1.5.MU’TAZILIYLIK.
Mu’taziliylik so‘zi arabchadan olingan bo‘lib, ajralib chiqqanlar, uzoqlashganlar degan
ma’nolarni anglatadi. Mu’taziliylar – islomdagi aqidaviy firqalardan biri bo‘lib, ular
qadariylar
,
ahl al-adl
,
ahl at-tavhid
va
va’idiylar
kabi nomlar bilan ham tanilganlar.
Mu’taziliylik maktabi VIII asrda Umaviylar xalifaligining oxirlarida vujudga kelib, Abbosiylar
davrida katta e’tiborga ega bo‘lgan firqadir. Abbosiy xalifalar al-Ma’mun, al-Mu’tasim va al-
Vosiqlar davrida (813-847) rasmiy e’tiqod darajasiga ko‘tarilgan. Biroq al-Mutavakkil (847-861)
davrga kelib mu’taziliylar ta’qibga uchradi.
Uning asoschisi Vosil ibn Ato (vaf. 748 y. )dir. U mashhur islom ilohiyotchisi va faqihi Hasan
al-Basriy (vaf. 728 y.)ning shogirdlaridan bo‘lgan. Kunlarning birida Hasan al-Basriy
shogirdlariga dars berayotgan vaqtda bir odam kelib shunday dedi: «Zamonamizda bir toifa borki,
ular katta gunoh qilgan insonlarni kofirga chiqaradilar va ikkinchi bir toifa borki, ular katta gunoh
qilgan insonlarning imonlariga zarar etmaydi, deb e’tiqod qiladilar. Siz shunga nima deysiz?» Bu
savolga Hasan al-Basriy javob berishga o‘ylanib turganlarida, Vosil ibn Ato ustozidan oldin: «Men
katta gunoh qilgan insonni kofir ham, mo‘‘min ham deb hisoblamayman, balki, u
al-manzila bayn
al-manzilatayn
, ya’ni ikki manzil o‘rtasidagi manzildadir, agar vafotidan oldin Allohga tavba
qilmasa, do‘zaxda abadiy qolajakdir», – dedi. Hasan al-Basriy esa ushbu savolga: «Ular
munofiqlardir», deb javob berdi. Ustozining bunday javobidan qoniqmagan Vosil ibn Ato hamda
Amr ibn Ubayd (vaf. 761 y.)lar uning davrasidan ajralib, mu’taziliylik firqasiga asos soldilar.
Keyinchalik ular ta’limotlarini yoyish maqsadida Basra, Kufa, Bag‘dod, Nasaf, Damashq va
Misrga o‘z targ‘ibotchilarini yubordilar.
Mu’taziliylik firqasi dastlab «inson o‘z amalini o‘zi yaratadi», degan fikr bilan o‘z
ta’limotlarini boshlaganlar. Keyinchalik o‘z e’tiqodlarini 5 asosda barpo qilganlar:
1.
at-Tavhid (Allohning yagonaligiga e’tiqod qilish). Bu aqidaga asosan mu’taziliylar Allohni
sherikdan, o‘xshatishlardan pok, uning hukmiga hech kim qarshi chiqa olmaydi, insonlarda sodir
bo‘ladigan holatlardan hech biri unda sodir bo‘lmaydi, deb biladilar. Ahl as-sunna quyidagi
mavqelari uchun ularni tanqid qildilar: 1. Allohni oxiratda ko‘rish mumkin emas. 2. Allohning
sifatlari uning zotidan boshqa emas. 3. Qur’onning yaratilganligi.
2.
al-Adl (adolat). Bunga ko‘ra, Alloh bandalarning amallarini yaratmaydi, ularning
buzilishlariga ham rozi bo‘lmaydi, balki bandalarning o‘zlari Alloh ularga bergan qudrat bilan
buyurilgan ishlarini bajaradilar va qaytarilgan ishlaridan saqlanadilar. Alloh bandalarga faqatgina
o‘zi yaxshi ko‘rgan amallarni buyuradi va ularni o‘zi yomon ko‘rgan barcha amallardan qaytaradi.
SHuning uchun Alloh bandalar qiladigan barcha yomon amallardan pokdir. Ularni qurblari
etmaydigan ishga buyurmaydi.
3.
al-Va’d (solih amalga mukofot va’dasi) va-l-va’id (yomon amallarga jazo va’dasi). Ushbu
aqidaga ko‘ra, Alloh taolo bandalarning qilgan amallariga qarab ularga mukofot yoki jazo beradi.
Katta gunoh qilgan bandalarni esa to tavba qilmagunlariga qadar kechirmaydi.
4.
al-Manzila bayna-l-manzilatayn (mo‘‘minlik va kofirlik orasidagi holat). Bunda zino,
o‘g‘irlik, aroq ichish kabi katta gunoh qilgan banda mo‘‘min ham bo‘lmaydi, kofir ham bo‘lmaydi,
balki shu ikki daraja o‘rtasida qoladi. Bu aqida mu’tazila asoschisi Vosil ibn Ato tomonidan
belgilangan.
5.
al-Amr bi-l-ma’ruf (yaxshilikka buyurish) va-n-nahy ani-l-munkar (yomonlikdan qaytarish).
Mutaziliylar ushbu qoidani islom diniga da’vat, adashganlarga yo‘l ko‘rsatish uchun barcha
mo‘‘minlarga vojib deb belgilaganlar. Har bir mo‘‘min o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, bu vazifani
bajarishi zarur: olim ilmi bilan, kotib qalami bilan, qilich sohibi qilichi bilan.
Mu’taziliylik e’tiqodiy masalalarni bayon qilishda aqlni naqldan ustun qo‘yadi. Ular
yunon va hind falsafasidan ta’sirlangan holda, har bir masalani aqlga tayanib echishga harakat
qiladilar.
Hozirgi kunda mu’taziliylar maktabi mavjud emas. Biroq zamonaviy islom ilohiyotchilari
orasida ularning fikr va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlovchilar bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |