project.gov.uz 06.06.2022 62 134-modda. Qayta tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyekti-yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi Qayta tashkil etish yoʻli bilan tuzilayotgan tadbirkorlik subyekti-yuridik shaxsni davlat
roʻyxatidan oʻtkazish, davlat roʻyxatidan qayta oʻtkazish Tizim vositasida amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik subyekti-yuridik shaxs:
ajratib chiqarish yoʻli bilan qayta tashkil etilganda – qayta tashkil etilayotgan tadbirkorlik
subyekti-yuridik shaxsga nisbatan uning taʼsis hujjatlari bilan bogʻliq boʻlgan qayta roʻyxatdan oʻtkazish,
ajratib chiqarilayotgan tadbirkorlik subyekti-yuridik shaxsga nisbatan esa – yangidan tuzilgan
tadbirkorlik subyekti-yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish amalga oshiriladi;
qoʻshib olish yoʻli bilan qayta tashkil etilganda – qoʻshib olish amalga oshirilayotgan
tadbirkorlik subyekti-yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari bilan bogʻliq boʻlgan qayta roʻyxatdan oʻtkazish
Reyestrga qoʻshib olingan yuridik shaxs faoliyatini tugatish toʻgʻrisida yozuv kiritish bilan amalga
oshiriladi;
qoʻshib yuborish, boʻlish va oʻzgartirish yoʻli bilan qayta tashkil etilganda – yangidan tuzilgan
tadbirkorlik subyekti-yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish amalga oshiriladi.
Qayta tashkil etish yoʻli bilan tuzilayotgan tadbirkorlik subyekti-yuridik shaxslarni davlat
roʻyxatidan oʻtkazish tegishlicha Kodeksning mazkur paragrafida nazarda tutilgan tartibda amalga
oshiriladi.
Yangidan paydo boʻlgan yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish roʻyxatdan oʻtkazuvchi
organ tomonidan qayta tashkil etish natijasida tugatilayotgan aksiyadorlik jamiyatining chiqarilgan
qimmatli qogʻozlari bekor qilinganidan, shuningdek u Reyestrdan chiqarilganidan soʻng amalga
oshiriladi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazish, davlat roʻyxatidan qayta oʻtkazish uchun soʻrovnoma
yuborilishidan oldin qayta tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyekti-yuridik shaxs tomonidan kreditorlarni
tanishtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan shaklda xabarnoma
rasmiylashtirilib, Yagona portalda eʼlon qilinadi. Bunda koʻrsatilgan xabarnomani bosma ommaviy
axborot vositalarida eʼlon qilish talab etilmaydi.
Agar qayta tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyekti-yuridik shaxs aksiyadorlik jamiyati boʻlsa,
tegishli axborot qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining rasmiy
veb-saytida – Korporativ axborot yagona portalida, shuningdek aksiyadorlik jamiyatining korporativ veb-
saytida eʼlon qilinadi.
Qayta tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyekti-yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga
oʻzi kelgan holda davlat roʻyxatidan oʻtish, davlat roʻyxatidan qayta oʻtish uchun istalgan joydagi
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga murojaat etishi mumkin.