www.ziyouz.com kutubxonasi
173
yoshlarini artib, Tohirning kumush kamariga, beklar taqadigan qimmatbaho xanjariga va
saqorlot chakmoniga endi razm solib qaradi. Tohirning boshidagi dubulg‘aning tepasida
ham beklarga xos kichkina bayroqcha bor edi.
— Jiyanim, martabang oshibdimi?
— Ha, tog‘a, qo‘rchibegimen.
— Muborak bo‘lsin. Ilohim senga yomon beklarning ta’siri urmasin!
— Bobur mirzo ham yomon beklaridan bezgandan keyin bittasining o‘rniga meni
qo‘ydi... Xo‘sh, o‘zingiz qalaysiz, mulla tog‘a? Kelganimdan beri qidiramen. So‘roqlab-
surishtiray desam, tanish-bilish yo‘q.
Yoshi qirqqa kirar-kirmas yuziga ajin tushgan mavlono Fazliddin ma’yus tovush bilan
dedi:
— Yuribmiz... Tuproqdan tashqarida. Xudo bizni omadsiz yaratgan ekan-da, jiyanim. Bu
yerga kelib, endi Navoiy hazratlarining marhamatlaridan bahramand bo‘lay deganimda,
u zoti oliy vafot etdilar. Katta qurilishlar Husayn Boyqaro zamonida ham uncha-muncha
bo‘lib turgan edi. Mana shu yil Husayn Boyqaro ham olamdan o‘tdi. Qurilishlar taqa-taq
to‘xtagan. Bizga o‘xshaganlarga yana ish yo‘q!
— Unday bo‘lsa, Bobur mirzoga bir uchrang.
— Bobur mirzo ham bu yerda mehmon... Meni qabul qiladimi, yo‘qmi? Orada nozik
gaplar o‘tgan.
Tohir mavlono Fazliddin bilan Xonzoda begim orasida bo‘lgan murakkab voqealarning
chet-yoqasini eshitgan edi.
— Bo‘lmasa, avval men u kishini xoli topib, siz to‘g‘ringizda gap ochib ko‘raymi, mulla
tog‘a?
— Mayli, buni keyin yana maslahatlashurmiz. Obbo jiyanim-ey! Men Bobur mirzoning
Hirotga kelganlarini eshitganimdan beri «sen ham bormikinsen, yo‘qmikinsen», deb har
bir navkarga ko‘z tikib yurgan edim... Qani endi, yur, uyga boraylik! Agar senga mana
bu dorivor yaproqlar kerak bo‘lsa, uydan topib beraman. Bizning bog‘chada ham shu
daraxtdan bor.
— Bog‘chada... bir o‘zingizmisiz yoki uylandingizmi, mulla tog‘a?
— Uylanganmiz, jiyan. Navoiy hazratlari maslahat berdilar. U kishida bog‘bon bo‘lgan
durust bir odamning qizi bor ekan...
— Muborak bo‘lsin! Farzandlar ham bormi?
— Ha, bir o‘g‘il, bir qiz.
— E, ajoyib-ku! Unday bo‘lsa, men uyingizga to‘yonalar bilan borurmen!
— O‘zingni ko‘rganim ming to‘yonadan afzal, jiyan! Qani, yur!
Tohir bir necha qadam yurdi-yu, keyin nimanidir eslab, osmonga qaradi. Oftob og‘ib
borar edi.
— Mulla tog‘a, uyingiz yaqinmi?
— Yo‘q, uzoqroq. Shahar chetidagi Nazargoh mahallotida. Nima edi?
— Men hozir bir soatdan so‘ng xizmatda bo‘lmog‘im kerak edi. Podshoh buyurgan edi.
— Obbo!.. Undoq bo‘lsa... Shu yerda birpas o‘tiraylik. Men sal diydoringga to‘yay! O‘zing
qalaysen, jiyanim, uylanganmisen?
Tog‘a-jiyan hovuzdan chetroqdagi tosh kursiga borib o‘tirdilar. Tohir Robiyani qanday
topganini aytib berdi-yu:
— Kobulga kelib bitta o‘g‘ilcha ko‘rdik! — dedi. — Otini Safarbek qo‘ydik.
— E, xayriyat! Men bir vaqtlar hamma narsadan umidimni uzgan edim. Seni ham qayta
ko‘rolmasmen, deb o‘ylagan edim. Bosh omon bo‘lsa, hammasi o‘tar ekan... Sen bilan
biz-ku, qutulib keldik-a! Andijondagilarning ahvoli ne bo‘ldi?
— Buni so‘ramang, mulla tog‘a! Shayboniyxonning qirg‘ini kechalari tushimga kirsa,
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |