4. Siddiq Rajabov (1910—1993)
Siddiq Rajabov Respublikamizda xalq maorifining rivojlanishiga pedagogika ilmining
taraqqiyotiga, ixtisosli pedagogik kadrlar tayyorlash ishiga katta hissa qo‘shgan, dastlabki pedagogika
fanlari nomzodi, dastlabki pedagogika fanlari doktori, professor va dastlabki akademikdir.
Siddiq Rajabov 1910 yil 1 aprelda Qozog‘istonning Avliyo-ota (hozirgi Jambul) shahrida
kambag‘al-kosib oilasida tug‘ildi. Uning otasi Rajab aka yamoqchilik bilan kun ko‘rar, lekin shunday
bo‘lsa ham oilaning bosh farzandi Siddiqning o‘qib, ilm olishini orzu qilar edi. Rajab aka o‘g‘lini yangi
maktabga o‘qishga berdi. Lekin ko‘p o‘tmay ota vafot etdi. Ota vasiyati va ilmga bo‘lgan ishtiyoq unga
to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib berdi.
1926 yilda o‘n olti yoshli Siddiq Rajabov g‘ayrat bilan o‘qishga, mehnat qilishga kirishdi. Shahar
yoshlarining xalq o‘rtasida olib borgan madaniy-oqartuv ishlarida faol qatnashdi.
1927 yilda Farg‘ona pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirdi. 1930 yilda bu bilim yurtini
muvaffaqiyatli tamomladi. Bilim yurtini tugatgandan so‘ng Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumaniga
ishga yuborildi. U shu tumandagi Avg‘onbog‘ qishlog‘ida boshlang‘ich maktab ochadi, shu maktabda ham
muallimlik, ham mudirlik vazifasini bajaradi.
1930 yilda Farg‘ona pedagogika institutiga kirgan S.Rajabov 1933 yilda institutning ijtimoiy-
adabiyot fakultetini imtiyozli tugatdi. S.Rajabovni institut Ilmiy kengashi pedagogika kafedrasiga assistent
vazifasiga tavsiya etdi.
Ana shu davrda bo‘lajak olim Farg‘ona shahridagi “O‘zbekiston besh yilligi” ishchi fakultetida,
ayni paytda Hamza nomidagi pedagogika bilim yurtida direktorlik vazifasini bajardi.
S.Rajabov pedagoglar jamoasi va talabalar e’tibori hamda faoliyatini bilim yurti oldida turgan eng
muhim masalalarga — maktablarga hamma fanlardan dars bera oladigan, pedagogikaning ilmiy asoslarini,
ta’lim mazmuni, tamoyillari va metodlarini puxta egallab olgan yosh mutaxassislarni tayyorlash ishiga
qarata olgan edi.
Ana shu davrlarda Ya.A.Komenskiy, K.D.Ushinskiy, L.N.Tolstoy, H.H.Niyoziy, A.Avloniy kabi
atoqli pedagoglarning asarlarini qunt bilan o‘rgandi. Egallangan bilimlar va to‘plangan tajribalar asosida
mahalliy matbuotda S.Rajabovning dastlabki pedagogik maqolalari chiqa boshladi. Maqolalarda maktablar
istiqboli, tarbiya masalalari, yosh pedagog mutaxassislar tayyorlash haqida bahs yuritilar edi.
Ilmga bo‘lgan ishtiyoq S.Rajabovni O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti
huzuridagi aspiranturaga yetakladi. U 1934—37 yillarda aspiranturada tahsil ko‘rdi va pedagogika fanining
eng muhim muammolari ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. Uni respublikamiz xalq maorifining
taraqqiyoti va bu taraqqiyotning ob’ektiv qonuniyatlari, xalq maorifining rivojlanish istiqbollari, yoshlar
tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar qiziqtirar edi.
U aspiranturani tamomlagach, O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutiga ilmiy
xodim va Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika instituti pedagogika kafedrasiga o‘qituvchi qilib
tayinlandi. Yosh olim ilmiy tadqiqot ishini pedagogik faoliyati bilan qo‘shib olib bordi. Shu yillarda
S.Rajabov kechki pedagogika instituti direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida hamda
yosh o‘qituvchi sifatida mutaxassislar tayyorlashda katta faoliyat ko‘rsatdi, o‘z ishini puxta bilgan rahbar,
yetuk ilmiy xodim va mahoratli o‘qituvchi sifatida elga tanildi. Yosh olim matbuotda tez-tez ilmiy,
pedagogik, publisistik maqolalari bilan chiqa boshladi. Shu yillarda u “XIX asr va XX asr boshlarida
Buxoroda maktab va maorif taraqqiyoti ocherki” asarini yozib tamomladi. 1941 yilda ana shu mavzuda
nomzodlik dissertatsiyasini respublikada birinchi bo‘lib muvaffaqiyatli himoya qildi. S.Rajabov 1942 yilda
“Qizil O‘zbekiston” gazetasiga muharrir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu ishda o‘zining ijodiy va
tashkilotchilik qobiliyatini ko‘rsata oldi.
Shunisi muhimki, S.Rajabov qaerda ishlamasin xalq ta’limi va pedagogik masalalardan
uzoqlashmadi, aksincha, yosh avlodni yuksak vatanparvarlik va baynalmilallik ruhida tarbiyalash
masalalari bilan qiziqib, qator ilmiy maqolalar nashr etdi, pedagogika tarixiga, xalq maorifi taraqqiyotiga,
shuningdek, yirik pedagoglarning merosini o‘rganishga oid risolalar yaratdi.
S.Rajabov 1947 yilda Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika instituti pedagogika kafedrasiga
mudir qilib tayinlangandan keyin uning o‘z ilimiy pedagogik faoliyatini yanada rivojlantirishga keng
imkoniyat yaratildi. U o‘z atrofiga pedagogika ilmi muxlislarini to‘plab, yirik pedagogik muammolarni hal
qilish va o‘rganishga boshchilik qila boshladi, respublikamizda pedagogika fanini yangi taraqqiyot
bosqichiga ko‘tarishda jonbozlik qildi.
1961 yilda Siddiq Rajabov O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutiga direktor qilib
tayinlandi. Olim mazkur institutga olti yil rahbarlik qildi. Institutni yuqori malakali mutaxassis xodimlar
bilan ta’minlash, olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarini hayotga—maktab amaliyotiga yaqinlashtirishga
boshchilik qildi hamda tadqiqot natijalarini o‘quv-tarbiya jarayoniga tatbiq etish bo‘yicha bir qator
tadbirlarni amalga oshirdi.
Ta’kidlash joizki, S.R.Rajabov faqat rahbarlik faoliyati bilan cheklanib qolmadi, aksincha, 1958—
1966 yillarda 50 dan ortiq ilmiy va o‘quv-metodik ishlar muallifi bo‘ldi. Chunonchi, “L.N.Tolstoyning
pedagogik faoliyati haqida”, “Pedagogika fanining yangi vazifalari”, “Pedagogika nazariyasi va tarixiga
oid ilmiy-ommabop maqolalar to‘plami”, “Darsda o‘quvchilar aktivligini oshirish yo‘llari”,
“Tadqiqotchilarning kuchini birlashtiraylik”, “Ta’lim berib tarbiyalaylik, tarbiyalab ta’lim beraylik”, “Eng
sharafli burchimiz”, “Maktab haqida g‘amxo‘rlik — umumxalq ishi”, “O‘zbekistonda xalq maorifi”,
“Pedagogika fanining ravnaqi uchun” kabi ishlari, shuningdek, 1962, 1966 yillarda nashr qilingan
“Pedagogika” darsliklariga hammuallif bo‘ldi.
Bu davrda olim pedagogika fanini chin qalbdan sevgan mutaxassislarni, ko‘pgina iqtidorli yoshlarni
o‘z atrofiga chorladi. Yosh olimlarga hamisha yordam berib keldi. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-
quvvatlash uning hayotiy e’tiqodi va turmushining mazmuniga aylanib ketdi. Shu bois M.Ochilov (1962
yil), F.Abdullaev (1962 yil), K.X.Hoshimov (1964 yil), S.R.Rahimov (1964 yil), A.Ahmedov (1965 yil),
B.Nurlibekov (1965 yil), M.Ahmedova (1965 yil), T.Mo‘minjonov (1966 yil), S.N.Nurmatov (1966 yil),
A.K.Tyulenov (1966 yil), D.A.Urumbaev (1966 yil), S.X.Fayzulina (1966 yil) kabi ilm-fanda o‘z yo‘lini
topib olgan iqtidorli yoshlar olim rahbarligida nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar.
Shuningdek, professor S.Rajabov ilmiy maslahatchiligida doktorlik dissertatsiyalari tayyorlana boshlandi
va bu sohadagi dastlabki ish himoya qilindi.
Umuman Siddiq Rajabovning O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutidagi faoliyati
mazkur institut tarixida katta iz qoldirgan. Olim rahbarligida, u bilan hamkorlikda ishlagan ko‘plab ilmiy
xodimlar o‘sha yillarni eslar ekanlar. S.Rajabov haqida, uning rahbarlik faoliyatini mamnuniyat bilan tilga
oladilar.
1964 yilda S.Rajabovning ilmiy pedagogik faoliyatiga yuksak baho berilib, unga “Respublikada
xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoni berildi.
S.Rajabov 1966—1990 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti “Umumiy
pedagogika” kafedrasining katta jamoasiga boshchilik qildi. U kafedra a’zolarining har biriga murabbiy,
ustoz edi. Bugina emas, olim o‘qituvchi mutaxassislar tayyorlash sohasida fidokorona mehnat qilayotgan
hamkasblari — institutning yetuk olimlari bilan bir qatorda o‘rta va oliy ta’limga aloqador juda ko‘p
muammolarni hal qilishda faoliyat ko‘rsatdi.
Professor S.Rajabovning ushbu institutdagi chorak asrlik uzluksiz ilmiy-pedagogik faoliyati alohida
muhim davr bo‘ldi:
Ilmiy-pedagogik muammolarni hal qilishga alohida birinchi navbatda kafedrani yuqori malakali
ilmiy-pedagogik xodimlar bilan ta’minlash, ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar sifati va samaradorligini
oshirish, qolaversa, kafedra jamoasining ilmiy va metodik saviyasini yuqori ko‘tarish kabi masalalar hal
qilina bordi.
S.Rajabov bu davrda juda ko‘plab metodik muammolarni kafedra a’zolari va ilmiy jamoatchilik
tomonidan muvaffaqiyatli hal qilinishiga boshchilik qildi. Xususan, didaktika — ta’lim nazariyasi, xususiy
metodika, tarbiya nazariyasi va metodikasi, shuningdek maktabshunoslikning dolzarb muammolariga
aloqador asarlar yaratdi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, olim bu davrda o‘z ilmiy faoliyatini bir necha yo‘nalishlarda olib
bordi. Jumladan, pedagogika fanining metodologik muammolari, odob-axloq va tarbiya masalalari, oliy
ta’lim didaktikasi, pedagogika tarixini o‘rganish va uning rivojlanish istiqbollarini tahlil etish masalalari
ilmiy faoliyatida markaziy o‘rin tutdi.
Amalga oshirilgan ilmiy-ijodiy ishlar natijasi sifatida olimning 300 ga yaqin ilmiy, ilmiy-ommabop
maqolalari, risolalari, qo‘llanmalari, darslik va monografiyalari e’lon qilindi.
S.Rajabov Sharq mutafakkirlari pedagogik merosini o‘rganish masalalariga o‘z faoliyatida katta
o‘rin berdi. Uning A.Navoiy, Z.M.Bobur singari mutafakkirlarning pedagogik qarashlari haqidagi
maqolalari muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, U.K.Hoshimov bilan “O‘zbekistonda pedagogik fikrlar
antologiyasi” (Moskva: Pedagogika nashriyoti 1986 yil)ning tuzuvchilaridan hisoblanadi. Bu antologiya
O‘zbekiston va sobiq Ittifoqdagi barcha millatlarga, ayniqsa, rusiy zabon millatlarga O‘rta Osiyo qomusiy
olimlarining hayoti, ta’lim-tarbiya sohasidagi g‘oyalaridan ma’lumot beruvchi muhim manba sifatida
qimmatlidir.
S.Rajabov o‘zining asosiy ishini jamoat ishlari bilan muntazam bog‘lagan holda olib bordi. U
1961—1988 yillarda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligining hay’at a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. U
vazirlik tomonidan xalq ta’limi tarmog‘ini yanada kengaytirish, maktablarda o‘quv-tarbiya ishlarini davr
talablari darajasiga ko‘tarish borasida amalga oshirilayotgan hamma tadbirlarda bevosita qatnashib keldi.
S.Rajabov pedagogika fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi bir necha ixtisoslashgan Ilmiy
kengashlarning raisi hamda Dushanbe Davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengash
a’zosi sifatida katta faoliyat ko‘rsatdi.
Siddiq Rajabovning ko‘p qirrali jamoatchilik faoliyatida uning respublika pedagogika jamiyati
markaziy Kengashi Prezidiumiga raisligi asosiy o‘rin egallaydi.
Siddiq Rajabovning pedagogika fani va xalq ta’limi ravnaqi yo‘lidagi mehnatlari hukumat va
xalqimiz tomonidan yuksak baholandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |