www.ziyouz.com kutubxonasi
101
uning xizmatini qilgan. Faqat To‘xtamishxon Temur bilan dadil olishgan, ammo omadi
kelmay yengilgan. Oltin O‘rda yer bilan yakson qilingan. Temur Mo‘g‘uliston xonlariga
qarshi bir emas, yetti marta yurish qilib, Chingizxon avlodlarini Chig‘atoy ulusidan
butunlay siqib chiqardi. Uning o‘g‘li Shohruh bilan nevarasi Ulug‘bek chingiziylarni
Turonga yo‘latmay qo‘ydi. Mana endi, oradan yuz yil o‘tgandan keyin temuriylar davlati
parchalanib, o‘zaro urushlardan batamom zaiflashdi-yu, sizu bizga omad keldi.
— Gapingiz to‘g‘ri, janob Shohbaxtxon, Chig‘atoy ulusidan temuriylarni siqib chiqarib,
chingiziylar hukm-ronligini qayta tiklash siz bilan bizning zimmamizga tushadir. Sayramu
Turkistonlar ham ikki yuz yil davomida chingiziylar tasarrufida bo‘lgan. Keyin Amir
Temur Yassaviy maqbarasini qurib, bu yerlarga ega bo‘lib oldi. Hozir ham Turkiston
temuriylarga sadoqat saqlab turibdir. Men sizga uch ming kishilik sara qo‘shin beray.
Bobongiz Abulxayrxonning mulkini temuriylardan qaytarib oling!
— Minnatdormen, xon hazratlari! Turkistonni temuriylardan tortib olib, sizning
davlatingiz tarkibiga qo‘shish — mening orzuyimdir! Siz barcha chingiziylarga rahnamo
bo‘lgaysiz! Mening ezgu niyatim — sizning yo‘lboshchiligingizda chingiziylarning ulug‘
saltanatini qayta tiklamoqdir!
— Mana bu niyat — tahsinga sazovor, janob Shohbaxtxon. Ammo zamonlar o‘zgardi. Siz
bilan biz ham Chingizxon davridagi mo‘g‘ullar emasmiz. Islomni qabul qildik. Turkiy til —
ona tilimizga aylandi. Mana, siz madrasada o‘qidingiz. Biz ham forscha, arabcha
o‘rgandik. Kiyim-kechak, oziq-ovqat, uy tutish, hayot tarzi — hammasi o‘troq turkiy
aholinikidan farq qilmagani yaxshi bo‘ldi. Chunki bu hammasi bizning Turonzaminga
otgan yangi ildizlarimizga aylandi.
— Ammo o‘q ildizimiz — Chingizxon naslidan ekanligimizdir! — gap qo‘shdi
Shohbaxtxon.
— Ha, ana shu o‘q ildizni mahkam tuting, ammo Turonzaminga otgan yangi
ildizlaringizdan ham oziqlaning!
— Mening dilimdagi gapni aytdingiz, xon hazratlari. Men o‘z atrofimga Turondan ham,
Dashti Qipchoqdan ham barcha turk-mo‘g‘ul qavmlarni yig‘moqdamen. Bularning biri
qipchoq, biri nayman, biri qo‘ng‘irot, biri jaloyir, ammo hammalarini «o‘ziga-o‘zi bek —
o‘zbek» degan chiroyli nom bilan atasam, ko‘pchiligiga ma’qul tushdi. Oralarida Qur’onni
menchalik yaxshi qiroat qiladigan imomlari yo‘q. Shuning uchun hammalari meni
«Imomi zamon!» deb tan olurlar!
— Ko‘pchilikning boshini qovushtirish uchun nimayiki zarur bo‘lsa, hammasini qiling. Eng
muhimi, ahillikdadir. O‘zaro urushlar temuriylarning boshiga yetmoqda. Siz bilan biz bir
yoqadan bosh chiqarsak, Islom bayrog‘ini temuriylardan ko‘ra balandroq ko‘tarsak,
barcha musulmonlar bizga ergashgay!
— To‘g‘ri aytdingiz, hazratim! Hozir bobokalonimiz Chingizxonning mafkurasi bilan ish
yuritib bo‘lmagay! Endi faqat islomning sunniy mazhabi bizga mos kelur.
Mahmudxon Shayboniyxonning bu fikrini ham ma’qul ko‘rdi. Ularning maslakdosh
ekanliklari, ayniqsa Shayboniyxonga qo‘l keldi. Mahmudxonning yordami bilan
Shayboniyxon avval Turkistonni, so‘ng Buxoroni noshud temuriyzoda Sulton Ali
mirzodan tortib oldi. Vaziyat yetilishi bilan Shayboniyxon Samarqandni ham egallaydi.
Uning homiysi Mahmudxon bundan mamnun.
Shayboniyxonga rahnamo bo‘lib butun Turonda, undan so‘ng Xurosonu Eronlarda ham
Chingizxon avlodlarining shonu shuhratini, davlatu hokimiyatini qayta tiklash
Mahmudxonning eng ulkan orzusidir. Buni yaxshi biladigan Tilba Sulton:
— Ilohim, ana shu orzuyingiz tezroq ro‘yobga chiqsin, xon hazratlari! — deb
tilyog‘lamalik qila boshladi. — Siz Sohibqiron a’zam Chingizxonning dahosini meros
olgansiz. Ona tomondan Iskandar Zulqarnayn avlodlaridan ekansiz! Muhtarama
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |