(Davomi keyingi sonlarda)
Ulug‘ adib G‘afur G‘ulom iste’dodli shoir bo‘lishdan tashqari ko‘p
qirrali mohir pedagog ham edi. Shoir maktablarda bilim olishning
zarurligi, ayniqsa, jamiyatning iqtisodiy, ma’naviy yuksalishi kishilar
bilimi, iste’dodiga bog‘liq ekanligi haqida tez-tez ma’ruzalar uyushtirar
edi. Shuningdek, kechki kurs maktablarida to‘garak ishlarini yo‘lga
qo‘ygan, ta’lim jarayonida faqat dars mashg‘ulotlari bilan chegaralanib
qolmasdan, sinfdan tashqari o‘qish, badiiy adabiyotni doimiy o‘qishga
oid ma’ruzalar o‘tkazgan. Bundan tashqari yoshlarning havaskorlik
to‘garaklarini tashkil etgan, ssenariylar yozgan.
G‘afur G‘ulomning pedagogik xislatlaridan biri – u nihoyatda
bolalarni sevar, ayniqsa, ota-onasiz qolgan bolalarning mehribon
g‘amxo‘ri edi. Ulug‘ shoirning “Sen yetim emassan” she’rida urush
davrida yetim qolgan bolalarning tuyg‘usi, iztiroblari, eng muhimi,
O‘zbekiston xalqining bolalarga nisbatan mehri, muhabbati o‘zining
yuksak badiiy ifodasini topganligi ham bejiz emas.
G‘afur G‘ulom she’riy va nasriy asarlarida bolalarning ichki dunyosi,
hissiyoti, dunyoni idrok etishi, orzularini kitobxonni hayajonga soluvchi
tashbehlar orqali bayon etadi. Bunga uning “Yodgor” povestini misol
qilib keltirish mumkin. Asarda mamlakatimizda yashayotgan o‘zbek
oilalari, millatning yoshlarga bo‘lgan gumanizmi ishonarli voqealar
yordamida tasvir etilgan.
Bu poetik va falsafiy talqin egasining pedagogik va falsafiy
qarashlari “Shum bola” povestida o‘zining yorqin badiiy ifodasini topgan. Asarda og‘ir hayot yo‘liga sho‘ng‘ib ketgan
bolaning taqdiri, uning komik xarakteri, odamlar bilan bo‘lgan munosabatlari kitobxonni tinimsiz kuldiradi, u bilan
yonma-yon yurishga, voqealarning guvohi bo‘lishga sabab bo‘ladi. Aslida, asarda shum bola, uning do‘sti Omon taqdiri
misolida chor Rossiyasining zulmi ostida ezilgan, mol-mulki talon-taroj bo‘lgan, ilm-ma’rifatdan uzoq, faqir xalqning
taqdiri, masalasi qo‘yilgan edi. Bu asarni povest-nasriy asar deb atash unchalik to‘g‘ri emas. Shum bolaning sarguzashti
dramatizmga boy sahna asarini eslatadi. Misol uchun, uning boy bilan bo‘lgan dialogining o‘zi o‘sha davrdagi ziqna,
besavod, rahmsiz boylarning tasvirini beradi. Bu jihatdan yozuvchi XX asr adabiyotiga yangi komik, satirik obrazlarni olib
kirdi. U asarida chor Rossiyasining hukmron bosqinchilik siyosati ma’naviyatdan uzoq ekanligi, Nikolay II oilasida yuz
bergan manzara, uning onasining kasallanishi va kasallikdan vafot etishini kuchli badiiy tashbehlarda ochib beradi. Ana
shu jihatdan ham ulug‘ adib rus hukmdorlari zulmi ostida yashash mumkin emasligi, yoshlarni, ayniqsa, yetimlarni ta’lim
maskaniga tortish va mamlakatni og‘ir illatlardan qutqarish, ma’rifat va madaniyat maskanlarini barpo etish g‘oyasini
ilgari suradi. Zotan, o‘zi ham bor qobiliyati, bilimini O‘zbekistonda maktablar ochish, kurslar tashkil qilish, yoshlarni ta’lim
maskanlariga tortish, o‘quv qo‘llanmalari yaratishga bag‘ishladi. Mohir pedagog tarbiya jarayonida har bir oilaning, ota-
ona va bolaning o‘zaro munosabatlarini yuzaga keltirishda xalqimizning ming yillik an’analariga, ijobiy urf-odatlariga
tayanish zarurligini ta’kidlaydi.
Hayotda uchragan bir voqeani keltiramiz: Urgut tumaniga yaqin, Zarafshon daryosi qirg‘og‘ida Jumabozor degan
qishloq bor. Yigirma ming aholiga ega ming yillik qadimiy bozor daryo sohilida joylashgan. 2019-yil ko‘p qatori bozor
ichida yurgandim, go‘sht bozorida ikkita ayolning suhbatiga quloq soldim. Biri: “O‘g‘lim qayerdan bo‘lmasin G‘afur
G‘ulomning “Shum bola” kitobini topib keling, degandi. Lekin shu kitobni topolmayapman”, – dedi. Ikkinchisi: “Menga
ham, qizim, qanday bo‘lmasin Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini olib keling, degandi. Men ham kitob
izlayapman”, – dedi. Mana shu ikki ayolning suhbati XX asr adabiyotimizning daho ijodkorlariga berilgan yuksak baho,
desak, adashmagan bo‘lamiz. Bundan 10–15 yil avval, ochig‘i, odamlar unchalik o‘qish uchun kitob surishtirmas edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini
rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish haqida”gi Farmoyishining e’lon qilinishi cho‘pondan
tortib, ziyoli, tadbirkor va dehqon oilalari xonadoniga madaniyat eshigini ochdi. Keyingi 4 yil mobaynida hatto uzoq-
uzoq tumanlarda kutubxonalar tashkil etildi. Respublika miqyosida o‘tkaziladigan kitobxonlar g‘oliblariga mashinalar
beriladigan bo‘ldi.
Shu o‘rinda, o‘zi buyuk kitobxon bo‘lgan akademik shoirimiz – G‘afur G‘ulomning yoshlarni kitob o‘qishga qilgan
da’vatlari yodimizga tushadi. Adib asarlari, ijodiy xazinasi esa yangi O‘zbekistonning kelajagi – yoshlarning komil inson,
o‘z vataniga foyda keltiradigan shaxs bo‘lib yetishishi, vatanni sevishi, shuningdek, xalqimizning asriy qadriyatlariga
amal qilishiga katta ma’naviy yordam berishini ham unutmasligimiz zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: