www.ziyouz.com kutubxonasi
249
etaversa? Axir bir men emas, o‘nlab zakovatli olimlar, hunarpeshalar, shoirlar jaholat
dovuli bilan Movarounnahru Xurosondan quvilmishlar. Ilgari qora kuchlar bizni
Andijondan quvsalar, Samarqanddan panoh topar edik. Samarqand johillari kun
bermasalar Hirotdan najot izlar edik. Endi Andijonu Samarqand ham, Buxoroyu Hirot
ham — barchasi ko‘chmanchi sultonlaru diniy adovatlar dovulidan zir titramoqda. Dovul
uchirgan xazonday vatanidan quvilgan qancha ma’rifatlik olimu san’atkorlar, qancha
nodir iste’dodlar behuda hayf bo‘lib ketmoqdalar. Bizning vatandan ayrilishimiz —
daryoning o‘zanini yo‘qotib, dashtu biyobonga toshib chiqib ketishiga o‘xshaydir.
Amudaryo bir vaqtlar shu kuyga tushgan ekanu to o‘ziga yangi yo‘l solib, boshqa bir
dengizga borib qo‘yilguncha u yoqdan-bu yoqqa bosh urib, toshib yurgan ekan. Biz ham
umr bo‘yi u yoqdan-bu yoqqa bosh urib munosib o‘zanimizni topolmaymiz. Endi bu
kajraftor falak hech bo‘lmasa farzandlarimizga rahm qilsin! Biz bo‘lmasak, bular o‘zlariga
munosib o‘zan chopib, yangi bir madaniyat dengiziga borib quyilsinlar!
Umr bo‘yi o‘z ijodiy rejalarini amalga oshirolmay kuyib yurgan iste’dodning bu alamli
nidosi Xonzoda begimni titratib yubordi.
— Mavlono, faqat siz emas, Bobur mirzo ham o‘zanini yo‘qotgan daryodek bezovtalar!
— Bilamen, taqdir ul hazratga ham o‘gaylik qilmishdir!
— Ammo Bobur mirzo sargardon bo‘lib yurgan iste’dodlar daryosini bir joyga
yig‘moqchilar, nasib bo‘lsa, ilmu san’atning yangi bir dengizini barpo qilmoqchilar.
— Biz uchun so‘nggi umid hali ham Bobur mirzodirlar. Shuning uchun o‘g‘lim bilan
Kobulga keldik.
— Qaerga joylashdilaringiz, mavlono?
— Jiyanim Tohirbeknikiga tushdik. O‘zi safarda ekan...
Ota-bola ikkovlari ham eski kiyim kiyishgan, rang-larini juda oldirib qo‘yishgan. Ularning
moddiy jihatdan ham qiynalib yurganlarini sezgan Xonzoda begim yana o‘rnidan turib,
ichkari xonaga kirib ketdi. Qabosining cho‘ntagidan kalit olib, tokchada turgan po‘lat
sandiqni ochdi.
Inisi Bobur mirzo Xonzoda begimga eng nufuzli a’yonlari qatori ulufa tayinlagan edi. Har
oyda xazinadan charm hamyonga solingan ming dinor oltin kelib turar edi. Xizmatkorlar
begimga berilgan mulkning ekin-tikini bilan tirikchilik o‘tkazishardi. Begimning bir o‘ziga
ko‘p pul ketmas, shuning uchun xazinadan kelgan oltin to‘la hamyonlarning anchasi
po‘lat sandiqda taxlanib turar edi.
Xonzoda begim mavlono Fazliddinning kichikroq bir hovli va ot sotib olishi, kiyim-
kechagi, uch-to‘rt oylik tirikchiligi uchun qancha pul ketishini chamalab ko‘rdi-da, ming
dinorlik hamyonlaridan ikkitasini oldi. So‘ng ularni boyagi xizmatkorga berib, oltin
barkashda ko‘tartirganicha ota-bolaning oldiga qaytib chiqdi.
Mavlono Fazliddin hamyonni ko‘rib, xijolat cheka boshladi. Xonzoda begimdan pul olish
unga og‘ir edi.
— Mavlono, bu hamyonlar Bobur mirzoning xazinalaridan kelmishdir. O‘zlari
bo‘lmaganliklari uchun ulufalarini men sizga topshirmoqchimen. Biri — o‘g‘lingiz
Aloviddinga. Marhamat! Olingiz!
Aloviddin qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, endi birinchi marta og‘iz ochib gapirdi:
— Rahmat, hazrat begim, biz sizdan behad minnatdormiz!
Uning yoqimli tovushi va so‘zlarni mayin talaffuz qilishi mavlono Fazliddinning yigitlik
paytini eslatar edi... Shu tufayli ota-bola ikkovi ham begimga benihoya aziz ko‘rinardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |