1-amaliy mashg’ulot. Umumiy qoidalar, Ko‘prik variantlarini loyihalash
ishlarining ketma-ketligi, Mahalliy sharoitlar va konstruksiyalashning
umumiy masalalarini yechish.
Umumiy qoidalar.
Ko‘prikning konstruktiv sxemasini loyihalashda
uning bosh o‘lchamlarini belgilash, oraliq qurilmalarning eng maqbul
uzunliklarini asoslash, zamin va tayanchlarning, oraliq qurilmalar
sistemalarining, tayanchlar va oraliq qurilmalar materiallarining eng ratsional
turlarini tanlab olish kompleks muxandislik masalasidir. Ushbu masalani
to‘g‘ri echish inshootning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga va, asosan,
ko‘prik qurilish narxiga, uning ishonchliligiga, uni ekspluatatsiya qilish
qulayligiga va tashqi ko‘rinishiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Daryolar ustidan ko‘prik kechuvlarini loyihalashda, odatda, ko‘prik
ostidagi suvning hisobiy sarfini o‘tkazishni ta’minlaydigan jonli kesimga
asoslaniladi. Ko‘prikning sof oralig‘i suvning yuqori sathi gorizonti bo‘yicha
o‘lchanadi. Ushbu kattalik o‘zanning konfiguratsiyasini, oqimning siqilish
koeffitsientini, ruxsat etilgan yuvilishni va qayirlardagi gruntning kesilishini
hisobga olgan holda tayanchlar orasidagi sof oraliqlar yig‘indisidan iborat
bo‘ladi. Yuvilish koeffitsientalarini va gruntlarni qirqish yuzalarini normalar
ruxsat etgan chegaralarda o‘zgartirib ayni bir ko‘prik o‘tuvi uchun turli
o‘lchamlarni, sof oraliqlarni olish mumkin. Maqsadga eng muvofiq variantni
tanlab olishda ko‘prikning sof oralig‘ini qisqartirish uning umumiy uzunligini
kamaytiradi, lekin ayni paytda ko‘prik ostidagi suv oqimining tezlashishi
oqibatida tayanchlar atrofida gruntning yuvilish chuqurligi kattalashib ketadi.
Bu hol tayanchlar zamini konstruksiyasini murakkablashishiga va
qimmatlashishiga olib keladi. Bundan tashqari, bunday hollarda ancha
murakkab va qimmat oqimni yo‘naltiruvchi dambalar (to‘g‘onlar) qurishga
ham to‘g‘ri keladi.
Estakada, viaduk va yo‘l o‘tkazgichlar kabi ko‘priksimon inshootlarni
loyihalashda, odatda, ularning umumiy uzunligi loyihalash topshirig‘ida
berilgan bo‘ladi. Ularning umumiy uzunligi umumiy planirovka
mulohazalaridan (shahar estakadalari va yo‘l o‘tkazgichlari) yoki joyning
relefi va balandligi katta bo‘lgan yaqinlashuv ko‘tarmasi va ko‘prik
konstruksiyasining narxlarining nisbati bilan aniqlanadi (viaduklar uchun).
Ko‘prik inshootining konstruksiyasini loyihalash, odatda, uning bir qator
bo‘lishi mumkin bo‘lgan variantlarini ishlab chiqishdan boshlanadi.
Variantlarni ularning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘zaro
taqqoslab, berilgan mahalliy sharoitlar uchun inshootning maqsadga eng
muvofiq varianti tanlab olinadi.
Hozirgi paytda, ko‘priklarni loyihalashda, ushbu inshootining variantlarini
ishlab chiqish va ularni o‘zaro taqqoslab eng to‘g‘ri qaror qabul qilishning
birdan-bir uslubidir. Ko‘prik konstruksiyalarini tanlashga ta’sir qiladigan
faktorlar (omillar) shunchalik ko‘p sonliki, odatda, berilgan mahalliy sharoitlar
uchun inshootning qanday sxemasi eng ratsional bo‘lishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri
javob olishning iloji bo‘lmaydi. Shu sababli, bir vaqtning o‘zida ko‘prik
konstruksiyasining bir necha variantini ishlab chiqishga to‘g‘ri keladi. Bunda
ushbu konstruksiyalarning sxemalari, bir tomondan, mahalliy sharoitlardan
(geologik, gidrologik, kema qatnovi, ishlab chiqarish va boshqa) kelib chiqib
tamoman mantiqiy mulohazalar asosida qabul qilinadi, boshqa tomondan esa,
u yoki bu konstruktiv qaror mutahassislarning ijodiy tashabbusi asosida qabul
qilinadi.
Shunday qilib, ko‘prik variantlari konstruktiv sxemalarini tuzish ko‘p
tomondan ijodiy akt (hodisa) hisoblanadi, ammo ba’zida ixtiro elementlarini
ham o‘z ichiga olishi mumkin.
Aytib o‘tish kerakki, variant loyihalashning ba’zi masalalarini (masalan,
eng maqbul oraliq uzunligini, qatnov yuqoridan bo‘lganda oraliq qurilmalar
bosh to‘sinlarining ratsional sonini, fermalar panellarining sonini aniqlash,
oraliq qurilmalarning berilgan turi uchun tayanchlar zamini konstruksiyasini
tanlash) echish uchun zamonaviy kompyuter dasturlaridan ham foydalanish
mumkin bo‘ladi.
Ammo, kompyuter dasturlaridan foydalanish ba’zi bir hollarda turli
echimlarga keltirishi, ya’ni eng ratsional variantni tanlashda bir qator
muammolarga ham olib kelishi mumkin.
Masalan, variant narxi jihatidan eng maqbul bo‘lishi mumkin, ammo
tanlangan ko‘prik konstruksiyasi noyob bo‘lgan metallning ko‘p sarfini yoki
qurilish tashkiloti ega bo‘lmagan maxsus montaj qurilmalarini yoki jihozlarini
talab qilishi mumkindir. Bunday variant ayniqsa shahar ko‘piklari uchun
arxitektura talablariga ham javob bermasligi mumkin.
Shunday qilib, kompyuter dasturlaridan foydalanilganda ham odatdagi
loyihalash uslublaridan voz kechib bo‘lmaydi, chunki unda mahalliy
sharoitlarning barcha shartlarini jamlab ma’lumotlar sifatida kompyuter
dasturiga kiritishning iloji har doim ham bo‘labermaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |