Tashqi va ichki kuzatishning birligi
Lekin odam psixikasini faqat o‘z-o‘zini kuzatish metodi bilan o‘rganib bo‘lmasa, faqat
tashqi kuzatish yo‘li bilan, ya’ni o‘z-o‘zini kuzatish ma’lumotlari bilan bog‘lanmasligi ham
mumkin emas. O‘z-o‘zini kuzatish metodining ahamiyatini tamomila inkor qilish – odamning
yuksak darajadagi bilish qobiliyatiga, ijodiy qobiliyatiga, ongiga ishonmaslik demakdir. Boshqa
kishilarni kuzatishning hususiyati shundaki, tadqiqotchi shu kishilar xulq-atvorining tashqi
ko‘rinishlarini idrok etar ekan, ko‘nglidan kechayotgan hislarini bir qadar biladi. Shu sababli
psixolog tashqaridan kuzatish yo‘li bilan va o‘z-o‘zini kuzatish ma’lumotlariga tayanib, odamning
turli xatti-harakatlarini tasvir etish bilangina kifoyalanib qolmay, balki umuman psixik hayot
hodisalari haqida, ularning tashqi va ichki (sub’ektiv) ko‘rinishlari haqida xulosalar ham chiqarishi
mumkin. Tadqiqotchi psixolog kishilar bilan muomala qilishda turmush tajribasiga va ilmiy
tekshirish ishlarida yetarli amaliyotga ega bo‘lganida psixik hayotning tashqi ko‘rinishlarini kuzatar
ekan, psixik jarayonlarning sub’ektiv suratda qanday kechishini ham ozmi-ko‘pmi ocha oladi.
Masalan, tafakkurni kuzatish yo‘li bilan tekshirganimizda ko‘z, yuz muskullaridagi xilma-xil
harakatlarni va turqining o‘zgarishini qayd qilibgina qolmay, balki, shu bilan birga, shu tafakkur
jarayonlari qanday zabt va qanday tezlik bilan ro‘y berishini ham bir qadar bila olamiz. Modomiki
tafakkur jarayonlari tashqi muhitda o‘z ifodasini topar ekan, tafakkurning mazmunini bila olamiz,
tafakkur jarayoni qay shaklda ro‘y berayotganini, masala qanday kelib chiqayotgani, masalani
echish jarayoni qanday borayotganini ham kuzata olamiz.
Kuzatish metodi psixik hodisalarni faqat tasvir etish imkonini berish bilangina cheklanib
qolmay, balki shu hodisalarni tushuntirish, ya’ni ularning tevarak-atrofdagi muayyan tarbiyaga,
odamning faoliyat xarakteriga, organizmning umumiy ahvoliga va nerv sistemasining ishlash
hususiyatlariga bog‘liq ekanligini ochib tashlash imkonini ham beradi.
Odamzod faoliyatining xar xil turlarida psixikani tekshirish uchun kuzatish metodidan
foydalaniladi. Kuzatish yordami bilan bolalar psixikasi ham ularning o‘yin, o‘qish va mehnat
faoliyatida bemalol tekshirib o‘rganiladi. Pedagog, ta’lim va tarbiya jarayonida o‘quvchilarning
yosh va individual hususiyatlarini tekshirib o‘rganishda ana shu metoddan foydalanadi.
Kishilarning psixik sifatlari: tashabbuskorligi, ijodiy tafakkur jarayoni, yangilikni
bayon qilishi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga etish yo‘lida sabr-matonat ko‘rsatishlari kuzatish yo‘li
bilan tekshirib o‘rganiladi. Fabrika-zavod sexlarida, kolxoz dalalarida, sotsialistik xo‘jalik va
madaniyatimizning boshqa sohalarida ishlayotgan sovet kishilarida biz shunday sifatlar namoyon
bo‘lishini ko‘ramiz.
Psixologiyada kuzatish metodi odam hayoti va faoliyatining odatdagi sharoitidagina emas,
balki shu bilan birga klinika sharoitida psixikaning kasallik oqibatida o‘zgarganligini tekshirishda
ham qo‘llaniladi. Ayni vaqtda kasallikni tekshirish uchungina emas, shu bilan birga odamning
normal ahvolidagi psixik hodisalarni yaxshiroq tushunib olish uchun ham klinik kuzatish
ma’lumotlaridan foydalaniladi.
Kuzatish daftarga yozib boriladi, oxirida tahlil qilinib, psixologik xarakteristika yozish bilan
tugatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |