Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
www.ziyouz.com
кутубхонаси
29
Tazkiramizning Shermuhammadbekka bag‘ishlangan qismiga yetib
kelganimizda qalamimiz uzoq
vaqt to‘xtab qoldi. Shu bobga kelganimizda qanday qiyin mavzuga daxl etganligimizni tushunib
yetdik. Bu mavzu go‘yo o‘tib bo‘lmas qalin, yovvoyi changalzor. Ba’zi tarixchilar, yozuvchilar,
jurnalistlar ushbu mavzuda qalam tebratishga chog‘lanib, changalzorga duch kelib, undan o‘tishga
biror chora topa olmay, orqaga qaytib ketganlari bizga ma’lum bo‘lsada, qalb da’vati
bilan bu mavzuga
qo‘l urib, o‘zimiz ham ushbu changalzorga duch kelganda boshimiz juda qotib qoldi. Bunday
changalzorlardan o‘tishning ikki yo‘li bor: biri — bolta va qilich bilan qurollanib, duch kelgan buta va
daraxtni kesib, yo‘l ochib borish; ikkinchisi esa so‘qmoq qidirish. Bizga ana shu yo‘l ma’qul kurindi.
Illo, so‘qmoq qaergadir olib boradi.
Shermuhammadbek mavzusining qiyinligi,
murakkabligi, chigalligi shundan iboratki, avvalo, unga
bo‘lgan munosabat qutbiydir.
Kurrai zaminda ikkita qutb bor: biri musbat, ikkinchisi manfiy. Kishilik jamiyati, ayniqsa, sovet
xalqi har bir narsani ushbu ikki qarama-qarshi qutb tarozusida o‘lchashga o‘rganib qolgan. Bu ikki
qutbning o‘z tusi ham bor:
musbat qutb oq rangda, manfiy qutb qora rangda ifodalanadi. Oraliq rang
yo‘q.
O’zbekistonda sovet davrida Shermuhammadbek siymosi tim qora rangda ifodalanib kelindi.
Xorijda, ayniqsa, Turkiyada yaratilgan asarlarda esa bu siymo, bir-ikki muallifni hisobga olmaganda,
qordek oppoq rangda ifodalangan.
Shuningdek, Shermuhammadbek milliy-ozodlik harakatining eng sobitqadam namoyandalaridan
biri bo‘lishiga qaramay, ochig‘ini aytish kerak, xalqimizda uning
siymosiga yaxshi munosabat
shakllanmagan. Aksariyat odamlar bilan suhbatlashganingizda, Shermuhammad degan nomni tilga
olsangiz, “Kim u?” — deb so‘rashadi. Agar Ko‘rshermat desangiz darhol tushunishadi.
Mavzu chigalligining yana bir jihati
shundaki, Shermuhammadbek eng mashhur kishilardan
bo‘lgani holda, uning kelib chiqishi,
hayoti va faoliyati, ayniqsa, faoliyatining 1918 yilgacha bo‘lgan
davri haqida ma’lumot nihoyatda kam, borlari ham bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Shermuhammadbek
haqida asarlar yaratgan xorijiy mualliflar uning o‘zi va ukasi Nurmuhammadbekdan magnit tasmasiga
yozib olingan ma’lumotlar va mazkur aka-ukalar tomonlaridan yozilgan kundalik daftarlarga
suyanganlar. Ushbu asarlarning ayrimlari bilan tanishish bizga nasib etdi va biz bu asarlarga tanqidiy
yondoshish zarurligini darhol his etdik.
Gap shundaki, mazkur asarlarning bosh qahramoni Shermuhammadbek bo‘lgani uchun mualliflar
uning xizmatlarini bo‘rttirib yuborganlar, milliy-ozodlik harakatida qizillar ustidan qozonilgan har bir
g‘alabani ham unga nisbat berganlar, boshqa nomdor qurboshilar uning soyasida qolib ketganlar.
Shuningdek, bu asarlarda Shermuhammadbekning kurashchi sifatidagi faoliyati kamida bir yil oldinga
surib yuborilgan. Fikrimizcha, mazkur asarlarga asosiy manba bo‘lib xizmat
qilgan kundalik daftarlar
xorijdagi tarixchilar va adiblar taklifi bilan XX asrning ikkinchi yarmida yozilgan. Aka-ukalar uni
yozish asnosida bir-ikki yilga adashgan bo‘lishlari ehtimoldan uzoq emas. Bu manbalarga ishonilsa,
Shermuhammadbek 1917 yildayoq milliy-ozodlik harakatining bayroqdori sifatida maydonga chiqadi.
Vaholanki, asosiy manbalarning guvohlik berishicha, bayroqdorlik Shermuhammadbekka 1919—1920
yillarda, Madaminbekning tanazzuli boshlangan paytda nasib etgan.
... 1874 yil. Xo‘qand xonligida taxt uchun kurashning ayni qizigan pallasi. Xudoyorxonga qarshi
kayfiyatda bo‘lgan guruhlar uni taxtdan ag‘darib, o‘rniga Xo‘qand xonlari sulolasidan bo‘lgan yuvosh,
itoatkor biror xonzodani o‘tkazib, uning nomidan yurt so‘rash harakatiga tushadilar. Shunday
guruhlardan biri Samarqandda mashhur hukmdor Sayyid Muhammad Olimxon (Xo‘qand taxtida
1798—1810 yillarda davr surgan)
ning nabirasi, 1845 yilda qisqa muddat taxtda o‘tirish nasib etgan
Murodxonning o‘g‘li Po‘latxon istiqomat qilib turganidan xabar topadilar va uni olib kelish uchun
vakillar yuboradilar.
Biroq, tasavvuf yo‘liga kirgan, hokimiyat uchun qiziqmagan Po‘latxon rad javobini beradi. Vakillar
u yerdan noumid bo‘lib qaytayotib, Toshkandga tushadilar va u yerda tashqi ko‘rinishi Po‘latxonga