www.ziyouz.com kutubxonasi
180
yashamoqda edilar. Shaharning shimol-sharqidagi Qipchoq darvozasidan narida Shohruh
mirzo davrida mashhur bo‘lgan Bog‘i Safidda Muzaffar mirzo Bobur sharafiga katta
ziyofat berdi. Hirotning eng zo‘r pazandalari tayyorlagan g‘izol* kaboblari, ishtaha
ochuvchi nordon ocharlar*, mohicha nomi bilan mashhur bo‘lgan o‘ta nozik xushta’m
suyuq oshlar Muzaffar mirzo o‘z mehmoni bilan o‘tirgan tillakori ko‘shkning yuqorigi
qavatiga ketma-ket olib chiqilmoqda edi. Sozandalar poygahroqda o‘tirib, qonun va
udda, g‘ijjak va nayda etni jimirlatuvchi kuylar chalishardi. Hirotning mashhur hofizlari
ovozlarini uncha baland ko‘tarmasdan, yurakning qat-qatiga singadigan sokin mayin
tovush bilan ashula aytishar, bu hammasi Boburga juda ulug‘vor bir san’atning
namunasi bo‘lib tuyulardi.
Bazm avjiga chiqqanda soqiy Bobur qarshisiga kelib, bir tizzasini gilamga tirab
cho‘kkaladi, so‘ng yigirma yildan beri xumda kuch yig‘ib yotgan va bugungi ziyofat
uchun ochilgan tiniq xushbo‘y mayi nobdan surohiyga quydi-da, Boburga uzatdi. Bobur
hali may ichmagan edi. Ammo hozir eshitgan kuy va ashulalarining ta’sirida birdan uning
may ichgisi keldi-yu, o‘ng yonidagi Qosimbekka qaradi.
Obburdonda Boburdan ajralib Hisorga ketgan Qosimbek Qavchin bultur Kobulda barcha
navkari bilan birga Bobur xizmatiga qaytib kelgan va yana uning eng yaqin
maslahatgo‘yiga aylangan edi. Qosimbekning o‘zi umrida may ichmagan xudotars kishi
bo‘lgani uchun Boburni ham ichkilikka yo‘latgisi kelmas edi.
— Amirzodam, — shivirladi Qosimbek. — Badiuzzamon mirzoning chog‘ir majlisida may
taklif qilganlarida ichmagan edingiz. Bu yerda ichsangiz, narigi mirzo eshitib ko‘ngliga
olmasmikin?
Bu so‘zlar Boburni sergaklantirdi. U bitmay yotgan murakkab va chigal ishlarini esladi-
yu, Muzaffar mirzoga qarab:
— Faqirni ma’zur tuting, mirzo hazratlari, — dedi. — Men umrimda may ichmaganmen!
Muzaffar mirzo Boburning may ichishdan qo‘rqayotganini sezib, qah-qah urib kuldi.
Uning anchagina kayf qilgani shu beandisharoq kulgisidan bilindi:
— Amirzodam, nahotki butun Andijonu Samarqand may zavqidan bexabar bo‘lsa?
— Mirzo hazratlari, may zavqi Samarqandu Andijonda ham keragidan ortiq. Ammo faqir
boshqa zavqlardan ortmas edim. Uzrimni hazrat og‘angiz Badiuzzamon mirzo qabul
qilgan edilar... Faqir andesha qilmoqdamen...
Badiuzzamon mirzo tilga olingach, Muzaffar mirzo ham jiddiylashdi. Boburning
andishasi unga asosli tuyuldi-yu, soqiyga: «Bas, qistama!» ishorasini qildi. Bazmda
Badiuzzamon mirzoning eshik og‘asi Zunnunbek arg‘un ham bor edi. Soqiy podshosining
ishorasi bilan Boburga qo‘yilgan mayni o‘sha Zunnunbekka berdi.
Odamlarning kayfi oshgan sari bazm qizib borar, ba’zi beklar ham o‘rtaga chiqib raqs
qilishar, Mir Sarbarahna, Burxon gung degan mashhur qiziqchilarning askiyalaridan
ko‘tarilgan qahqahalar shiftdagi naqshlarni ham titratayotganday bo‘lar edi.
Husayn Boyqaroning o‘limiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan. Hirot xavf ostida turgan og‘ir bir
vaziyatda shunchalik xushchaqchaq bazm o‘tkazilayotgani Boburdan ham ko‘ra
Qosimbekning g‘ashini keltirmoqda edi. Qosimbek kulgi, shovqin orasida Boburga
shivirladi:
— Bu shirakayf shoh bilan endi muzokara qilib bo‘lmas. Buning ixtiyori onasi Xadicha
begimda emish. Hozir begimning huzuriga chiqaylik, amirzodam.
— Ziyofat tugamasdan chiqib ketsak, behurmatlik bo‘lmasmi?
— Qulingiz kelishib qo‘yganmen. Begim o‘z qasrlarida bizga muntazirlar.
Askiyachilar musobaqasi tugab, kulgilar bosilgach, Bobur Muzaffar mirzodan hazrat
begimning huzurlariga borish uchun ijozat oldi.
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |