16-MAVZU. ESTETIKA: ESTETIKANING PREDMETI, MAQSADI VA VAZIFALARI
Reja:
1.
“Estetika” fanining obekti va falsafiy mohiyati.
2.
“Estetika” haqidagi qarashlar tarixi.
3.
Estetika kategoriyalarining an’anaviy va zamonaviy tasnifi. Go‘zallik va uning
muqobillari.
4.
Ulug‘vorlik kategoriyasining falsafiy mohiyati. Fojeaviylik (tragediya) kategoriyasi.
5.
Kulgililik kategoriyasi. Estetika kategoriyalarining o‘zaro aloqadorligi.
Tayanch tushunchalar:
Estetika, «Go‘zallik falsafasi», estetik ehtiyoj, nafosat, san’at, estetika
amaliyoti, Zardushtiylik, Pifagor, Geraklit, Suqrot, Aflotun, Arastu, Tit, Lukretsiy Kar, G‘arb
O‘rta asrlar estetikasi, Uyg‘onish davri, klassitsizm, nemis klassik falsafasi, O‘rta Osiyo
Uyg‘onish davri estetikasi, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, ekzistensializm,
strukturalizm.
Estetika so‘zi yunoncha «estezis» so‘zidan olingan bo‘lib, «sezish», «his qilish qobiliyati»
ma’nosini bildiradi. Bu fan – insonning voqelikka estetik munosabatlari va insoniyat badiiy
rivojining umumiy qonun-qoidalari haqidagi fan. Uzoq vaqt bu fan «Go‘zallik falsafasi» deb
ta’riflab kelingan. Lekin hozirgi davrda „Estetika" fanini bunday ta’riflab bo‘lmaydi, chunki
«go‘zallik»ning o‘zi „Estetika"ga tegishli tushunchalardan biriga aylanib qoldi. Birinchi marta
estetika so‘zini fanning nomi sifatida olmon faylasufi Aleksandr Baumgarten (1714-1762)
“Poetika” asarining ba’zi bir masalalari to‘g‘risida falsafiy mulohazalar” kitobida ishlatgan (1735
yil). Lekin bu bilan Baumgartenni „Estetika" fanining asoschisi deb bo‘lmaydi, chunki estetika
nazariyalari qadim zamonlardayoq „Falsafa” fani doirasida o‘rganilgan.
Dastlabki estetik ta’limotlar quldorlik jamiyati davrida – Sharq mamlakatlari (Misr, Bobil,
Hindiston, Xitoy, Eron va Turon)da vujudga kelib, qadimgi Yunonistonda, ayniqsa, Aflotun,
Arastu, Suqrot asarlarida, qadimgi Rimda Lukretsiy Kar, Goratsiy va boshqalarning tadqiqotlarida
rivojlantirildi. XVIII asrning ikkinchi yarmidan mustaqil fan sifatida shakllana boshladi.
„Estetika" so‘zi ko‘pincha narsa va hodisalarning rang-tusi va shaklidagi mukammallik,
mutanosiblik, latofat ma’nolari majmui sifatida ham qo‘llaniladi. Mazkur tushuncha kishilarning
yaxshi fe’l-atvori, muomalasi, nutqi, did bilan kiyinishini anglatadi yoki tabiatdagi go‘zallikni ham
bildiradi.
Estetika so‘zi ba’zan «nafosat» tushunchasi bilan baravar ishlatiladi. San’atda ham estetika
bir qancha ma’nolarda qo‘llaniladi. Voqelikdagi tabiatan nozik narsalar va hodisalar in’ikosi –
badiiy adabiyotda nazm, tasviriy san’atda – manzara, miniatyura va boshqalar fikrimizga yorqin
dalildir. Ikkinchidan, san’atda nima in’ikos ettirilishidan qat’i nazar, nihoyatda nozik ifoda usullari
qo‘llanilishi, ifoda usulining bag‘oyat nafisligi – nozik raqs va boshqalar diqqatga sazovordir.
“Estetika” atamasi o‘rnini bevosita va bilvosita “Nafosat” atamasi bosa oladi. Ko‘pchilik
“estetika” atamasiga o‘rgangani uchun “nafosat” atamasini chuqur his qilolmaydi.
Estetika fan sifatida voqelikning go‘zallik asosida in’ikos etishini, inson amaliy
faoliyatining hamma sohalarida go‘zallik va xunuklik tuyg‘ularini, ayniqsa, badiiy ijodning
umumiy qonunlarini o‘rganadi. Biz voqelikdagi go‘zallik va xunuklikni turlicha tushunamiz.
Estetik qarashlarimiz, tasavvurlarimiz, baholarimiz nisbiy bo‘lib, ularni xolis baholash
estetikaning vazifasidir. Mazkur fanning asosiy tushunchasi – go‘zallik zohiriy va boti-niy
ma’noga ega, voqea-hodisa, buyum zohiran go‘zal, botinan xunuk bo‘lsa, bu erda tom ma’nodagi
go‘zallik deb bo‘lmaydi. Shu bois donishmandlar tashqi va ichki go‘zallik mutanosibligiga alohida
ahamiyat berganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |