XIX asr oxirlarida vujudga kelgan Turkistonda jadidchilik
harakati XX
asrning boshlariga kelganda sifat jihatidan bir biridan farq qiluvchi rivojlanish
108
bosqichlarini bosib o‘tdi. Vatan va millat taraqqiyoti uchun jadidlar turli xil
yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatdilar. Ushbu harakat vakillari jamiyatda ijtimoiy-siyosiy
islohotlar o‘tkazish uchun kurashni muhim masala deb bilganlari holda ham, ma’rifat
uchun kurash taraqqiyparvarlar faoliyatining asosiy diqqat markazida turdi. Ma’rifatni
ular keng ma’noda tushindilar. Shu bois, milliy ma’rifatparvarlikning yangi
tarmoqlarini o‘lkada qaror toptirdilar. Ijtimoiy turmushni, milliy urf-odatlarni isloh
qilishni jadidlar dolzarb masalalardan biri deb hisobladilar. Jadidlar siyosiy
faoliyatining yuksak cho‘qqisi ular tomonidan Turkiston Muxtoriyatining tashkil
etilishi bo‘ldi. Garchand, bu hukumat qonga botirilgan bo‘lsada, biroq o‘lkada milliy
asosdagi davlatchilikni tiklash uchun dadil qadamlar tashlandi.
Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan zabt etilishi, o‘lkani Rossiya
imperiyasining agrar xom ashyo yetkazib beradigan mustamlakasiga aylantirdi.
Mahalliy xalq turmush sharoitining yomonlashib borishi, milliy-diniy qadriyatlarning
oyoq osti qilinishi, chet el sarmoyasining o‘lkaga shiddat bilan kirib kelishi, o‘lka
boyliklarining bosqinchilar tomonidan shafqatsizlarcha talanishi ilg‘or fikrli ziyolilarni
befarq qoldirmadi. Shu bois milliy vatanparvar ziyolilar tomonidan mustamlaka
asoratidan qutilish va taraqqiyot uchun kurashning turli yo‘llari izlandi. Ushbu
harakatlar natijasida vodiyda ham XIX asr oxirlariga kelib jadidchilik harakati kelib
chiqdi.
Jadidlarning harakati tufayli XX asr boshlariga kelib o‘nlab yangi usul maktablari
faoliyat ko‘rsatmoqda edi. Ayniqsa, Rus-Yapon urushidagi mag‘lubiyatdan so‘ng
boshlangan ijtimoiy siyosiy harakatlardagi jonlanish Turkistonlik jadidlar faolligining
oshuviga katta turtki bo‘ldi va jadidchilik harakati ushbu jarayonlar ta’sirida siyosiy
tus ola boshladi.
Taraqqiyparvarlar omma orasida ma’rifatni keng yoyish, millatning siyosiy
ongini yuksaltirish borasida ommaviy nashrlar, bosmaxonalar ochdilar, teatr
tomosholari tashkil etdilar. Bu borada Munavvar Qori Abdurashidxon o‘g‘li,
Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Sadriddin Ayniy, Fayzulla Xo‘jaev,
Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Abdurauf Fitrat va boshqalarning xizmatlari beqiyos
bo‘ldi[4].
109
Turkistondagi dastlabki taraqqiyparvar jamiyatlar, tadqiq etilgan manbalar bergan
ma’lumotlarga ko‘ra, 1905-1907 yilgi birinchi rus inqilobidan so‘ng, Eron va
Turkiyadagi
ijtimoiy-siyosiy
harakatlar ta’sirida vujudga kelgan. Osiyo
mamlakatlaridagi
inqilobiy
harakatlar,
musulmon
dunyosidagi,
xususan,
Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy va diniy fikrlarning taraqqiyotida muhim bosqich bo‘lib
xizmat qildi.
1904-1905
yillardagi
Rus-yapon
urushida Rossiyaning mag‘lubiyati
imperiyadagi barcha ezilgan xalqlar oldida podsho mustabid tuzumi obro‘sini keskin
tushishiga olib keldi. Bu esa siyosiy fikrlar rivojiga turtki berib, milliy ozodlikka
erishish orzularini ushalishiga ishonch uyg‘otdi. Sharqdagi inqiloblar va o‘lkaga u
yerlardan kirib kelgan turli xil g‘oyaviy oqimlar bu yerlardagi muxolif kuchlarning
birlashishi, milliy-siyosiy tashkilotlar holiga kelishi va rivojlanishi uchun muhim omil
bo‘lib xizmat qildi.
Umumiy diniy va milliy maqsadlar yo‘lidagi mushtaraklik Rossiyaning ilg‘or
musulmon ziyolilarini yagona g‘oya tevaragida jipslashishga chorladi. Va nihoyat,
1905 yilning 15 avgustida Nijniy Novgorodda Rossiya musulmonlarining I s’ezdi
chaqirildi. S’ezdga Rossiyaning turli mintaqalaridan 150 ga yaqin delegatlar tashrif
buyurdilar. Birinchi musulmon s’ezdi Butunrossiya musulmonlari ittifoqi (“Ittifoqi
muslimin”)ni tuzilganligini e’lon qildi. Ittifoq Nizomi esa, “Kaspiy” va “Hayot”
gazetalarining muharriri bo‘lgan Alimardonbek To‘pchiboshev tomonidan ishlab
chiqilgan bo‘lib, 1906 yil yanvar oyida Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan
musulmonlarning II s’ezdida tasdiqlandi[5].
“Ittifoq” dasturi esa, 1906 yil 16-21 avgust kunlari Nijniy Novgorodda bo‘lib
o‘tgan Butunrossiya musulmonlarining III s’ezdida qabul qilindi. “Ittifoqi
muslimin”ning tuzilishi Rossiya musulmonlari ijtimoiy-siyosiy harakatlari rivojida
katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
XX asr boshlarida butun Rusiya imperiyasida talabalar harakati keng yoyilgani
kabi, musulmon madrasalarida ham talabalarning siyosiy faolligi bir muncha ortgan
edi. 1908 yilga kelib esa, jumladan Qo‘qon shahrining bir guruh ilg‘or fikrli madrasa
talabalari tomonidan “Shamsinur” jamiyati tuziladi[6].
110
Jamiyat a’zolari xalq ommasini ilmli, ma’rifatli qilishni, madrasalarda aniq Fanlar
o‘qitilishini joriy qilinishini birinchi galdagi vazifalardan deb bildilar.
Jamiyat yig‘ilishlarida o‘lkadagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy masalalar ham
muhokama qilingan.
“Shamsinur” jamiyati faoliyatida jadidlarning sezilarli ta’siri bo‘lgan.
Turkistonning atoqli jadidlaridan Hamza Hakimzoda Niyoziy ham o‘z siyosiy
faoliyatini ilk bor shu jamiyatdan boshlagan[7].
Turkistonning uyg‘onishi podsho hukumatini, rasmiy doiralarni befarq
qoldirmadi. O‘lkada tuzilgan har qanday jamiyat va tashkilotlar mustabid hukumat
ma’muriyati tomonidan qo‘yilgan ayg‘oqchilarning kuzatuvi ostida bo‘lgan.
1912 yil 20-iyulda Qo‘qon shahrida “Qo‘qon artistlar to‘garagi” tashkil etilgan
bo‘lib, Hamza uning asoschilaridan biri edi[8]. To‘garakning maqsadi dramatik
asarlarni o‘rganish va ularni sahnalashtirish hamda san’at havaskorlarini unga jalb
etishdan iborat edi. Bu davrda Hamzaning faoliyati, asosan, yangi o‘zbek dramatik
teatrini vujudga keltirishdan iborat bo‘lgan. 1914-1916 yillar mobaynida u 18 dan ortiq
adabiy-publitsistik asarlar yaratdi.
Birinchi jahon urushi yillarida o‘lka ziyolilari ijtimoiy-siyosiy hayotga faol
aralasha boshladilar. Xuddi shu davrda Turkistonda ham milliy nashrlar va jamiyatlar
soni ortib borib, jadidlar tomonidan qoloqlikdan qutulish va milliy taraqqiyot sari dadil
qadamlar tashlana boshladi.
1916 yil Qo‘qon shahrida taraqqiyparvarlar tomonidan “G‘ayrat” jamiyati
tuziladi. Bu jamiyatning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari, birinchidan, yangi usul
maktablarini darslik, daftar va o‘quv qurollari bilan ta’minlash bo‘lsa, ikkinchidan,
yerli xalq orasida kitob, gazeta va jurnallarni mahalliy tilda chop etib, tarqatishdan
iborat bo‘lgan. Qo‘qonning eski shahar qismida joylashgan jamiyatga qarashli
do‘konda, o‘sha davr mahalliy aholi orasida mashhur bo‘lgan Orenburgda chop
etiladigan tatar tilidagi “Vaqt”, Moskvadan chiquvchi tatarcha “So‘z” gazetasi,
Bokudan chiqadigan “Ochiq so‘z” gazetalarininng savdosi qizg‘in bo‘lgan. Bundan
tashqari jamiyat tomonidan rus tilidagi gazetalardan Andijonda nashr etiladigan
“Turkestanskiy Golos” gazetasi ham tarqatilgan[9].
111
Gazeta sahifalarida mahalliy aholi maktab-maorif tizimi haqida ham ko‘plab
maqolalar e’lon qilingan: “...Madaniyatli yerli aholi hozirgi zamon sharoiti ularning
bolalari oldiga qanday talablarni qo‘yayotganligini butunlay anglab yetdilar. Bugungi
rus-tuzem maktablarining qoniqarsizligidan, ular o‘z farzandlarini bilimli qilish uchun
boshqacha yo‘llarni qidira boshladilar. Buning natijasida yangi usul maktablari paydo
bo‘ldi...”[10].
Qo‘qon shahridagi “G‘ayrat” musulmon ma’rifatparvarlik jamiyati a’zolari
orasida “Turkestanskiy Golos” gazetasining ko‘p sonli paychilari mavjud edi.
Yuqoridagi gazeta muharririyatining umumiy rahbarligi ostida 1916 yilning oktyabr
oyi boshlaridan e’tiboran, Andijon shahrida mahalliy tildagi matbuotni tashkil etish
uchun harakatlar bo‘lgan. Lekin “G‘ayrat” jamiyati tarkibida erkin jurnalistlar soni
yetarli darajada emas edi. Shundan so‘ng Qo‘qon shahrida tashkil etilgan
“Turkestanskiy Kray” gazetasi “G‘ayrat” jamiyatiga mahalliy tilda chop etiladigan
nashrni Andijonda emas, balki, Qo‘qonda “Turkestanskiy Kray” gazetasi
tahririyatining umumiy rahbarligi ostida chop etishni taklif qildi. Shuningdek gazeta,
o‘z paylarining ma’lum miqdordagisini sotib olish sharti bilan, “G‘ayrat” jamiyati
uchun o‘z bosmaxonasidan foydalanishni ham taklif qildi[11].
Mustamlakachilar tomonidan Toshkentda chop etiladigan jadidlarning «Sadoyi
Turkiston» gazetasi yopib qo‘yilgach, taniqli jadid Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jaev
Toshkentdan Andijonga kelgan edi. Uning Andijonga kelishi ham hukmron mustabid
hukumatning milliy taraqqiyparvarlarga qarshi olib borgan ta’qib va tazyiqlar o‘tkazish
siyosatining natijasidir. Milliy matbuotimizning qaldirg‘ochlari “Taraqqiy”,
“Hurshid”, “Shuhrat” va boshqa gazetalarning hech qancha soni chiqmasdan yopib
qo‘yilishi, chor ma’murlarining o‘lka xalqlarini har jihatdan asoratda saqlashga intilib
olib borgan siyosatining bir ko‘rinishi edi. Xuddi shunday ayanchli qismat “Sadoyi
Turkiston” gazetasi boshiga ham tushdi. Shundan so‘ng muharrir Ubaydullaxo‘ja
Asadullaxo‘jaev gazetani Andijonda chiqarishga harakat qildi. Biroq Farg‘ona viloyati
harbiy gubernatori Asadullaxo‘jaevning gazeta chiqarishiga ruxsat bermaydi[12].
1916 yilga kelib jadidlar tomonidan Andijon shahrida «Taraqqiyparvar» jamiyati
tuzildi. Bu davrda o‘lka jadidlarining siyosiy faolligi ancha oshgan bo‘lib, ular o‘z
112
yig‘ilishlarida, gazeta va jurnallardagi maqolalarida ma’rifiy mavzular bilan birga
ijtimoiy, iqtisodiy masalalarni ham ko‘tarib chiqa boshlaganlar. Andijondagi bu
jamiyat taniqli jadid Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jaev rahbarligida tuzilgan bo‘lib, bu
haqda chor ayg‘oqchilari ham tez orada xabar topadilar.
“Taraqqiyparvar” va “G‘ayrat” jamiyatlari vodiydagi boshqa jadid tashkilotlariga
nisbatan mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga faol aralashgan, omma orasida o‘z obro‘si
va sezilarli ta’siriga ega bo‘lgan tashkilot edi.
Xulosa qilib aytganda, jadidlar yosh avlodninig manaviy ruhiy ongini usishi
hamda ularning zamonaviy bilim olishlariga juda kata bemennat xizmat qilganlar. Shu
bilan bir qatorda ular chet mamlakatlari bilan o‘zaro fikr almashishga muyassar
bo‘lishgan. Jadidlar ilmiy merosining yosh avlod ta’lim-tarbiyasidagi roli beqiyos
bo‘lganligi bugungi kunda ham o‘zinning dolzarbligini belgilab turibti. Chunki ular
taxlikali bir vaziyatda o‘zlarining vatanga va xalqiga bo‘lgan muhabbati ila
qo‘riqmasdan maqsadlari sari olg‘a borishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |