KIRISH
Kuzatish va tajribalar shuni ko‘rsatyaptiki, uzluksiz ta’lim tizimining barcha
bosqichlarida o‘quvchining og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirishga ajratilgan
soatlar miqdori yetarli bo‘lsa-da, o‘quvchilaming mustaqil yozma nutqlari to‘liq
shakllanishi borasida natijalar yetarli emasligi ma'lum bo‘lib qolmoqda. Buning
asosiy sabablaridan biri hozirgacha inshoni tashkil etishning ilmiy-metodik asoslari
to‘liq ma’noda ishlab chiqilmaganligidir.
Bola asosan 6-7 yoshgacha bilishi lozim bo‘lgan asosiy narsalarni bilib
bo‘ladi. Biroq bunda bola ko‘proq taqlid qilish yo‘li bilan bilim to‘playdi.
Maktabga ilk qadamni qo‘ygach, endi o‘qish va yozish jarayonining o‘zidayoq u
chinakamiga “bilim oluvchi kishi”ga aylanadi. Dastlabki sinflardan boshlab erkin
munosabatni yuzaga keltirish, erkin fikr bildirish qobiliyati o‘qituvchi yordami va
hamkorligida yuzaga keltirila boshlanadi. Buning uchun avvalo, kichik qiziqarli
matnlarni qayta hikoya qilib berish, rasmli bayon, kichik matnlarga asoslangan
bayon va o‘quvchilar qiziqishidan kelib chiqadigan kichik matnli insho rejasi va
matnini yaratish imkoniyatlarini tashkil etish talab etiladi.
Hozirgi paytda o‘quvchi bilimini baholashning turli nazariyalari ishlab
chiqilgan bo‘lsada, inshoning o‘quvchi tafakkuri shakllanishi, uning ruhiy va fikriy
kamoloti yuksalishidagi o‘rni chuqur tadqiq etilmagan. Inshoni tashkil etishning
ilmiy-nazariy asoslari borasida shu paytgacha keng ko‘lamli tadqiqotlar olib
borilmagan.
O‘zbekistonda ta’limni isloh qilish tizimning barcha turlarida maqsad va
vazifalarni qayta ishlab chiqish bilan mahkam bog‘langan. Xalqaro aloqalar
ko‘lamining kengayib borayotgan sharoitida jamiyatning barcha sohalarida o‘z
fikrini og‘zaki va yozma ravishda erkin bayon qila oladigan yuqori malakali
mutaxassislarga ehtiyoj va talab ortib boradi. Ayniqsa, kelajak avlodda o‘z fikrini
nutqning har ikki turida ham erkin bayon qila olishida muhim bosqich bo‘lgan
boshlang‘ich ta’lim sohasida etuk mutaxassislarni etishtirish oliy ta’limning
dolzarb masalalaridan biridir. Shu munosabat bilan yozma nutqning eng oliy
ko‘rinishi bo‘lgan insho va uni yozishning tartib-qoidalarini o‘rganish va
o‘rgatishga asoslangan hamda yo‘naltirilgan ta’limni maqsadli tashkil etish
masalasi kelib chiqadi. Ushbu muammoning echimi Davlat ta’lim standartlari va
ta’limga oid davlat hujjatlarida belgilab qo‘yilgan.
O‘quvchilar ijodiy faolligini oshirish, ularning mavjud masalani tahlil qila
olish qobiliyatini rivojlantirish, bu masalaga doir gipotezalarini ilgari surish va o‘z
fikrini dalillay olish, qo‘yilgan muammoni echishga qaratilgan ta’lim usullaridan
biri tanqidiy tafakkur hisoblanadi. Bundan kelib chiqadiki, bugungi kunda
pedagogdan faqat bilim berish emas, balki o‘quvchilarga ma’lumotlarni izlashda
yordamlashish, ularni o‘zaro solishtirish, baho berish va keng ko‘lamli
axborotlardan keraklisini saralashni ham o‘rgatishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: