www.ziyouz.com kutubxonasi
200
oliy tabaqa ayollari «g‘alvira» deb ot qo‘ygan sho‘x bir qiliq qiladi. Bu bilan u ellik olti
yoshlik xonni qoyil qilmoqchi, balki uning ilhomini oshirmoqchi bo‘ladi. Biroq ko‘p marta
uylangan, qancha qiz-juvonlar bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan xon umrida bunday
qiliqlarni ko‘rmagan ekan. U avval sarosimaga tushadi, keyin Qorako‘z begimning
avvalgi yosh erini eslaydi. Begim bunday qiliqlarni avvalgi eriga ham qilganlarini ko‘z
oldiga keltiradi-yu, hafsalasi birdan pir bo‘ladi va so‘kinib o‘rnidan turib ketadi.
Begim bu sho‘xlikni xonga yoqish uchungina qilganini, Hirot asilzodalari orasida bu joiz
ekanini kanizlar haram bekasiga tushuntirdilar. Begimga rahmi kelgan haram bekasi
xonning oldiga chiqib, uni jahlidan tushirishga tirishdi:
— Hazratim, ayb faqat bu begimda emas! Ayb unga shu qiliqni o‘rgatganlarda! Hirotda
behayolar ko‘p ekan.
— Bu shahar — dindan qaytgan rofiziylar* uyasi!— dedi xon ham endi g‘azabini boshqa
tomonga yo‘naltirib. — Bu juvonning qaynonasi Xadicha begim — bezbetlarning eng
kattasi! Eng avval o‘shani tutib jazosini berish kerak.
Shayboniyxon xobgohga qaytib kirmadi. Qorako‘z begimni tavfiq va hayo yo‘liga
qaytarishni haram bekasi bilan habash qullarga topshirdi-yu, o‘zi borgohga joy soldirib
yotdi. Ammo tong otguncha uxlay olmadi.
Ertalab azonda borgohdan hirgohga o‘tdi-yu, lashkarboshilardan Ubaydulla Sultonni,
mulozimlardan Muhammad Solihni, mavlono Binoiyni va Mansur baxshini chaqirtirdi.
Eng avval jiyani Ubaydulla Sultonni so‘roqqa tutdi:
— Ixtiyoriddin qal’asi olindimi, yo‘qmi?
— Xon hazratlari, bugun-erta oling‘usidir!
— Bitta buzuq xotin bekitib yotgan qal’ani shuncha lashkar bilan haligacha ololmaysan!
Yo o‘zim borib olaymi?
Xonga kechasi bir balo bo‘lganini hamma sezdi. Yigirma yoshli devqomat Ubaydulla
Sulton ulkan gavdasini egib, xonga ikki bukilib ta’zim qildi:
— Hazratim, qal’ani shu bugun olamiz. Hozir men o‘zim borib hamla qilamen!
— Hamla qilamen deb, lashkaring dehqonlarning ekinini toptab ketibdi. Biz Hirotga
mehmon bo‘lib kelganimiz yo‘q. Dehqonning hosili o‘zimizga kerak! Bog‘larni ham ot
bosmasin! Mevasini o‘zing yeysan! Sen temuriyzodalarning urug‘ini qurit! O‘shalarga
xizmat qilib quturgan shialarni bos!
— Barcha aytganlaringizni bajo keltiramiz, hazratim!
Ubaydulla Sulton ketishga chog‘landi. Shunda Shayboniyxon:
— Agar qal’ani bugun oladigan bo‘lsang, Mansur baxshini ham olib ket! — dedi. — Bu
baxshi yana bo‘ydoq yuribdi. Bunga xotin chidamaydi. Xadicha begim shunga o‘xshagan
zo‘r bir er topolmay yurgan emish. Qal’a-ni olsang, o‘sha xotinni Mansur baxshiga
nikohlab berasan!
Semirib, avvalgidan battar yo‘g‘onlashib ketgan o‘tovday katta Mansur baxshi:
— Aynalayin sizdan, xon hazratlari! — dedi. — Samarqandda nikohlab bergan Zuhra
begimingiz o‘lgandan beri so‘qqaboshlik jonimga tegib yurgan edi!
— Lekin sen baxshi hadeb nafsingni o‘ylay berma!— dedi xon. — Hirotning eng katta
boyliklari Xadicha begimning qo‘lida. Menga axboroti kelgan, bu xotin oltindan gul
yasatgan emish, barglari zumraddan emish. Gulga qo‘nib turgan bulbulning og‘zida
gavhari bor emish.
— Xon hazratlari, bunisini men sizga toptirib beraman! — dedi Mansur baxshi. —
Xazinasi ham sizniki! Menga o‘zi bo‘lsa bas!
Bu sho‘x gaplardan keyin Shayboniyxonning chehrasi sal ochildi-yu, Ubaydulla Sulton
bilan Mansur baxshiga ketish uchun ruxsat berdi. Muhammad Solih bilan mavlono Binoiy
xon qarshisida hamon qo‘l qovushtirib, oyoq ustida sukut saqlab turishardi. Qizil kimxob
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |