari muvaffaqiyatsizlikka
uchraganda juda kuchli asabiylashadilar, xatto so‘kish, haqorat so‘zlarni ham qo‘llay
oladilar. Oqibatda sport jamoasida nosog‘lom psixologik muhit va mojaroli
vaziyatlar yuzaga keladi. Avtokrat trenerning shaxsiy sifatlariga quyidagilarni
kiritish mumkin: o‘ziga haddan ziyod ishongan, printsipial, talabchan, o‘zini tutib
tura bilmaydigan, mehribonlik tuyg‘usidan holi, turli mojaroli va nizoli vaziyatlarga
moyil.
Demokratik boshqaruv uslubi turli masalalarni va hamkorlikka oid takliflarni hal
etishda yetarli darajada muhokamalarga, kelishuvlarga izn beradi. Jamoaning
a’zolari qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilishga keng tarzda jalb etiladi. Biroq,
bunda trener hech qachon “O‘z izmi”ni sportchilarga mutlaqo berib qo‘ymaydi. U
o‘z qo‘l ostidagilarning shaxsiy munosabatlaridan ham yaxshi xabardor bo‘ladi. U
guruhdagi barcha a’zolar bilan bir xil muomalada bo‘ladi. Ularning birortasini ham
alohida ajratib yaxshi ko‘rmaydi yoki yomon ham ko‘rmaydi. Uning muloqotida
tarbiyaviy axborot ustuvorlik qiladi. U asosan iltimos qilish, maslahat berish, yo‘l-
yo‘riq ko‘rsatish shaklida o‘z boshqaruvini amalga oshiradi. Gap ohangi asosan bir
maromda, ba’zi hollarda esa hazil-mutoyiba va do‘stona muloqot turlaridan
foydalanadi. Demokrat trener hamisha bosiq, vazmin, xushmuomala bo‘lganligi
sababli qo‘l ostidagilari uning barcha talablarini bajonidil ado etadilar. Jamoa
a’zolarining faoliyatini nazorat qilar ekan, bunday trener o‘z e’tiborini mayda-
chuyda tashvishlarga emas, balki, asosiy masalaga qaratishga intiladi. Bunday trener
kasbiy jihatdan ham, shaxs jihatidan ham o‘quvchilari ko‘z o‘ngida katta hurmat-
e’tibor qozonadi. Demokrat trenerning shaxsiy fazilatlari quyidagilardan iborat:
muvozanatlilik, aniq maqsadni belgilay olish, o‘ziga va boshqalarga nisbatan
talabchanlik, rostgo‘ylik, xushmuomalalik.
Liberal boshqaruv uslubi trenerning jamoa faoliyatiga juda kam aralashishi bilan
izohlanadi. Bunday trener odatda mashg‘ulotlar jarayonida mashqlar va
qiyinchiliklarni tanlashda o‘z qo‘l ostidagilarga keng erkinlik beradi. Sportchilarga
maksimal darajadagi mustaqillikni berib, aksariyat hollarda o‘zi ham “ularning
izmida” bo‘ladi. Sportchilarning shaxsiy munosabatlarini yaxshi bilmaydi. O‘z qo‘l
ostidagi yetakchi va muayyan obro‘ga ega sportchilarning fikr – mulohazalariga
quloq soladi. Liberal trenerning sportchilar bilan muloqotida talab, maslahat,
tavsiyalar deyarli bo‘lmaydi. Ularning o‘rnini iltimos va kelishuvlar egallaydi. Qo‘l
ostidagilar tomonidan intizomni buzish, topshiriqlarni bajarmaslikka oid har qanday
tushuntirishlarni u hech qanday tanqidiy baholarsiz qabul qilaveradi. Liberal
trenerning shaxsiy fazilatlari: kirishimli, bosiq, birovni xafa qilmaydigan,
xushmuomala, xayrixoh, muomalada juda sodda, talabchanlikdan holi, haddan ziyod
bag‘rikeng. Yuqorida jamoani boshqarishning bir-biridan keskin farq qiluvchi 3 ta
uslubi keltirildi. Biroq, ulardan qaysi biri jamoani tarbiyalash, o‘qitish, uning sport
natijalarini yuksaltirish va hokazolar borasida samaraliroq degan haqli savol
tug‘iladi. Quyida biz ularning har biri haqida muayyan xulosalarni chiqaramiz.
Masalan, avtokratik boshqaruv uslubi bola va o‘smir yoshidagi sportchilar bilan
ishlash jarayonida u qadar samarali emas, deb topilgan. Sababi, bu uslub
mashg‘ulotda ishtirok etayotgan sportchilarning shaxs sifatida rivojlanishlariga
imkoniyat bermaydi. Biroq, sport musobaqalarining ekstremal vaziyatlarida
muayyan natijalarni qo‘lga kiritish uchun qisqa vaqt ajratilgan va qat’iy qarorlar
qabul qilish lozim bo‘lgan vaziyatlarda ushbu uslub jamoaning muvaffaqiyatli
tarzda guruh bo‘lib harakatlanishiga yordam berishi mumkin. Ba’zida yuqori toifali
sportchilarning o‘zlari avtokratik rahbarlarni o‘zlariga maqul ko‘radilar va ularni
saylaydilar. Binobarin, bunday rahbarlar sportchilar uchun shaxsiy mas’uliyat
hissini yengillashtirib, maqsadga nisbatan oddiyroq yo‘l bilan borish imkoniyatini
yaratadilar (V.Paranosich va L.Lazarevich). Demokratik boshqaruv uslubi bolalar
va o‘smirlar sport maktablari trenerllari uchun nihoyatda samaralidir. Zero, bu uslub
yoshlar va o‘smirlar bilan ishlash uchun nihoyatda qulay. Chunki ushbu uslubni
qo‘llash sportchilarda shaxs sifatidagi fazilatlarni rivojlantirishga, ularning ishidagi
tashabbuskorligini hamda uyushgan jamoani tashkil qilish qobiliyatlarini
rivojlantirishga xizmat qiladi. Biroq, bu uslubdan turli muhokama va munozaralarga
vaqt bo‘lmagan, juda zudlik bilan yagona va hamma uchun bajarilishi majburiy
bo‘lgan qarorlarni qabul qilish kerak bo‘ladigan vaziyatlarda foydalanib bo‘lmaydi.
Mashg‘ulotlar jarayonida faqat liberal uslubdan foydalanish ham yaxshi natija
bermaydi. Sababi, bunday ish yuritish orqali trener o‘z qo‘l ostidagilari oldida katta
obro‘-e’tibor qozona olmaydi. Bu esa o‘z navbatida trenerning ish faoliyatiga, uning
jamoani boshqaruviga, shuningdek jamoani uyushtirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib,
sportda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishiga to‘sqinlik qiladi. Liberal uslubdan
qisman, shunda ham boshqa uslublar bilan birgalikda, masalan, sportchilarni
reabilitatsiya qilayotgan paytda, ularni psixik zo‘riqishdan xalos etish paytida yoki
sportchilar jarohat olgan paytlarida foydalanish mumkin. Yuqorida bayon
etilganlardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, sport jamoasining boshqaruv
uslublari orasidan trener sportchilarning yoshini, shaxsiy fazilatlarini, mashq va
musobaqalar jarayonida yuzaga keladigan muayyan vaziyatlarni hisobga olgan
holda eng samaralisini tanlab olish, shuningdek bunda jamoaning rivojlanish
darajasi va sportchilar orasidagi o‘zaro munosabatlar xarakterini hisobga olishi
lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |