Imom Moturidiy tavalludining 1130 yilligiga bag„ishlangan tantanali marosimda
so„zlangan nutq
Bismillohir rahmanir rohim.
Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Qadimiy va betakror Samarqand zaminida, mana shu muborak kunda siz, aziz
yurtdoshlarimni, uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarni yana bir bor chin qalbimdan
samimiy qutlab, barchangizga o„z hurmatimni bildirib, bag„oyat mamnun bo„lganimni
izhor etmoqchiman.
Qadrli do„stlar!
Kuni kecha biz ko„hna Marg„ilonda buyuk bobomiz Burhoniddin Marg„iloniyning
tavallud ayyomini o„tkazib, ul zotning ruhi poklarini shod etgan bo„lsak, bugun yana
bir ulug„ alloma – Imom Abu Mansur Moturidiy hazratlarini xotirlab, bu benazir
siymo oldidagi insoniy burchimizni ado etmoq uchun bu yerga yig„ildik.
Diyorimizda Imom Moturidiy va Burhoniddin Marg„inoniyning tavallud ayyomlari
bir paytda o„tayotganida chuqur ramziy ma‟no bor.
Bu ma‟no, avvalambor, bu aziz insonlarning ibratli taqdirida, ularning ilm-ma‟rifat
va ezgulikka bag„ishlangan hayotida, muqaddas dinimizni asrab-avaylash va rivojlan-
tirishga qo„shgan ulkan hissalarida mujassamdir.
Hayotining mazmuni, olijanob intilishlari mushtarak bo„lgan bu ikki ulug„ zotning
mana shu muqaddas makon – Chokardiza qabristonida mangu orom topgani, xoki
poklari yonma-yon yotganini ham Yaratganimizning qudrati va marhamati, deb
bilamiz.
488
Va nasib etsa, Burhoniddin Marg„inoniy bobomizga, u zot tavallud va kamol
topgan Rishton va Marg„ilonda barpo qilingan muhtasham majmui singari, shu
muqaddas joyda ham yodgorlik bunyod etamiz.
Qadrli do„stlar, aziz mehmonlar!
Bugungi marosimdan foydalanib, Alloh taoloning nazari tushgan shu tabarruk
zaminda yashab o„tgan, islom falsafasi, islom aqidalarini ilmiy asoslash, muqaddas
dinimizni sof va pok saqlash, uni ulug„lash va targ„ib-u tashviq etishga beqiyos hissa
qo„shgan vatandoshlarimizni, shu tuproqda unib-o„sgan aziz avliyolarni yana bir bor
yod etsak, ularning xotirasiga yana bir bor ta‟zim qilsak, o„rinli bo„ladi, deb
o„ylayman.
Islom dunyosining ustunlari bo„lgan Imom Zamahshariy, Imom Termiziy, Imom
Nasafiy, Xoja Ahmad Yassaviy, Xoja Abduxoliq G„ijduvoniy, Shayx Najmiddin
Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahrori valiy kabi ko„plab mumtoz zotlarning
hayoti va faoliyati bizning yurtimizni nafaqat musulmon olamida, balki Mag„rib-u
Mashriq dunyosida mashhur etganidan haqli ravishda g„ururlanamiz.
Bu ulug„ zotlar qatorida buyuk ajdodlarimiz bo„lmish hadis ilmining sultoni Imom
Buxoriy, kalom ilmining sultoni Imom Moturidiy, o„lmas «Hidoya» asarining muallifi
shayxulislom Burhoniddin Marg„iloniy bobolarimiz alohida o„rin tutadi.
Muhtaram birodarlar!
Imom Moturidiyning faoliyati va ta‟limoti haqida gapirar ekanmiz, avvalo, bir
masalani aniqlab olish lozim: uning merosini nima uchun ulug„laymiz, nima uchun
qadrlaymiz, nima uchun bugun ham bu merosning hayotiy ta‟sirini sezamiz?
Shuni alohida ta‟kidlash joizki, agar biz islom tarixiga nazar tashlasak, bu ilohiy
dinni anglash, uni tushunish, tushuntirish, targ„ib qilish va pokligini saqlash borasida
asrlar mobaynida ko„p-ko„p bahs-munozara va tortishuvlar, hatto jang-u jadallar ham
bo„lib o„tganini ko„ramiz.
Uzoq tariximiz davomida ba‟zi bir razil kuchlar mo„min-musulmonlarni chalg„itib,
o„zlarining g„arazli maqsad va manfaatlariga erishmoq uchun ularni tanlagan yo„lidan
qaytarishga ne-ne harakatlar va zo„ravonliklar qilib kelganiga ham guvoh bo„lamiz.
Shuning uchun ham musulmon jamiyati islom dinimizni asrab-avaylab, uning
ma‟no-mazmunini odamlarga to„g„ri va xolis yetkazib beradigan, ularni hidoyat
yo„liga boshlaydigan fozil shaxslarga doimo katta ehtiyoj sezib kelgan.
Aytish mumkinki, Imom Moturidiy hazratlari ana shunday tarixiy zarurat
natijasida maydonga chiqqan mumtoz siymo, ulug„ allomadir. Buyuk bobomiz
yashagan davrda har turli diniy firqa va oqimlar o„rtasida g„oyaviy qarama-
qarshiliklar, ziddiyat va nizolar kuchayib, qonli mojarolar avj olgan edi.
Mo„min-musulmonlar uchun bag„oyat xatarli va tahlikali ana shunday bir
vaziyatda hazrati Moturidiy zo„r matonat, avlodlarga ibrat bo„ladigan fidoyilik
namunasini ko„rsatdi.
Ul zot Alloh taolo o„ziga ato etgan beqiyos aql-zakovat va ilm bilan to„g„ri yo„ldan
adashgan oqimlarga qarshi kurash olib bordi.
489
Lekin bu kurashda u g„animlarga qarshi kuch ishlatib, qilich yalang„ochlab jang
qilgani yo„q.
Alloma bugungi kunda ham o„z ahamiyati va ta‟sirini yo„qotmagan hayotbaxsh
kuch, ya‟ni g„oyaga qarshi g„oya, jaholatga qarshi ma‟rifat yo„lini tanladi va umrining
oxiriga qadar shu yo„lda sobit qoldi.
U johil kuchlarning tahdid va tajovuzlaridan qo„rqmay, hidoyat yo„lini yo„qotgan
firqalarga qarshi keskin raddiyalar bitdi. Hazrat Moturidiyning asarlaridagi ilmiy asos
va mantiq qudrati shu qadar kuchli ediki, uni hatto allomaning muxoliflari ham oxir-
oqibatda tan olishga majbur bo„ldilar.
Shuning uchun ham Moturidiy bobomiz islom olamida «Musulmonlarning
e‟tiqodini tuzatuvchi» degan yuksak sharafga sazovor bo„ldi.
Mana shu ma‟noda, bu mo„tabar zot o„zining teran ilmi, pok e‟tiqodi, sabot va
matonati bilan islom dinining sofligi uchun kurashar ekan, kelajak avlodlar
manfaatini, siz-u bizni ham himoya qilgan, deb ishonch bilan aytishga haqlimiz.
Buyuk bobomizning butun islom olami, o„z xalqi, o„z Vatani oldidagi yana bir
ulkan xizmati shundan iboratki, ulug„ vatandoshimiz e‟tiqod ilmi – muqaddas
dinimizni qanday tushunish va unga qanday amal qilish ta‟limotini yanada
rivojlantirdi. Islom dinining insonparvarlik mohiyatini xalqning milliy urf-odatlari,
asriy an‟analari bilan uyg„unlashtirdi.
Hazrati Moturidiyning o„ninchi asrdayoq diniy g„oyalari g„arazli maqsadlar yo„lida
qurolga aylantirish, mutaassiblik va johillik botqog„iga botib qolish qanchalik xatarli
ekanini asoslab bergani biz uchun ayniqsa muhimdir.
Alloma bobomiz: «Din yo„lidagi barcha adashuvlarning bosh sababi – riyokor
kimsalarga ko„r-ko„rona ergashishdadir», degan edi.
Bu so„zlarning naqadar haqqoniy ekanini, hanuz o„z ahamiyatini yo„qotmaganini
bugun dunyoda ro„y berayotgan yuzlab voqealar misolida yaqqol ko„rib turibmiz.
O„zingiz o„ylang, aziz do„stlar, birodarlar, jahonning turli burchaklarida diniy
nizolar asosida sodir etilayotgan qonli to„qnashuvlarning aksariyati aqidaparastlik,
soxta g„oyalarga ko„r-ko„rona ergashish, nodonlik va johillik oqibati emasmi?
Muhtaram vatandoshlar!
Imom Abu Mansur Moturidiy qoldirgan merosning yana bir ibratli tomoni
shundaki, u diniy e‟tiqod borasida ashaddiylik, toqatsizlikni rad etadi, mo„tadillik va
bag„rikenglikni yoqlab chiqib, bu muhim tamoyilni jamiyat hayotining mezoniga
aylantirishga intiladi.
Alloma, har bir insonning hayoti Yaratgan tomonidan belgilanadi, lekin
odamzodga yo„l tanlash ixtiyori ham berilgan, binobarin, u o„z xatti-harakatlari va
qilmishlari uchun avvalo Parvardigor oldida, xalq va jamiyat oldida mas‟uldir, degan
fikrni qat‟iy turib himoya qiladi.
Imom Moturidiy ta‟limoti ana shu insonparvarlik mohiyatiga ko„ra, insoniyat
hayoti va taraqqiyotini yaxshilik va poklik sari, adolat sari yo„naltirishga, odamlarni
millati, tili, dinidan qat‟i nazar, o„zaro ahil, bahamjihat, mehr-oqibatli bo„lib
yashashga da‟vat etadi.
490
Bu mo„tabar siymo o„zining «Kitob ut-tavhid», «Kitob ul-ta‟vilot» kabi o„lmas
asarlarida xalqimizga mansub bag„rikenglik, olijanoblik va taraqqiyparvarlik kabi
ulug„ fazilatlarni yorqin namoyon etgani bilan ham bizga ayniqsa qadrlidir.
Ul zot asos solgan diniy ta‟limot – Moturidiyya maktabi Sharq mamlakatlarida
katta shuhrat topishiga bo„lgan sabab shuki, unda ilgari surilgan g„oyalar islom
dinimizning mohiyatini to„g„rilik, ezgulik, insoniylik, deb biladigan jamiki mo„min-
musulmonlarning qarashlari va intilishlari bilan hamohang edi.
Shu bois Moturidiyya maktabida ta‟lim olgan turli millat vakillari bo„lmish
olimlar, Hazrat Moturidiyning minglab izdoshlari, ma‟naviy shogirdlari uning
ta‟limoti va merosini dunyoning ko„p-ko„p mamlakatlarida targ„ib-u tashviq etib,
yanada rivojlantirdilar.
Hurmatli birodarlar!
Bugungi kunda, yigirma birinchi asr bo„sag„asida, bashariyat murakkab taraqqiyot
jarayonini boshdan kechirayotgan bir paytda diniy bag„rikenglik, turli dinlarga
mansub xalqlar o„rtasida muloqot va amaliy hamkorlikni kuchaytirish nihoyatda
dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu ma‟noda, Imom Moturidiy bobomizning: «Agar odamlar yaxshilik yo„lida
birlashsa, Yaratganimiz ulardan o„z marhamatini darig„ tutmaydi», degan hikmatli
so„zlarida bizning zamonamiz uchun ham ibratli saboqlar bor, desak, xato bo„lmaydi.
Bugun bobomiz Imom Moturidiyning faoliyati va qoldirgan benazir merosi haqida
gapirar ekanmiz, birinchi navbatda bu merosni yanada chuqurroq o„rganish, bu zotga
katta ehtirom bilan qarab, tadqiqotlar olib borayotgan xorijiy olimlarning, birodar-
larimizning ko„mak va yordami bilan allomaning hozircha topilmagan bebaho
asarlarini nafaqat O„zbekiston, balki barcha musulmon mamlakatlarida izlash, ularni
tahlil etish, zamondoshlarimiz va yosh avlodlarga yetkazish barchamiz uchun ham
farz, ham qarz ekanini alohida ta‟kidlab o„tmoqchiman.
Shu fursatdan foydalanib, Imom Moturidiy bobomizni ziyorat qilmoq niyatida o„z
qimmatli vaqtlarini ayamasdan uzoq-yaqin o„lkalardan yurtimizga tashrif buyurgan,
ushbu marosimda ishtirok etayotgan aziz mehmonlarimizga butun xalqimiz nomidan,
Imom Moturidiyning bugungi avlodlari nomidan beqiyos hurmat va ehtiromimizni
izhor etishdan baxtiyorman.
Muhtaram yurtdoshlar!
Aziz mexmonlar!
Buyuk ajdodlarimizning bebaho merosini tiklash, qadr-qimmatini joyiga qo„yish,
ularning qadamjo va ziyoratgohlarini obod qilishdek baxt siz bilan bizga nasib
etganidan har birimiz haqli ravishda faxrlanamiz.
Qadimiy zaminimizdan o„tgan bu ulug„ zotlarning yana bir xosiyati shundaki,
ularning sharofati bilan tabarruk maqbaralar, tarixiy obidalargina emas, balki milliy
tafakkurimiz, ma‟naviyatimiz, milliy g„ururimiz, eng muhimi, xalqimizning tarixiy
xotirasi qayta tiklanmoqda.
Muhtaram do„stlar! Birodarlar!
491
Samarqand ahli o„z qadimiy tarixiga ixlos qo„ygan, o„zidan o„lmas meros
qoldirgan ulug„ mutafakkirlari, alloma va aziz-avliyolarining muborak nomlarini
e‟zozlab, ularning xotirasini tiklash yo„lida savob ishlari bilan o„rnak bo„lib
kelayotgan saxovatli xalqdir.
Samarqand tuprog„ini aziz bilib, uni sevib-ardoqlab, bir umr shu yerda muqim
yashagan, o„zining mislsiz faoliyati bilan shu muqaddas zaminni butun dunyoga
mashhur etgan, ezgu duolari bugun ham bizga kuch-quvvat bag„ishlab turgan Abu
Mansur Moturidiy bobomizga ko„rsatayotgan hurmat-ehtiromimiz ana shu buyuk
ixlosning yana bir dalolatidir.
Mana shu muhtasham yodgorlik majmuining g„oyat qisqa fursatda – to„rt oy
davomida bunyod etilgani ham ul tabarruk zotga bo„lgan xalqimiz mehr-oqibatining
ifodasi, deb bilamiz.
Fursatdan foydalanib, Imom Moturidiy bobomizning muborak maqbarasini
qaytadan tiklab, bu joyni qutlug„ ziyoratgohga aylantirish yo„lida sidqidildan mehnat
qilgan me‟mor va muhandislarimizga, qo„li gul usta va quruvchilarimizga samimiy
minnatdorchilik bildiraman.
Aziz zotlarning nomlarini ulug„lab, maqbaralari va qadamjolarini tiklab, asrab-
avaylab obod etaversak, Samarqand nafaqat sayyohlar makoniga, balki butun
dunyodan ziyoratchilar intilib keladigan qutlug„ bir maskanga aylanishi muqarrar.
Hamisha olijanob ishlarning bunyodkori bo„lgan, o„zining mehnati, qalb saxovati
bilan mana shunday savob ishlarga munosib hissa qo„shib kelayotgan Samarqand ahli
bilan, siz qadrli hamshaharlarim bilan har qancha g„ururlansam arziydi.
Aziz vatandoshlarim!
Bugungi shukuhli daqiqalarda Imom Moturidiy bobomizni xotirlab, yana bir bor
farzandlik hurmatimizni izhor etar ekanmiz, ul zotning ruhi poklari shod bo„lsin,
yurtimiz doimo tinch, xalqimiz doimo omon bo„lsin, deya tilak qilamiz.
Bu tabarruk zamindan qut-baraka, mehr-oqibat arimasin!
Barchamizni Parvardigorimiz o„z panohida asrasin!
Do'stlaringiz bilan baham: |