14.3. Operatsion audit ishlarini tashkil etish tartibi va o’tkazish ketma-ketligi
Auditni amaliy tashkil qilish masalalari va uslublarining zaifligini hisobga olib,
o’z ishimizda auditning uslubiy asoslarini takomillashtirish borasida, jumladan
operatsion audit uslubiy asoslarini ishlab chiqishga harakat qildik.
Buning uchun quyidagi muammolar hal qilinishi lozim, deb hisoblaymiz:
- operatsion auditni kimlar amalga oshiradi;
471
- operatsion auditda mustaqillik va ma’suliyat darajasi;
- baholash mezonlari;
- operatsion audit qirralari.
Operatsion audit asosan quyidagi ikki guruh mutaxassislaridan biri tomonidan
amalga oshiriladi:
1) ichki audit xizmati;
2) auditorlik tashkilotlari.
Ichki audit xizmati operatsion audit ishida alohida o’rin tutishadi, chunki
ba’zilar uchun «ichki xo’jalik auditi» va «operatsion audit» terminlari bir-birini
o’zaro almashtiruvchidir. Lekin, har qanday operatsion auditni ichki xo’jalik
auditorlari o’tkazishadi va ichki xo’jalik auditorlari faqat operatsion auditni
bajarishadi, degan xulosaga kelish noto’g’ri bo’ladi. Ichki xo’jalik auditi bilan
shug’ullanuvchi ko’pgina bo’limlar ham operatsion audit bo’yicha, ham moliyaviy
hisobot auditi bo’yicha ish bajarishadi. Operatsion auditni bajaruvchi auditorlarning
ustunligi shundaki, ular o’zlarining vaqtlarini asosan audit qilinayotgan kompaniya
uchun sarflaydilar. Shu bilan birga kompaniya va uning faoliyati xususida chuqur
bilimga erishadilar, bu esa samarali operatsion audit uchun juda muhimdir.
O’z faoliyatining samaraliligini maksimallashtirish uchun ichki xo’jalik audit
bo’limi kompaniyaning prezidenti yoki direktorlar kengashiga xulosa taqdim qilishi
lozim. Bundan tashqari ichki xo’jalik auditorlari direktorlar kengashining auditorlik
qo’mitasidan ketayotgan va kelayotgan ma’lumotlaridan foydalanish imkoniga ega
bo’lishlari kerak. Tashkiliy tizim ichki xo’jalik auditorlarining mustaqil bo’lib
qolishlariga yordam beradi. Masalan, agar ichki xo’jalik auditorlari bosh hisobchi
oldida hisob beradigan bo’lsa, u holda ularning mustaqil baho berishi va hatto bosh
buxgalter bajarayotgan muomalalarning samarasiga taalluqli ma’muriyat uchun
tavsiyanomalarni berish qiyinlashadi.
Ichki xo’jalik auditi sohasida faoliyat yurituvchi tashkilot - ichki xo’jalik
auditorlari instituti amaliyotchilarni boshqaruv materiallari bilan ta’minlash
maqsadida 1978 yilda «Ichki xo’jalik auditining amaliy andozalari»ni nashr qildi.
Ichki xo’jalik auditorlarining bajarishi lozim bo’lgan ishlar miqdoriga taalluqli bo’lim
- bu andozaning muhim qismini tashkil etdi. Bu miqdorni quyidagicha izohlash
mumkin:
- ichki xo’jalik auditorlari moliyaviy va amaliy axborot hamda vositalarning
haqiqiyligi va to’liqligi haqida qisqacha ma’lumot berishlari kerak;
- ichki xo’jalik auditorlari ichki xo’jalik nazorat tizimini ko’rib chiqib, uning
siyosat, reja, muolajalar, qonun va ko’rsatmalar bilan mosligini aniqlashlari lozim;
- ichki xo’jalik auditorlari resurslardan foydalanishning iqtisodi va
unumdorligini baholashlari kerak;
- ichki xo’jalik auditorlari rejalarning bajarilishi ko’zda tutilgandek amalga
oshirilayotganligini tasdiqlash uchun muomalalar va dasturlarni ko’zdan kechirib,
tekshirishlari lozim.
Auditorlik tashkilotlari. Auditorlik tashkilotlari moliyaviy hisobot auditini
bajarayotganda amaliy faoliyatning kamchiliklarini aniqlash va mijozga foyda
keltirishi mumkin bo’lgan tavsiyanomalar berish auditning alohida bo’laklari
472
hisoblanadi. Audit davomida tashqi auditorning mijoz faoliyatiga asos bo’ladigan
bilimlari, unga amaliy faoliyat bo’yicha tavsiyanomalarni shakllantirish uchun
muhim ma’lumotlarni to’plashga yordam beradi. Masalan, auditor mijozning tovarlar
zaxirasi aylanishi joriy yilda sekinlashganini aniqladi. Auditor buning sababini ham
aniqlashi mumkin. Bu jarayonda auditor amaliy sabablarni ko’rsatishi mumkin,
masalan, tovarlar zaxirasini to’ldirish bo’yicha siyosatning samarasizligi; xuddi shu
sababga auditor rahbariyatning e’tiborini qaratishi mumkin.
Mijoz ko’pincha o’z faoliyatining bir yoki bir necha maxsus tarmoqlarining
operatsion auditini o’tkazish uchun auditorlik tashkilotsi bilan shartnoma tuzadi.
Odatda, bunday shartnoma kompaniya o’z shtatida ichki xo’jalik auditorlariga ega
bo’lmasa yoki ichki xo’jalik auditi mutaxassislari u yoki bu tarmoq auditi tajribasiga
ega bo’lmasa tuziladi. Bunday maslahatlar berishni ma’muriyat ichki xo’jalik
auditorlariga emas, balki mustaqil auditorlik tashkilotlariga buyurtma beradi.
Masalan, kompaniya auditorlik tashkilotsiga o’z kompyuter tizimining unumdorliligi
va samaradorligini baholashni buyurtma berishi mumkin.
Operatsion auditni bajarishda ikki muhim sifat - bu mustaqillik va mas’uliyat
darajasidir.
Auditor xulosani kimga taqdim qilishi haqidagi masala tekshirish va
tavsiyanomalar hech bir og’ishsiz amalga oshirilayotganligini kafolatlash uchun juda
muhimdir. Auditorlik tashkilotlarida odatda mustaqillikni ta’minlash u darajada qiyin
emas, chunki unda ishlovchi xolis buxgalterlar audit o’tkazilayotgan kompaniyaning
xodimlari hisoblanmaydilar.
Operatsion auditorlarning javobgarlik jihatlari ham ularning mustaqilligiga
ta’sir qilishi mumkin. Auditor agar samarasiz va unumsiz muomalalar aniqlangan
bo’lsa, kompaniyaning amaliy funktsiyalari uchun javobgar emas. Masalan, agar
auditorlar ma’lumotlarini elektron qayta ishlash tizimining ishlab chiqarilishi uchun
javobgar hamda audit davomida undagi kamchiliklarni aniqlab tuzatish kiritsalar, u
holda ularning mustaqillik darajasi pasaygan bo’lardi.
Auditor muomalaga o’zgartirish kiritishni maslahat berishi mumkin, lekin
mas’ul xodim bunday tavsiyanomani qabul qilish yoki rad etish huquqiga ega bo’lishi
kerak. Agar auditorlar o’zlari bergan maslahatlarning amalga oshirilishini talab qilish
huquqiga ega bo’lganlarida, ular bajarilgan ishlar uchun keyingi auditda javobgar
bo’lib qoladilar. Shunday qilib, mustaqillik chegaralanib qolgan bo’lardi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shunday xulosaga kelish mumkin, ya’ni
mustaqillikni ta’minlovchi maxsus talablar quyidagilardir:
1) Auditorlar o’z auditorlik faoliyatlarida mustaqil bo’lishlari zarur. Bu talab
auditorlar o’z ishlarini erkin va ob’ektiv bajarishlari bilan ta’minlanadi. Mustaqillik
auditorlarga turli ta’sirlardan erkin va ob’ektiv bo’lgan fikrlarni berib, xulosa taqdim
qilish imkonini beradi. Bu esa audit uchun juda muhimdir. Bunga ob’ektivlik va
tashkiliy mavqe tufayli erishiladi.
2) Tashkiliy mavqe audit davomida aniqlangan kamchiliklar asosida samarali
harakatlar hamda tavsiyanomalar berish, chuqur tekshirishni, sohaning keng auditini
ta’minlash uchun etarli bo’lishi lozim.
473
3) Ob’ektivlik. Ob’ektivlik ichki xo’jalik auditorlaridan o’z vazifalarini
mustaqil, yuqori malakada haqqoniy bajarishlarini talab qiladi.
Amaliy qiyinchiliklarni aniqlash va kerakli tavsiyanomalar kiritish uchun
auditorlarga chuqur bilimlilik darajasi juda muhimdir. Bu - operatsion audit keng
qamrovli amaliy muammolar bilan bog’liq bo’lgan asosiy muammodir. Chunki ishlab
chiqarishda biror jarayonning unumdorliligi yoki bo’lmasa reklama dasturlarining
samaraliligini baholay oladigan malakali ichki xo’jalik auditorlarini topish qanchalik
oson emasligini tasavvur qilish qiyin emas. Shuning uchun, ichki xo’jalik auditorlari
shtatiga ishlab chiqarish bilan tanish bo’lgan yoki marketing bo’yicha etarli
tayyorgarlikka ega bo’lgan xodim kirishi lozim.
Operatsion audit jarayonida duch kelinadigan asosiy qiyinchilik - bu
unumdorlik va samaradorlikni baholash uchun maxsus mezonlarni tanlashdir.
Operatsion audit uchun mezonlarni aniqlash usullaridan biri - bu korxona
faoliyatining u yoki bu tarmog’i uchun erishilgan samaradorlik va unumdorlik
darajasini oshirish mumkinligini aniqlash imkonini beruvchi tasdiqdir.
Maxsus mezonlarni ishlab chiqish uchun foydalaniladigan manbalardan
quyidagilarni ko’rsatish mumkin:
- Mezonlarning sodda majmuasi o’tgan davrning haqiqiy natijalariga
asoslanadi. Bu mezonlar asosidagi fikr faoliyatning u yoki bu turi taqqoslanganda
«yaxshi» yoki «yomon»lashganligini aniqlashdan iborat bo’ladi. Bu mezonlarning
e’tiborli tomoni shundaki, ularni aniqlash oson, biroq, ular audit qilinayotgan xo’jalik
tizimi yaxshi yoki yomon faoliyat olib borayotganligi haqidagi chuqur tushunchani
berish imkoniga ega emas.
- Taqqoslama unumdorlik. Birlashma doirasida yoki undan tashqarida ko’plab
o’xshash xo’jalik tizimlari mavjudligi sababli audit qilinayotgan ob’ektlar o’z
tabiatiga ko’ra yagona emasdirlar. Bunday hollarda taqqoslanuvchi xo’jalik
sub’ektlarining unumdorligi haqidagi ma’lumotlar mezonlari ishlab chiqish uchun
manba bo’lib xizmat qiladi.
- Operatsion audit shartnomalarining ko’plab turlari uchun injenerlik
andozalariga asoslangan mezonlarni ishlab chiqish mumkin va maqsadga muvofiqdir.
Masalan, mahsulot ishlab chiqarish me’yorini aniqlash uchun yarimfabrikatlar
harakat marshrutini va vaqtini o’rganib chiqish. Bunday mezonlarni ishlab chiqishga
ko’p vaqt va mablag’ sarflanadi, chunki muhim ekspertiza talab qilinadi. Shunga
qaramay, bu mezon ishlab chiqarishning muhim muammosini hal qilishda g’oyat
samarali bo’lib, qilingan xarajatlarni qoplashi mumkin.
- Muhokama va kelishuv. Ba’zan ob’ektiv mezonlarni ishlab chiqish qiyin
bo’ladi. Bunday hollarda ular muhokama va kelishuv yo’li bilan qabul qilinadi. Bu
jarayonda esa audit qilinayotgan mijoz ma’muriyati, operatsion auditor hamda
auditorlik xulosasi taqdim qilinishi kerak bo’lgan tashkilot yoki shaxslar ishtirok
etadilar.
Operatsion audit qirralari. Operatsion auditning uch qirrasi mavjud:
rejalashtirish; ma’lumotlar to’plash va baholash; xulosa yasash va uni taqdim qilish.
Rejalashtirish. Moliyaviy hisobot auditida bo’lgani kabi, operatsion auditor
shartnoma sohasini aniqlab, mijozga ma’lum qilishi lozim.
474
Operatsion auditni rejalashtirish bilan moliyaviy hisobot auditini rejalashtirish
o’rtasidagi asosiy farq - bu operatsion audit jarayonidagi tekshirishlarning xilma-
xilligidir. Shuning uchun, operatsion auditning aniq maqsadlari to’g’risida biror
echimga kelish juda qiyin. Bu maqsadlar berilgan shartnoma uchun ishlab chiqilgan
mezonlar asosida aniqlanadi. Bu maqsadlar esa aniq sharoitlardan kelib chiqadi.
Masalan, kassalar ustidan ichki xo’jalik nazorat tizimi samaraliligining operatsion
auditi maqsadlari rivojlanish va tadqiqot bo’limining mehnat unumdorligi auditi
maqsadlaridan tubdan farq qiladi.
Ma’lumotlar to’plash va baholash. Ichki xo’jalik nazorat tizimi va amaliy
muolajalar operatsion auditning nozik qismini tashkil qilgani sababli, odatda mijozlar
fikrini so’rash va kuzatish, hujjatlaridan foydalanish qabul qilingan. Operatsion audit
uchun arifmetik aniqlik u darajada muhim emas, chunki aniqlik - operatsion
auditning maqsadi emas.
Xulosa yasash va uni taqdim qilish. Operatsion audit bilan moliyaviy hisobot
auditi o’rtasidagi ikki asosiy farq operatsion audit bo’yicha xulosaga o’z ta’sirini
o’tkazadi. Birinchidan, operatsion auditda xulosa, odatda, faqat ma’muriyatga taqdim
qilinsa, uning nusxasi qaysi tashkilot uchun audit o’tkazilgan bo’lsa, o’sha
tashkilotga yuboriladi. Uchinchi tomonning, ya’ni foydalanuvchilarning yo’qligi
operatsion audit xulosalarida standart sharhlar zaruriyatini chegaralaydi. Ikkinchidan,
bu tipdagi auditda amaliy tekshirishlarning xilma-xilligi xulosaning shunday
tuzilishini talab qiladiki, u o’z ichiga audit sohasi to’g’risidagi ma’lumotni, topilgan
kamchiliklar va tavsiyanomalarni olishi kerak.
Yuqoridagilardan shunday xulosa chiqadiki, xulosa yozish ko’p vaqt talab
qiladi, chunki u o’z ichida audit davomida aniqlangan haqiqat va tavsiyanomalarni
ma’lum qilishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |