8-MAVZU. FALSAFIY ANTROPOLOGIYA (INSON FALSAFASI)
124
uzluksizligini ta’minlovchi mexanizm hisoblanadi. Mazmuni, ijtimoiy mustahkamlash usullari va
ijtimoiy funksiyalariga ko‘ra me’yorlar har xil bo‘ladi.
Faoliyat maqsadlari, vositalari va usullarini qat’iy belgilovchi qoidalarning butun bir turkumi
mavjud. Bu qoidalar ijtimoiy amaliyotda yaratilgan narsalar dunyosini va odamlar o‘rtasidagi
munosabatlar dunyosini o‘zgartirish usullarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bular standartlar
– muayyan ishni bajarishda qat’iy rioya qilish lozim bo‘lgan sifat, shakl va o‘lchamning qat’iy
belgilangan namunasi; qoidalar – tegishli holatlarda qanday ish ko‘rish lozimligini belgilovchi
ko‘rsatmalar; etalonlar – faoliyatda mo‘ljal sifatida foydalanish lozim bo‘lgan qat’iy belgilangan,
standartlashtirilgan qadriyatlardir.
Inson faoliyatini tartibga solishni ta’minlovchi ijtimoiy me’yorlar tizimida huquq normalari va
axloq me’yorlari alohida o‘rin egallaydi.
Huquq va axloq
. Huquq – davlat tomonidan belgilangan va uning majburlov kuchiga tayanadigan
xulq-atvor umumiy normalarining majmui. Axloq ham jamoatchilik fikri, ya’ni qilmishni
ma’qullash yoki qoralash bilan mustahkamlanadigan xulq-atvor qoidalari majmuidir. Axloq va
huquq normalari o‘zlari muhofaza qiladigan ijtimoiy munosabatlar mazmuni, normativ talablarni
mustahkamlash usullari, ularning shaxs xulq-atvoriga samarali ta’siri darajasiga ko‘ra ajralib
turadi. Axloq va huquq normalarining mazmuni o‘rtasida jiddiy farq mavjud emas. Masalan,
«o‘g‘rilik qilma» – bu ham axloqiy qoida, ham huquq normasidir. Ammo huquq normalari o‘z
tartibga solish doirasi bilan axloq me’yorlari bilan tartibga solina- digan ijtimoiy
munosabatlarning ulkan hajmini to‘la qamrab olmaydi. Masalan, oilaviy munosabatlar sohasida
huquq ota-onaga o‘z farzandlarini tarbiyalash majburiyatini yuklaydi, lekin ota-onani bir-birini
sevish, bir-biriga g‘amxo‘rlik qilishga majburlamaydi. Huquq va axloq o‘rtasidagi farqni ular
ko‘rsatadigan ta’sirning samaradorlik darajasida ham ko‘rish mumkin. Bizning nazarimizda,
davlat majburlovi kuchiga tayanadigan huquq axloqqa qaraganda samaraliroqdir. Ammo,
muayyan sharoitda inson uchun huquq axloqiy me’yorlar nufuzi qarshisida ojiz bo‘lishi mumkin.
Bu hol, shaxsning qadriyatlarga munosabati mazmuni bilan, muayyan inson qaysi axloqiy
qadriyatlarga tayanishi, shuningdek, u yashaydigan muhit, ya’ni individ fikrini qadrlaydigan
referent guruhning qandayligi bilan belgilanadi. Shu sababli axloqiy yo‘l tanlashda ayrim inson
uchun ishlab chiqarish jamoasi yoki maktab (talabalar) guruhining nufuzi muhim ahamiyat kasb
etishi mumkin, boshqa shaxs uchun esa diniy sekta yoki jinoiy guruh a’zolarining fikri ustunlik
qilishi mumkin. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, axloq jamoatchilik fikriga tayanadi.
Ammo, inson xulq-atvoriga baho berish juda mushkul ish, chunki uning zamirida muayyan
sabablar yotadi, u muayyan sharoitda sodir etiladi, ob’ektiv oqibatlarga olib keladi va maqsadga
erishishning muayyan vositalarini tanlashni nazarda tutadi. Jamoatchilik fikri shaxs xulqatvoriga
baho berishda ijtimoiy mustahkamlangan axloq me’yorlariga amal qiladi, shaxs esa axloq haqidagi
o‘z tasavvurlaridan kelib chiqadiki, ular umumiy e’tirof etilgan me’yorlardan ancha farq qilishi
mumkin. Muayyan sharoitda bir individ o‘z vijdonining ovoziga quloq solsa, boshqa bir individ
umumiy qabul qilingan axloqiy tasavvurlarga qarab mo‘ljal oladi, ya’ni «har qanday vijdonli
odam» kabi ish ko‘radi. Birinchi yoki ikkinchi individning qilmishini axloqiy deb hisoblash
mumkinmi? Agar birinchi individ vijdonining ovozi umuminsoniy axloqiy tamo yillarga mos
kelsa, uning qilmishiga axloqiy jihatdan shubhali, murosasoz va qo‘rqoq shaxs, chunki uning
qilmishi jamoatchilikning qoralashidan qo‘rqish bilan izohlanadi. Sirtdan belgilangan qilmish
axloqiy sanalmaydi. Huquqiy majburlov va jamoatchilik fikri yoki Tangri la’natidan qo‘rqish
emas, balki shaxsning ichki mayli axloqiy qilmishning muhim belgisi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |