“Qutadg‘u bilig” dostonining manbalari va ularning o‘rganilishi.
Qadimiy
tarixga ega bo‘lgan turkiy xalqlar poeziyasi taraqqiyotining qonuniy hodisasi
sifatida turkiy poeziyaning o‘zigacha bo‘lgan barcha muvaffaqiyatlarini aks
ettirgan “Qutadg‘u bilig” dostonining fanda uchta nusxasi ma’lum. U haqidagi
dastlabki ilmiy maqola XIX asrning birinchi yarmida, 1823 yilda farang
sharqshunosi Jaubert Amades tomonidan e’lon qilingan edi. Maqola «Uyg‘ur
yozuvidagi turkiy qo‘lyozma haqida qaydlar» deb nomlangan. Unda dostonning
138
h.843 (m.1439) yilda Hirotda uyg‘ur yozuvi bilan Hasan Qara Sayil Shams
tomonidan ko‘chirilib, 879 (1474) yilda Turkiyaga keltirilgan va Istambulda
bo‘lgan mashhur sharqshunos Xammer Purgshtall Vena Saroy kutubxonasiga
keltirgan nusxasi haqida ma’lumot berilgan. Bu “Qutadg‘u bilig” qo‘lyozmasining
Vena nusxasi deb yuritiladi.
XIX asrning 60-yillaridan boshlab «Qutadg‘u bilig»ni o‘rganish bilan rus
turkologlari shug‘ullana boshlashdi. 1861 yili N.I.Ilminskiy doston
muqaddimasidan parcha va uning tarjimasini berdi.
1870 yilda uning muhim qismlarini mashhur venger olimi Vamberi nemis
tiliga tarjima qilib “Uyg‘ur tili obidalari va “Qutadg‘u bilig” nomi bilan nashr
qildirdi. Uning e’lon qilgan asari «Qutadg‘u bilig»ni butun Yevropaga tanitdi va u
yerda bu asarning jiddiy o‘rganilishi uchun keng yo‘l ochib berdi. 1890 yildan
boshlab uni rus sharqshunosi V.Radlov tekshira boshlagan.
1896 yilda Qohirada “Qutadg‘u bilig”ning arab yozuvida ko‘chirilgan ikkinchi
nusxasi topildi. V.Radlov misrlik bir xattotga uni ko‘chirtirib oldi
13
va uni birinchi
nusxa bilan qiyoslab o‘rganishga kirishdi. Olim asar ustida 20 yil (1890 – 1910)
ishladi.
1914 yili Qozon universiteti sharqshunos olimi A.Z.Valizoda Farg‘ona safari
davomida namanganlik Muhammadhoji Eshon Lolaresh qo‘lida “Qutadg‘u bilig”ning
arab yozuvida ko‘chirilgan uchinchi nusxasini ko‘rgani, u bilan tanishib chiqqanini
ma’ruza qildi. Bu xabardan keyin 1924 yilda Fitrat mazkur eshon huzuriga borib,
uning qo‘lidan qo‘lyozmani olishga muvaffaq bo‘ladi. O‘sha yili kitob O‘zbekiston
asosiy kutubxonasiga topshiriladi. 1925 yildi Fitrat “Qutadg‘u bilig”ning Namangan
nusxasini tavsiflab maqola yozadi, 1928 yilda undan parchalarni e’lon qiladi.
1929 yildan boshlab rus sharqshunosi S.YE.Malov dostonning ma’lum uch
nusxasini chog‘ishtirib o‘rganishga kirishadi. Olim tomonidan asarning ayrim
parchalari, ularning tarjimalari va izohlari chop ettirildi.
13
Bu ko‘chirmaning to‘rt jilddan iborat fotonusxasi O‘zRFA Sharqshunoslik institutiga keltirilib saqlanmoqda,
№6090, 6091, 6092, 6093.
139
Shuningdek, «Qutadg‘u bilig»ni o‘rganishda V.Tomsen, V.V.Bartold,
P.M.Melioranskiy, A.Samoylovich, K.K.Yudaxin, N.A.Baskakov, YE.E.Bertels,
A.A.Valitovalarning ham xizmati katta. Ular qoraxoniylar davri, o‘sha davr ijtimoiy-
siyosiy va madaniy hayotini chuqur o‘rganib, bunda dostonning o‘rni va ahamiyatini
ma’lum ma’noda oydinlashtirish, asar matnini to‘g‘ri o‘qish, transkripsiya va tavsif
qilish borasida qimmatli fikrlar bildirishgan.
«Qutadg‘u bilig»ning poetik xususiyatlarini o‘rganishni I.V.Stebleva boshlab
berdi. Uning asar vazni va qofiyasiga doir kuzatishlari, ayniqsa, diqqatga sazovor.
Asarni atroflicha o‘rganishda turkiyalik olimlarning ham hissalari katta.
Muhammad Kuprilazoda, Rizo Nur, Faxri Funduko‘g‘li, Notiq Orkin, Sodiq Oran,
R.R.Arat, A.Dilachar va boshqalarning ishlarida «Qutadg‘u bilig» bilan bog‘liq
ko‘pgina masalalar haqida fikr yuritilgan. Xususan, R.R.Arat «Qutadg‘u bilig» ning
Hirot (Vena), Kohira va Namangan nusxalarining faksimilesi, tanqidiy matni va
lug‘atini e’lon qildi.
O‘zbekistonda bu asarni o‘rganish «Qutadg‘u bilig»ning uchinchi – Namangan
(Toshkent nusxasi deb ham yuritiladi) nusxasining topilishi bilan boshlangan. Dastlab
Fitrat va A.Sa’diyning maqolalari bosildi. Fitrat tartib bergan «O‘zbek adabiyoti
namunalari»da asarning shu nusxasidan parchalar tegishli izohlar bilan beriladi.
Asarni o‘rganish va uni targ‘ib qilishda A.P.Qayumov, G‘.A.Abdurahmonov,
N.M.Mallayev, Q.Karimov, Q.Sodiqov va B.To‘xliyev kabi olimlarning ham katta
hissalari bor.
«Qutadg‘u bilig»ni o‘rganishda Q.Karimovning xizmatlarini alohida ta’kidlash
kerak. Olim ko‘p yillar davomida asar ustida ilmiy tadqiqotlar olib bordi. U ko‘plab
maqolalar e’lon qildi, «Qutadg‘u bilig»da kelishik kategoriyasi» mavzusida
nomzodlik dissertatsiyasini yozdi. Birinchi marta asarning transkripsiya va hozirgi
zamon o‘zbek adabiy tiliga tavsifini e’lon qildi, «Qutadg‘u bilig»ning sharhli nashrini
amalga oshirdi.
Professor B.To‘xliyev Yusuf Xos Hojibning badiiy mahorati xususidagi
tadqiqotini amalga oshirdi. Unda «Qutadg‘u bilig»ning janr xususiyatlari, asar
140
tarkibidagi ayrim janrlarning paydo bo‘lish va rivojlanish tarixi, ularning poetikasiga
xos xususiyatlar ko‘rsatib berilgan. Olimning doston vazni, qofiya xususiyatlari va
badiiy tasvir tamoyillari borasidagi kuzatishlari e’tiborga loyiq.
“Qutadg‘u bilig”ning turkiyshunoslikda hozirgacha amalga oshirilgan ilmiy
nashrlari quyidagilar
14
:
1. Vambery A. Uiguriische Sprachmonumente und das Kudatku Bilik. Innsbruk,
1870.
2. Кудатку-Билик. Факсимиле уйгурской рукописи… изд. В.В.Радловым.
СПб., 1890.
3.Radloff W. Das Kudatku-Bilikdes Jusuf Chass-Hadschib aus Balasagun.
Theill I-II. St. Petersburg, 1900, 1910.
4. Малов С.Е. Из третьей рукописи «Кутадгу билиг». //Известия АН. VII
серия. Отделение гуманитарных наук. Л., 1929. №9. С. 737 – 754.
5. Kutadgu Bilig. Tipkibasim. I. Viyena nushasi. Istanbul, 1942.
6. Kutadgu Bilig. Tipkibasim. II. Fergana nushasi. Istanbul, 1943.
7. Kutadgu Bilig. Tipkibasim. III. Misir nushasi. Istanbul, 1943.
8. Arat R.R. Kutadgu Bilig. I. Metin. Istanbul, 1947 (асарнинг ҳар уч нусхаси
асосида тайёрланган қиёсий матн).
9. Малов С.Е. Памятники древнетюркской письменности. М. – Л., 1951. С.
224 – 298 (ҳар уч нусхадан узиндилар).
10. Jusuf Has Hacib. Kutadgu Bilig. II Tercume. R.R.Arat. Ankara. 1959 (асар
йиғма матнининг туркча ўгирмаси).
11. Юсуф Хос Ҳожиб. Қутадғу билиг. Транскрипция ва насрий баён.
Нашрга тайёрловчи Қ.Каримов. Тошкент, 1971.
12. Jusuf Has Hacib. Kutadgu Bilig. 1984 (Transkripsiya va uyg‘urcha she’riy
o‘girmasi).
14
Keltirilayotgan ro‘yxat А.Қаюмов, М.Исҳоқов, Ф.Отахўжаев ва Қ.Содиқовларнинг “Қадимги ёзма
ёдгорликлар” китобидан олинди. – Б. 160 – 161.
141
Lekin bular «Qutadg‘u bilig»ning o‘rganilishi nihoyasiga yetdi, degan
xulosani keltirib chiqarmasligi lozim. Asar talqinlarini yaratishda hali juda ko‘p
ishlarni amalga oshirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |