“Zamonaviy oilada, farzand tarbiyasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish masalalari”
mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari to‘plami
12
Shuningdek, yangi oila qurayotgan ko‘plab yoshlarimiz orasida oilaviy qadriyatlar, reproduktiv
salomatlikni asrash borasidagi bilimlarning yеtishmasligi ko‘plab ko‘ngilsiz holatlarni keltirib chiqarmoqda.
Shu munosabat bilan, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilalarni mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni
saqlash va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida yangi tizim joriy qilindi.
2020-yil 31-dekabr kuni “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi VM-820-son qarori e’lon qilindi. Ushbu Qaror asosida Mahalla va oilani
qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan Respublikaning 206 ta tuman (shahar)larida “Yoshlarni oilaviy
hayotga tayyorlash markazlari” tashkil etilgan bo‘lib, ularda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslari
olib borilmoqda:
– oilaviy hayot psixologiyasi;
– oila iqtisodi va budjeti;
– reproduktiv salomatlik asoslari;
– ma’naviy axloqiy qadriyatlar;
– oilalarda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish;
– ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirish.
Vazirlik huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ushbu markazlarning o‘quv
dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirgi kunda institut tomonidan ushbu dastur asosida ko‘plab qo‘llanmalar
ham yaratildi.
Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari mohiyatan zamonaviy oilaning namunali shaklini
yaratishni o‘z oldiga maqsad qilgan bo‘lib, nikohlanuvchi yoshlar ongiga bugungi kun uchun juda muhim
bo‘lgan ko‘plab hayotiy tamoyillarni singdirib boradi.
Markazlarda nikohlanuvchi shaxslar oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila
iqtisodi va budjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash, oilalarda
sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish, ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari
bo‘yicha o‘qitiladi. Hozirgi kunda 67958 nafar yoshlar ushbu markazlarda o‘qitildi.
Markazlar faoliyatini samarali tashkil etish, mashg‘ulotlarning sifatli o‘tishini nazorat qilish Mahalla va
oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan olib boriladi. Shuningdek,
vazirlik huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularga
oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini o‘rgatish, shuningdek, oilaviy
ajralishlarning oldini olishdagi muhim jihatlarni o‘z ichiga olgan o‘z takliflari bilan markazlar faoliyatiga
doimiy ko‘mak berib, bu boradagi xorijiy davlatlar tajribasini tahlil qilgan holda, ularni o‘quv jarayonlari
uchun mos metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlamoqda.
Ta’kidlash lozimki, mazkur markazlar sohada yangi va o‘ziga xos zamonaviy tendensiya hosil qilishi
bilan bugungi kun talablariga to‘la javob bera oladi. Dars jarayonlarining zamonaviy shakl va uslubga
egaligi, markazlarning ilg‘or pedagogik hamda axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalar
bilan jihozlanganligi, eng muhimi, o‘quv mashg‘ulotlarini malakali mutaxassislar tomonidan olib borilishi
ish samaradorligini bir necha barobar oshirib borishiga munosib zamin yaratadi.
Lekin shu o‘rinda markazning asosiy vazifalaridan biri – yoshlarimizni oilaviy qadriyatlar ruhida
tarbiyalash, milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimiz mohiyatini ularga tushuntirish, ularni o‘z
oilalarida dunyoga keladigan farzandlariga ham ushbu ruhni singdira oladigan qilib saboq berishdan iborat
ekanligini ham alohida e’tirof etish joiz.
Ming afsuski, bugungi kunda oilaviy qadriyatlarimizga bepisandlik bilan qarayotgan odamlar ham
talaygina. Ular har tomonlama qadriyatlarni o‘zgartirishga urinmoqdalar. Eng achinarlisi ular vaqt va makon
tanlamaydi.
Qadriyatlarimizning qadrsizlanishining asosiy sabablari:
Birinchidan, yoshlarning oilaviy qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini anglab yеtmasligi.
Ikkinchidan, nafaqat yoshlar, balki ayrim katta yoshli fuqarolarimizning o‘zlari ham oilaviy qadriyatlarni
unutib qo‘yganligi.
Uchinchidan, ijtimoiy tarmoqlar orqali oilaviy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan qadriyatlarning targ‘ib
qilinayotganligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |